Xalqning ko‘zi va so‘zi bo‘laylik

2020-06-29T07:44:16+05:0029 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Hayotimiz shiddat bilan o‘zgarmoqda. Jumladan, matbuot sohasida ham chuqur islohotlar boryapti. Oldingi davr bilan keyingi ikki-uch yildagi o‘zgarishlarda osmon bilan yercha farq bor, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirgi oshkoralik va so‘z erkinligi sharoiti ilgari bo‘lmagan.

Bugun O‘zbekistonda nodavlat, xususiy ommaviy axborot vositalari jadallik bilan taraqqiy etmoqda. Ayniqsa, internet jurnalistikasi deb atayotganimiz elektron OAVning qamrovi kengaymoqda. Axborot bozorida raqobat muhiti paydo bo‘ldi.

Hamma davrlarda xolislik va haqqoniylik jurnalistikaning oltin qoidalaridan bo‘lib kelgan. Bu mezonlarni unutgan, unga amal qilmagan jurnalist o‘quvchilar ishonchini yo‘qotadi. Yolg‘on, oldi-qochdi, shov-shuv xabarlarga asoslangan OAVning umri qisqa bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining kasb bayrami munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida jurnalistlarning mashaqqatli va sharafli mehnati e’tirof etilgan holda, ular o‘z ishiga yanada mas’uliyat bilan yondashishga da’vat etiladi.

Tan olishimiz kerak, gohida biron mavzuni yoritayotganida jurnalist va blogerlarning bilim-malakasi yetishmasligi,shoshqaloqlik, hissiyotga berilish holatlari ko‘zga tashlanmoqda. O‘zbekiston uchun tipik bo‘lmagan ayrim voqea-hodisalarni bo‘rttirish, aholiga noto‘g‘ri ma’lumotlarni taqdim etish, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p uchrayapti. Bu olib borilayotgan katta ijobiy ishlarimizga soya solyapti.

Men ishlayotgan O‘zA rasmiy axborot agentligi hisoblansada, sohada borayotgan o‘zgarishlarning bayroqdori bo‘lmoqda, deyishimiz mumkin.Biz hammaga, har xil toifa vakillariga minbar beryapmiz.

Barcha davrlarda ham jurnalist xalqning so‘zi, ko‘zi, yuragi bo‘lib, kelgan. Biz odamlarni o‘ylantirayotgan muammolarni, ularning dardu tashvishlarini hukumatga yetkazish bilan birga, Prezident, davlatimiz olib borayotgan siyosatni aholiga tushuntirishimiz, qabul qilinayotgan farmon va qarorlarning mohiyatini targ‘ib-tashviq etishimiz zarur.

Mamlakatimizdagi barcha hamkasblarimni kasb bayramlari bilan qutlarkanman, demoqchimanki, adolat va xalqchillik hamisha shiorimiz bo‘lsin, har gal qo‘lga qalam olayotganda xayolimizda,yuragimizda Vatan tursin, shu mehnatkash va kamtarin xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib yozaylik.

Abdujalol TAYPATOV,

«Yilning eng faol jurnalisti – 2020» tanlovi g‘olibi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga bag‘ishlangan an’anaviy «Yilning eng faol jurnalisti» tanlovida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – «Siyosat va yangiliklar» tahririyati bosh muharriri o‘rinbosari, Abdujalol Taypatov ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyati hamda aholi ma’naviyati masalalariga bag‘ishlangan «Andishaning oti nima yoxud ma’naviyat haqida ayrim mulohazalar», «Men anglagan haqiqatlar» kabi tahliliy materiallari uchun g‘olib deb e’lon qilindi.

Agentlik jamoasi nomidan ustoz jurnalist Abdujalol Taypatovni tabriklaymiz!

O‘zA