Sen daryosan, senga daryodillik kerak…

2020-06-23T05:45:42+05:0023 June, 2020|Namangan vil.|

Qalb to‘lqinlari, hayajonlarini bejiz daryoga qiyoslamaydilar. Daryo deganda yuzasida moviy samo ko‘rinib turgan lojuvard suv to‘lqinlari jilvasi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Tirikligimizning asosi, ona zaminga hayot baxsh etuvchi bebaho ushbu ne’matni bobolarimiz, momolarimiz ko‘zlariga to‘tiyo qilganlar, suvga tupurish gunohi azim, uni bulg‘ash esa nonko‘rlik sanalgan.

Mulohaza qilaylik-chi – kurrai zamindagi suv toshqinlari-yu vayronkor bo‘ron va dovullar, muzliklarning chekinishi, sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari, davosi yo‘q kasalliklarning tarqalishi… bularning barchasi bizni qanday xavf-xatarlardan ogoh etmoqda? Ko‘zimizni kattaroq ochib, xatolarimizdan xulosa chiqarish fursati yetmadimi?!

…O, Norinim, buyuk daryom, bugun sening sohillaringni kezib, ana shu haqda o‘ylayman. Avvalgi musaffolikka uyg‘un shiddatni, diltortar jo‘shqinlikni ko‘rmayapman senda…

Markaziy Tyan-shan tog‘laridagi purviqor muzliklardan boshlanuvchi, Qirg‘iziston va O‘zbekiston hududlarini ham toza chuchuk suv bilan ta’minlovchi Norin daryosining uzunligi 807 km., havzasining maydoni esa 59 100 km2.ni tashkil qiladi. Daryo Qirg‘izistonning Norin shahridan 44 km. sharqda – Katta Norin va Kichik Norin daryolarining qo‘shilishidan hosil bo‘ladi.

Qor-muzliklardan to‘yinuvchi daryodan Katta Farg‘ona, Katta Andijon, Katta Namangan kanallari suv olib, asosan sug‘orma dehqonchilik uchun ishlatiladi.

Tabiat bilan munosabatda arzimasdek tuyulgan xatolik ham katta muammo va fojialarga yo‘l ochadi. Norin daryosidagi o‘simliklar va hayvonot olami to‘g‘risida mustaqil tadqiqotlar olib borgan nafaqadagi pedagog, biologiya fani mutaxassisi Rahimjon Ahmedovning hikoyasiga quloq tutamiz:

– Norin daryosining o‘ziga xos tabiati baliq, ilon, suv qunduzlari, yovvoyi o‘rdaklar, tustovuq, shimg‘ir, qashqaldoq, chig‘iriq, loyxo‘rak, laylak kabi parrandalarning hayot kechirishi uchun qulay makon edi. Yaqin-yaqinlargacha sohilda chiyabo‘ri, quyon, tulki, echkiemar kabi hayvonlarni uchratish mumkin bo‘lgan. «Qizil kitob»ga kiritilgan toshbaqalar ham aynan Norin daryosi hududida yashaydi. Daryo havzasidagi nabotot olami haqida ko‘plab ijobiy fikrlarni bildirish mumkin. Qamishzorlar, yulg‘inzorlar hududda yashovchi aholining chorvachiligi uchun muhim ozuqa manbasi bo‘lgan. Sohil atrofida shifobaxsh giyohlarning yuzdan ortiq turi uchraydi.

Afsuski, bugun Norin daryosini asrash, muhofaza etish borasida talay muammolar yuzaga kelgan. Ularni bartaraf etish uchun esa odamlarda avvalo ekologik madaniyatni shakllantirish zarur.

Daryo yoqalab yurgan kishi chiqindini suvga tashlash bilan bog‘liq holatlarga guvoh bo‘lishi mumkin.

Rahimjon domlaning kuyunchaklik bilan aytgan so‘zlarida jon bor. Norin daryo Uchqo‘rg‘on tumanining Farovon, Bog‘ko‘cha, Shodlik, Fayziobod, Norin, Istiqlol, Qozoqovul, Eshonto‘pi, Elatan mahallalari orqali 24 km. masofada oqib o‘tgan. Mazkur hududlarda tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi va Farovon, Shodlik, Bog‘ko‘cha mahallalarida muammolar hal etildi.

– Uchqo‘rg‘on tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi aralashuvi bilan daryo sohilidagi chiqindilar olib tashlandi, – deydi inspeksiya boshlig‘i Abduhalim Umarov. – Bog‘ko‘cha, Norin, Istiqlol, Qozoqovul, Eshonto‘pi, Elatan mahallalari mutasaddilari chiqindini olib chiqib ketish uchun «Toza hudud» DUK o‘rtasida shartnoma imzolashi kerak. Lekin mazkur tashkilotning ham o‘z muammolari bor. Chiqindi tashish uchun transport yetishmaydi. Boz ustiga aholining ko‘pchiligi to‘lov intizomiga rioya qilmaydi.

