PREZIDENT TABRIGIGA MUNOSABAT Zamon jurnalistikasi tezkorlik va aniqlikni talab etadi

2020-06-29T11:18:59+05:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ilyos SAFAROV, “kun.uz” sayti muxbiri:”Yilning eng faol jurnalisti” respublika tanlovi g‘olibi -2020

– Bugungi kun jurnalistikasi birmuncha tezkorlikni talab qiladi. Shu o‘rinda aniqlikni ham. Internet jurnalistikasi bugun ko‘proq o‘quvchilarni jalb qilayotgani bor gap. Buning sabablari ko‘p. Birinchidan, tezkorlik, o‘quvchi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnata olish, fikr almashish va hokazo. Boshqa turdagi nashrlardan mavzuga erkinroq yondashishlari bilan ham ilgarilab bormoqda, materialni uzatish shakli ham o‘zgargani sari auditoriyasi ham kundan kunga kengaymoqda.

Bugun mashinada radio tinglab ketayotgan muxlisga, kecha kechqurun o‘qigan xabarini yana qayta tinglashning qizig‘i bo‘lmasligi mumkin. Gazeta va jurnallar o‘quvchilarining keskin kamayishiga internet jurnalistikasining tezkorligi va ularning ehtiyojini aynan elektron ommaviy axborot vositalari qondirayotgani sabab, deb bilaman.

Buni televideniye misolida ham aytish mumkin. Bugun kanallarda uzatilayotgan dasturlar xalqchil emas, siyosat quroli bo‘lib qolganini kuzatyapmiz.

Elektron ommaviy axborot vositalarining asosiy yutuqlaridan biri – u bozor qoidalariga juda tez va qulay moslashmoqda. Uning eng katta yutug‘i esa o‘zini to‘la moliyaviy ta’minlay olayotgani, qolaversa, xodimlarni moddiy va texnik ta’minlash darajasiga erishayotganidadir. Bugun elektron nashrlar orasida ham raqobatlar bor. Aynan ana shu raqobat nashrning yanada keng quloch yozishiga zamin bo‘lmoqda.

O‘zim faoliyat yuritayotgan saytda ham raqobat birinchi o‘rinda turadi. Asosiy vazifamiz xabarni tez, to‘liq va aniq yetkazish bo‘lsa, o‘quvchilar ehtiyojlarini inobatga olgan holda video, audio materiallar tayyorlab, rang-baranglik hosil qilish. Oldimizga qo‘yilgan asosiy talab – 70 ga yaqin jamoadan xilma xil fikrlar va turfa ko‘rinishdagi materiallar tayyorlash.

Yutuqlar haqida gapiryapmiz. Ammo kamchiliklar ham talaygina. Bu chetdan qaragan nigohlar tomonidan aytilmoqda. Xohlaymizmi yo‘qmi, ular xolis baho bermoqda. Xorijiy mutaxassislarning aytishicha, o‘zbek matbuotida hali hamon senzuraning ayrim unsurlari mavjud, hali hamon bu matbuot yuqori lavozimlardagilarni tanqid qilish darajasiga erishgani yo‘q. Bu fikrlarga men ham qo‘shilaman. Barcha yutuqlarimiz qatori kattagina kamchiligimiz ham mavjudligi bor gap.

Ammo rivojlanishni xohlasak, albatta, bu kamchilikni bartaraf etishimiz kerak.