Bolalarning begonasi bo‘lmaydi

2020-06-22T10:31:51+05:0022 June, 2020|Namangan vil.|

Uchqo‘rg‘onlik Bahodir Ibrohimov taqdir bo‘libmi, muhabbati tufaylimi qirg‘iz qizi Xaticha Sayfullayeva bilan turmush qurishdi. Yillar shamoldek o‘tib, uch farzandning ota-onasiga aylanib ulgurishdi. Biroq, Hasanboy akaning yuragida jiddiy muammolar kelib chiqib, qariyb o‘n yillarcha 1-guruh nogironi bo‘lib qoldi. Xaticha esa 6 yildirki, ishlash uchun Rossiya davlatiga ketib, onda-sonda pul jo‘natib turdi. Oilaga, farzandlarga qarashga nogiron otaning na kuchi yetardi, na mablag‘i. Aka-ukalari yordam berib turishdi. Ukasi Hasanboy o‘zining 4 nafar farzandi bilan akasi Bahodir hamda uning 3 nafar farzandlarini qo‘shib, birgalikda ro‘zg‘or tebratib turishdi. Bahodir akaning har oyda davolanib turishi uchun xonadonga biriktirilgan homiylar, qarindosh-urug‘, jigarlari baholi qudrat ko‘mak berishdi. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay Bahodir aka bir oycha muqaddam xastalik tufayli vafot etdi. Uch farzand bo‘zlab qolaverdi. Hasanboy aka akasidan qolgan zurriyodlarni albatta, parvarishlaydi, biroq karantin sabab, ustachilik bilan shug‘ullanadigan Hasanboy akaning ham ishlari to‘xtab qoldi. Butun bir katta oilaning ro‘zg‘or xarajatlari 63 yoshli onalari Xolidaxon opaning nafaqa pullari evaziga qilib kelinyapti.

Xasanboy Ibrohimov Xalq deputatlari Uchqo‘rg‘on tumani Kengashi deputati Odinaxon Burhonovaga akasining 2 nafar voyaga yetmagan farzandlari uchun tug‘ilganlik guvohnomasini olib berishda ko‘mak berishini so‘rab, murojaat qildi.

“Milliy tiklanish”DP Namangan viloyat Kengashi rahbariyati murojaat qilingan xonadonga borib, holatni o‘rganib chiqishdi. 2007 yilda tug‘ilgan Nodirbek Bahodirjon o‘g‘li va uning yetti yoshli ukasi Boburbeklarda ham haligacha tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari yo‘qligi aniqlandi. Darhol Uchqo‘rg‘on tumanidagi pasport bo‘linmasi va FXDYo bo‘limiga deputatlik so‘rovi yuborilib, o‘n kun muddat ichida hujjatlar olib berildi hamda bolalar Namangan tumanidagi bolalar revmatologiya sanatoriysiga davolanish uchun yuborildi.

Tuman kengashi deputati Bahodir Boltaboyev oilani ta’minotini o‘z otalig‘iga oldi.

Saida Ismoilova

jurnalist