«Bloger ta’tilga chiqmaydi, uning dam olish kuni ham yo‘q» – bloger blogerlar haqida

2020-06-30T06:57:43+05:0030 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Blogerlik – jamiyatda tanqidiy dunyoqarashni o‘stirish, xalq bilan muloqot qilish, kerak bo‘lsa, uni ortidan ergashtirishda eng samarali va sinalgan mexanizm. Ko‘pincha «Blogerlar kerakmi? Jurnalist kuchlimi blogermi?» kabi savollarga duch kelaman. Jurnalist bilan blogerni solishtirish kulgili tuyuladi menga. Masalan, davlatni bir inson shaklida oladigan bo‘lsak, jurnalist o‘ng qo‘li bo‘lsa, bloger chapi. Mamlakat rivoji uchun jurnalist bilan teppa-teng harakat qilayotgan inson. Jurnalist ma’lum voqea-hodisani ommaga yoritib, havola qilgach, uni yanayam xalqqa yetib borishini ta’minlovchi, o‘sha voqea xususida xalqning munosabatini shakllantiruvchi qatlam. Shunday ekan, nega endi blogerlar kerak emas? Judayam kerak. Biz, jurnalistlar ularga raqib sifatida emas, hamkor, yordamchi sifatida qarashimiz, zarur o‘rinlarda minnatdorchilik ham bildirishimiz lozimdir, balki.

Blogerlarga ikki jihatdan havasim keladi:

Birinchidan, ularning o‘quvchisi bilan o‘zaro muloqot qilishga, materiali yuzasidan o‘quvchi fikrini (salbiy yoki ijobiy) bilishga vaqti, qolaversa, maydoni bor. Jurnalistdachi? O‘quvchilar munosabatini bilish unga qiziq emas, deyish noto‘g‘ri. Har bir inson o‘z mehnati natijasini bilishga qiziqadi, mehnatning huzur beradigan joyi ham shunda. Ammo vaqti bormi? Keyingi topshiriq kutib turibdiku! Tv yoki internet jurnalisti qayerdan bilsin lavha yoki maqolasi yoqdimi-yo‘qmi? Bittagina omil bor – ko‘ruvlar soni. Shu jihatdan blogerlar baxtliroq.

Ikkinchidan, blogerning o‘zidan boshqa senzori yo‘q. Yozadi, tahrir qiladi va ulashadi. Jurnalistning bitta materiali muharrirlar ko‘rigidan o‘tgunicha, ko‘p hollarda yangilik eskirib bo‘ladi.

Shu o‘rinda ayrim «divannыy bloger»larning bir harakatidan uyalib ketaman, lekin o‘zlari uyalmaydi, shuni o‘ziga ep ko‘radiki, ko‘pchilikka havola qiladi. E’tibor bering, axborot dasturida ketuvchi bitta lavha ustida butun boshli «komanda» ishlaydi, necha soat, balki necha kun vaqti ketar. Ammo shovvoz blogerlarimiz esa nima qiladi? Kerakli joyini qirqib oladida, e’tibor bering, kanali nomini qo‘yib qo‘yadi, eng uyatli va kulgili joyi ham shunda. «O‘rtoq bloger, bu ishni qilishga sizga necha daqiqa yoki soniya ketdi? Muallifdan so‘radingizmi? Roziligini oldingizmi?» deydigan odam yo‘q. Birovning mehnatini qadrlamaydigan odamlarni hurmat qilmayman, ochig‘i. Bu «ochko» olish payida birovning yuziga tupurishdek gap.

Asaxiybooks mualliflik huquqi bo‘yicha juda yaxshi tajribani yo‘lga qo‘ydi. Hatto asar muallifi yoki tarjimoni ham o‘z telegram kanalida asarni e’lon qilishga haqli bo‘lmayapti. Shunday tajribalar balki ko‘pchiligimizga birovning mehnatini qadrlashni o‘rgatsa, ajab emas.

