Bo‘lg‘usi shoir va adiblar qayerda o‘qiydi? Axborot xizmati xodimi kim o‘zi?

2020-06-24T07:17:06+05:0024 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bolaligidan she’r yo hikoyalar yozishga ishtiyoqmand iste’dod sohiblari qay bir ta’lim maskanida tahsil olmog‘i mumkin? Bir paytlar shunday umid bilan hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakultetiga o‘qishga kelgan yoshlar murodu maqsadlariga yetganlar!
Abdulla Oripov, Anvar Obidjon, Halima Xudoyberdiyeva, Usmon Azim, Sharifa Salimova, Sa’dulla Hakim, Sirojiddin Sayyid, Minhojiddin Mirzo, Umida Abduazimova, Salim Ashur, A’zam O‘ktam, Farog‘at Xudoyqulova, Oydinniso, Adiba Umirova, Faxriddin Hayit, Nurxon Elmirzayeva kabi yuzlab otashnafas shoiru shoiralar, O‘tkir Hoshimov, Tohir Malik, Xayriddin Sultonov, Xurshid Do‘stmuhammad, Sobir O‘nar, Nazar Eshonqul, Isajon Sultondek ko‘plab adiblar, Ahmadjon Meliboyev, Hakim Sattoriy, Islom Hamro, Husniddin Berdiyevdek ko‘plab publitsistlar, telejurnalist sifatida dong taratgan Bobur Alixonov, Ro‘ziboy Qo‘ldoshev, Fayzulla Yunusov, Nurali Oripov, Islom Qoraboyev, Aziza Qurbonovadek qanchadan-qancha iste’dod sohiblari shu dargohda tahsil olganlar!
O‘zMU Jurnalistika fakultetida tahsil olib, taniqli shoir, adib, publitsist darajasiga yetganlar Axborot xizmatlarida ham qoyillatib faoliyat ko‘rsatishi mumkin! Jurfakni tamomlab, matbuot kotibi sifatida dong taratgan Sherzodxon Qudratxo‘jayev asli mashhur telejurnalist, Husan Ermatov, Bekzod Shukurov, Husniddin Berdiyev, Husen Tangriyev, Shuhrat Oriflar ham publitsist sifatida tanilganlar.
Jurfakda o‘qimay, bu sohaning nazariy bilimlarini puxta o‘zlashtirmasdan turib yetuk ijodkor yo Axborot xizmati xodimi bo‘lib yetishganini uchratmadik…
Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishida ilmiy ish yoqlab, filologiya fanlari nomzodi, dotsent darajasiga yetgan mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, Axborot xizmati xodimi eng avvalo qalami o‘tkir publitsist, nutqi ravon telejurnalist, nigohi o‘tkir fotojurnalist, fikri teran tashkilotchi va tashviqotchi, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini yaxshi bilgan internet jurnalist bo‘lmog‘i lozim! Bunday bilim va malakaga ega bo‘lmagan odam Axborot xizmatida yolchitib ishlay olmaydi…
Axborot xizmati xodimi lavozimi – marsab yo martaba emas, bil’aks, haqiqiy jurnalist, asl ijodkor, teran fikrli tahlilchi, zukko siyosatchi bo‘lish talab etiladigan mas’ul vazifa!
Ana shunday zamonaviy kadrlar tayyorlash maqsadida O‘zMU Jurnalistika fakultetida bu yil Axborot xizmati va jamoatchilik bilan aloqalar yo‘nalishi ochilgani ayni muddao bo‘lgan!
O‘zMU talabasi bo‘lsangiz, Toshkentning eng fusunkor maskani — «Yoshlik» talabalar turar-joyidan qo‘nim topishingiz mumkin. Jannatmakon go‘shalarda ilhomlanib ijod qilaverasiz. Besh-oltita sport maydonlarimizda yayrab-yayrab gimnastika qilib turasiz, futbol va boshqa o‘yinlarda, musobaqalarda o‘zingizni ko‘rsatasiz!
O‘qish davomida qator xorij davlatlari universitetlarining Jurnalistika fakultetlariga ham borib, malaka oshirasiz, xorijlik tengdoshlaringiz bilan tajribalar almashasiz, ijodiy, ilmiy hmkorliklar qilasiz, kerak bo‘lsa, raqobatlashasiz!
Orzulari oydin, qalamidan dur, chehralaridan nur taralib turgan yosh iste’dod sohiblarini O‘zMU Jurnalistika fakultetiga chorlab qolamiz.

To‘lqin ESHBEK,
O‘zMU Jurnalistika fakulteti Jurnalistika kafedrasi mudiri,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, «Do‘stlik» ordeni hamda “Oltin qalam” mukofoti sohibi