Uxlayapmiz yoxud millat qoni bilan yozilgan qaynoq haroratli maqolalarni qo‘msab…

2020-06-25T08:14:53+05:0025 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Shu oyning 27 sanasini biz jurnalistlar bayram qilamiz. Bunga 100 yillar avval, aynan shu kuni birinchi o‘zbek tilida chop etilgan “Taraqqiy” gazetasi asos qilib olingan. Bu sana bizga doim yuz yillar avvalgi jadidlarimiz, ma’rifatparvarlarimiz jasorati va shijoatini eslatib turadi. O‘sha davr nashrlarini varaqlay turib, taraqqiyparvarlarimizning siyosiy saviyada, jasoratda bizdan ancha ustun bo‘lganlarini payqash mumkin. Hur fikr o‘lim bilan mukofotlangan bir davrda ham millatparvarlarimiz vijdon amrini aziz jonlaridan ustun qo‘yganlar.

Biz fransuzlarni revolyutsioner, amerikaliklarni hurfikr, qo‘rqmas, deb bilamiz. Biroq, o‘zimizda ulardan-da o‘tli jadidchilarimiz bo‘lganini bugun hamma yaxshi biladimi?

Jadidchilarimiz yuragidagi o‘ti bilan hozirgi jurnalist, blogerlarni solishtirsak bugun “biz uxlayapmiz”, degan xulosa yasash mumkin.

Turkistondagi ilk gazetalar haqida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Bahrom Irzayev bilan suhbatlashdik.

Bahrom Irzayevning aytishicha, Behbudiy, Munavvar Qori, Fitrat, Cho‘lpon, Hamza kabi ma’rifatparvarlarimiz maqolalarining millat qoni bilan yozilgan qaynoq xaroratini bugun ham his etish mumkin.

Taraqqiyparvarlar gazetani boyib ketish maqsadida chop etishmagandi…

O‘sha vaqtlarda gazetalarga muharrirlik qilganlarning ko‘pchiligi badavlat insonlar bo‘lgan. Xususan, tog‘-kon muhandisi (neftchi) Obidjon Mahmudovning qurgan binosi bugun “Qo‘qon sadosi” chiqayotgan Qo‘qondagi eng muhtasham binolardan hisoblanadi. Behbudiyning “Samarqand” gazetasi chop etilgan inshoat ham hozirda Samarqandning tarixiy, go‘zal obidalaridandir. Yana sanoatchi boylar ham millatparvarlarni qo‘llab-quvvatlab ularga xufiyona moddiy ko‘mak berib kelganlar. Ular imperiya tomonidan ta’qibga uchramaslik uchun va islom madaniyatiga ko‘ra o‘zlarini oshkor etmaganlar. Shuning uchun ham mahalliy boylar haqida aniq ma’lumotlar bizgacha yetib kelgan emas. Biroq, maqolalar mazmunidan ana shunday boylarning ko‘p bo‘lganini sezish mumkin. Shuningdek, gazetalarning so‘ngi betlarida reklamalar ham bo‘lgan.

Shu bilan birga, gazetalarda tekin tarqatilishga chorlovchi ma’lumotlar ham bor. Hech qaysi taraqqiyparvar, jadidchilarimiz gazetani boyib ketish maqsadida chop etmagan.

Ammo, sof tijoriy maqsadda chop etilgan nashrlar ham bo‘lgan. Misol uchun, Said Azimboyning “Tujjor” nomli nashri shunday gazetalardan edi. Biroq, unda ham Avloniy, Behbudiy kabi ma’rifatparvarlarimiz maqolalari aholini jalb qilish maqsadida chop etilib turgan.

Tabiiyki, nashrlarni viloyatlarga jo‘natish biroz qiyinchilik tug‘dirgan va bu mablag‘ talab etgan. Odatda, gazetalarning 3-6 oylik narxlari so‘ngi betida yozib qo‘yilgan. Viloyatlarga jo‘natilayotganda alohida narx va tarqatuvchisi bo‘lgan hamda avvaldan puli to‘lab qo‘yilgan. Ma’lum jamiyatlar, jumladan, “Turon” jamiyati ham gazetalarni viloyatlarga yetkazib berishga ko‘maklashgan.

