Ijodga baxshida umr

2020-06-26T15:09:17+05:0026 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni

1974 yilning oxirlari edi. “Guliston” jurnali tahririyatiga Tinch okeani harbiy flotidan bir konvert keldi. Mazkur aloqa vositasi orqali harbiy flot askari Alisher Ibodinov o‘zining “Gul safsar hidi” nomli hikoyasini yuborgan edi. Buni qarangki, oddiy bir askarning ayni ijod mahsuli tahririyat jamoasini, ayniqsa bosh muharrir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtorni hayratga soldi. Shu bois Asqad aka yosh qalamkashga javob maktubi yo‘lladi: “Assalomu alaykum, Alisher! Sog‘lig‘ingiz yaxshimi? Yuborgan hikoyangizni oldik, bizga juda ma’qul bo‘ldi. Uni jurnalimizning kelgusi, yangi yildagi ilk sonlaridan birida chop etishni rejalashtirdik. Ijoddan aslo to‘xtamang. Bilasiz, may oyida (1975 yil may nazarda tutilgan-muallif) Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 30 yilligi nishonlanadi. Binobarin, bizga harbiy flotda xizmat qilayotgan o‘zbek askarlari haqida ham yozib jo‘natsangiz!”.

Shundan keyin yuqoridagi hikoya “Guliston” jurnalining 1975 yil fevraldagi 2-sonida e’lon qilindi. Eng muhimi, “Gul safsar hidi” anchagina shov-shuv hamda mushtariylar e’tirofiga sazovor bo‘ldi.Albatta, bu voqea farg‘onalik ustoz jurnalist, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Alisher Ibodinovning ijodiy faoliyati, ta’bir joiz bo‘lsa, hayot yo‘lining debochasi bo‘lib qoldi.

– O‘sha yili harbiy xizmatdan qaytayotib Toshkentga tushganimda “Guliston” tahririyatiga, Asqad Muxtorning oldiga kirdim, – deya esga oladi Alisher aka. – U kishi men bilan samimiy va do‘stona tarzda uzoq suhbatlashdi. So‘ng Asqad akaning daldasi hamda yordami bilan Toshkent davlat universitetining Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirdim. Aslida birinchi marotaba Vatan haqida yozgan she’rim 1967 yilda – 8-sinfda o‘qiyotganimda tumanimizning “Paxta uchun” (hozirgi “Davr ovozi”) gazetasida chiqqan.

Darhaqiqat, e’tirof va rag‘bat har qanday ijodkorni, jurnalistni yangi asar, she’r yoki yangi maqola yozishga ilhomlantirishi shubhasiz. Shu ma’noda aytganda, Alisher Ibodinovning biri biridan teran, sermazmun “Dengizchi”, “Ko‘l bo‘yida” va “Bir tomchi yosh” hikoyalari, hatto ilk kitobi – “Gul safsar hidi” (hikoyalar to‘plami) ham aynan talabalik yillarida (1977 yil) chop etilgan. Uning “Quyosh ham olov” deb nomlangan ikkinchi kitobi esa oliygohni tamomlayotgan 1980 yili nashr yuzini ko‘rgan.

Buni qarangki, Alisher aka bir umrlik baxti, rafiqasini ham aynan o‘sha kezlarda topgan. Aniqrog‘i, harbiy xizmat davridayoq o‘z o‘quvchilarini topgan, talabalikning oltin damlarida hikoyalari qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilayotgan yigit Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridan bo‘lgan kursdoshi Xolida Jabborovaning ko‘nglini rom etgandi.

