She’rlari kitobxonlar ko‘nglini zabt etishda davom etmoqda…​

2020-06-20T05:55:12+05:0020 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, taniqli shoir Abduvali Qutbiddin hayot bo‘lganida bugun 60 yoshga to‘lgan bo‘lar edi.

Shoir 1960 yilning 20 iyunida Qarshi shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. Ota-onasi asli Samarqandning Urgut tumanidan bo‘lgani bois shoirning bolaligi, asosan, Urgut va Samarqand shaharlaridao‘tdi. 1977 yili Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabini tugatdi.1978 ‒ 1983 yillarda hozirgi O‘zbekiston milliy universitetining Jurnalistika fakultetida ta’lim oldi.

Mehnat faoliyatini Samarqand viloyatining “Zarafshon” gazetasida muxbirlikdan boshladi. Keyin yana Toshkentga qaytib, G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, “Yozuvchi” nashriyotida bosh muharrir, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi,O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Xalqaro” telekanali direktori o‘rinbosari, “Musiqa” direksiyasi direktori o‘rinbosari, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi direktori o‘rinbosari hamda “Xalq so‘zi” gazetasi sharhlovchisi vazifalarida xizmat qildi.

Maktab yoshida yozib, matbuotda chop etgan she’rlari og‘izga tushgan edi. Ijodkorlik Abduvali mansub mashhur oila uchun merosiy edi.

XVI asrda Samarqand yaqinidagi Dahbed qishlog‘i bu yerga Namanganning Kosonidan kelib, o‘rnashgan Maxdum A’zam Kosoniy – Dahbediy sharofatidan naqshbandiyaning yirik markaziga aylangan edi. XIX asr oxirlari – XX asr boshlarida Dahbediy pirlarning muridi bo‘lgan bir avlod sharofati bilan Urgut ham tariqatning yirik markazlaridan biriga aylandi. Urgutiy pirlar orasidan shunday bir sulola yetishib chiqdiki, bu oila a’zolari tariqatni otadan o‘g‘ilga o‘tkaza borib, o‘ziga xos bir zanjir hosil qildi. Zanjirning boshida Xoja Valixon Urgutiy turgan edi. Bu zot o‘z davrida«qutb uz-zamon», «Eshoni Urgutiy», «Irshodpanoh» (shayxlikka ruxsat beruvchi), «Shayxi jahon» degan ulug‘ nomlar bilansharaflangan. U Naqshbandiya silsilasida 32-halqa hisoblanadi.

Valixon eshon 1915 yili vafot etgan. Urgutning Chorchinor mavzesida dafn etilgan. 1983 yili u kishining yonlariga nevaralari Qutbiddin Muhiddinov dafn etildi.

Abduvali Qutbiddin ana shu Xoja Valixon Urgutiy eshonning chevarasi bo‘ladi.

Eshoni Muhiddinxon bitgan maktublar alohida kitob holiga keltirilgan. O‘g‘illari – Qutbiddin Muhiddinov tojik tiliningikki jildli izohli lug‘ati – «Farhangi zaboni tojikiy»ni, shuningdek, «Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati» 4 jildligining yuzaga kelishigamunosib hissa qo‘shdi. Olim 1971 yili, ya’ni 65 yoshida «Mirzo Muhammad Mahdixonning «Sangloh» lug‘ati (tadqiqot, sharh, tarjima va transkripsiya)» mavzusida filologiya fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqladi. «Qutbiy» taxallusi bilan o‘zbek va tojik tillarida she’rlar ham bitgan. Muhiddin eshonning bir nevaralari ‒ Muslihiddin Muhiddinov filologiya fanlari doktori, professor, boshqa bir nevaralari ‒ Ishoqxon Nosirov filologiya fanlari nomzodi, dotsent. Abduvali bu sulolaning kitob bitgan to‘rtinchi avlodi hisoblanadi.

Abduvali barakali ijod qildi. G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida “Nayson” (1988) nomli ilk to‘plami Rauf Parfi so‘zboshisi bilan bosilib chiqdi. Bu mo‘’jaz to‘plam tez orada adabiy jamoatchilik e’tirofiga sabab bo‘ldi. Shu tariqa Abduvali adabiyotga o‘z ovozi bilan kirib keldi. Shundan so‘ng shoirning ketma-ket “Baxtli yil” (1991), “Xayol kechasi” (1994), “Sen va sen uchun” (1996), “Uzoqdan olisga” (2006), “Bor” (2011), “Da’vat” (2014) kabi to‘plamlari nashr etildi. Abduvali Qutbiddin dostonnavis sifatida ham samarali ijod qildi ‒“Ozodlik” va “Izohsiz lug‘at”ni yozdi.

