Yoniq so‘zning qudrati

2020-06-30T07:05:49+05:0030 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Yoniq so‘z mamlakat taraqqiyotiga, odamlar manfaatlariga xizmat qilishi kerak.

Bugun internet jadal rivojlanayotgan, jurnalist oldiga qo‘yilayotgan talab, mas’uliyat yanada kuchaygan sharoitda yangi fikr aytish ham oson emas.Lekin bitta achinarli tomoni, to‘rt qator so‘zni eplab yoza olgan, yoki yoza olmagan ham men jurnalistman deb ko‘kragiga urayotgani ba’zan kishini juda hayratlantiradi. Bo‘lar bo‘lmas voqealarni bo‘rttirib, internet saytlari orqali tarqatish, qaysi artistning kimga uylanayotganini olamga jar solib ovoza qilish, birovlarning oilaviy sirini oshkor qilish bu jurnalistning vazifasi, mas’uliyatiga kirmaydi, qolaversa mentelitetimizga ham to‘g‘ri kelmaydi. Oila siri aslida oilaning o‘zida qolishi kerak. Avvalda ko‘pni ko‘rgan momolarimiz oiladagi ba’zi kuyov, kelin va qaynona o‘rtasidagi ba’zi kelishmovchiliklarni oilaning boshlig‘iga (ya’ni eriga ) sezdirmay tinchitgan. Biron sabab bilan turmushga chiqib ketgan qizi arazlab kelib qolgudek bo‘lsa otasiga bildirmay, yuragini hovuchlab, qiziga nasihat qilib jo‘natib yuborgan. Shunday ekan, bachkana narsalarni internet orqali tarqatish, benzin sepib, birovlarning oilasidagi mojoralarni chigallashtirish aslida jurnalistning ( (ko‘proq bunday yengil yelpi axborotlarni jurnalist zimmasidagi masu’liyatni tushunmaydigan ba’zi blogerlar tarqatayapti) vazifasiga kirarmikan? Jurnalist aytgan so‘z, u ko‘tarib chiqqan muammo odamlar yaxshi yashashi, jamiyat rivojlanishi, yuzaga kelayotgan to‘siqlar olib tashlanishi uchun xizmat qilishi lozim.

Qo‘liga qalam tutgan jurnalist Vatan, davlat taraqqiyotiga xizmat qiladigan, odamlar mushkulotlarini yengillashtiradigan dolzarb masalalarni ko‘tarib chiqishi, yoniq so‘zning nechog‘lik qudratli ekannini isbot etishi joiz. Yurtboshimiz Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigida ham mamlakatimizda koronavirus kechayotgan, dunyoni larzaga solayotgan bir paytda jurnalistlarning shifokorlardek shijoat bilan ishlayotganini, Vatanimizda islohotlar amalga oshirilishini ta’minlashda katta fidokorlik ko‘rsatayotganini alohida e’tirof etdilar, Davlatimiz rahbari shu bilan birga chuqur tanqidiy – tahliliy maqolalar berishda, muammolarni haqqoniy ko‘tarib chiqishda soha xodimlari hali sustkashlik qilayotganini ham tilga oldilar. Bu o‘rinli tanqid har birimizni o‘z ustimizda qattiq ishlashni, voqealarga o‘ta ob’ektiv yondashib, odamlar dilida, tilida turgan masalalarni jur’at bilan ko‘tarib chiqishni taqoza etadi. Toki biz shunga erishgan taqdirimizda, mamlakat taraqqiyotiga, odamlar manfaatlariga, tinchligimizga xizmat qiladigan maqolalarda yoniq so‘zning qudratini haqqoniy isbot qilganimizdagina jurnalist nomini oqlagan, so‘zning qudrati atomdan kuchliligini amalda namoyon etgan bo‘lamiz.

Bozorboy BEKMURODOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining a’zosi.