“Rashidovlar sulolasining malikasi”

2020-06-16T07:05:55+05:0016 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

YoXUD 28 YIL AVVALGI SUHBATGA SO‘ZBOShI

Sharof UBAYDULLAYeV

Sharof Rashidov nomidagi xalqaro fond qaytadan tashkil topgani haqidagi xabarni eshitib, ich-ichimdan quvonib yurgan kunlarimning birida shu fond rahbariyatidan telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘lib qoldi:

— Sharof aka, siz onamiz Xursan G‘afurovna bilan ochiq matbuotda birinchi va oxirgi marta suhbat qurgan jurnalistsiz, — dedi Gulnora Rashidova. — Yaqinda onamizning tavallud topganiga yuz yil to‘ladi. Shu munosabat bilan Jizzax viloyati gazetasi ana shu suhbatni ko‘chirib bosib, hamshaharlarga tortiq qilishmoqchi ekan… Shu suhbat matnini topishga yordam berolmaysizmi? Bizdagi gazeta nusxasi Sharof Rashidov muzeyining oynavand javoniga qo‘yilgan, muzey inventariga aylanib qolgan, joyidan qo‘zg‘atishga jur’at qilolmadik va shu munosabat bilan o‘zingizga murojaat qilishni lozim topdik…

Bu faxrli topshiriq munosabati bilan bundan o‘ttiz yilcha muqaddam kechgan o‘sha voqealar xayolimdan birma-bir o‘ta boshladi…

Ma’lumki, 1985 yil Markazqo‘mning mashhur XVI plenumidan keyin Rashidovni ommaviy qoralash boshlanib ketdi. Kecha otasi o‘rnida ota deb bilganlar ham bir yumalab, boshqa tusga kirdilar. Lekin o‘z odamiylik qiyofasini saqlab qola bilgan insonlar ham yo‘q emasdi. Bu og‘ir va musibatli jarayonni hech kim jurnalist, atoqli tarjimon va olim Asil Rashidovchalik chuqur tahlil qilmagan bo‘lsa kerak. Ustozimiz o‘zining “Akam haqida” deb nomlangan tahliliy-publitsistik risolasida o‘sha kunlarning tala-to‘p manzarasini shu qadar o‘ta sinchkovlik va odilona chizib berganki, qiyosi yo‘q!

1989 yilning yozidan Islom Karimov davri boshlandi va o‘sha yil avgustida o‘tgan respublika faollari yig‘ilishida respublika rahbari o‘z ma’ruzasida shunday chuqur va ma’nodor shiorni o‘rtaga tashladi: “Marhumlarning tili yo‘qligidan foydalanib, ularga tosh otishni bas qilaylik!…”.

Zalda gulduros qarsaklar yangradi, gap kim va nima haqida ketayotgani o‘z-o‘zidan ayon edi. Lekin bu masalada zalda to‘planganlarning bu qadar yakdilligi ko‘pchilikni, hatto Karimovning o‘zini ham hayratga solgan bo‘lishi mumkin. O‘sha paytda yig‘ilishda O‘zbekistonda “Rashidovchilik”ni tugatish uchun markazdan yuborilgan, xalq tilida “desantchi”lar deb nom olgan mal’unlarning kattagina guruhi ham qatnashayotgan edi. Ular ham boshqalarga qo‘shilib qarsak chalishga majbur bo‘lishdi! Ushbu nutq va mardona shior Sharof Rashidovga bo‘lgan munosabatning burilish nuqtasi bo‘lgan edi, nazarimda! Keyin esa yov qochib, botirlar ko‘payib ketdi… Shunga qaramay, Sharof Rashidov ustida qora bulutlar quyuqlashgan dastlabki kezlarda ajoyib hajvchi shoir va jangchi Zohidjon Obidov tomonidan yozilgan “Arslonning o‘limi” she’riy-feletonini (1985 yil, “Mushtum” jurnali) badiiy ijoddagi qahramonlik deb atash mumkin. Mazkur feleton jangchi-shoirning quvg‘in va tazyiq ostiga olinishi, o‘z navbatida, jurnal bosh muharriri Ibrohim Rahimning vazifasidan chetlatilishi bilan yakun topgan bo‘lsa, jurnalist Bobomurod Daminovning “Rashidov haqida so‘z” maqolasi dastlabki oqlov qo‘ng‘irog‘i bo‘lib yodda qoldi.

Keyinroq denovlik deputat Ibrohim Fayzullayev Sharof Rashidov nomini oqlashni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti sessiyasi kun tartibiga qo‘yish taklifini bildirganda, zal qarsaklardan larzaga keldi. Shu asnoda farg‘onalik bir guruh SSSR va O‘zbekiston SSR oliy Soveti deputatlarining Rafiq Nishonov nomiga yo‘llangan “Rashidovga tosh otishni bas qiling!” degan murojaati respublika matbuotida e’lon qilindi… O‘sha yillari respublika va hatto Moskva minbarlaridan SSSR Oliy Soveti deputatlari — yozuvchi Odil Yoqubov, akademik Erkin Yusupov va jurnalist Ahmadjon Muxtorovlarnig ta’sirchan so‘zlari bot-bot yangrab turdi.