Abduvali Qutbiddin o‘z she’rlari bilan zamonaviy adabiyotda tasavvuf ohanglarini qayta jonlantirgan ijodkorlardan sanaladi. Yangi timsol, talqin va ifodalar topdi.

Vafotidan keyin, ya’ni shu yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi “So‘z chamani” turkumida Abduvali Qutbiddinning she’riy guldastasini ham chop etdi.

Abduvali Qutbiddin O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist faxriy unvoni, “Do‘stlik” ordeni, “Oltin qalam” Milliy mukofoti sohibi edi.

Shoirning umri qisqa ekan. U 2019 yilning 8 dekabrida hayotdan ko‘z yumdi.

Valixon eshon va nevaralari Qutbiddin eshonlar mangu qo‘nim topgan Chorchinor mavzesi mamlakatimizdagi muqaddas go‘shalardan biri hisoblanadi. So‘z orasida Abduvali Qutbiddin kuni kelib, omonatni topshirsa, uni ana shu ulug‘ bobolari yoniga dafn etishlarini vasiyat qilgan ekan.Shunga ko‘ra, Abduvali Qutbiddin ham shu yerda mangu qo‘nim topdi.

Darvoqe, atoqli shoir G‘afur G‘ulom sho‘ro davrida zimdan Qutbiddin eshonni o‘ziga pir tutgan edi. U zoti sharifning Eski Jo‘vadagi Sag‘bon ko‘chasining Olcha guzarida joylashgan hovlilariga tez-tez kelib turar edi. Ba’zan shunday bo‘lar ekanki, G‘afur G‘ulom darvozalarini taqillatib ulgurmasidan pirning o‘zlari g‘oyibona his bilan peshvoz chiqib, uni shoirga ochar ekanlar. Bu karomatdan ikkalalari ham ta’sirlanib, yig‘lab yuborishar ekan. Shunday kunlarning birida G‘afur G‘ulom yaxshi niyat bilan, eskicha irimimizga ko‘ra,bobosining uylariga Samarqanddan mehmon bo‘lib kelgan, hali 6 yoshga ham to‘lmagan bolakay ‒ Abduvalining og‘ziga tupurgan ekan…

Ibrat tomoni shundaki, Muhiddinovlar oilasi bilan G‘ulomovlar oilasi o‘rtasida ana o‘sha chinorlar o‘rnatib ketgan mustahkam qadrdonlik rishtalari keyingi avlodlar tarafidan hozirgacha ham izchil davom ettirilyapti.

Abduvali Qutbiddin o‘zidan katta meros qoldirdi. Umrining oxirlarida telefon orqali so‘zlashganimizda:

‒ Aka, ana-mana demay, oltmishvoy bo‘lib qolyapmiz. Ancha yildan buyon kitobim chiqqani yo‘q. Yubiley oldi bir katta to‘plam hozirlayapman. Hatto, shu niyatda bir oylik ijodiy ta’til ham oldim, ‒ degan edi.

Uning ijodi ko‘plab dissertatsiyalar uchun tadqiqot manbasi sifatida ilmiy o‘rganildi. Mahfuza Davronovaning “Hozirgi o‘zbek she’riyatida individual uslub poetikasi (U. Azim, I. Mirzo, Faxriyor va A. Qutbiddin she’riyati misolida)” (Samarqand, 2019) mavzusidagi doktorlik (DSs), Maftuna Xolovaning “O‘zbek modern she’riyati poetikasi” (Samarqand, 2018), Gulnoza Oripovaning “Mustaqillik davri o‘zbek she’riyatining g‘oyaviy-estetik va badiiy xususiyatlari” (Farg‘ona, 2019) va Dilshod Xursanovning “Hozirgi o‘zbek she’riyatida xronotop poetikasi” (Samarqand, 2020) mavzusidagi falsafa doktori (PhD) dissertatsiyalarida, jumladan, Abduvali Qutbiddin she’riyati xususiyatlari ham ilmiy tahlil etilgan.

Bugungi o‘zbek she’riyatida shoirning izdoshlari ‒ ancha. Uning she’riyatimizdagi o‘ziga xos, yangicha timsollarga boy, jo‘shqin hissiyotli she’rlari hamon kitobxonlar ko‘nglini zabt etishda davom etib kelayotibdi. Shunday mangulik hammaga ham nasib aylasin.

Sultonmurod OLIM,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi​

O‘zA