Ayolning dardi jamiyatniki hamdir…

2020-06-20T06:10:00+05:0020 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Tahlil

Respublika ishchi guruhi faoliyatiga chizgilar

O‘zbek ayoli uncha-munchaga birovga dardini aytmaydi. Oilasidagi muammoni elga «doston» qilishga hayo qiladi. Dardini yutadi. Bu dardlar bir kuni yoriladi – oqibati esa… Mardikor bozoriga chiqadi, jinoyat ko‘chasiga kiradi yoki ish izlab sarson-u sargardon bo‘ladi.

Deyarli har kuni ijtimoiy tarmoqlar, turli axborot manbalarida shu kabi holatlar bilan bog‘liq ma’lumotlarga ko‘zimiz tushadi. Bularning tub ildizi nimaga borib taqaladi? Oilasidagi nosog‘lom muhitmi? Ishsizlikmi? Og‘ir turmush sharoitimi? Mutasaddilarning beparvoligimi?

Davlatimiz rahbari joriy yil parlamentga Murojaatnomasi hamda Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida ayollar, ularning yorqin istiqbolini yaratish, turmushini farovon etish masalalariga ham alohida to‘xtaldi.

“Shunday oilalar borki, uyida o‘tirishga gilami yo‘q, dori-darmon olishga puli yo‘q, yig‘lashga ko‘zida yoshi yo‘q. Bunday sharoitda yashayotgan ayollarning ahvolini kim tasavvur etadi? Biz bu yil xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga ko‘taramiz”, deya ta’kidladi Prezidentimiz.

Bu tashabbus bugun hayotimizda bo‘y ko‘rsatmoqda, o‘z natijasini bermoqda.

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov rahbarligida davlat va nodavlat tashkilotlar vakillaridan iborat Xotin-qizlar muammolarini aniqlash va ularni hal etish bo‘yicha ishchi guruhi tuzilib, o‘tgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida uyma-uy yurib, oilalar va ayollar muammolarini o‘rgandi.

Maqsad, muddao, ehtiyoj…

Agar uyida notinchlik bo‘lib, unga yashash uchun imkoniyat yaratish sansalorlikka solingan bo‘lsa, u ayol jamiyatdan rozi bo‘ladimi? Farzandlari maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilinmasa, maktablardagi ahvol nochor bo‘lsa, ta’lim tizimining ishi qoniqarsiz topilsa, yana o‘nlab hammaga, qolaversa, ayrim xonadonlarga tegishli, biroq mutasaddilar tomonidan hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, “xalqning roziligi”ni qanday olish mumkin?

Ishchi guruh qiyin ahvolga tushib qolgan, ko‘makka muhtoj xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida tashkil etildi.

O‘rganish davomida ish bilan ta’minlash, uy-joy va uni ta’mirlash, sog‘liqni saqlash, moddiy yordam, tadbirkorlik, kredit ajratish kabi ko‘plab muammolar aniqlandi.

Tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, barcha muammolar negizida ishsizlik va moddiy yetishmovchilik masalasi bor. Chunki aksariyat ayollar bir martalik moddiy yordamdan ko‘ra bandlik, ya’ni ishli bo‘lishni, doimiy daromad manbaiga egalikni afzal ko‘rmoqda.

Muammolar va yechimlar

Ishchi guruh o‘z faoliyatini Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidan boshladi. Keyinchalik “Sirdaryo tajribasi” boshqa hududlarda ham ommalashtirildi.

O‘rganishlar natijasida muammolarning 23 foizi uy-joy, 21 foizi salomatlik, 17 foizi moddiy yordamga muhtojlik, 14 foizi ish bilan ta’minlash, 8 foizi tadbirkorlik va kredit ajratish, 4 foizi kommunal soha, 2 foizi oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitning notinchligi, 1 foizi ta’lim, 10 foizi boshqa masalalar ekani ma’lum bo‘ldi.