Bir nashr ta’qiq sabab yopilsa, boshqasi yana “bosh ko‘tarib” chiqib kelardi

O‘zbek matbuotining to‘ng‘ichi, ya’ni birinchi nashri “Taraqqiy” gazetasi hisoblanadi.

U 1906 yil 27 iyunidan chop etila boshlangan. Biz 27 iyunni O‘zbekiston jurnalistlari kuni sifatida nishonlaymiz. “Taraqqiy”ning muharriri Ismoil Obidiy bo‘lgan. Nashrda o‘tkir ijtimoiy muammolar ko‘tarilgan. Unda Munavvar qori, Abdulla Avloniy kabi buyuk adiblarimizning maqolalari chop etilgan. Garchi nashrning 20 ta soni chiqqan bo‘lsa-da, u tariximizda mustahkam o‘ringa ega. Unga Abdulla To‘qay tabriknoma yo‘llagani ham aytiladi.

1907 yil sentyabr oyida Munavvar Qorining “Najot” gazetasi nashr qilina boshlangan. Yana shu yili Avloniyning “Shuhrat”, 1908 yilda Ahmadjon Bektemirovning “Osiyo” gazetalari chop etila boshlangan. Lekin, mazkur nashrlar ham 8-10 sondan so‘ng o‘tkirroq maqola tufayli yopilishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng 1908 yildan 1913 yilgacha Turkistonda mahalliy bironta nashr chiqqan emas. Bu tinchlikni 1913 yilda Behbudiyning “Samarqand” gazetasi buzadi. Shu yilning nihoyasida taraqqiyparvarlarning ilk jurnali “Oyna” chop etila boshlaydi.

1914 yilning aprelida ilk o‘zbek advokati Ubaydulla Xo‘jayevning “Sadoi Turkiston” gazetasi chop etila boshlangan. Huddi shu yili o‘zbek tog‘ muxandisi Obidjon Maxmudovning “Sadoi Farg‘ona” nashrlari chiqa boshlagan. Mazkur gazetalar orqali o‘sha davr taraqqiyparvarlari o‘z oldilariga qanday maqsadni qo‘yganlariga umumiy baho berish mumkin. Sababi ushbu ikki nashr nisbatan ko‘proq chop etilgan edi.

1917 yil inqilobidan so‘ng yana o‘nlab gazetalar chiqa boshlagan. Senzura sabab, qaysidir gazeta yopilsa, yana boshqa nashrlar “bosh ko‘tarib” chiqib kelar edi. “Ulug‘ Turkiston”, “Sho‘roi Islom”, “Kengash”, “Hurriyat”, “El Bayrog‘i”, “Buxoroi sharif”, “Turon” nashrlari shular jumlasidandir.

Abdulla Avloniyning eslashicha, 1905 -1917 yillar orasida 22 nomdagi gazeta va 8 nomdagi jurnal nashr qilingan. Ziyo Saidning “O‘zbek matbuotiga materiallar” risolasida qayd etilishicha 1870-1925 yillarda 45 nomda gazeta va 36 nomda jurnallar chop etilgan.

Taraqqiyparvarlarni kimlar o‘qigandi?

Abdulla Avloniyga ko‘ra, o‘sha vaqtda gazeta o‘quvchilarni “jadidlar”, deb atashgan. Gazetani izlab, undagi ma’lumotlarni bir-biriga tarqatuvchilarni taraqqiyparvarlar, “xodimi millat”, deb ataganlari ham ma’lum. Masalan, Xorazmda mahalliy gazeta bo‘lmagan, lekin valiaxd Asfandiyorxon har kunlik Buxoro nashrlari, Hindiston, Tatar o‘lkalari, Turkiya gazetalarini to‘plab, o‘qib kuzatib borganini yaxshi bilamiz.

Senzura ma’rifatparvarlarimizni cho‘chitmagan edi

O‘sha vaqtlarda gazeta ochilishidan avval, muharrirga ma’lum shartlar qo‘yilib imzolatib olingan. Birinchi, “Taraqqiy” gazetasi senzuraga uchrab, muharririning mulklari musodara qilinib, egasi qamoqqa olingan. Bu boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun qilingan edi, lekin bundan taraqqiyparvarlar tashvishga tushgan emas. Ular zakiylik bilan mavzuni yoritish yo‘lini tutganlar. Misol uchun maktab masalasini shu darajada olib borgan-ki, unda saylov, siyosiy partiya, milliy armiya masalasini ham kiritib o‘tiladi.

“Sadoi Turkiston”, “Sadoi Farg‘ona” gazetalarini ko‘zdan kechirsangiz, katta-katta bo‘sh joylarga ko‘zingiz tushadi. Bu senzuradan o‘tmay, o‘quvchisiga yetib bormagan maqolalarning o‘rni bo‘lgan. Bu senzuradan o‘tmagan maqola o‘rniga boshqa material tayyorlab ulgirilmaganini anglatadi. Ba’zi gazetalarda qop-qoraga bo‘yalgan betlar mavjud. Bu ham “kesilgan” maqola o‘rni ekanligini anglatadi. Senzura yuqorida aytganimizdek, jadidlarimizni tashvishga solmagan. 1923 yilda Behbudiy shunday yozadi: “Biz bir gazeta yopilsa ikkinchisini ochdik, birimiz ta’qib etilsak, ikkinchimiz davom ettirdik”, deb iftixor bilan eslaydi. Demak, ular o‘z nomi bilan xodimi millat sifatida qo‘rqqani yo‘q. Oradan yuz yil vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, uning har bir maqolasini qalbning qoni bilan yozilgan qaynoq xovurini sezasiz. Orasida befarq o‘tib ketiladigan, bugun uchun yozilgan maqolalar yo‘q edi.

Ilk gazetalardagi «Qora piar»

O‘sha davrlarda taraqqiyparvar, ma’rifatparvarlarimizni obro‘sizlantirishga ham harakat qilishgan edi. Masalan, Behbudiyni obro‘sizlantirishga urunib, uni pora olganlikda ayblashgan. Behbudiy qozi bo‘lgan edi. Shu sababli uning pora olgani haqida maxsus xatlar uyushtirilgan. Jadidlarning eng yoshi ulug‘i Behbudiy edi. U qirq yoshlarida butun Turkistonda va tatar yurtlarida “Ota” sifatida mashhur bo‘lgan. Uning o‘zi ham “farzandlarim”, deya murojaat qila olgan. Bunga uning ma’naviy haqqi ham bor edi. Afsuski, shunday insonni ham obro‘sini to‘kishga harakat qilingan maqolalar bor.

Hattoki, Munavvar Qori nomini ham qoralashga urinilgan. Turkiston viloyatining gazetasida shunday maqolalar borki, unda “Munavvar Qori o‘z tashrifi bilan qimorxonalarni munavvar etgani” yoziladi. O‘sha davrda ulamolarimizga shu kabi juda ham ko‘p hujumlar bo‘lgan.

Millatning yashab qolishi va ertasi uning maorifiga bog‘liq.

“Taraqqiy” gazetasining ilk sonida Munavvar Qorining “Bizning jaholat jahli murakkab” maqolasi beriladi. Mazkur maqola juda ko‘p millatlar uchun tarjima qilingan. Masalan yapon tiliga ham… Bu Munavvar Qorining daho ekanini bildiradi. O‘sha vaqtda aytilgan gaplar bugungi kunda ham bizga begona emasligini anglatadi.

