ZOOM orqali O‘zbekiston sud-huquq tizimining islohoti: OAVda yoritish masalalari muhokama qilindi

2020-06-18T07:13:22+05:0018 June, 2020|Surxondaryo vil.|

Erkin ommaviy axborot vositalari va mustaqil sudlar fuqarolik jamiyatining ajralmas qismi bo‘lib, dunyodagi hech bir davlat mazkur institutlarsiz rivojlana olmaydi. Zero, ulardan birining mustaqilligiga rahna soladigan omil ikkinchisining ham erkinligini chegaralab qo‘yadi. Shu bois O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan yangilanish va liberallashtirish jarayonida sud hokimiyati va OAV o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni amalga oshirish juda muhim. Ayniqsa aholining siyosiy faolligi, huquqiy ongi va savodxonligini oshirishda, sudlar faoliyatida jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda, jinoyatchilikka qarshi kurash va uning oldini olishda jurnalistlar muhim vosita hisoblanadi.

Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi tomonidan bu borada talaygina loyihalar amalga oshirmoqda. Jumladan viloyatlar bo‘ylab bugungi kunda USAID moliyaviy ko‘magi asosida jurnalistlar va blogerlar uchun “O‘zbekiston sud-huquq tizimining islohati: OAVda yoritish” mavzusida seminar-treninglar bo‘lib o‘tmoqda. Kuni kecha ushbu trening O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining Surxondaryo viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda viloyatda ham tashkil etildi.

Ikki kunlik seminar insonlarning xavfsizligi yuzasidan onlayn ZOOM programmasi orqali tashkil etildi. Unda trenerlar – huquqshunos, jurnalist Karim Baxriyev va O‘zDJTU xalqaro jurnalistika fakultetining dotsenti Nargis Qosimova ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar faoliyatining huquqiy asoslari, blogerlar va huquq: shan, qadr qimmat, ishchanlik obro‘si, tuhmat va haqorat masalalari, jurnalistning sud jarayonidagi axborotni olish bilan bog‘liq masalalar, sudlovning oshkoraligi: ochiq va yopiq sudlar, axborot manbalari va ular bilan ishlash qoidalari, sud zalidan reportaj tayyorlashning o‘ziga hos jihatlari, huquqiy mavzuni yorituvchi jurnalistlarning xavfsizligi masalasi, axborot xavfsizligi asoslari, xavfsizlikning gender aspektlari, sud-huquq tizimini yoritishda axloqiy tamoyillar mavzularida ma’lumotlar asosida taqdimot o‘tkazishdi.

Seminar so‘ngida jurnalistlar OAV va sudlar faoliyati o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish, huquqiy sohaga ixtisoslashish, sudlar faoliyatini xolisona yoritish borasida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

Mastura Xamrayeva

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Surxondaryo viloyat bo‘limi mutaxassisi