Sirdaryo shahrida yashovchi Nina Grigorovna keksa holida bolalikdan nogiron qizini parvarish qilishi, bugungi kunda olayotgan nafaqa puli ozligi, yashayotgan uyining tomi ta’mirga muhtojligini bildirib, yordam so‘ragan. Murojaat shu yerning o‘zida ijobiy hal etilib, unga kasaba uyushmalari mablag‘i hisobidan 5 million so‘m pul taqdim etildi.

Sirdaryo tumanidagi ishsiz va qaramog‘ida nogiron farzandi bor 3 xotin-qizga tikuv mashinasi olib berildi. Bundan tashqari, ijtimoiy soha ob’ektlariga 50 tonna ko‘mir uchun sertifikat, 13 kam ta’minlangan oiladagi ayolga kasaba uyushmalari mablag‘lari hisobidan salomatliklarini tiklash uchun zarur bo‘lgan tibbiy xizmat va dori-darmon mahsulotlariga mablag‘ ajratildi.

Ular orasida Ziyokor shaharchasida yashovchi hayotning og‘ir sinoviga uchragan Ma’mura Ahmedova ham bor. U boquvchisini yo‘qotgach, farzandi va onasi bilan yashayotgan, yurak dardiga yo‘liqqan edi. Ayolga salomatligini tiklashida yordam berishni aytishganida qanchalik suyunganini tasavvur qilish qiyin emas.

– Yurak xastaligini davolash mumkin, deb ruhlantirishdi, – deydi M.Ahmedova. – Men kabi davlat g‘amxo‘rligini his qilgan ayollar ko‘p. Barchamiz duodamiz.

O‘rganishlar samarasida tumandagi 50 ehtiyojmand oila farzandlari uchun kiyim-kechak jamlanmasi, ko‘rpa-to‘shak, gilam, maishiy texnika, gaz ballonlari tarqatildi. Shu bilan birga uchta oilaning kommunal to‘lovlardan qarzi to‘landi. 3 oilaga uyini ta’mirlash uchun kasaba uyushmalari hisobidan mablag‘ ajratildi. 15 xotin-qizga salomatligini tiklash uchun sihatgohga yo‘llanma berildi. Tuman xalq ta’limi bo‘limiga maktab kutubxona fondini boyitish uchun 10 ming dona kitob topshirildi.

– Turmush o‘rtog‘im vafot etgan. 4 farzandim bilan yolg‘iz yashayman. Yashash uyimiz chala bitgan, ta’mirtalab, – deydi Barno Namozova. – Eshigimizni qoqqan yaxshi insonlar sabab oilamiz farovonligi uchun yangi qadam tashladik. Uy ta’miri uchun berilgan mablag‘ bilan xonadonimiz fayzga to‘ladigan bo‘ldi.

Bu kabi ezgu sa’y-harakatlar Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida ham amalga oshirildi. Ishchi guruh uch kun davomida tumandagi 14 mahallada 380 dan ziyod xonadondagi xotin-qizlar bilan muloqot o‘tkazib, ularning murojaatlarini o‘rganib chiqdi.

Muqaddas Ahmedova birinchi guruh nogironi. Ayni paytda qizi bilan «Oqbuloq» QFYdagi Alpomish ko‘chasi, 13-uyda yashovchi Dilbar Jozilovaning qaramog‘ida yashaydi. Uning uyi yo‘q. O‘n yildan buyon to‘shakka «mixlangan». Mustaqil harakatlana olmagani uchun muntazam davolanishga, o‘zgalar parvarishi va ko‘magiga muhtoj. Bu vazifani 2002 yilda tug‘ilgan qizi bajarmoqda. Ammo u onasining parvarishi bilan mashg‘ul bo‘lgani uchun doimiy ish joyi bilan ta’minlanmagan. «Qora qozon» mahalladan berilayotgan moddiy yordam puliga arang qaynamoqda.

