«Jurnalist bo‘lish uchun nima qilish kerak?», “Yaxshi jurnalist qanday bo‘lishi kerak?». «Jurnalist kim?»…

2020-06-29T08:46:43+05:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bu sohaga qiziqqanlarnining orzu-intilishlari, fikr-mulohazalari, hayotiy qarashlari, yutuqlari-yu muammolari men uchun qiziq. Bir vaqtlar men ham katta jurnalist bo‘lishni orzu qilardim, chin dildan harakat qilardim. Hamon o‘sha yo‘ldaman. Shu sohaga umrini bag‘ishlagan ustozlarimning hayot yo‘li, ijodini kuzatar ekanman, bir narsani anglagandekman; Yaxshi jurnalist bo‘lish insondan juda katta fidoyilik talab qiladi. Ya’ni butun hayotingiz, orzu-umidlaringizni shu sohaga bag‘ishlasangizgina odamlar qalbidan, OAV maydonidan o‘rin olasiz. Xo‘sh, tayyormisiz bunga? Tun-u kun bedorlikni, o‘zingizning tashvishingiz qatorida birovning dardi bilan yashashni istaysizmi, degim keladi orzumand yoshlarga. Jurnalistning noni qattiq, oyog‘i doim yo‘lda…

27-iyun… Biz e’zozlanadigan kun! Ijod ahli uchun kasb bayramida bildiriladigan bir og‘iz shirin so‘z, kichik e’tibor yil davomida ilhom, shijoat bilan ishlashga undaydi.Qariyb,15 yildirki, televideniye sohasida faoliyat yuritaman. O‘tgan davrdagi qiyinchiliklar, muammoli vaziyatlar, dilxiraliklaru charchoqlarning bari bugungi kasb bayramida unutiladi. Yangi sahifa ochilib, yana fidoyilarcha faoliyat boshlanadi! Barcha hamkasblarimni bayram bilan tabriklayman! Bu kun nafaqat jurnalistlarning, balki voqelikni teran nigoh bilan tasvirga ko‘chiruvchi hurmatli operatorlar, videomahsulotlarni sayqallab, bezab, efirga tayyorlovchi, estetik didi yuqori qadrli montajyorlar, uzog‘imizni yaqin qiluvchi shofyorlar, ishxonamizni uyimizdek toza-ozoda tutishga mas’ul orastabonular, mo‘jaz bog‘imizni yashnatayotgan bog‘bonlar, qalam haqimizni ona sutidek halol, pokiza olishimizga yordam berayotgan hisob-kitob bo‘limidagi xodimlar… Xullas jamoaning har bir a’zosi uchun qutlug‘ kun. 27-iyunda OAV xodimlari iftixor, faxrlanish hislarini tuyadi. Ammo ustozlarimizdan biri Usmon Nusurov aytganidek, aslida jurnalistlar bayrami bir kun emas. Jurnalist xalq dardi bilan yashagan, yechimini kutayotgan muammoni bartaraf etishga hissa qo‘shgan, bir insonning taqdirini ijobiy tomonga o‘zgartirishga erishgan har bir kun bayram! Hurmatli hamkasblar mashaqqatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman! Jurnalist uchun adolat qaror topishi katta yutuq.

Shaxsan,2020 yil men uchun katta natijaga erishgan yil bo‘ldi. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga saylandim., 27 iyun Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bayrami oldidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan «Yilning eng faol jurnalisti» respublika tanlovi g‘olibi bo‘ldim. Bu men va qashqadaryolik jurnalistlar uchun katta ishonch va rag‘bat demakdir.

Yana bir bor bayram mubotak, aziz hamkasblar!

Nilufar O‘taganova, Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasi muharriri,

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi g‘olibi