So‘nggi paytlarda milliy kontentda shaxsni haqorat qilish, masxaralash avj oldi. Savol tug‘iladi: O‘rtoq bloger, sizga yoqmaydigan odamni haqoratlab, o‘zingizni xuddi u kabi tutmayapsizmi? Haqqingiz bormi bunga? Haqorat yoki masxaraomuz postlarni ko‘rsam, o‘qqa tutiluvchi emas, o‘qqa tutuvchi to‘g‘risida tasavvur paydo bo‘ladi menda. Bloger o‘zining shaxs sifatidagi «men»ini ko‘rsatib qo‘yadi.

Shu va boshqa omillar sababli kunlik so‘nggi yangiliklarni OAV sifatida ro‘yxatdan o‘tgan kun.uz, daryo.uz dan, hukumat qarorlari, rasmiy ma’lumotlarni esa O‘zaning telegram kanalidan olaman.

Milliy kontentda qaysi va qanday kanallarni kuzataman? Asosan qiziqishlarimdan kelib chiqib, ma’lum sohaga ixtisoslashgan, masalan, psixologiya (@PsixoBLOGuz, @psixologikbilimlar) IT (@ITbusiness_school), kitobxonlik (@kitoblog, @kitoboqiuz), kino (@kinosanati, @kanal33), ilm-fan (@nega_unday), she’riyat (Usmon Azim, Nafisa Omon), bolalar (@Bolajonustaxonasi, @jajjiakademik) ga oid kanallarni muntazam kuzatib boraman. Bularda «o‘tlab ketish» yo‘q, tor sohani keng yoritishga intilishadi.

Shaxsiy kanallardan esa til, tarix va madaniyatga oid ma’lumotlarni akademik va sifatli usulda berib borayotgan Asanov formati, yumor, ko‘proq satiraga yo‘g‘rilgan postlari, shuningdek, guruhi tomonidan tarjima qilinayotgan bestseller asarlar va ma’ruzalari uchun Alimoff, turli mavzularni qamrab olgan, ammo did va saviyali maqolalar qo‘yuvchi Kaktus kanallarini sevib mutolaa qilaman.

O‘zimni bloger deyolmayman, ammo kitob va kinoga oid Bookinemaniya kanali admini sifatida aytishim mumkinki, blogerlik yukini his qiluvchilar, uni kasbga aylantirganlar uchun bu og‘ir va mashaqqatli kasb. Bloger tinimsiz izlanishda bo‘lishi, har kuni qandaydir qiziqarli, shu bilan birga foydali post qo‘yishi zarur. U tinimsiz, kuniga 24 soat, haftasiga 7 kun va yiliga 12 oy ishlashga mahkum. O‘zimning misolimda aytsam, mushtariy «Mayli bugun kitob o‘qib olsin, keyin taqrizi bilan bo‘lishar» deb kutib turmaydi. Blogerlikda muntazamlikka amal qilganlar yutadi.

Ammo blogerning «shedevr» yozishi qiyin, chunki kundalik, muttasil mehnat «Bugun nima yozsam ekan?» savolinigina qo‘yishga majbur qiladi. «Qanday yozsam ekan?» degan savol ikkinchi «plan»ga tushib qoladi. Obunachini yo‘qotmaslik uchun ularning didi va saviyasiga moslashadi, ularni o‘z ortidan emas, o‘zi ularning ortidan ketib qoladi ko‘p hollarda. Shu sababli blogerning shaxsiy rivojlanishiga shubham bor. Shedevrlar esa har kuni ham yaralavermaydi. Buning uchun vaqt, katta mehnat va ba’zan yolg‘izlik, dunyodan, ijtimoiy tarmoqlardan, odamlardan uzilish kerak.

Sevara ALIJONOVA,

«Olam aro» jurnali bosh muharriri,

@Sevaraalijonova boshqaruvchisi

O‘zA