Qutlov

2020-07-04T14:36:42+05:004 July, 2020|Qutlovlar|

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashi raisi, davlat va jamoat arbobi, siyosatshunos Qudratilla Rafiqov tavallud topgan kun. Q.Rafiqov 1947 yil 4 iyulda Toshkent shahrida tug‘ilgan.

Qudratilla Rafiqov mehnat faoliyati davomida mas’ul vazifalarda ishlab kelmoqda. Xususan, Toshkent shahar ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, Uchtepa (sobiq Akmal Ikromov) hamda Olmazor (sobiq Sobir Rahimov) tumanlari hokimi bo‘lib ishlagan. O‘sha kezlarda endigina ozodlikka erishgan yurtning og‘riqli muammolarini hal etish borasida ko‘plab loyihalarning tashabbuskori, bevosita ijrochisi bo‘ldi.

Qariyb yigirma yil Jizzax viloyatida turli lavozimlarda mehnat qildi. Bu davrda «Jizzax akkumulyator zavodi» aksiyadorlik jamiyatini katta sanoat ob’ektiga aylantirdi.

Qudratilla Rafiqov 2017 yil vatanimizning yuksak mukofoti – «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan taqdirlandi.

Q.Rafiqov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining yaqin hamkorlaridan biri. U boshchiligidagi Respublika Kasaba uyushmalari Federatsiyasi “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov va boshqa yo‘nalishlarda jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish ishiga katta hissa qo‘shib kelmoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi nomidan Qudratilla Rafiqovni tug‘ilgan kuni bilan chin dildan muborakbod etamiz. Unga uzoq umr, mustahkam salomatlik, oilaviy farovonlik va Vatan manfaati yo‘lidagi faoliyatida ulkan zafarlar tilaymiz.