Matluba Mallaboyeva «Do‘stlik» MFYda yashaydi. Oiladagi ahvolni o‘rganar ekansiz, oddiy turmush sharoiti ham yaratilmaganiga guvoh bo‘lasiz. Omonatgina tiklangan uyning tobora nurab borayotgan devorlari, haqiqatda xonadon a’zolarining og‘ir turmush sharoitida yashayotganidan dalolat. Mazkur oilada 6 kishi yashasa-da, ularning 4 nafarining salomatligida jiddiy muammo bor. Shu sababli, o‘zlari yashab turgan uyning nuragan qismini yamash, suvash va yengil ta’mirlashga qodir emas.

Bunday ta’mirtalab, maishiy sharoitlari yaratilmagan uyda yashash kasallikni bartaraf etishda ham qiyinchilik tug‘dirayotgan bo‘lsa, ajab emas. Hozirda mazkur oilaga uy-joy qurish uchun 3 sotix yer maydoni ajratib berildi. Ammo amaliy yordam ko‘rsatilmasa, oilaning uy-joyni qurib, barcha sharoitli boshpanaga ega bo‘lishi orzuligicha qolib ketadi.

Ishchi guruh tavsiyasi bilan ijtimoiy ko‘makka muhtoj xotin-qizlarga O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi hisobidan moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Jumladan, 15 ko‘makka muhtoj ayolga 34,5 million so‘mlik moddiy yordam, 6 nafariga zamonaviy tikuv mashinasi, 7 nafariga farzandlari salomatligini tiklash uchun sanatoriyga bepul yo‘llanma berildi.

Eng muhimi, tumanga ikkita turar joy binosi qurilishi hamda yer osti sizot suvlarini chiqarish uchun sertifikatlar topshirildi.

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumani oilaviy ajrimlar borasida eng «peshqadam»lardan biri. Bu yerda rasman ro‘yxatga olingan 4 mingdan ortiq oilasi buzilganlar yashaydi. Ayni paytda yolg‘iz onalarning 39 farzandi Mehribonlik uyida tarbiyalanmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tez orada 2 sotixli 40 uy qurilishi rejalashtirilgan. 21 yolg‘iz ona ana shunday uy-joylar bilan yil poyoniga yetguncha ta’minlanadi.

– Davlatimiz ham, mahalliy rahbarlar ham ayollar turmushiga fayz kiritishga astoydil intilmoqda, – deydi «Kamolot» MFYda yashovchi M.Beknazarova. – Ammo qishloq sharoitida ro‘zg‘orni to‘kis qilish oson emas. Boquvchimizni yo‘qotganmiz, ikki farzandim bor. Qani edi, maoshli ish bo‘lsa…

O‘rta Charxin mahallasida yashovchi Zarifa Umarovaning 5 farzandi bor. Boquvchisini yo‘qotgan bu oila qo‘l uchida kun ko‘radi. O‘zi ishsiz. Ustiga-ustak, uyi ham yo‘q. Opasi uyining bir xonasini bergan. Shu yerda qisinib-qimtinib yashab kelmoqda.

– Qo‘lning kaltaligi, chorasizlik qursin, – deydi u. – Nochorlikdan 5 farzandimning birortasiga tug‘ilganlikni qayd etuvchi guvohnoma ham ololmaganman.

– O‘n besh jon, 5 oila bir hovlida yashaymiz, – deydi Sazag‘an mahallasida yashovchi Oysahat Ne’matova. – Bir xonaga 5 kishidan odam to‘g‘ri kelyapti. Hovlidagi 4 ayol ishsiz.

To‘qboy mahallasida yashovchi Gulshan To‘xtayeva xonadonida ham muammolar bir talay. Yashash uyi abgor holatga kelgan. Butun oila bir xonada siqilib yashaydi. Xonadon bekasining aytishicha, bu holat oilaviy mojarolarning avj olishiga olib kelayotir. Ana shu janjallardan bezgan oila kelini arazlab ketganiga ancha bo‘lgan…

