O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2020-06-20T06:03:53+05:0020 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

2020 yil 19 iyun kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Senat a’zolari tomonidan 16 ta masala, shu jumladan, 9 ta qonun ko‘rib chiqilgan yalpi majlis ishi parlament yuqori palatasining veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali hamda “Uzreport” telekanalida to‘g‘ridan-to‘g‘ri jonli efirda namoyish etildi.

Dastavval “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, hozirgi vaqtda ilmiy ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish, yangi ishlanmalarni rivojlantirish, ularning ijobiy samaraga erishishi orqali iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani innovatsion rivojlantirish, innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasidagi tushunchalarni tartibga soluvchi yagona qonun hujjati mavjud emas edi.

Mazkur hujjat “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi Qonunning mantiqiy davomi bo‘lib, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy bog‘liqligini ta’minlaydi. Jumladan, innovatsion mahsulotlar va xizmatlarni yaratish hamda qo‘llash uchun qulay muhitni shakllantirish, innovatsiyalarni joriy etishdan manfaatdorlikning tashkiliy-huquqiy tizimini takomillashtirish, innovatsion infratuzilmani rivojlantirish hamda innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali innovatsion faoliyat sohasi rivojlantiriladi.

Qonunda innovatsiya va innovatsion faoliyat sohasidagi huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy munosabatlar tartibga solinadi. Xususan, bugungi kunda bor salohiyatini namoyon etish, yangi g‘oya va ishlanmalari bilan jamiyat rivojiga hissa qo‘shish niyatida bo‘lgan, ba’zan o‘z ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq etishda qiynalayotgan jismoniy va yuridik shaxslar, jumladan, olimlar, tadbirkorlar, nodavlat notijorat tashkilotlar, ayniqsa, shijoatli yoshlar uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Qonunda innovatsiya va innovatsion faoliyatga oid asosiy tushunchalar, innovatsion faoliyatning prinsiplari va uni davlat tomonidan tartibga solish mexanizmlari belgilanmoqda.

Shu bilan birga, innovatsion faoliyatga investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashish, bu borada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanishi ham bayon etilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qonun energetika tarmoqlarida hosil qilinayotgan elektr va issiqlik energiyasi, yoqilg‘i va boshqa noan’anaviy energiya resurslaridan iqtisodiyot tarmoqlari hamda ijtimoiy sohada yanada oqilona va samarali foydalanish, qolaversa, energiya resurslari iste’molining samaradorligi va zamonaviy energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish xizmatlarini ko‘rsatishning huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadlarini o‘zida aks ettirgan.

Shu bilan birga, Qonunda energiya samaradorligi ko‘rsatkichlariga tovarlarning muvofiqligi bo‘yicha majburiy sertifikatlanishi to‘g‘risidagi norma belgilanmoqda. Bunda mutasaddilarga energiya samaradorligini oshirish va yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash ko‘rsatkichlarini aniqlash metodikasini hamda maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash, energiyadan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish yuzasidan qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha davlat nazorati tartibini belgilash vazifalari yuklatilmoqda.

Mazkur Qonunning qabul qilinishi energiya resurslari xarajatlarini optimallashtirish, energiya resurslari iste’moli samaradorligining tizimli monitoringini yuritish hamda aholining real daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Senat a’zolari ushbu Qonunni ma’qulladi.

So‘ngra “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi munosabatlar huquqiy jihatdan 10 dan ortiq qonunosti hujjat bilan tartibga solinadi.

Bu, o‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyotida turli qarama-qarshilik va talqinlar, murakkabliklarni keltirib chiqarmoqda. Boz ustiga, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, yovvoyi hayvonlar holati ustidan davlat monitoringini olib borishning samarali tizimi mavjud emasligi hamda ovchilar va ovchilik xo‘jaliklarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida aniq belgilanmaganligi ovlanadigan hayvon resurslarining holatini aniqlashga to‘sqinlik qilmoqda. Bu esa jonivorlar populyatsiyasi davlat monitoringi tizimining rivojlanishiga, mamlakatimizda ovlanadigan hayvon turlarining soni va ovlanish hajmlarini, ularning reproduktiv holatini o‘rganishga xalal bermoqda.

Yana bir jihat, mamlakatimizda ov turizmi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish, xususan, xorijiy sayyohlarni ovchilik sohasiga jalb etish orqali davlat byudjetiga valyuta tushumlarini oshirish, ov hayvonlarini yetishtirish, tiklash va ko‘paytirish orqali esa sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish imkoniyati yuzaga keladi.

