Jurnalistikani chidaganga chiqargan!

2020-06-29T12:25:21+05:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Jamiyatdagi o‘tkir muammolarni ko‘tarib chiqmayapti, amaldorlarni «savalamayapti», tanqidiy maqolalar yozmayapti, faqat maqtashni biladi, muammolarni ochib tashlamaydi deb jurnalistni ayblash, ta’na, dashnom yog‘dirish oson.

Lekin jurnalist bo‘lib bir kun ishlash, jurnalistikaning bir kunlik mashaqqatiga bardosh berish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi.

Oqni qoradan, rostni yolg‘ondan ajratib olish, odamlarga to‘g‘ri axborot yetkazish uchun qancha mehnat kerak deb o‘ylaysiz?

Tajribada kuzatilganki, bitta ma’lumotning to‘g‘ri yoki yolg‘on ekanini tekshirish uchun ba’zan kunlab, hatto haftalab, oylab vaqt kerak bo‘ladi. Sirini fosh qiladigan axborotni kim sizga qo‘sh-qo‘llab topshirib qo‘yadi? Haqqoniy axborotni «sug‘urib» olguningcha joning halqumingga keladi. Jamiyatga esa tezkor, xolis axborot kerak.

Tanqid hech kimga yoqmaydi.

Kimnidir tanqid qilmoqchi, aybini, jinoyatini oshkor qilmoqchi bo‘layotganingni sezib qolishsa, jon jahdi bilan to‘xtatishga harakat qiladi. Jurnalistga u so‘zini qaytara olmaydigan do‘stlaridan telefon bo‘ladi, iltimoslar bo‘ladi, qarshiliklar bo‘ladi, tahdidlar bo‘ladi…

Shuning uchun ham jurnalistika dunyoda eng xavfli kasblar sirasiga kiradi. Har yili qancha jurnalist suiqasd qurboni bo‘ladi…

Ayrimlar o‘zi ikki og‘iz haqiqatni gapirishdan bosh tortadiyu, lekin jurnalistdan jasorat talab qiladi.

Jurnalistning har kuni ana shunday «g‘ala-g‘ovur» o‘tadi…

Bunga kim chidaydi, kimning bardoshi yetmaydi.

Buning ustiga oladigan maoshi «otning kallasiday» bo‘lsa ekan, bitta maqolasining qalam haqiga (gonorariga) bitta mashina bersa ekan…

Afsus, bugungi kunda jurnalistning maoshi katta-katta orzular u yoqda tursin, ro‘zg‘orini amallashga zo‘rg‘a yetadi.

Xo‘sh unda jurnalist nima uchun ishlaydi?

Haqiqiy jurnalist o‘z kasbini astoydil sevgani uchun, jurnalistikani taqdir deb bilgani uchun kasbini tashlab ketmaydi. Unga bir og‘iz «Shu maqolangiz (eshittirishingiz, ko‘rsatuvingiz) yaxshi chiqibdi» degan so‘zning o‘zi kifoya. Lekin bu yaxshi gap bilan oilani boqib bo‘ladimi, farzandlarga munosib shart-sharoit yaratib bo‘ladimi?..

Jurnalist boshqalarning muammosini ko‘tarib chiqaman deb jonini jabborga beradi, kechani kecha, kunduzni kunduz demay, huzur-halovat, bayram, dam olish kunini bilmay ishlaydi. Lekin uyida uning o‘zini qancha muammo kutib turadi…

Ana, shularga chidagan va boshqa mashaqqatlarga bardosh bergan jurnalist bo‘ladi!

Kasbining fidoyisi bo‘lgan ommaviy axborot vositalarining xodimlarini kasb bayramimiz bilan tabriklayman!

Ha aytgancha bugun bayram demay jurnalistlar ishlayapti. Bo‘lmasa televizoringiz nimani ko‘rsatadi, radiongiz nimani gapiradi, gazetalar, jurnallarda nimalar bosiladi, internetda nimalar yoziladi?..

Bekzod Shukurovning “Facebook”dagi sahifasidan olindi.