– Qo‘ldan berganga qush to‘ymas, degan maqolning mag‘zini hayotimda angladim, – deydi Sazag‘an mahallasida yashovchi Fotima O‘sarova. – O‘zim ishsizman. Turmush o‘rtog‘im bir oyda 400 ming so‘m maosh oladi. Oilada besh jonmiz. Bir qizim nogiron. Yashash uyimiz chala-yarim. Bir xonada tiqilib yashaymiz. Tomimizdan chakki o‘tadi. Ba’zida yemak-ichmakdan ham qisilib qolamiz. Qani edi menga ham ish bo‘lsa…

– Turmush o‘rtog‘im Ramazon Xudoyorov dardga chalinib yotib qolganiga ancha bo‘ldi, – deydi Madaniyat mahallasida yashovchi Oyshirin Xudoyorova. – Kun-kunora mardikorlikka chiqib, to‘rt-besh so‘m topib kelaman. Tejab-tergab dori-darmonga, oziq-ovqatga sarflaymiz. Rostini aytganda, turli idoralarga yugurishga fursat ham, imkon ham yo‘q. Shu choqqacha biror idora vakili eshigimizni chertib, «Bizdan qanday yordam kerak?» deganini ham eslay olmaymiz. Davlatimizning biz kabi qiynalganlarni qo‘llab-quvvatlayotganini xonadonimizga kelgan kasaba uyushma vakillaridan eshitdik. Biz nogironlikni uyda ham belgilasa bo‘lishini, unga pul to‘lanishini bilmaganmiz. Dardlarimizni tinglab, yuragimiz taftini bosgan, bizdek e’tibordan chetda qolgan insonlarga ko‘mak ko‘rsatishga bel bog‘laganlardan juda minnatdor bo‘ldik.

Samarqand viloyatidagi kichik sanoat zonalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, ipakchilikni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish imkoni bor. Oilaviy tadbirkorlik qilish istagidagi 37, ishga layoqatli 551 xotin-qizga tikuv mashinalari, pazandalik maishiy texnikalari va qoramollar olib berish hamda issiqxonalar tashkil etish orqali ularning bandligini ta’minlash rejalashtirildi.

Umrini ro‘zg‘or, farzand tashvishidan boshqa narsani o‘ylamay, na ichimlik suvi, na gazi bor, xaroba uyda (agar uni uy deyish to‘g‘ri bo‘lsa) hali voyaga yetmagan farzandlari bilan jon saqlayotgan ayolni ko‘z oldingizga keltira olasizmi? Hatto, orzu qilishni unutgan oilani-chi?

Navoiy viloyatining Navbahor tumanidagi «Mirzo Ulug‘bek» MFYda 3 farzandi bilan na devori, na darvozasi bor, o‘g‘ri tushgan og‘ilxonadek huvillab yotgan kulbai vayronada istiqomat qilayotgan Zarifa Chinmirzayeva ana shunday ayollardan biri. Zax bosgan xonadonida gilam u yoqda tursin, hatto tuzukroq sholchasi ham yo‘q bu xokisor ayolning eng katta va bittayu-bitta orzusi – boshpanasini odam yashaydigan holga keltirish va atrofini devor bilan o‘rash… Turmushga chiqqanidan buyon biror marta o‘ziga tuzukroq oro bermagan, ro‘zg‘ordan orttirib, bir yilda bitta yangi libos kiymagan qishloq ayolining yagona istagi bu. Ammo…

Shu mahallada yashovchi yana bir ayol bor – Dildora Omonova. To‘rtinchi sinfda tahsil olayotgan farzandi «oqqon» xastaligiga chalingan. Zax xonada shiftga termulib yotgan Jahongirning sog‘lig‘i uchun shu boshpanani ham sotuvga qo‘ygan. Muhimi – o‘g‘li tuzalib ketsin! Axir, ota-bobomizdan qolgan naql bor: bosh omon bo‘lsa, do‘ppi topiladi.

Uyma-uy yurib, muammolarni o‘rganish natijasida Navbahor tumanida 414 kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj va notinch xonadon, 198 uy-joyga muhtoj va mavjud uy-joyini ta’mirlashga ehtiyojmand oila aniqlandi.

Ba’zi muammolarni joyida hal etish mumkin. Shundan kelib chiqqan holda, 24 ayolga davolanish, dori-darmon, uy-joylarini ta’mirlash hamda turmush tarzini yaxshilash uchun o‘rtacha moddiy yordam ko‘rsatildi. 50 kam ta’minlangan, boquvchisi yo‘q ayolning farzandlari uchun kiyim-bosh jamlanmasi olib berildi. 10 xotin-qizga sog‘lig‘ini tiklash uchun sanatoriyga yo‘llanma ajratildi. 30 xotin-qizga maishiy texnika vositalari berildi. 50 maktab o‘quvchisiga kiyim-bosh va o‘quv qurollari, 10 ayolga nogironlik aravachalari topshirildi.

Shu tumandagi Kuhron mahallasida chinni buyumlar ishlab chiqarish sexi loyihasini yo‘lga qo‘yish orqali 70 xotin-qiz ish bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Bundan tashqari, yangidan tashkil etilayotgan Xatirchi tumanidagi to‘qimachilik fabrikasida 50 ish o‘rni yaratilmoqda.

Ishchi guruh boshqa joylarda ham o‘rganishlarini davom ettirib, xotin-qizlar muammolarini hal qilmoqda. Ayni kunlarda bu sa’y-harakatlar poytaxtimizda davom etayotir.

Bitta tumanda 1 ming 193 bolaning tirik yetimga aylanganini tasavvur qila olasizmi? Bir maktabda tahsil olayotgan bolalarning barchasi sag‘ir ekanini-chi? Bunday ayanchli holatlar ro‘y berayotganiga hayron qolmaslikning iloji yo‘q.

Respublika ishchi guruhi Toshkent shahridagi ayollar muammolarini Olmazor tumani misolida o‘rganish chog‘ida ana shunday holatga duch keldi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, poytaxtdagi ayollarning ijtimoiy shart-sharoiti havas qilgulik emas. Birgina Olmazor tumanidagi 58 mahallada 443 xotin-qiz og‘ir turmush sharoitida yashamoqda. Oilaviy ajrimlar soni 942 ta, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 98 ta.

Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, ajrimlarga oilaviy kelishmovchiliklar, befarzandlik, xiyonat, uzoq muddat bir oila bo‘lib yashamaslik, iqtisodiy muammolar va ishsizlik sabab bo‘lgan.

«Ishonch telefoni» ishonchni oqlayapti (mi)?

Joriy yil mart oyidan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida xotin-qizlar muammolari bo‘yicha «1211» qisqa raqamli «Ishonch telefoni» ish boshlagan edi.

Hozirgi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida Federatsiya raisi rahbarligida tuzilgan Ishchi guruh tomonidan aynan xotin-qizlar hayotini izchil o‘rganib, ularni qiynab kelayotgan muammolarni tahlil qilish, yechim topish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani e’tiborga olinsa, ushbu markazning Federatsiyada tashkil etilgani ayni muddao bo‘lganiga shubha yo‘q. Eng muhimi, mamlakatimizning turli hududlaridan opa-singillarimiz ushbu telefon raqamiga o‘z dardlari bilan murojaat qila boshladi. Bu ham ishonch.

Buxorolik Nazokat Nurova kam ta’minlangan oiladan. Boz ustiga, bu ayol muolajasi katta xarajatni talab qiluvchi xastalikka chalingan.

O‘tgan yili uni qiynayotgan dardga shahardagi 2-sonli oilaviy poliklinikasi «Surunkali toshli xoletsistit» tashxisini qo‘yib, bemorni nazoratga olgandi. N.Nurova kamxarjligi bois, shu paytgacha davolana olmayotgandi. Uning baxtiga, tanishlari O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasida xotin-qizlarning murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha uzluksiz ishlaydigan «Ishonch telefoni» xizmati faoliyat ko‘rsatayotganini aytib qoldi.