Mazkur “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunda esa ushbu masalalarning huquqiy yechimlari o‘z aksini topgan. Ya’ni Qonunda moddalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, ov qilish va ovchilik xo‘jaligi sohasidagi davlat ciyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan. Yovvoyi hayvonlarning soni hamda tutilgan yovvoyi hayvonlarni hisobga olish kimlar tomonidan amalga oshirilishi qayd etilgan.

Shu bilan birga, yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish hamda yovvoyi hayvonlar o‘rtasida infeksion kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashish zarurati asoslangan.

Qonunning qabul qilinishi ovchilik resurslaridan oqilona foydalanish orqali atrof-muhitni muhofaza qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, yovvoyi hayvonlar hisobini yuritish, ularni ko‘paytirish va tutish normalarini tartibga solish ustidan davlat nazoratini kuchaytirishga, ov turizmining rivojlantirilishi hamda ov xo‘jaliklari holatining yaxshilanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur Qonunni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shunday keyin “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Qonunning aksariyat normalari real hayotiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga solmasligi, ularning asosiy qismi to‘liq ifodalanmaganligi, belgilangan tadbirlarning amalga oshirish mexanizmlari mavjud emasligi alohida qayd etildi.

Xususan, Qonunning 7-moddasida fuqarolar jamoat tartibini saqlashda ishtirok etganda huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organlar va muassasalar bilan hamkorlik qilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qonunda ularning vakolatlari, huquq va majburiyatlari aks ettirilmagan.

Shu bilan birga, jamoat tartibini saqlashda ishtirok etuvchi shaxslarning reyestri va uni yurituvchi organlar faoliyati bilan bog‘liq masalalar nazarda tutilmagan hamda Qonunning 8-moddasida jamoat tartibini saqlashda fuqarolarning ishtirok etishi bilan bog‘liq cheklovlar to‘liq ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, Qonunda fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga ko‘maklashish maqsadida jamoat tuzilmalari tuzish va ularning faoliyatida qatnashish, jamoat tartibini saqlashda yakka tartibda yoki jamoa bo‘lib ishtirok etish bilan bog‘liq shakllar bayon etilmagan.

Senatorlar tomonidan Qonunning ayrim moddalarida fuqarolarning bevosita huquqlariga oid masalalarni ochib bermasdan, davlat organlari yoki qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishi belgilab o‘tilganligi hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi lozim bo‘lgan qonun normalarining qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi yoki qonunda aks ettirilmasligi tor doiradagi idora manfaatlarini va qisqa muddatli maqsadlarni ko‘zlashi mumkinligi qayd etildi.

Bundan tashqari, aksariyat hollarda ijtimoiy munosabatlar qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinishi qonunlarning maqomi kuchsizlanishiga, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan qonunlarning yo‘qligiga, masalalarni kompleks yondashmay tarqoq holda hal etishga olib keladi.

Qonun normalarini to‘liq ochib bermaslik va amalga oshirish mexanizmlarini aks ettirmaslik huquqiy ziddiyatlar hamda suiiste’molchiliklarni keltirib chiqarishi, byurokratik tartib-taomillarni kuchaytirishi, qonunlarni chetlab o‘tishga qaratilgan ko‘plab qarorlar qabul qilinishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu jihatdan senatorlar tomonidan Qonunni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

So‘ngra “Geodeziya va kartografiya faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari barcha yo‘nalishlar qatori geodeziya va kartografiya sohasini ham zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Yangi tahrirdagi mazkur Qonunda shu kabi jihatlar e’tiborga olingan. Jumladan, sohaga oid asosiy tushuncha va tamoyillar, qolaversa, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari aniq belgilangan.

Shu bilan birga, Qonunda geodeziya va kartografiya ishlarini litsenziyalash, ro‘yxatga olish va davlat hisobini yuritish, davlat kartografiya-geodeziya kadastri va O‘zbekiston Respublikasi kartografiya-geodeziya fondini yuritish hamda davlat geodeziya nazorati bilan bog‘liq normalar mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Ushbu Qonunning ma’qullanishi geodeziya va kartografiya faoliyatining mohiyati, xususan, sun’iy yo‘ldosh tizimlaridan foydalanishda hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali tizimni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, geodeziya va kartografiya faoliyatini amalga oshirishda materiallar va ma’lumotlarning to‘liqliligi va ishonchliligi ta’minlanadi. Eng muhimi, foydalanuvchilarga ma’lumotlar yetkazilishi soddalashtiriladi.

