«Najot» gazetasi haqida bilasizmi?

2020-06-25T05:07:39+05:0025 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

“Najot” gazetasi 1917 yilning 23 martidan o‘sha yilning iyuniga qadar faoliyat yuritib, Turkiston musulmonlari markaziy sho‘rosining nashri sifatida dunyoga kelgan.

Munavvar qori Abdurashidxonov muharrir bo‘lgan ushbu gazeta Abdulla Avloniyning yozishicha, chor hukumati zulmidan qutilish uchun “Najot”, deb nomlangan. Gazetaning maslak va maqsadini ifodalovchi “Xitobnoma”sida “Bizning shiorimiz – musulmonlar birikingiz. Biz musulmonlar aksari “demokrat”, ya’ni avom atalgan xalqdan iboratdir… Sinflarning farqlari musulmonlar orasida juda zaif, bizning kamolotimiz shundadir. Kamchiligimiz ham shunda, sinflarning farqlari siyosiy hayotni juda kuchaytiradir, uning fazilati shundadir. Lekin ul millatni bo‘ladir – oning kamchiligi shundadir, biz fazilatimizni orttiraylik, kamchiligimizni tugallataylik. Yashasin zo‘r islom dunyosi”, deyilgan.

Shu o‘rinda “Najot”ning mavjud sonlarini varaqlaymiz. Uning 10-sonida Salohiddin Muftizodaning “Sukut qiling! Sohibi sarvatlarning nidosi” maqolasiga raddiyasi bosilgan. Maqola muallifi mavjud iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanib, bolsheviklarni tashabbusni o‘z qo‘llariga olishga chaqiradi, kambag‘al qatlamlarni boylarga qarshi qo‘yadi. S.Muftizoda buning oqibatini oldindan ko‘rgani holda davlatmand insonlarga murojaat qilib, xalq orasida notinchlik va hukumatga ishonchsizlikning tarafdori bo‘lgan kuchlarning g‘arazli maqsadidan ogohlantiradi.

Bozorlarni arzonlashtirish, xalqning eng zaruriy muammolarini zudlik bilan hal etishga chaqiradi. “Najot”ning 12-sonida S.Muftizoda “Tahqiqsiz sadjoqat” maqolasini “Men “Turon” jamiyati a’zosiman, taraqqiyparvarman. Taraqqiyparvarlik din va shariat ila qoyimdir”, deb boshlaydi. Shundan so‘ng maqsadga o‘tib, gazetaning avvalgi sonida o‘zini taraqqiyparvar, deb tanishtirgan Husayinovning “Turkistanskiy kurer” gazetasini taraqqiyparvarlarga xizmat qilgan gazeta sifatida tanishtirishiga qarshi chiqadi. Aksincha, bu gazetaning Turkistondagi missionerlik faoliyatiga oid maqolalarini misol keltirib, Husayinovning o‘zini tanazzulparvarlikda ayblaydi.
O‘sha davrlarda bosma nashrlar o‘z so‘zi, o‘rniga ega bo‘lgan mutaxassislarning maqolalarini chop etardi. Kerak bo‘lsa, haq so‘zni aytishdan cho‘chimaydigan edi. Lekin ularga ham bosimlar, qarshiliklar, maqolalarga raddiyalar berilgan. Ammo o‘quvchi o‘zi uchun kerakli xulosani chiqarib olishiga imkoniyat yaratilgan.
Mardikorlikdan qaytganlarning bir qismi allaqachon bolsheviklar ta’siriga tushib qolgan edi. Ular o‘z xabarlari va ma’lumotlarida ayni shu masalaga e’tibor qaratadi. “Qardoshlik hissi” nomli xabarda Andijondagi “Aynul Islom” jamiyati 5 may kuni Yettisuvdagi ochlikni muhokama qilib, 4 kishilik komissiya qirg‘iz qardoshlar uchun iona yiqqani va 12 may kuni “Aynul Islom” raisi mullo Zahriddin A’lam 427 so‘mni pochta orqali muhtojlarga yo‘llaganini xabar beradi. Shuningdek, Mullo Abdurahmon Abdulqayyum o‘g‘li Xo‘jandda Hoji Homid mullo Qosim o‘g‘lining bozorga urug‘lik chiqarib tekinga tarqatgani, Toshkentdagi “Guliston” jamiyatining maktab va madrasalarda o‘qiyotgan ham moddiy, ham ma’naviy yordamga muhtoj yoshlarga ko‘makka tayyorligi haqida xabar beradi.

Qo‘qonda Imomnazar qori Ali Nazar o‘g‘lining Misr, Istanbul, Bayrut va tatar nashrlarida chiqqan yangi kitoblarni olib kelib, “Zamon” nomli kutubxona ochgani va 3 may kuni Qo‘qonda “Hurriyat” nomida nashriyot shirkati ta’sis etilgani haqida yoziladi.

Shokirjon Rahimiyning “Sh.R.” imzosi ostida yozgan “Hurriyatdan nechuk foydalanamiz?” maqolasi “Ostroumov boboy missioner Turkistonni qalin ko‘rpaga o‘rab uxlatishda o‘ziga “qadimchi ulamolar”ni do‘st etdi”, degan xulosasi bilan ahamiyatli bo‘lsa, G‘uljalik Toshmuhammad al Noamiy o‘z maqolasida “… hech bir xayolimizga kelmagan ushbu shodlik va hurriyat ila jumla dindosh va vatandoshlarimizni chin ko‘nglimdan tabrik qilaman.

Turkiston ziyolilaridan o‘tinamanki, har xususda xizmatlarini ayamay vatanimiz bo‘lgan Turkiston uchun har bir foydalik ishlarni ishlashga, shundog‘ vaqtda har bir minutni zoye qilmasdan mumkin qadar tezlik ila vatanimizga eng zaruriy bo‘lgan har bir kamchiliklarimizni to‘ldirmoq va shul maqsadda hurriyatdan foydalanmoq yo‘llarini qidirsalar. Aholini hurriyatdan ogohlantirib, hurriyatning nima ekanligini va qancha yildan beri tortisha-tortisha nihoyatta ko‘p qon to‘kilganidan keyin kelib chiqqan bul hurriyatning qadrini bilib, zamonaga muvofiq ishlar qilishga yo‘lboshchi bo‘lsalar. Ham mumkin qadar xizmatlarin ayamay xalq orasinda birlik fikrini tarqatib birlashtirmak hamda shul birlashuv orqasinda har bir diniy va milliy ishlarni yo‘lga solmoq, maktab va madrasalarimizni eski ko‘yicha qoldirmay, zamonaga muvofiq keng programmali qilib isloh qilmoq, milliy matbuot xususida har bir bo‘lgan og‘riqlarni yo‘q qilib, gazeta-jurnallar nashriga kirishmakdir», degan fikrlari bilan ahamiyatlidir.

Xullas, bu gazetaning bor-yo‘g‘i 20 ta son chiqqan. 5 ta soni ancha abgor holda bo‘lsa ham kutubxonalarimizda mavjud. Kelgusida uning qolgan sonlarini jamlab, tadqiq etishga muyassar bo‘larmiz.

Bahrom IRZAYeV,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

O‘zA