Misol uchun, biz Yevropa ta’limini qabul qiladigan bo‘lsak, Yevropaning illatlariga qanday qarshi kurashamiz degan masalani olib chiqishadi. “Yaponiyaga Yevropa madaniyati boshi bilan kirib kelgan bo‘lsa, taasufki bizga keti bilan kirib kelmoqda”, deydi ular hamda chekish, ichish va faxsh illatlarini sanab o‘tadi. Yevropaning texnika, maorif bilan bog‘liq yutuqlarini o‘zlashtirish kerak, biroq bizning yillar davomida sayqallanib kelgan madaniyatimizni boy bermaslik kerakligi aytiladi. Misol uchun, Xo‘jandda choyxonalar soni bilan maktablar soni solishtiriladi. Misol uchun, Ibrat Namanganda o‘zining maktabida imtihon olayotgan bo‘lsa, Hamzani chaqiradi. Munavvar Qori imtihon olayotgan bo‘lsa, Behbudiyni chaqiradi. Bu bilan ota-onalar davlatmand kishilar bolalarining burro javob berayotganini ko‘rib ularni kelajagini his qilgan holda hattoki ko‘zlariga yosh ham olishgan. Qizlar maktabiga borib, muallimalarga sovg‘alar hadya qilishgan. Ular maktabni xaqiqiy millatning fikrlar o‘chog‘iga aylantirishgan. Cho‘lponni ham biz jadidlar gazetasidan yaxshi bilamiz. U butun Turkistonda, To‘qmoqlidami, Qozoqlidami, Buxoroda bo‘ladimi hamma fikrini o‘rtaga tashlaydigan minbar yaratgan. Jadidlar gazetasi millat muammolarini o‘rtaga tashladi va yechimi ustida bosh qotirdi va muammolari ustida kurashdi. Bu jadid matbuotining xizmati edi. Ular ko‘targan muammolar bugungi kunimiz uchun ham begona emas. Misol uchun, Hamza “Dorul aytom” maqolasida yetim bolalarni o‘qitish masalasini ko‘targan. Shuningdek, jadidlar nashrlarida kasb va kattalar maktablari masalalari ham o‘rtaga tashlangan. Millatning bugun yashab qolishi va ertasi, uning kelajagi maorifda ekanligini ular yaxshi anglab yetishgan edi. Ularning bu boradagi maqolalari hamon haroratini yo‘qotmagan.

Jadid matbuoti ming yillik dindoshlik, turkiylikni unutgan emasdi.

Eng qizig‘i jadid matbuoti o‘zining mustaqil pozitsiyasiga ega bo‘lgan edi. Masalan birinchi masalada u Rus imperiyasini ichida tursa-da ruslarning Turkiya bilan urushini «Rus – turk urushi» emas, «Turk – rus urushi», deb yoritgan. Oldinga turkiylikni qo‘yganlar. Birinchi Jahon urushi ketayotgan vaqtda Hindiston, Turkiya musulmonlarining ahvoli qandayligi masalasi ko‘tariladi. Demakki, Imperiya siyosati qayerga qaramasin ular ming yillik dindoshlikni, turkiylikni unutgan emas. Ularning vijdoni gazetasining tirik qolish, qolmasligidan yuqori edi.

Jadidlar matbuotining aksariyatini nominigina bilamiz xolos…

Jadidlarning bizga ma’lumi, bizgacha yetib kelgan qismi taxminan 20 foiz atrofida. Aksari bizga yetib kelgan emas. O‘sha saqlanib qolgan 20 foizni ham 4-5 yildan so‘ng, o‘qib bo‘lishi bo‘lmasligiga kafolat yo‘q. Ular tang ahvolda. Zudlik bilan ularni elektron holatga ko‘chirish lozim. Navoiy kutubxonasi qo‘lda borlarini juda yaxshi saqlagan. Ular ko‘p o‘rganilmagani bois ham o‘zini yaxshi saqlamoqda. Jadid matbuoti odamlar qo‘lida ham bo‘lishi mumkin. Shuningdek, Tatariston, Yaponiya, AQSh, Peterburgda bo‘lganlarini o‘zimizga olib kelish muammo bo‘lib qolmoqda. Jadid nashrlarining barchasi ilmiy muomalaga kirgan emas, aksariyatini nominigina bilamiz xolos.

Anora Sodiqova, Nishon Abduvoitov O‘zA