Ushbu fuqaroning imtiyozli davolanish uchun mazkur xizmatga yordam so‘rab qilgan murojaati Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi vakillari, mahalliy hokimlik va boshqa tegishli mutasaddilar hamkorligida o‘rganildi. Shundan so‘ng N.Nurova tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, unga imtiyozli davolanishi uchun order ajratildi.

Ta’kidlash joizki, buxorolik ehtiyojmand xotin-qizlar og‘irini yengil qilishda, muammolarini hal etishda «Ishonch telefoni» xizmatining o‘rni katta bo‘lyapti. G‘ijduvonlik Gulbahor Bobomurodova ham shu orqali mushkuli oson bo‘lgan fuqarolardan biri. Tumandagi Sharq mahallasida yashaydigan bu ayolning xonadonida karantin sharoiti sabab iqtisodiy qiyinchilik yuzaga kelgan edi.

Yordam so‘rab murojaat qilgan G.Bobomurodovaning iltimosi qondirildi. Yana bir murojaatchi – Kogon tumanining Mustaqillik mahallasida yashovchi Zarina Do‘stnazarova va uning oilasi ham zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlandi.

Samarqand viloyatidagi murojaatlarning aksariyati ijtimoiy masalalarga daxldor. Uy-joy, ish, karantin kunlaridagi moddiy qiyinchilik, hatto, aliment undirishdagi muammolarga duch kelayotganlar ham o‘z dardini aytgan. Hududlar bo‘yicha tahlil eng ko‘p murojaat Samarqand shahri, Pastdarg‘om va Paxtachi tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Ta’kidlash joizki, murojaatlarni belgilangan fursatlarda ijroga yo‘naltirish bo‘yicha viloyat hokimligida shtab tashkil etilgan. Xotin-qizlar kundalik turmushda duch kelayotgan muammolar daxldor tashkilotlar jalb etilgan holda hal etilmoqda. Murojaatlar orasida bir muncha vaqt talab etadiganlari ham bor. Bunday holatlar qat’iy nazorat ostiga olinmoqda. Huquqiy yordamga muhtoj fuqarolarga esa mutaxassislar tezlik bilan amaliy ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Urgut tumanidagi Jayratepa mahallasida yashovchi Munavvara Raupova «Ishonch telefoni»ga qo‘ng‘iroq qilib, loysuvoq uy tomini shiferlashga yordam so‘ragan. Murojaatchi xonadoni ahvoli o‘rganilib, qurilish ashyolari yetkazib berildi.

– Gulday hunarim bor-u, qo‘lim kaltalik qilib, undan foydalana olmayapman, – deya o‘z dardini bayon etgan Pastdarg‘om tumanidagi Yangi qishloq mahallasida yashovchi Dilafro‘z Ergasheva. – Boz ustiga, turmush o‘rtog‘im ham hozircha bekor. Yeyman-ichaman, degan 4 farzandimiz bor. Bizga oziq-ovqat emas, keyinchalik ham ro‘zg‘orimizga asqotadigan vosita kerak. Bitta tikuv mashinasi bo‘lsa, ro‘zg‘orga uch-to‘rt so‘m ishlab topish imkoni paydo bo‘lardi…

Murojaatchining muammosi kasaba uyushmalari ko‘magida hal etildi. Zamonaviy tikuv mashinasiga ega bo‘lgan chevarning quvonchi cheksiz.

Ammo murojaatlar yechimi bilan bog‘liq holatlar o‘rganilganda, barcha mutasaddi vazirlik va idoralar hamda mahalliy davlat idoralari ham bu muammolarga sidqidildan va fidoyilik bilan yondashyapti, deyish mubolag‘a bo‘lar edi. Keling, tahlillarga e’tibor beraylik.

“Ishonch telefoni” ma’lumotlariga ko‘ra, markazga joriy yilning 19 iyunigacha jami bo‘lib 23 ming 81 murojaat kelib tushdi. Ularning 7711 tasi ijtimoiy, 4427 tasi uy-joy bilan bog‘liq, 2612 tasi karantin munosabati bilan yordam ko‘rsatish, 2373 tasi bandlik, qolganlari aliment undirish, kredit, tadbirkorlik, kommunal xizmat, yer ajratish va boshqa yo‘nalishlarga taalluqli ekani aniqlandi.