Mana, shundan buyon qirq yildan ziyod vaqt o‘tdi. Ortda qolgan yillar mobaynida Alisher Ibodinov sobiq “Kommuna” (hozirgi “Farg‘ona haqiqati”) gazetasi muxbiri, bo‘lim mudiri, viloyat ijroiya qo‘mitasi mas’ul xodimi, sobiq “Sovet O‘zbekistoni”, keyinchalik “O‘zbekiston ovozi” gazetalarining Farg‘ona viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri, viloyat prokuraturasi muassisligidagi “Adolat yo‘li” huquqiy gazetasi hamda Farg‘ona viloyati hokimligining “Farg‘ona haqiqati” gazetasi bosh muharriri vazifalarida mehnat qildi. Men ayniqsa, ustozning mamlakatimizdagi dastlabki huquqiy nashr sanalmish “Adolat yo‘li” huquqiy gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishlagan davrini alohida, mamnuniyat bilan e’tirof etishni istardim. Ya’ni, 1993 yilning 1 sentyabrida Farg‘ona viloyati prokuraturasi tomonidan ta’sis etilgan ushbu gazeta 1994-2008 yillarda Alisher Ibodinov bosh muharrirligida chop etilgan. O‘shanda “Adolat yo‘li” nafaqat prokuratura organlarining, balki viloyatdagi boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarining huquqiy targ‘ibot minbariga aylangani, mushtariylar u orqali el tanigan yozuvchi va shoirlardan tortib, yosh qalamkashlarning ham ijod namunalaridan bahramand bo‘lganliklarini farg‘onalik yurtdoshlarimiz yaxshi eslashadi. Xususan, bosh muharrir Alisher Ibodinovning davomli qissa va detektiv hikoyalari e’lon qilinganda gazetxonlar nashrning har bir sonini intiqlik bilan kutishgani rost. Yoki “Adolat yo‘li” aralashuvi bilan buzilgan huquq va erkinliklari tiklangan fuqarolarning sanog‘i yo‘q. Shuning uchun bo‘lsa kerak, gazeta adadi 37.000 nusxagacha ko‘tarilgan. Ana shu kabi jihatlari bilan “Adolat yo‘li”da respublikamizning boshqa huquqiy nashrlari ibrat olsa arzigulik maktab yaratilgan. Yoki Alisher akaning “Farg‘ona haqiqati” gazetasiga bosh muharrirlik qilgan davrini esga olaylik. O‘zining aytishicha, 1935-37 yillarda otasi Umarali Ibodinov “Kommuna” gazetasi (“Farg‘ona haqiqati” uzoq yillar “Kommuna” nomi bilan chiqqan)da bo‘lim muharriri vazifasida ishlagan. O‘sha kezlarda Umarali ota salkam yetmish besh yildan so‘ng o‘g‘li gazetaga bosh muharrir etib tayinlanishini xayoliga ham keltirmagandir.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, qalam ahlining nafaqat dastlabki o‘quvchisi, balki doimiy madadkori va suyanchi uning oilasi – umr yo‘ldoshi sanaladi. Shunday ekan, Xolida opa o‘zi jurnalist bo‘lgani uchun ham bu borada Alisher akaga chinakam muxlis, maslahatgo‘y, o‘rni kelganda munaqqidlik qila olgan. Bugun Farg‘ona viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi muassisligida nashr etilayotgan “Ulug‘ El” gazetasi esa Alisher Ibodinovning mashaqqatli mehnatlari, izlanishlari, qolaversa Xolida Jabborovaning qimmatli tavsiyalari, ijodiy ko‘magi samarasidir.

Darvoqe, oiladagi adabiy muhit qahramonimizning katta o‘g‘li Ulug‘bek Ibodinovning ota kasbini tanlashiga bosh omil bo‘lgan, desak yanglishmaymiz. Hattoki, Ulug‘bek o‘z taqdirini surxondaryolik kursdoshi Saidaxon bilan bog‘lagani ham “Ot o‘rnini toy bosar” degan purhikmat naqlni eslatgan bo‘lsa ajab emas. Ayni paytda Ulug‘bek Ibodinov “Mahalla” gazetasida, turmush o‘rtog‘i Saidaxon esa “Gulxan” jurnalida faoliyat yuritmoqda.

Alisher Ibodinovning “Oq, oppoq bulutlar” (1982 yil), “Qo‘rboshi Madaminbek” (1992 yil), “Oltiariq tarixidan lavhalar” (1995 yil), “Latofat do‘konidagi qatl” (2000 yil), “Sohil yaqin, yaqin…” (2010 yil), “Shafqatsiz tog‘lar”(2012 yil) kitoblari milliy adabiyotimiz xazinasini naqadar boyitganligini alohida ta’kidlash lozim. Ayni paytda esa adibning “Xudoyorxonning so‘nggi kunlari” asari “Sharq” nashriyot matbaa aksiyadorlik kompaniyasida chop etilmoqda.

– Bugungi kunda ayrim yurtdoshlarimiz bosma nashrlar yo‘qolib, ularning o‘rnini internet saytlari egallashini bot-bot ta’kidlashmoqda. Sizning bu boradagi fikringiz qanday?, – so‘raymiz ustozdan.

– Bu mutlaqo noto‘g‘ri fikr, – deydi Alisher Ibodinov o‘ylab ham o‘tirmay. – Mana, dunyoning rivojlangan davlatlari AQSh, Yaponiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy va boshqa mamlakatlarida internet nashrlari bizdagiga nisbatan o‘n karra, yuz karra taraqqiy etgan. Ammo shunday davlatlarda ham matbuot yashayaptiku. Aksincha, ularda gazeta va jurnallar millionlab nusxada chop etilmoqda. Negaki gazeta va jurnalni yuz yildan keyin ham qo‘lga olib o‘qish mumkin. Biroq ijtimoiy tarmoqda e’lon qilingan xabar yoki maqolani shuncha davrdan keyin topolmaysiz.

Chindan ham ayni fikrlar isbot talab qilmas haqiqatdir. Negaki matbuot hamisha jamiyat ko‘zgusi bo‘lib kelgan, shunday bo‘lib qoladi ham. Binobarin, biz fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni, Alisher Ibodinov singari qalb qo‘rini, umru jonini ijodga baxshida etgan ustozlarni ertangi tabarruk sana – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan muborakbod etamiz!

Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA