Adliya vaziri: Ayrim mansabdorlar haqini talab qilgan, tanqid qilgan, muammoni videoga olib ommaga e’lon qilganlarni xush ko‘rmaydi

2020-06-20T06:14:10+05:0020 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Lekin Prezidentimizning eng asosiy talabi shundayki, davlat organlari xalq uchun ishlasin, bu g‘oya har qanday mansabdorning kundalik ish uslubiga aylansin.

Oliy Majlis Senati beshinchi yalpi majlisida Adliya vaziri Ruslanbek Davletovning O‘zbekiston Respublikasida 2019 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Adliya vazir ta’kidlaganidek, o‘z huquqini biladigan, qonunlarni tushunadigan shaxsning talabi ham yuqoriroq, so‘zi ham o‘tkirroq, qadami ham dadilroq bo‘ladi.

Huquqiy ong va madaniyat nafaqat aholi, balki davlat va jamiyat manfaatlariga ham xizmat qiladi. Davlatning manfaati nimada, deb savol beradigan bo‘lsak, davlat uchun aholining yuqori huquqiy madaniyatining mavjud bo‘lishi mamlakatda qonunga itoatkorlik qadriyatlarining shakllanishiga, tartib, intizom, tinchlik, osoyishtalik bo‘lishini ta’minlaydi. Eng asosiysi, huquqiy ong fuqaroni adolat izlash va talab qilish, uning o‘z haqiqatini ro‘yobga chiqarish, hukumatni hisobdorlikka chaqirish yo‘lida qurollantiradi.

– Ayrim davlat organlari, ayrim mansabdorlar haqini birov talab qilsa, tanqid qilsa, hisobdorlikka chaqirsa, audio yozuvga olsa, videoga olsa va ommaga e’lon qilsa xush ko‘rmaydi, – dedi vazir. – Lekin Prezidentimizning eng asosiy talabi shundayki, davlat organlari xalq uchun ishlasin, bu g‘oya har qanday mansabdorning kundalik ish uslubiga aylansin. Ya’ni, davlat aholining huquqiy ongini oshirishga harakat qilar ekan, o‘zi ham shu talablarga qarab o‘zgarishi, o‘z faoliyatini yaxshilashi kerak va jamiyatning talabi oshishiga va bu talabni qondirishga tayyor turishi kerak.

Shuning uchun, bugungi kunda jamiyatimizda huquqiy ong oshyaptimi, degan savolga bemalol ijobiy javob bera olamiz. Chunki aynan shunday jarayon O‘zbekistonda yuz beryapti, ochiqlikni ta’minlashga qarab ketyapmiz, mansabdorlarning hisobdorligi oshdi, axborot almashinuvining tezlashdi. Balki kimlarningdir o‘lchovlariga mos kelmas, lekin endi bu jarayon to‘xtamaydi.

N.Abduraimova, O‘zA