Islom Karimov tashabbusi bilan O‘zbekistonda “Paxta ishi”ni qayta o‘rganish yuzasidan respublika komissiyasi ish boshladi va kamina bu komissiya ishini yoritishga jalb qilindim. Ushbu jarayonda “Paxta ishi” komissiyasi raisi Ismoil Jo‘rabekov va komissiya raisi o‘rinbosari Abdusamad Polvonzodalar bilan baqamti ishlash nasib etdi. O‘shanda O‘zbekistonga nohaq yog‘ilgan malomat toshlari va aybnomalar chok-chokidan sitilib keta boshladi. Bir qator ishlar yakuniga ko‘ra, bevosita Sharof Rashidovga qilingan tuhmat va malomatlar xususida “Marhumlar so‘roq qilinmaydi…” (O‘zbekiston ovozi”, 1990 yil, 17 yanvar) maqolamni e’lon qilishga muyassar bo‘ldim. Maqola Islom Karimov nazariga tushganligini aytishganda esa yelkamdan tog‘ ag‘darilganday bo‘ldi. Chunki “Toshkent oqshomi”—“Vecherniy Tashkent” gazetalari bosh muharriligidan ishdan chetlatilishimda “Rashidovchi”lar ro‘yxatida ekanligim asosiy “aybnoma” edi.
Lekin adolat yuzasidan aytganda, marhum Rashidovning nomini siyosiy oqlash Islom Karimovning chekiga tushdi. Tez orada O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining yangidan tuzilgan matbuot xizmati rahbari — matbuot kotibi vazifasiga tasdiqlanish jarayonida avvaliga Markazkom kotiblari Yefimov va Komil Yusupovlar suhbatidan va so‘ngra Birinchi kotib Islom Karimovning qariyb ikki soatlik “chig‘irig‘i”dan o‘tishimga to‘g‘ri keldi.

O‘tgan asrning 90-yillari boshida Markazqo‘mda va Prezident apparatida Rashidovga qarshi shiddatli hujum kampaniyasida faol qatnashgan guruhlarda ochiq va yashirin tarzda ish ko‘rgan bir qancha alamzadalar hali yuqori kursilarni egallab, Birinchi kotibni ham qanday qilib iligidan olish payida zimdan ish olib borishar, ayniqsa uning Moskvaga teskari tarzda qaror topgan “Prezidentlik” mavqeini bekor qilishni orzu qilishardi. Bu harakatga moskvalik “desantchi”larning hali bir muncha baquvvat sanalgan so‘nggi qoldiqlari rahnamo edi. Mamlakatning huquq-tartibot idoralari va ayniqsa kuch ishlatar tizimlari to‘laligicha ularning izmida edi. Yakson qilish mexanizmi so‘nggi kunlarda Boltiqbo‘yi respublikalarida va Kavkazda, xususan, Gruziyada qattiq va beshafqat ishga solingan edi. Islom Karimov bilan bo‘lgan ikki soatlik suhbatda davlat rahbari sadoqatli kadrlar suv va havodek zarur ekanligini yashirib o‘tirmadi. Bu suhbatda aynan Sharof Rashidov bilan ishlashganim va bu insonni hech qachon, hech qayerda sotmaganim va bunday imkoniyat bo‘la turib, bu “qulay imkoniyat”dan foydalanmaganim haqidagi “ma’lumot”lar bazasi asosiy rol o‘ynaganini sezmaslik mumkin emasdi.

Rashidov nomini oqlashda Islom Karimov chin jasorat ko‘rsatgan edi. Chunki bo‘ yo‘lda birinchi qadamlar tashlangan paytda hali “Politbyuro” qonli qilichini mustamlaka mamlakatlar boshi uzra bot-bot sermab turgan va Rashidovning bir qancha alamzada dushmanlari ichkarida, tashqarida, hatto Moskvaning og‘ushida davru davron surayotgan tahlikali zamonlar edi. Xuddi ana shunday kunlarda Islom Karimov Sharof Rashidovning muborak nomini oqlashga bel bog‘ladi.

1991 yilning kuzida bir guruh talabalar, asosan Toshkent davlat universitetida tahsil olayotgan bo‘lajak jurnalistlar Sharof Rashidov tavalludining 74 yilligini nishonlash yuzasidan Prezident qabulxonasiga murojaat qiladi. Biroq ularning “Sharof Rashidov — jurnalist” degan mavzuda tantanali yig‘ilish o‘tkazish haqidagi tashabbusi Toshkent shahar ma’muriyati tomonidan jiddiy qarshilikka duch keladi.