Shuningdek, Qonundan havolaki normalarning chiqarilishi natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining geodeziya va kartografiya faoliyati bilan shug‘ullanishida qulay sharoit yaratiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

“O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida bo‘ldi.

Mazkur Qonunda kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni nazarda tutadi.

Xususan, voyaga yetmagan mahkumlarning ota-onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar bilan uchrashuvlarida cheklovlar bekor qilinmoqda. Mahkuma ayollarning voyaga yetmagan farzandlari bilan uchrashuvlarining alohida tartibi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, mahkuma homilador ayollar va bolasi bor ayollar uchun qo‘shimcha huquqlar kiritilmoqda. Ya’ni mahkuma ayollarga voyaga yetmagan bolalari bilan bir yil ichida to‘rt marta muddati besh sutkagacha bo‘lgan uzoq muddatli uchrashuv, shuningdek, manzilli koloniyalarda saqlanayotganlarga esa muassasa hududidan tashqarida yashash imkoniyati bilan uzoq muddatli uchrashuvlar cheklanmagan miqdorda berilmoqda.

Yana bir jihat. Mahkumlarni jazo o‘tashi davrida adolatli mezonlar asosida rag‘batlantirish choralarini qo‘llash tartibi hamda rag‘batlantirish choralarini qo‘llash komissiyasining ish faoliyati va ularning aniq vazifalari belgilab berilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan jazo muddatini o‘tash davomida mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar kengaytirilmoqda. Mahkumlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish maqsadida ularni tintuv qilish vaqtida jismoniy kuch va maxsus vositalar asossiz qo‘llanilishining oldi olinmoqda.

Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksining 76-moddasi to‘ldirilib, mahkumlarning iltimosiga ko‘ra uchrashuvlari va telefon orqali so‘zlashuvlarini ko‘paytirish hamda video-uchrashuvlar bilan almashtirish tizimi joriy etilmoqda.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mazkur Qonun mahkumlarning huquq va erkinliklarini kengaytirish hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, shuningdek, jazoni ijro etish tizimida shaxsni axloqan tuzatish va jamiyatga ijtimoiy moslashuvini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Senatorlar ushbu Qonunni ma’qulladi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi kabi bir qator qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Jinoyat kodeksining sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalari aylanishi bilan bog‘liq jinoiy harakatlar uchun javobgarlik ko‘rsatilgan moddasiga qo‘shimcha kiritilmoqda. Ya’ni tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzganlik uchun alohida javobgarlik belgilanib, aybdor besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan, voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelsa, aybdor bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishi belgilanmoqda. Agar bolalarning majburiy umumiy o‘rta ta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi olishiga ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan to‘sqinlik qilinsa, BHMning yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima belgilanib, javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi aholining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish va o‘z navbatida davlat organlarining ham bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Senatorlar ushbu Qonunni ma’qulladi.

Shundan so‘ng “2007 yil 27 iyundan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlikdagi harbiy o‘quvlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Bitimga qo‘shimchalar kiritish haqidagi Bayonnomani (Bishkek, 2019 yil 29 aprel) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mudofaa sohasidagi siyosatning ochiqligi hamda xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa xorijiy mamlakatlar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Qurolli Kuchlar qo‘shinlarining jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirish zarur vazifa hisoblanadi.

Ushbu Qonunning qabul qilinishi ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida harbiy-texnikaviy sohadagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, tomonlarning harbiy xavfsizligini ta’minlash, o‘z Qurolli Kuchlarining harbiy salohiyatini mustahkamlash, harbiy kadrlar tayyorlash, harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Bayonnoma ShHT a’zosi bo‘lgan istalgan davlat unga qo‘shilishi uchun ochiqligi, qo‘shilgan davlat uchun ushbu Bitim depozitariy tomonidan qo‘shilish haqida hujjat olingan sanadan boshlab 30 kun ichida kuchga kirishi kabi yangi o‘zgartishlarni o‘z ichiga olgan.

Senat a’zolari ushbu Qonunni ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

So‘ngra “O‘zbekiston Respublikasining Bo‘g‘uvchi, zaharli yoki boshqa shu kabi gazlar va bakteriologik vositalarning urushda qo‘llanilishini taqiqlash to‘g‘risidagi Protokolga (Jeneva, 1925 yil 17 iyun) qo‘shilishi haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni ko‘rib chiqildi.

