Bugun matbuotda…

2020-06-25T08:18:09+05:0025 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

“DARYoNING U TOMONIDA JURNALIST, BU TOMONIDA BLOGER TURIB, BIR-BIRIGA TOSh OTMASLIGI KERAK”

“…Jangu jadallarda hech kim g‘olib bo‘lmaydi. Kuchsizlar bilan birga kuchlilar ham og‘ir yo‘qotishlarga duchor bo‘ladi. G‘olibning ham, mag‘lubning ham uyi buziladi, yeri qonga to‘ladi, dalasi porox hidiga to‘yinadi. Patron ichidan otilib chiqayotgan o‘q odam tanlamaydi. Yanada dahshatlisi, ulug‘ adib Chingiz Aytmatov yozganidek, urushlarning fojiasi shundaki, uni boshlagan sarkardalarning nomlari tarixda qoladi, ularga yodgorliklar o‘rnatiladi, ammo janggohlarda qurbon bo‘lgan million-million odamlar orasida daho olimlar, millatning faxru g‘ururiga aylanadigan buyuk iste’dod egalari borligi haqida hech kim o‘ylamaydi”.

Yangi O‘zbekiston gazetasida chop etilgan “Navoiyni o‘qib, Pushkindan bahra olib…” sarlavhali materialda shunday mulohazalarni o‘qiysiz. Maqola muallifi — “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyevning yozishicha, bu yil G‘alaba kunini nishonlashda vatandoshlarimizning janggohlarda ko‘rsatgan mislsiz jasoratlari, G‘alabaga qo‘shgan salmoqli hissalari alohida e’tirof etildi. Yanada muhimi, shu paytgacha to‘la oshkor qilinmagan ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlar ochiqlandi. O‘zbekistonliklarning ko‘pdan-ko‘p jasoratlari yangi faktlar, raqamlar, front hujjatlari, arxiv materiallari, shaxsiy xotiralar misolida keng ochib berildi.

Xalq so‘zi gazetasida bosilgan “Kambag‘allik: daromad tengsizligimi yoki ta’lim olishga e’tiborsizlik?” sarlavhali maqolada esa mualliflar — iqtisodiyot fanlari doktorlari Nodir Jumayev va Dilshodjon Rahmonovlar kambag‘allik mezonlarini asoslashga harakat qiladi. Buning uchun bu boradagi tadqiqot tahlillarini keltirib o‘tadi. Materialda pandemiya sharoitida daromadlar pasayishi va jamg‘armalarning uzoq muddatga yetmaslik ehtimoli davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘larni safarbar etishni taqozo qilishi, bu esa byudjet daromadlari qisqargan sharoitda qarz mablag‘larini jalb etish zaruratini keltirib chiqarishi alohida qayd etiladi. Mualliflar O‘zbekistonda kambag‘allikni keltirib chiqarishga sabab bo‘lgan muhim sabablar haqida ham to‘xtalib, kambag‘allikni kamaytirish borasida o‘z takliflarini ilgari surishgan.

Tojdor virusdan eng ko‘p ziyon ko‘rgan sohalardan biri — turizm. Bu esa, o‘z navbatida, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotiga og‘ir zarba bo‘ldi. Jumladan, O‘zbekiston uchun ham. Mamlakatimiz joriy yilning 16 martidan xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun o‘z eshiklarini yopdi. Oqibatda 1500 ortiq turoperator va 1200 ta mehmonxona o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Bu esa 250 mingdan ziyod odamning, xususan, gidlar, hunarmandlar, dam olish maskanlari, ovqatlanish shoxobchalari, transport xizmati va boshqa soha vakillarining daromadi keskin pasayishiga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, bunday vaziyatda O‘zbekiston qanday yo‘ldan bormoqda? “Pravda Vostoka” gazetasida e’lon qilingan “Trevel-karantin: kak eto budet?” sarlavhali materialda shu haqdagi ma’lumotlar, fikr-mulohazalar bilan tanishishasiz.

“Narodnoye slovo” gazetasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning “Sotrudnichestvo vo imya mira” (“Tinchlik yo‘lida hamkorlik”) sarlavhali materialini e’lon qilgan. Unda O‘zbekistonning BMT bilan aloqalari haqida batafsil to‘xtalinib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida so‘zlagan nutqi bu hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani ta’kidlanadi. Qayd etilishicha, joriy yilda mazkur tuzilma o‘zining 75 yilligini nishonlaydi. Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “BMT-75” global diskussiyasini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. Uning doirasida 26 iyun kuni BMT Ustavi qabul qilingan kunning 75 yilligiga bag‘ishlangan onlayn-marosim bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston ham o‘zining barqaror rivojlanish maqsadlariga xayrixoh ekanligini namoyish etgan holda bu marosimda ishtirok etadi.