Prezident yordamchisi G.Kraynov topshirig‘iga ko‘ra, men talabalar “delegatsiya”si bilan qabulxonada uchrashdim. Ular uch kishi bo‘lib, “delegatsiya” rahbari kavkazliklarga o‘xshab ketadigan, serharakat, gapga chechan Husan ismli yigitcha ekan. Ular hatto “Taklifnoma” tayyorlashgan va eng birinchi raqamlisini Prezident Islom Karimovga topshirish va shaxsan marosimga taklif qilish uchun tashrif buyurishganini ma’lum qilishdi.

Respublikada o‘sha kunlarda “Erk”, “Birlik” va boshqa turli oqimlarning boshboshdoqligi tufayli talabalarning har qanday yig‘inlari hukumat tomonidan rag‘batlantirilmas, aksincha, to‘xtatilardi. Lekin “delegatsiyaning shashti baland edi, yo‘q desangiz, rasmiy javob bering, nega biz Rashidovni jurnalist sifatida olqishlashga haqimiz yo‘q ekan?” degan savol-javoblar ortidan men rasmiy javob uchun uch kun muhlat so‘rab, ular bilan xayrlashdim va o‘sha onda “delegatsiya” rahbarini alohida suhbatga tortib, ukajon, sen o‘zing qayerliksan, deb so‘radim. “Jizzaxlikman. Baxmal deb eshitganmisiz, Baxmal olmalarini yeb ko‘rganmisiz, o‘sha yurtdanman”, — deb javob qildi.

Mazkur suhbat yakunini men Prezident yordamchisi G.Kraynovga xotirjam yetkazdim. Kutilmaganda Islom aka chaqirib qoldi va talabalarning tashabbusi unga ma’qul ekanligini aytdi.

— Sen o‘zing talaba bo‘lganmisan, — deb so‘rab qoldi Islom aka ko‘tarinki kayfiyat bilan (ehtimol talabalik yillari yodiga tushgandir). Prezidentning kursdoshi bo‘lgan ustozimiz Rahim Rajabovdan ularning jo‘shqin talabalik yillari haqida eshitgan hangomalarim ko‘z oldimga keldi. Tikilib tursam, Prezidentning ko‘zlari navqiron yigitlarday yonib turibdi. O‘shanda aytgan gaplari yodimdan chiqmaydi: “Menga qara, Mavlonga ayt, birga boringlar, vaqti bo‘lsa, Rahim (Rahim Rajabov o‘sha yillarda respublikaning ikkinchi rahbari) borsin, aytib ko‘ringlar… Eh, vaqtim bo‘lsa, o‘zim borardim, mening nomimdan tabriklanglar, rahmat aytinglar. Umuman, Sharof Rashidov nomini talabalarga singdirish, yoshlarga o‘rnak qilib ko‘rsatish — bu muhim siyosat! Sharof Rashidovdek insonlar yuz yilda, balki ming yilda bir marta tug‘iladi!..”

Sharof Rashidov tavalludiga bag‘ishlangan norasmiy, biroq mutlaqo yoshlar tashabbusi va talabalar qanotida o‘tgan tantanali kechada Prezidentning davlat maslahatchisi Mavlon Umurzoqov ularni olqishlar ekan, Islom Karimov nomidan yuksak tilaklar bildirdi. Aytishlaricha, bu Sharof Rashidovga bag‘ishlangan birinchi kecha bo‘lib tarixda qoldi. Chunki Sharof aka tiriklik paytida hatto 50 yillik, 60 yillik yubileylari munosabati bilan boshlangan barcha tadbirlarni o‘zlari to‘xtatib qo‘ygan edi…

Talabalarning yig‘ini tafsilotlari Islom Karimovni yanada to‘lqinlantirib yubordi. O‘shanda Islom aka Davlat kotibi Rahim Rajabov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ismoil Jo‘rabekov, Davlat maslahatchilari Mavlon Umurzoqov, Temur Alimov, o‘sha yillar Oliy ta’lim vaziri bo‘lib turgan Oqil Salimov, Prezident bosh yordamchisi Georgiy Kraynov ishtirokida o‘tgan ixcham tarkibdagi yig‘ilishda atoqli davlat va jamoat arbobi Sharof Rashidovning 75 yilligini butun mamlakat miqyosida tantanali o‘tkazish vazifasini qo‘yar ekan, “Yubiley komisiyasini tuzish kerak, barcha viloyat rahbarlari, Sharof Rashidov bilan ishlashgan veteranlarimizni bu komissiyaga kiritish kerak. Yubiley tantanalarini Jizzax shahrida o‘tkazsak, Xalqlar do‘stligi saroyida esa katta konsert bersak va butun sobiq Ittifoqdan Sharof Rashidov bilan birga ishlagan safdoshlarini taklif etsak, nima deysizlar? Hozir esa, yubiley komissiyasi raisini saylab olishimiz kerak, raisning qulochi Ittifoqqa yetadigan odam bo‘lishi kerak, aytinglar, kimni rais qilamiz?”

