PREZIDENT TABRIGIGA MUNOSABAT Jurnalist tahlilni ham bilishi kerak

2020-06-29T08:07:35+05:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ahrorjon ZIYoDOV, «Sevimli TV» telekanalining Farg‘ona viloyatidagi muxbiri:

– Prezidentimizning matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan tabrigi har bir ijodkorni ruhlantirdi. Shaxsan meni ham!

Tabrikda ayrim jurnalist va blogerlarimizda bilim va professional malaka, bahs madaniyati yetishmasligi jamoatchilikni tashvishlantirayotgani qayd etib o‘tildi. Albatta, bu achchiq bo‘lsa ham haqiqat. Bu boradagi eng asosiy vazifa – ana shunday kamchiliklarni chuqur o‘rganib, ularni bartaraf etish, mavjud miqdor ko‘rsatkichlarini sifat ko‘rsatkichlariga aylantirish, ommaviy axborot vositalarining samaradorligini oshirishdan iboratdir.

Tan olish kerak, tabiat hodisasi bilan chekka bir qishloqda daraxt qulab tushsa ham o‘zini bloger, deb nomlagan insonlar darhol bu borada mutasaddilarni ayblashga o‘rganib qoldi. Biroq, asli holat qanday edi? Daraxtning qulab tushishida sabablar nimada edi, deb tahlil qilishni bilmayapti. Shu sababli, jurnalist yoki blogerlar har bir mavzuni yoritishdan avval uning tub mohiyati, asl sababi haqida batafsil tahlil qilib, ana undan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda tarqatsalar nur ustiga a’lo nur bo‘lar edi.

Qolaversa, ko‘proq o‘qib, o‘qiganlarini aqlan uqsalar, tayyorlanadigan materiallari yanada yaxshi bo‘lardi. Asosiysi, jurnalist va blogerlar xolislikni faoliyatining muhim mezoni sifatida belgilab olishi kerak.