Ushbu Protokol 1972 yilning 10 aprel kuni Moskva, London va Vashington shaharlarida imzolangan bakteriologik (biologik) va toksik qurollar zaxirasini yig‘ish, ishlab chiqish va ishlab chiqarishni taqiqlash va ularni yo‘q qilish to‘g‘risidagi Konvensiya talablarini mustahkamlovchi hamda to‘ldiruvchi hujjat hisoblanadi.

Bugungi kunda ushbu Jeneva protokoliga dunyoning 142 ta davlati, MDH mamlakatlaridan Armaniston, Moldova, Rossiya, Tojikiston, Ukraina hamda Qirg‘iziston qo‘shilgan.

Senat a’zolari mazkur Qonunning qabul qilinishi respublika mudofaa sohasining samarali tizimini ta’minlash hamda uni rivojlantirishda alohida o‘rin egallashini, qolaversa, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zosi bo‘lishi yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, mazkur Protokolga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi milliy qonunchilik me’yorlariga mos kelishi hamda qonunlar bilan muomalaga kiritilgan xalqaro shartnomalar talablariga zid kelmasligi qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng adliya vazirining 2019 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifat sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti ham eshitildi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yilda Vazirlik tomonidan 530 mingga yaqin targ‘ibot tadbirlari tashkil etilgan va davlat organlari tomonidan uyma-uy yurib, tegishli muammolarni aniqlagan holda fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasi doirasida Adliya vazirligi tomonidan Internet tarmog‘ida aholining huquqiy savodxonligi va madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi 5 ta huquqiy portal ishlab chiqilgan.

Jumladan, bugungi kunda turli hayotiy holatlar bo‘yicha huquqiy yechim taklif etiladigan va davlat xizmatlari ko‘rsatish elektron tizimi bilan bog‘lanadigan “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy portali ishga tushirilgan. Undan 53 ming nafardan ortiq shaxslar foydalangan. Qolaversa, yosh avlodlarning huquqiy bilimini oshirib borish, bolalarni kichik yoshdanoq qonunga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida “bolahuquqlari.uz” sayti va “test.adliya.uz” huquqiy savodxonlikni baholash tizimi yaratilib, ulardan 16 ming nafarga yaqin shaxslar foydalangan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan huquqiy targ‘ibot sohasida muayyan kamchiliklar, o‘z yechimini kutayotgan muammolarga e’tibor qaratildi. Qayd etilganidek, huquqiy ong va madaniyatni yuksaltirishda, eng avvalo, huquqiy ta’lim-tarbiya borasidagi ishlar tizimli va uzviy olib borilmayapti, bu borada ta’sirchan mexanizm mavjud emas.

Bundan tashqari, jamiyatda manzilli huquqiy targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish ishlarini yetarli darajada, deb bo‘lmaydi. Aksariyat davlat organlari rahbarlari tomonidan faol ishtiroki ta’minlanmayapti, bu borada yuqori natijadorlik va samaradorlik ko‘zga tashlanmayapti. Oqibatda qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilmoqda.

Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar uchun har haftalik huquq va majburiyatlar kuni, umumta’lim maktablari yuqori sinflari uchun huquq asoslari hamda tarbiya fanlari haftasiga 1 soatdan o‘qitilishi, oliy ta’lim muassasalari o‘quv rejalarida tegishli ma’naviyat fani 78 soat o‘qitilishi belgilangan bo‘lsa-da, ularning ilmiy izlanishlar va to‘plangan tajribaga asoslanganligi hamda samaradorligi yetarli darajada emas.

2019 yilda voyaga yetmaganlar tomonidan mamlakatimizda 739 ta jinoyat sodir etilgan. 2018 yilga nisbatan 19,9 foizga kamaygan bo‘lsa-da, bu ko‘rsatkich xanuzgacha balandligicha qolmoqda. Ayniqsa, jinoyat sodir qilgan 818 nafar voyaga yetmagan shaxsning 694 nafari maktab o‘quvchilari ekanligi salbiy holatdir.

Yana bir jihat. Huquqiy targ‘ibot ishlari ta’sirchan olib borilishi yo‘lga qo‘yilmaganligi oqibatida davlat organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq bo‘lmagan qarorlar qabul qilish amaliyoti hamon uchramoqda.