Hamma bir ovozdan “Raislikka faqat siz munosibsiz, Islom aka” degan taklifni shartta to‘xtatib, men faxriy rais bo‘lay, chunki bu vazifa vaqt talab qiladi, amaliy rais Jo‘rabekov bo‘lsin, u Rashidov bilan uzoq ishlashgan, eng muhimi, ustozini sotmagan, qamalishiga bir bahya qolganda ham, hatto Gdlyan do‘q-po‘pisa qilib va hatto shaxsan Nishonov shuni iltimos qilganda ham, sotmagan va sotilmagan, yuzini, vijdonini saqlab qolgan. Mavlon Umurzoqov, mayli, muovin bo‘lsin, chunki ancha-muncha tashkiliy masalalarni hal qilish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, endi yotib doimiy ishlaydigan, matbuotni ishga soladigan ishchan kotib kerak, asosiy yuk uning bo‘ynida bo‘ladi, agar bu inson Rashidov bilan ishlashgan va uni yaqindan biladigan odam bo‘lsa, yomon bo‘lmasdi!…”

Yubiley komisiyasi ma’sul kotibligi vazifasini mening zimmamga yuklar ekan, Islom aka qat’iy topshiriq berdi:

— Bugungi yig‘ilishimizni yubiley komissiyasining 1-majlisi sifatida rasmiy bayonlashtirib yozing, majlis shunday qaror qabul qiladi:

  1. Sharof Rashidov nomini abadiylashtirish va uning oilasiga belgilangan barcha imtiyozlarni olib tashlagan KPSS Markaziy Komiteti va Politbyuro qarorlarini bekor qilish hamda nohaq qaror sifatida tubdan qoralash.
  2. Sharof Rashidov oilasining barcha huquq va imtiyozlarini tiklash, shaxsan Xursan Rashidovaning holidan xabar olish va tez kunlarda u bilan Sharof Rashidov haqida batafsil suhbat qilib, matbuotda yoritish (shu yerda Islom aka ajoyib bir xotirani esga oldi: bilasizlarmi, men Samarqandda Bibixonim ko‘chasida tug‘ilganman. Bu ko‘cha sovetlar davrida “8 mart” deb o‘zgartirilgan bo‘lsa-da, kattayu kichik Bibixonim ko‘chasi deb ataydi va buni faxru iftixor bilan aytadi. Bibixonimni biz, samarqandliklar Temur bobomizdan kam yaxshi ko‘rmaymiz, chunki, Temurni Temur qilgan Bibixonim bo‘ladi! Bu donishmand va oqila ayol Temurni ko‘pdan-ko‘p balolardan saqlab qolgan, barcha yaxshi ishlarida madadkor bo‘lgan. Temuriylar avlodining tarbiyachisi — onaxoni bo‘lgan! Bibixonimsiz biz Ulug‘bekday buyuk olimga ega bo‘lolmasdik… Men Xursan opada Bibixonimning barcha xislatlarini ko‘raman! Bu zahmatkash ayolsiz biz Sharof Rashidovday barkamol rahbarga ega bo‘lolmasdik, deb ayta olaman! Bu donishmand ayol millatning onasi, millatning tarbiyachisi bo‘lishga arzigulik! Qirq yil Sharof Rashidovday buyuk insonning soyasi bo‘lib yashash, qirq yil parda ortida turish, qirq yil oilada temir intizomni saqlay bilish tarixda bo‘lmagan hodisa, bu faqat Xursan opaning qo‘lidan keldi. Mana, bizning davr, bizning zamonning Bibixonimi! Bu xokisor va oqila ayolning o‘xshashi yo‘q, bundan keyin ham bo‘lishi qiyin, chunki bunday musaffao va pokiza qalb bo‘lishi uchun, Xursan opa bosib o‘tgan yo‘lning hech bo‘lmaganda yarmisining yarmini bosib o‘tish kerak! Buning uchun buyuk sadoqat, buyuk vafo, buyuk sabru toqat kerak! Sharof Rashidovday buyuk zotning boshidanoq peshonasi yarqiragan bo‘lgan, nazarimda. Yigirma besh yoshida qirg‘inbarot urushdan omon chiqib viloyat gazetasining bosh muharrirligidek katta maqomga erishgan, yurtga taniqli shoir va jurnalist, ko‘rkam va kelishgan yigit ming-minglar ichidan Xursan opaday ota-onasiz yolg‘iz qolgan bir qizni o‘ziga yor qilib tanlar ekan, u o‘zining uzoqni ko‘ra bilishini, yoshligidanoq naqadar zukkoligini yana bir bor ko‘rsatgan va adashmagan edi! Keling, bizning avlodimiz Xursan opani deyarli ko‘rmay-bilmay, tanimay o‘tdik, endigi avlodimiz tanisin, bilsin, yoshlarimiz u kishidan ibrat olsin! Mana, bizga Xursan opa namunasi nima uchun kerak, shuni unutmaylik, u kishi birinchi navbatda millatga kerak! Bunday insonlar — mildlatning ko‘rki, millatning baxti! Xursan opa Rashidovlar oilasining malikasi bo‘lganlar va ayni paytda, hech shubhasiz, Xursan G‘afurovna — zamonamiz farishtasi! — deb yakunladi Islom aka o‘z so‘zini. Yana bir voqea yodimda, shu gapdan keyin Samarqandda ham shoshilinch o‘zgarish qilindi, “8 mart” ko‘chasiga o‘zining tarixiy — Bibixonim nomi qaytarildi…)
  3. Sharof Rashidov oilasini German Lopatina ko‘chasidagi o‘z qonuniy uyiga tez kunda ko‘chirish vazifalari yuklansin…