Norin daryo «Uchqo‘rg‘on dehqon bozori»ning shundoqqina orqa tomonidan ham o‘tadi. Bozorga kelib-ketuvchilar, tadbirkorlar va shu hududda yashaydigan aholi daryo sohilini chiqindixonaga aylantirgan edi. Inspeksiya mazkur holat yuzasidan tuman hokimiga taqdimnoma kiritdi. Tuman «Toza hudud» DUK tomonidan ajratilgan maxsus avtomashinalar yordamida chiqindilar olib tashlandi. Hududni nazoratsiz qoldirgani uchun bozor rahbariyati «Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks»ning 91-moddasi, 1-qismi bilan bayonnoma rasmiylashtirilib, jarimaga tortildi.

Norin tumanining Yangi Farg‘ona, Istiqlol, Uchtepa, Yuqori Cho‘ja mahallalari daryo bo‘yida joylashgani bilan ham dovruqli, xosiyatli sanaladi. Ammo aholi tomonidan daryo havzasiga chiqindilar tashlanayotgani, tabiatning bu beminnat marhamatiga bepisand qaralayotgani achinarli. Yoz oylarida daryoga cho‘milgani kelgan dam oluvchilar nafaqat oziq-ovqat chiqindilari, balki o‘zidan zahar chiqaradigan baklashka va yelim xaltalar uloqtirib ketishganiga na kulishingni, na yig‘lashingni bilasan.

Norin tumani hududidagi sohil bo‘ylarida chiqindilarning badbo‘yini hatto shamol olib ketmaydi. Kimdir uy buzganda chiqqan g‘isht, sement qorishmasini olib kelib sohilga tashlagan, bu yerda tomorqadan chiqqan o‘t-o‘lanlardan tortib, yelim xaltalar, bolalar pampersi, kiyim-kechaklargacha uchratish mumkin.

Hududdagi holatga aniqlik kiritib, izohlarkan, Norin tumani «Toza hudud» DUK shartnomalar bo‘limi mutaxassisi Sayyora Abdullayeva shunday deydi:

– Bugun korxonamiz ixtiyorida 10 ta avtomashina bor, xolos. Tabiiyki, oz texnika bilan barcha hududlarga yetib borish qiyin. Yo‘l bo‘yida joylashgan mahallalar bilan shartnoma imzolaganmiz. Xo‘jalik hisobidagi tashkilot bo‘lganimiz uchun yaqinda yuk tashuvchi mashina sotib oldik. Lekin bu bilan ham tuman hududini to‘liq qamrab ololganimiz yo‘q. Mahalla raislari ham tashabbuskorroq bo‘lishlari kerak. Ular o‘z hududidagi aholining to‘liq to‘lov qilishlariga kafolat berib, tuman hokimiga ariza bilan murojaat qilsalar, albatta, shartnoma imzolaymiz.

Bundan tashqari, Norin daryosi sohilida Norin, Uychi, Uchqo‘rg‘on tumanlarida tadbirkorlar tosh maydalash dastgohlari olib kelib o‘rnatib, mini sexlar qurishgan. Ayni paytda daryoning Uychi tumanidagi sohilida 12 ta, Uchqo‘rg‘onda 2 ta, Norinda 2 ta tosh maydalovchi sexlar ishlab turibdi. Ularning uzluksiz faoliyat olib borishi uchun yuk mashinalari daryodan tosh yetkazib berishi kerak. Tinimsiz shovqin, yuk mashinalarining qatnovi daryodagi baliqlarning yo‘qolishiga sabab bo‘lmoqda. Og‘ir yuk tashilishi natijasida daryodagi dambalar yemirilishi boshlangan. Norin tumani, Istiqlol mahallasi hududining tugash joyida damba umuman yo‘qolib ketgan. Agar daryoda suv ko‘paysa, toshib aholi yashash uylariga zarar yetishi nahotki mutasaddilarni tashvishlantirmasa?!

Norin daryosini muhofaza qilish, uni asrash bir yoki bir necha kishining zimmasida emas. Biz bu o‘rinda aybni ekologiya, «Toza hudud» yoki mahalla fuqarolar yig‘inlari kabi mas’ul tashkilotlargagina yuklamoqchi emasmiz. Ekologik toza obi hayotni asrash – insoniylik burchimiz ekanini zinhor unutmasligimiz kerak. Ko‘z o‘ngimizda hayqirib, to‘lib-toshib oqayotgan daryo suvini asrash, uni kelajak avlodlarga yetkazish uchun mehr zarur.

Suv sathining pasayib borayotganida Norin daryoning nolalarini eshitmasak, tabiatning zardasini sezmasak, natijasi fojia bo‘lishini hisobga olmasak insonligimizga isnod kelmaydimi?

Gulchehra BUVAMIRZAYEVA,

«Namangan haqiqati» gazetasining maxsus muxbiri.