Shuningdek, majlisda davlat organlari tomonidan huquqiy targ‘ibot tadbirlari innovatsion usullari, shu jumladan, veb-texnologiyalaridan yetarli foydalanilmaganligi tanqid qilindi va bu borada ko‘rsatmalar berildi.

Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

So‘ngra Samarqand viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitildi.

Qayd etilganidek, Oliy Majlis Senatining Ishchi guruhi tomonidan viloyatni kompleks rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilgan. Majlisda o‘rganish yakunlari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, viloyatni rivojlantirish va bu jarayonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari salohiyatidan foydalanish borasida muayyan ishlar olib borilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatiga 6 marotaba amalga oshirgan tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida 450 dan ortiq loyihalar tasdiqlanib, ularning ijrosi ta’minlanmoqda.

Viloyatda 2019 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 37 trillion 594 milliard so‘mni tashkil etgan. Rejadagi 40 mingta o‘rniga 45 mingta yangi ish o‘rni yaratilgan, viloyatda bugungi kunda qariyb 48 mingta kichik biznes sub’ekti faoliyat olib bormoqda.

Ma’lumki, Samarqand – jahon turizm markazlaridan biri. Hududda bu borada ro‘yobga chiqarilgan salmoqli ishlar natijasida 2019 yilda viloyatga 560 ming nafardan ziyod xorijiy sayyohlar tashrif buyurib, ushbu ko‘rsatkich 2018 yilga nisbatan 1,6 barobar o‘sishiga erishilgan.

Aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida sog‘liqni saqlash muassasalari 10,3 milliard so‘mlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlangan, tez tibbiy yordam avtomashinalari soni 115 tadan 260 taga yetkazilgan. So‘nggi uch yilda viloyatda xususiy tibbiyot muassasalari soni 37 tadan 376 taga yetgan, ya’ni 10 barobar ortgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida viloyatda 2019 yil davomida 7 mingga yaqin turli tadbirlar o‘tkazilib, ularga 1,6 million nafardan ziyod yoshlar jalb qilingan.

Shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar sessiyalarida mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitib borilgan. Mahalliy deputatlar tomonidan aholi bilan bevosita muloqot olib borish jarayonida, ularning murojaatlari bilan ishlash davomida ko‘tarilgan muammolarni hal etishga qaratilgan deputatlik so‘rovlari yuborilgan va ijrosi nazorat qilib borilgan.

Majlisda viloyatni rivojlantirishga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim muammo va kamchiliklar borligiga urg‘u berildi.

Jumladan, 2019 yilda viloyatdagi madaniyat markazlarida bajarilishi lozim bo‘lgan qurilish ishlari to‘liq olib borilmagan. Masalan, Bulung‘ur va Pastdarg‘om tumanlaridagi madaniyat markazlarida qurilish ishlari yakunlanmagan bo‘lsa, Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida bu boradagi ishlar boshlanmagan.

Viloyatga biriktirilgan Xitoy, Turkiya, Gretsiya, Ispaniya davlatlaridagi elchixonalar tomonidan taklif etilgan qiymati 1 trillion 540 milliard so‘mlik 10 ta loyihani amalga oshirish muddati kechikmoqda. Qiymati 2 trillion 385 milliard so‘mlik 16 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlanmagan.

Umumta’lim maktablarini sport anjomlari bilan muntazam ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yilmagani bois viloyatdagi aksar maktablarga oxirgi marta 2016-2017 yillarda sport jihozlari yetkazib berilgan. Yana bir jihat, hududdagi maktablarda faoliyat olib borayotgan 2 ming 164 nafar psixologning 1 ming 340 nafari, ya’ni 62 foizi ixtisoslikka ega emas.

Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi, elektr energiyasi va tabiiy (suyultirilgan) gaz bilan to‘liq va uzluksiz ta’minlash borasida muammolar mavjud. Xususan, elektr tarmoqlarining ayrim qismlari foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan. Gaz quvurlarini mukammal ta’mirlash bo‘yicha 2019 yilga belgilangan reja bajarilmagan. Viloyatning ichki yo‘llari ta’mirtalab ahvolda.

Majlisda hududni o‘rganish yakunlari xalq deputatlari viloyat Kengashining 2020 yil 22 maydagi sessiyasida muhokama etilganligi, unda viloyat darajasidagi muammolarni hal etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”, qolaversa, viloyat Kengashi faoliyatini “namunali Kengash” sifatida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanganligi qayd etildi.