Talabalarning tashabbusi asnosida Sharof Rashidovning 75 yillik yubileyiga asos solindi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasiga Sharof Rashidov yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi va tez kunda dastur dunyoga keldi va yanada boyitildi.

Shu ma’noda hech ikkilanmay aytishim mukinki, Xursan Rashidova bilan bo‘lgan ushbu tarixiy suhbatning asl muallifi Islom Karimov bo‘lgan edi. O‘shanda bu jur’atni Islom aka bermaganida, bizga qanot bag‘ishlamaganida, umrimizning yana ko‘p qismini majlisbozlik bilan o‘tkazgan bo‘larmidik… Lekin ushbu bayonnomaning 3-bandi bajarilmay qoldi. Mamlakat Prezidenti bu uyni, kerak bo‘lsa, militsiya orqali bo‘shatinglar, ularga (ya’ni Sharof Rashidov uyini egallab turganlar nazarda tutiladi) aytgan joyidan uy beramiz, xohlasa kotej beramiz… Bu uy kelajakda Sharof Rashidovning uy-muzeyi bo‘lishi kerak, degan bo‘lishiga qaramay, salkam o‘ttiz yildirki, Islom Karimovning topshirig‘i bajarilmay qoldi… Mana, hozirgacha, Sharof Rashidovday buyuk zot qayerda yashagan edi, degan savol hamon ochiq — javobsiz.

Xullas, Prezidentning shunday tashbehlaridan keyin men Xursan opaning huzuriga oshiqar ekanman, intervyu qanday kechishi, zamonamiz Bibixonimining qalbiga yo‘l topish tashvishlari, tabiiyki, yelkamdan yergacha bosib turardi. Xudoga ming shukr, o‘shanda kutilmaganda Oqil Umurzoqovich xonamga kirib keldilar va dabdurustdan “Xursan opadan bildim, sen hali ham bormabsan-ku” deb qoldilar va bundan bir necha yil burun Markazqo‘mda ishlagan kezlarmizdagidek, oldilariga solib olib ketdilar…

Hozir bundan roppa-rosa 28 yil avval yozilgan, “Saodat” jurnalining 1992 yil 10-sonida e’lon qilingan o‘sha suhbatni e’tiboringizga havola etarkanman, unda tilga olingan fikrlar bugun ham g‘oyat muhim deb o‘yladim. Zero, sadoqat, nafosat, mehru vafo, matonat va fidoyilik — ayol ko‘rki. Bunday xislatu fazilatlar sohibalari esa har bir zamonda, har bir makonda ulug‘lanadi, e’zozlanadi. Xursan Rashidovaning mazmunli hayot yo‘li nafaqat buyuk davlat arbobi, yetuk ijodkorning rafiqasi, balki jonfido ayol sifatida ham ibratga loyiq.

Shu o‘rinda o‘z davrida mazkur suhbatning o‘quvchilar qo‘liga yetib borishida shoira, o‘sha paytda “Saodat” jurnali bosh muharriri bo‘lgan Halima Xudoyberdiyevaning katta mehnati va ijodiy yordami borligini mamnuniyat va qarzdorlik tuyg‘usi bilan yodga olishdan baxtiyorman.