Ushbu murojaatlarning barchasi o‘rganilib, tegishliligi bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga hal etish uchun yuborilmoqda va ularning ijrosi izchil nazorat qilib borilmoqda.

Ko‘tarilgan muammolarning 8 ming 197 tasi, ya’ni 35,5 foizi vazirlik va idoralarga, 14 ming 884 tasi, ya’ni 64,5 foizi hududiy hokimliklar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga tegishli deb topildi va ularga ko‘tarilgan masalalarni hal etish uchun yuborildi.

Ma’lumki, fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha ishlash ham qonun bilan tartibga solinadi. Demak, ularda ko‘tarilgan muammolarni hal etishning aniq muddatlari ham belgilab berilgan. Masalaning eng muhim jihati ham shu yerda.

Qonun bo‘yicha ijro muddati yetib kelgan 20 ming 075 murojaatning 15 ming 980 tasi hal etilgan, 747 tasi muddatli nazoratga olingan, 1 ming 436 tasining ijro muddati uzaytirilgan, 1 ming 912 tasining esa ijro muddati o‘tib ketgan.

Afsuski, bir necha bor bu masalada ogohlantirishlar, ommaviy axborot vositalari orqali bildirishlarga qaramay, haligacha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi – 259 ta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi – 215 ta, Sog‘liqni saqlash vazirligi – 221 ta, «Hududgazta’minot» AJ – 28 ta, Toshkent viloyati hokimligi – 375 ta, Qashqadaryo viloyati hokimligi – 290 ta, Toshkent shahar hokimligi – 357 ta, Buxoro viloyati hokimligi – 167 ta murojaatga nisbatan loqaydlarcha munosabatini o‘zgartirgani yo‘q. Ba’zida esa kelib tushayotgan javoblar nazorat tartibida o‘rganilganda soxta va yolg‘on ma’lumotlar ham yuborilayotgani, bir so‘z bilan aytganda, ishlarni qog‘ozda “bor” qilish amaliyotidan voz kecha olmayotgan mutasaddilar hali bisyor ekani ko‘rinib qolmoqda.

Har bir murojaat ortida inson taqdiri bor. Yana deng, bizning andishali, oriyatli opa-singillarimiz ne bir istihola bilan qilgan murojaatining orqasida juda jiddiy sabab bo‘y ko‘rsatib turganini tushunish, his qilish nahot shunchalar qiyin? Federatsiyadan bizga ma’lum qilishlaricha, har bir murojaat izchil nazoratga olingan. Qilingan ijobiy ishlar bilan birga yolg‘on ma’lumot yuborib mas’uliyatni zimmasiga olmayotganlarga murosa qilish yo‘q. Shu bois «O‘zbekiston-24» telekanali orqali “Ayol rozi bo‘lsa…” deb nomlangan maxsus dastur tayyorlanib, bu boradagi ishlar haqida keng jamoatchilikka ma’lumotlar yetkazib borilmoqda ham.

Amaliy natija bilan mustahkamlangan, o‘z mevasi, hosilini berayotgan islohot odamlarning qalbiga, yuragiga tez kirib boradi. Eng muhimi, islohotlarimiz samarasini yurtimizda yashayotgan har bir inson, har bir oila bugun o‘z hayotida his etishi kerak. Buning uchun barcha bo‘g‘indagi rahbarlar, har bir insonning hayotiy manfaatlarini ta’minlash uchun mehnat qilishi shart.

Respublika ishchi guruhi o‘rganishlari davom etadi. Endi o‘rganishlar davomida belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi, ularning nochor oilalar, ayniqsa, ayollarning taqdiriga samarasi nazorat tartibida o‘rganiladi.

Nurillo NASRIYeV, O‘zA