O‘zaro muloqotlarda “Karantin qachon tugar ekan-a?” mazmunidagi savollarga tez-tez duch kelamiz. Ammo hammamiz ham o‘zimizga “Karantin tugashi uchun men nima qilyapman?” degan savolni berib ko‘rishni istamaymiz. Ko‘cha-ko‘yda niqobsiz yurgan, ijtimoiy masofa saqlashni parvoyiga ham keltirmayotgan, qo‘l berib ko‘rishishni kanda qilmayotgan insonlar karantin muddati cho‘zilishiga ozmi-ko‘p hissa qo‘shayotgani haqida o‘ylab ko‘rishganmikin?!Ishonch gazetasida chop etilgan “Karantin tugashi o‘zimizga bog‘liq” sarlavhali maqolada korxona va tashkilotlarda o‘tkazilgan jamoatchilik nazoratida ayni shu holat ko‘plab uchrayotgani qayd etiladi.

O‘quvchining maktabda olgan bilimi toshga o‘yilgan naqshdir. Ammo u o‘qiyotgan darslik chalkashlik va xatolarga to‘la bo‘lsa-chi? Rustam Ibrohimov 9-sinflar uchun “Biologiya” darsligini tahlil qilish asnosida unda ko‘plab xatoliklar mavjudligini ko‘rsatib o‘tadi.

“Kasb kasalligi” degan atamani ko‘pchiligimiz eshitganmiz, albatta. Ammo bugungi shiddatkor zamonda yuksak texnologiyalar sabab ish jarayoni ham o‘zgarib bormoqda. Xo‘sh, bugun qaysi kasbda ishlash mashaqqat? Qaysi kasblar inson ruhiyati va salomatligiga hamon o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda? Zebo Namozovaning “Kasb kasalliklari: soha islohotga muhtoj” sarlavhali maqolasida shu haqda fikr yuritiladi.

Mahalla gazetasida e’lon qilingan “Daryoning u tomonida jurnalist, bu tomonida bloger turib, bir-biriga tosh otmasligi kerak” sarlavhasi ostida berilgan maqolada bugungi kun jurnalistikasi, uning yutuq va kamchiliklari, jurnalist odobi va mas’uliyati, yosh kadrlarni tayyorlashdagi muhim jihatlarga e’tibor qaratilgan. “Jurnalistlarimiz amaldagi qonun hujjatlaridan xabardor bo‘lsa, odob-axloq mezonlariga ko‘ra ish yuritsa, unga nisbatan munosabat ham tubdan o‘zgaradi… Ko‘pchiligimizda mavzuni puxta o‘rganmaslik, tavakkalchilik qusuri borki, bundan tezroq xalos bo‘lishimiz zarur. Shunday bo‘laylikki, bizdagi axborotga egalik, diplomatik qobiliyatni ko‘rib, soha mutaxassislari bajonidil qabul qilsin” deyiladi materialda.

Qonunda jamoat joyida tamaki mahsulotlari iste’mol qilish taqiqlangan. Jarimasi ham bor. Eng kam oylik ish haqining uchdan bir qismi. Ammo shu paytgacha amaliyotda biror kishining tamaki chekkanligi uchun jarimaga tortilganini eshitganmisiz? Yo‘q. Bo‘lsa ham bu miqdor nihoyatda kam. “Shaxs yoki idora qonundan ustun bo‘lmasligi kerak” sarlavhali maqoladan shu haqdagi mulohazalar o‘rin olgan.

Postda — Na postu gazetasida berilgan “Innovatsion texnologiyalar — xavfsizlik garovi” maqolasida mamlakatimiz xalqaro aeroportlarida xavfsizlik qanchalik ishonchli qo‘riqlanayotgani, harbiy sohaga jalb etilayotgan zamonaviy texnologiyalar haqida so‘z boradi. “…Siz hozir kelayotganday bo‘lib tuyuladi menga” sarlavhali maqolada esa jurnalistning O‘zbekiston Qahramoni, Xalq yozuvchisi Said Ahmad va uning suyukli rafiqasi, benazir shoira Saida Zunnunovaning hayot yo‘llariga bag‘ishlangan «Sabru sadoqat» teleserialidan olgan taassurotlari bilan tanishasiz.

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni. Ushbu sana munosabati bilan «Qishloq hayoti» gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Chori Latipov bilan suhbat e’lon qilingan.

* * *

Yangi rukn va maqola haqidagi fikr, taklif va istaklaringizni pochta@uza.uz manzilida kutib qolamiz.

O‘zA