***

RAShIDOVLAR SULOLASINING MALIKASI

“— Men 1920 yilda Jizzax rayonining hozirgi Navoiy nomli kolxozida o‘rik gullagan faslda tug‘ilgan ekanman, deydi Xursan Rashidova. — Onam, Norbuvi Haydarova asli sarbazorlik (hozirgi G‘allaorol rayoni) bo‘lib, savodsiz, oqko‘ngil o‘zbek ayoli edi. Otam Abdug‘affor hoji Boymatov uch marta haj ziyoratini bajo keltirgan, ma’lumotli kishi edilar. Hatto Oktyabr inqilobidan keyin ham haj safariga ulgurgan ekanlar. Otamning otalari — bobom Boymatboy hojining hoki tuprog‘i Makkada qolgan, haj safarida bandalikni bajo keltirgan ekanlar. Otam qazo qilganda men 7 yoshda edim. Onam rahmatlik ham mening to‘yimni ko‘rolmadilar. 1942 yil oxirida frontdan qaytgan muallim Sharof Rashidov bilan turmush qurdik. To‘rt qiz — Sayyora, Dilorom, Gulnora, Sveta va Ilhomjonning onasi bo‘ldim. Sharof Rashidovdek buyuk insonning hayotiga hayotim tutash bo‘lganidan baxtiyorman. Men baxtli ayolman…


— Xursan G‘afurovna, rozi bo‘lsangiz, suhbatimizni siz Sharof Rashidov hayotiga, Sharof Rashidov sizning hayotingizga kirib kelgan, ta’bir joiz bo‘lsa, yulduz-yulduzga mos tushgan — muhabbat bog‘idan gul tergan ilk kundan, ilk voqeadan boshlasak…

— Bu “bog‘”ga kim qachon kirgani va kim qachon gul tergani o‘zimizga ham ayon emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, bizda muhabbatdan boshqa yana bir qudratli kuch bo‘lganki, men buni ta’riflay olmayman. Chunki hali taqdirimizni bog‘lamay turib Sharof aka men uchun ham ota, ham ona, ham og‘a, ham suyanchiq rolini o‘taganlar. Aniqroq aytsam, Sharof aka Jizzax pedagogika texnikumini yaqindagina bitirib bizga adabiyotdan dars berardilar. Men o‘shanda 7-sinfda o‘qir edim. Butun sinfni u kishi o‘zlariga mahliyo qilib olgandilar. Sinfda 36 o‘quvchi bo‘lib, shundan 10 nafari qizlar edi. Yodimda A.S.Pushkinning yuz yilligi arafalari edi. Sharof aka Pushkinning o‘nlab she’rlarini yod bilar va hayratlanib o‘qirdi. U kishi tufayli adabiyot fani bizni o‘z sehriga olgandi. Bir safar hamma g‘o‘r o‘quvchilar kabi men ham o‘z o‘qituvchimning sehri bilan kalovlanib, undan so‘raganim yodimda “Muallim (biz Sharof akaga shunday murojaat qilardik), nega hamma sizni birday Sharofjon deydi. Nega hamma sizni yaxshi ko‘radi?”, “Chunki men hammani yaxshi ko‘raman, Xursanoy, — degandilar Sharof aka. — Odamlarga qanday munosabatda bo‘lsangiz, odamlar ham sizga shunday munosabatda bo‘ladilar…”.

Sharof akaning nafaqat o‘ziga yaqin tutgan odamlarni, balki bir ko‘rishgan odamlarni ham sehrlab qo‘yguvchi ohanrabosi bor edi. Shu jihatdan mening onam bilan bo‘lgan ularning ilk uchrashuvi ko‘zim oldiga kelaveradi… 1937 yil Sharof aka biz, yetti yillik maktabni bitirayotgan bir guruh qizlarni O‘zGU (hozirgi SamDU)ga o‘qishga yuborish tashabbuskori bo‘lgan edilar. Men ham maktab a’lochisi sifatida ana shu ro‘yxatga tushgan edim. Lekin o‘qishga jo‘nashim uchun onamning roziligini olishim shart edi. Mening yolg‘iz qiz boshim bilan Samarqanddek azim shaharga jo‘nashimni onam xayoliga ham sig‘dira olmasdilar. Sharof aka onamni maktabga taklif qilib, meni o‘qishga jo‘natishga ko‘ndirganda, bu suhbatning naqadar yengil ko‘chganiga lol qolgan edim. Sharof aka bilan onamning suhbatini eshik tirqishidan ham ko‘rib, ham hayajon bilan quloq solib turardim. Sharof aka aynan qaysi so‘zlari bilan onamga murojaat qilganlari hozir yodimda yo‘q. Biroq “Xursanoy o‘qishi kerak, a’lochi, qobiliyatli va hokazolar” deganlarini eslayman. Shu bilan bir qatorda onamning javobini eshitib, men “shu gapirayotgan mening onammi?”, deb yoqa ushlab qolgandim. “Mayli, Sharofjon, o‘g‘lim, qizimni sizga, sizni xudoga topshirdim”. Eshik tashqarisida turib uyalgandan yuz-ko‘zim lovullab qizarib ketgan edim.

