Oltin avlod qo‘shiqlari mangu yangrasin

2020-06-22T06:59:59+05:0022 June, 2020|Sirdaryo vil.|

Yorqin iste’dod egasi, ulkan so‘z san’atkori, O‘zbekiston xalq shoiri Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ona tili va adabiyot fanlarini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktab-internatining ochilganligiga ko‘p muddat bo‘lmadi. Shu qisqa vaqt mobaynida maktabning ijodkor o‘qituvchi va o‘quvchilari o‘zlarining ijod namunalari bilan nafaqat viloyatimiz, balki respublikada nashr etilayotgan gazeta va jurnallarda muntazam ravishda qatnashib bormoqdalar. Jamoaning jonkuyar, fidoyi direktori Muhammad Ismoil barcha ijodkor o‘qituvchi va o‘quvchilarning yaqin maslakdoshi, ko‘makdoshi.

Kuni kecha Ijod maktabida juda quvonchli kun bo‘ldi. Ya’ni, maktab o‘qituvchi va o‘quvchilarining she’r va maqolalari jamlangan ilk kitobi – “Oltin avlod qo‘shiqlari” nomi bilan dunyo yuzini ko‘rdi. Kitob elimizning ardoqli shoiri Muhammad Ismoil qalamiga mansub “Ijod maktabi” madhiyasi bilan boshlanadi:

Yoshlik quyoshining zarlari tarqab,

Hayot sahnasiga yog‘ilmoqda nur.

Iqtidor, zakovat javhari sachrab,

Millat yuragidan sochilmoqda dur!

Darhaqiqat, iqtidor, zakovat javhari bo‘lgan ijodkor o‘quvchilar bitayotgan misralarda yurtga sadoqat, ezgulik, insoniylik, ishonch, mehr-muhabbat kabi yuksak fazilatlarni ulug‘lovchi fikrlar mujassamlashgan.

Ijodkor yoshlarning tabassum balqib turgan yuzlari, quvonchdan porlab turgan ko‘zlariga boqib, ijod maktabining direktori Muhammad Ismoil shunday dedi: “ – Kitob – insonni yuksak cho‘qqilarga, orzu-maqsadiga erishishida yo‘lini yorituvchi mayoqdir. Inson uchun, avvalo, kitob do‘st bo‘lishi kerak. Mana shu kitobga jam bo‘lgan o‘quvchilarimizning she’rlari, maqolalarida ularning tevarak-atrofda bo‘layotgan o‘zgarishlar, yangilanishlar, go‘zallikdan bahra ola bilish bilan birga insonlar orasidagi mehr-oqibat to‘g‘risidagi ijod namunalari meni quvontirdi. Albatta, bu hali boshlanishi. Kelajakda har biringizning kitobingiz alohida to‘plam bo‘lib chiqadi. Buning uchun esa o‘quvchilarimiz ko‘proq badiiy kitoblar o‘qishlari, izlanishlari lozim.

Aziz bolalarim, mana biz maktabimizda juda ko‘p taniqli shoir, yozuvchilar, san’at namoyondalari bilan ijodiy uchrashuvlar, “Mahorat darslari” o‘tkazdik. Boisi, sizdagi ijodkorlikni rivojlantirish. Adabiyotga e’tiborni millatga bo‘lgan e’tibor deb tushunishingizni xohlayman. Ijodkor – xalqning ko‘zgusi. Ijodkor – xalqning ishonchi. jodkor – ma’naviyat targ‘ibotchisi.

Men mana shu qo‘limdagi o‘quvchilarimizning ilk ijod namunalaridan tashkil topgan kitobni aziz bolajonlarimizga sovg‘a qilar ekanman, shuni alohida ta’kidlashni xohlar edim. Bolalarim, bu sizning ilk yutug‘ingiz. Istardimki, Ijod maktabimiz o‘quvchilari orasidan Halima opamdek, Zulfiyaxonim, To‘ra Sulaymon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov va bizning faxrimiz bo‘lgan buyuk yozuvchi, shoirlarimiz kabi ijodkorlar yetishib chiqsin. Sizlar bizning kelajagimiz, ishonchimiz, duru javohirlarimizsiz”.

Ijodkor o‘quvchilar o‘zlarining ijod namunalari joy olgan kitobni sevimli Ustozni qo‘llaridan olar ekan, ulardagi hayajon, hayrat, quvonch, o‘ziga bo‘lgan ishonch barchani shodlantirdi.

– “Men ta’til davrida ham izlanishdan, ijod qilishdan to‘xtamadim. Yozayotgan har bir satrimda siz ustozlarimning mehrini, ishonchini his qildim. Xuddi yonimda turganday bo‘ldingiz, so‘zlaringiz qulog‘imda jaranglab turdi. Ijodkor uchun tun va kunning farqi yo‘q. Ilhomi kelgan payti yozaveradi. Shuning uchun biz mudom uyg‘oq bo‘lishimiz, bo‘layotgan voqealarga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Ustozlarim, sizlarga behisob tashakkur, bizning she’rlarimizni, maqolalarimizni o‘qib, o‘zlaringizning zarur maslahatlaringizni, ko‘magingizni berib kelganingiz uchun, bizga ishonganingiz uchun rahmat. Ishonchingizni albatta oqlaymiz, aziz ustozlarim,” – deya hayajonlanib, to‘lqinlanib dilidagilarni bayon etdi she’rlari ushbu kitobda jamlangan yosh ijodkor Zulhayo Mingboyeva.

To‘plamdan elimizning ardoqli shoiri Muhammad Ismoil, shoir Husniddin Hayit, Farhod Fido, ijodkor o‘quvchilardan Sevinch Akromjonova, Marjona Abdumalikova, Shahlo Davronbekova, Malika Habibullayeva, Dilnoza Jabborova, Hilola Safarova, Zulhayo Mingboyeva, Odina Yo‘lchiyeva kabi o‘nlab o‘quvchilarning she’r va maqolalari joy olgan.

O‘quvchilarning ijod namunalarini saralab, tahrirlab, nashrga tayyorlashda maktab rahbari Muhammad Ismoil, ma’naviy-ma’rifiy va o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Tursunoy Mamatxoliqova, Zafar To‘ychiyev, “Yosh qalamkashlar va jurnalistika” to‘garagi rahbari Husniddin Hayitov, Shohsanam Qarshiyeva, Qahramon Mamayev, Ahror Fattalov, Zohidjon Zokirovlarning mehnatlari beqiyosdir.

Ijodkor o‘quvchilar va ota-onalarni cheksiz quvontirgan ushbu to‘plam Ijod maktabining barcha o‘quvchi va o‘qituvchilariga taqdim etildi. Ishonamizki, ushbu to‘plamdagi yosh ijodkorlarning ijod mahsuli barchaga manzur bo‘ladi va kelgusida har bir o‘quvchining alohida kitoblari chop etiladi.

Mohidil Ziyayeva,

Ijod maktabining ona tili va adabiyoti

fanlari o‘qituvchisi,

Xalq ta’limi a’lochisi