Shuningdek, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Majlisda mazkur masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilinib, viloyatda yechimini kutib turgan respublika darajasidagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Ularning ijrosi ustidan senatorlik nazoratini yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Shundan keyin Senat a’zolari tomonidan Vazirlar Mahkamasiga yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Avtomobil yo‘llarida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat to‘liq va samarali o‘rnatilmaganligi oqibatida birgina 2019 yilda mamlakat bo‘yicha jami 6 milliondan ortiq yo‘l harakati qoidabuzarligi qayd etilgan. Oqibatda 8588 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, ularda 7943 nafar fuqaro jarohatlangan va 2096 nafar shaxs halok bo‘lgan.

2020 yilning birinchi choragida esa 1229 ta yo‘l-transport hodisasi oqibatida 376 nafar fuqaro vafot etgan.

Tahlillarga ko‘ra, qoidabuzarliklarni avtomatik aniqlaydigan foto va video moslamalar, shuningdek, onlayn rejimida ishlovchi foto radarlar o‘rnatish bilan bog‘liq ishlar sust olib borilmoqda. Bundan tashqari, avtomobil yo‘llarida yo‘l harakatini axborotlar bilan ta’minlash, yo‘l bo‘yidagi infratuzilmani xalqaro standartlar talablariga muvofiq rivojlantirish bilan bog‘liq ko‘plab masalalarga lozim darajada e’tibor qaratilmagan.

Umumta’lim maktablarida o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish ishlari ham talab darajasida emasligi oqibatida 2019 yilda bolalar bilan bog‘liq 1309 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularda 1147 nafar bola jarohatlangan va 193 nafar bola halok bo‘lgan.

Majlisda senatorlar tomonidan shu kabi kamchilik va muammolarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabrdagi 370-sonli qarori bilan tasdiqlangan yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarini ham takomillashtirish kerakligi, mamlakatimizda haydovchilarni tayyorlash va ulardan imtihon olish tartibi bilan bog‘liq muammolar ko‘plab fuqarolarimiz tomonidan haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotganligi ham ta’kidlandi.

Senat a’zolari yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shundan so‘ng Vazirlar Mahkamasiga chiqindilar bilan bog‘liq masalalarda vujudga kelgan muammolar va ularning aholi salomatligiga ta’siri yuzasidan parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan joriy yilning iyun oyida o‘tkazilgan “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonunning joylarda ijro etilishi holatini o‘rganish jarayonida sohada zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan qator muammolar mavjudligi aniqlangan.

Xususan, mas’ul davlat organlari tomonidan atrof-muhitni asrab- avaylash, chiqindilarni olib chiqib ketish, ularni qayta ishlash, chiqindi poligonlarini sanitariya talablari asosida tashkil qilish ishlari yetarlicha muvofiqlashtirib borilmagan. Chiqindilarni saralash, to‘plash, zararsizlantirish va utilizatsiya qilish to‘g‘ri tashkil etilmagan.

Bundan tashqari, hosil bo‘layotgan sanoat va qurilish chiqindilarini hisob-kitob qilish ishlari, ya’ni to‘plash, joylashtirish va qayta ishlash tizimi bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. Jumladan, har yili respublikamizda 35 million kubometrga yaqin maishiy, 100 million tonnadan ortiq sanoat chiqindisi hosil bo‘ladi. Uning 10 foizi ham qayta ishlanmaydi.

Ushbu yo‘nalishda zamonaviy boshqaruv shakllari va usullari yetarlicha joriy etilmaganligi qayta ishlash korxonalaridan samarali foydalanish imkonini bermayapti.

Shuningdek, o‘rganish jarayonida respublikamizda foydalanib kelinayotgan 195 ta qattiq maishiy chiqindi poligonining holati ham tahlil qilindi. Natijada qattiq maishiy chiqindi poligonlaridan foydalanish borasida qator muammolar mavjudligi va chiqindi bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi maxsus vakolatli davlat organlari tomonidan tegishli choralar ko‘rilmagani ma’lum bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, ushbu hududlarda yashovchi aholi orasida turli yuqumli kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shunga asosan ushbu masala yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari beshinchi yalpi majlisda Istiqbolli turizm yo‘nalishida O‘zbekiston xalqaro imijini oshirish choralari to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining Isroil davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar Feruza Yuldashevna Maxmudovani O‘zbekistonning Isroil davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimiga tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shuningdek, Oliy Majlis Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati

O‘zA