Yo‘lda esa “Nega unday dedingiz, ona? Nega meni “birov”ga topshirdim, deysiz, — dedim uyalganimni yashirolmay. — Nega darrov endi ko‘na qoldingiz?”. “Bu yigitning shunday ohanrabosi” bor ekanki, men unga yo‘q degan so‘zni ravo ko‘rmadim, —degandilar onam. — Bu yigitda o‘ziga xos xislat bor, qizim. Xizir ko‘rgan yigit. Menga shunday tuyuldi. U yigit kam bo‘lmaydi. Unga suyanganlar ham…”

1937 yil kuzida 15 ta jizzaxlik yigit-qiz O‘zGU qoshidagi ishchilar fakultetiga o‘qishga bordik. Sharof aka o‘sha yili O‘zGUning filologiya fakultetiga o‘qishga kirib, ayni paytda “Lenin yo‘li” gazetasida ham ishlardilar. Sharof aka oliyjanob inson edi. U gazeta redaksiyasidan olgan maoshidan turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan bir guruh talabalarga doimiy yordam ko‘rsatib turardi. Dugonalarim Nishonbuvi, Zaynab va kursdoshlarimiz Hayitboy, Sulton va boshqalar bu yordamdan bahramand edilar.

1941 yil urush boshlangan kezdanoq Sharof aka bizning taqdirimiz haqida, ayniqsa, qattiq qayg‘ura boshladilar. O‘sha yili avgust oyida Sharof akani Samarqand vokzalidan frontga kuzatib qo‘ydik. Jizzaxdan otalari Rashid bobo va tog‘alari Hamroqul Nosirov keldilar. Poyezd vokzali perronida jo‘nash oldidan Sharof aka biz bilan birma-bir xayrlashdi. Shunda kutilmaganda otalari va tog‘alari tomonga o‘girilib, iltimos ohangida so‘z qotdilar: “Tog‘a, sizdan iltimos, ota, sizdan ham, Xursanoyni Jizzaxga olib ketsalaringiz… U yoqdan omon-eson qaytsam, biz birga bo‘larmiz”. U paytda men ota-onasiz va yolg‘iz o‘z muallimimga suyanib qolgan edim. Balki mana shu siz aytgan ilk muhabbatdir. Balki mana shu yulduzi-yulduziga duch kelishidir. Balki mana shu taqdirdir. Xudoga ming qatla shukr, taqdirimdan mamnunman.

— Sharof Rashidovning taqdir yo‘li o‘ziga xos mo‘’jiza bo‘lgandi. Va hamon shundayligicha qolmoqda: 25 yoshida u obkom kotibi, 30 yoshida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri, 32 yoshida Respublika Yozuvchilar uyushmasining raisi, 33 yoshida respublika Oliy Soveti Prezidiumining Raisi, 42 yoshida O‘zbekistonning birinchi rahbari! Qariyb 24 yil “birinchi rahbar”likda og‘ishmay turishning o‘zi bo‘ladimi?! Hayotlik paytidayoq unga haykal qo‘yilgandi. Xursan G‘afurovna, Sharof Rashidov benazir kishimidi? Tabiat unga alohida qanday xususiyatlar baxsh etgandi? “Xudo bergan” tomonlari nimada edi?

— 1942 yilda Sharof aka jangdan yarador bo‘lib qaytgach, Farhod GESi qurilishiga jalb etildi. Mana shu qurilishda u kishi Akop Abramovich Sarkisov, yurtdoshlari Mamanazar Tursunov, Zokir Normatov va boshqalar bilan birga bo‘lganlar. Qurilishda partiya tashkilotchisi bo‘lib qatnashayotgan Sharof aka Farhod GESi qoshidagi boy kutubxonada bosh ko‘tarolmasdi. Odatdagidek kutubxonada mutolaaga sho‘ng‘ib turganida kimningdir g‘oyibdan kelgan momaqaldiroq gulduragidek ovozi yangraydi. “Bu yigit kim?”.

Kitob dunyosiga sho‘ng‘ib turgan Sharof aka o‘girilib salom beradi. Shunda odamlar qurshovida kelayotgan pahlavon kelbatli, baland bo‘yli, soyabonli shapka kiygan noma’lum kishi o‘zidan o‘zi so‘ragandek savolga tushadi: “Muncha yulduzi isig‘-a, bu soldat yigitning? Kimsan o‘g‘lim?”.

Sharof Rashidovning Farhod GESiga tashrif buyurgan Usmon Yusupov bilan ilk uchrashuvi mana shunday kechgan ekan. Bu haqda Sharof aka keyinchalik bir necha bor to‘lqinlanib hikoya qilgan edi. Usmon Yusupov qayta-qayta savolga tutgan va savol-javob nihoyasida yonidagi yordamchisiga qarab: “O‘rtoq Rashidovning koordinatlarini yaxshilab yozib oling, Toshkentga borgandan keyin menga eslatasiz”, — deydilar.

1942 yil kuzida Sharof aka bilan turmush qurdik. Narziqul aka degan Jizzax raykomining birinchi kotibi to‘yimizga bosh bo‘lganini eslayman. 1943 yil avgustda qizimiz Sayyora tug‘ildi. Sayyora to‘rt oylik bo‘lganda bizni rahmatlik qaynotam Rashid buva va u paytlarda o‘smir bo‘lgan O‘ktam Oripov Jizzaxdan Samarqandga ot-aravada ko‘chirib olib keldilar. Samarqandda “Sovetskaya” ko‘chasidagi 19-uyda yashadik. Bu paytda Sharof Rashidov “Lenin yo‘li” gazetasining mas’ul muharriri edi. Keyinchalik u tez orada Samarqand obkomining kadrlar bo‘yicha kotibi bo‘ldi. 1946 yilning boshlari edi. Usmon Yusupov Sharof akani Toshkentga shoshilinch chaqirib qoldi. Usmon ota negadir Sharof Rashidovni Fatxiddin Shamsiddinov va Najimovlar bilan birgalikda qabul qilganlar. Ular ham Usmon Yusupov suhbatiga chaqirilgan ekan. U.Yusupov Sharof Rashidov bilan eski tanishlardek quyuq so‘rashib, “Komsomol ishiga qanday qaraysiz, o‘g‘lim?” deb so‘raydilar. Sharof Rashidov esa dabdurustdan qo‘yilgan taklif girdobidan chiqib ketish o‘ng‘ay emasligini sezgach, yurakdagi asl muddaosini ro‘y-rost aytishga o‘tadi. Va ijodiy ishga mayli zo‘rroq ekanligini va iloji bo‘lsa, uni viloyat gazetasida qoldirishlarini so‘raydi. “Nima, obkom og‘irlik qilyaptimi, o‘g‘lim?” — so‘raydi Markaziy Komitet birinchi kotibi. “Gazeta yuragimga yaqinroq? — javob qaytaradi Sharof aka. Shunda fikrlari bir joydan chiqmaganini ko‘rib, Usmon ota Nosir Mahmudov (Samarqand viloyati partiya qo‘mitasining birinchi kotibi)ga qo‘ng‘iroq qiladi. “O‘rtoq Rashidovni respublika komsomol qo‘mitasiga birinchi kotib qilib tavsiya etish taklifiga siz qanday qaraysiz, Nosir Mahmudovich?”, deb so‘raydilar. Telefonda bir fursat davom etgan suhbatdan keyin Usmon ota trubkani qo‘yar ekan, “Xayr, men sizni tushundim, Nosir Mahmudovich” — deydi-yu va suhbatda qattiq qarshilikka duch kelganini yashirolmaydi: “Nosir Mahmudov ham o‘risning o‘zginasi, o‘jar odam. Komsomolga bo‘lsa, bermayman deyapti. Mayli, Samarqandda ishlab turgin, o‘g‘lim, senga munosib ish topamiz”. Oradan bir yil o‘tib Sharof aka “Qizil O‘zbekiston” gazetasiga muharrir bo‘lib keldilar. Oilamiz Toshkentga ko‘chib keldi. Sharof Rashidov ongli hayotining asosiy davrini — 36 yilini mana shu shaharda yashadi. Sharof aka Jizzaxda tug‘ildi. Samarqandda bilim oldi, lekin mening nazarimda, u kishi Toshkentda kamolotga yetdi.

Mening nazarimda, u Toshkentni Jizzax va Samarqanddan kam sevmasdi. U kishi Jizzaxni qadrlar, Samarqandni ulug‘lar, biroq Toshkentni jon dilidan sevardi. Bir kuni vaqti-soati yetib hoki tuprog‘i mana shu shahar tuprog‘iga singib ketishini bu odam his qilgan bo‘lsa ajab emas.

“Xudo bergan” tomonlaridan biri shunda ediki, ko‘p narsalarni Sharof aka oldindan ko‘ra bilardi. Hayotda kechgan ko‘pdan-ko‘p voqealarni u kishi avval tushda ko‘rganlarini aytganlari yodimda. Hatto, o‘z o‘limini ham. Sharof aka 1983 yil oktyabr fojiasidan ancha oldin yarim tunda meni uyg‘otdilar. Uyg‘otib, ancha vaqtgacha gap boshlamay turib qoldilar. Keyin esa “Xursanoy, men tush ko‘rdim, ertalab hammasini sizga aytaman”, — dedilar-da, yana yostiqqa bosh qo‘ydilar. Sezib yotdim, qaytib u kishining ko‘zlariga uyqu kelmadi. Keyin o‘zlarining aytib berishlaricha, o‘sha tunda u kishi choptirib kelayotgan oq ot avval qoqilib yiqiladi-yu, Sharof aka yerga qulaydi. Yana birozdan keyin qanot paydo qilgan ot Sharof akani olib osmonga ucha boshlaydi. Ulardan ham oldinda oppoq kiyingan, soch-soqoli ham oppoq bo‘lgan mo‘ysafid uchib boradi…

(Davomi bor…)

O‘zA