Arkadiy Raykinni o‘zbekcha gapirtirgan jurnalist

2020-06-16T06:34:17+05:0016 June, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Bu insonni o‘zbek jurnalistikasida qalam tebratayotgan yoshi ulug‘u, ayni paytda shu sohada ishlab yurgan ijodkorlar yaxshi taniydi. Unvoni bo‘lmasa-da, ba’zi unvoni borlardan ko‘ra olamga tatigulik, ko‘p va xo‘b ishlar qilgan. Rahimjon Sultonov shu kunlarda muborak 70 yoshini nishonlamoqda.

Rahimjon aka asli samarqandlik, Lomonosov nomidagi Moskva Davlat universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan. Uning qo‘lida yana Rossiyadagi bir qator oliy o‘quv dargohlarining bir nechta diplomlari ham bor. Ko‘p yillar davomida O‘zbekistonning Moskvadagi maxsus muhbiri bo‘lib faoliyat yuritgan.

O‘zbekistonning o‘sha vaqtlardagi rahbari Sharof Rashidov ham bu tinib-tinchimas,shijoatkor muxbir mehnatini juda qadrlardi. Sh.Rashidov KPSS delegatsiyasiga bosh bo‘lib, Misr, Jazoir, Zimbabve, Efiopiyaga rasmiy tashrif bilan borib kelgandan so‘ng birinchilardan bo‘lib Raximjon Sultonovga intervyu berganini keksa avlod jurnalistlari yaxshi eslaydi. Talabalik davrida davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tishda ayblangan xorijlik fuqaroning qo‘lga olinishida ham ishtirok etganligi ko‘pchilikning diqqatini o‘ziga tortishi tabiiy.

Yana bir shov-shuvga arziydigan ma’lumot. 1991 yil avvalida O‘zbekistonlik olov muxbir sobiq Ittifoq prezidenti Mixail Sergeyevich Gorbachevga mikrofon tutib, “siz Islom Karimovning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganganiga qanday munosabat bildirasiz?”- degan savolni bergan edi. O‘shanda SSSR rahbarining rangi o‘chib, I.Karimov ittifoq konstitutsiyasiga xilof ravishda ish tutdi, bu masala bilan hali shug‘ullanamiz deb javob berib osongina qutulgan edi.

Rahimjon aka O‘zbekiston SSR Oliy kengashining so‘nggi 12- sessiyasida xalq deputati sifatida I.Karimovning prezident etib saylanishiga ko‘pchilik qatori ovoz bergan edi. Islom aka moliya vaziri bo‘lgan paytida Moskvada O‘zteleradioning muxbirlik tarmog‘ini ochishda katta hissa qo‘shganligini alohida ta’kidlash joiz..Mashhur qiziqchi Arkadiy Raykinni o‘zbekcha gapirishga «majbur» qilgan ham yurtimizning cho‘rtkesar, «qaysar» jurnalisti bo‘ladi. Mashhur tabib Allan Chumak,yozuvchi Fedor Razzoqov, kinorejisser Ali Hamrayev, kinoaktyor Vladislav Strejelchik… shunga o‘xshash mashhur-mashhur shaxslar bilan uchrashib tele va radiosuhbatlar uyushtirib, minglab tomoshabinlar va tinglovchilarning e’tiborini qozondi. Rahimjon aka sobiq ittifoq davrida KPSS s’ezdlari, Oliy Sovet sessiyalarida yurtimizdan saylangan deputatlardan dolzarb mavzuda intervyular olib televideniye va radioda tezkorlik bilan yoritishda jonbozlik ko‘rsatdi.

Jurnalistikamiz faxriysi hozir «Rossiya» radiostansiyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha muxbiri bo‘lib ishlamoqda.

Rahimjon aka, sizga uzoq umr, oilaviy baxt tilaymiz. 80,90,100 yoshlaringizni birgalikda nishonlash nasib etsin.

Azim Po‘latov, “O‘zbekiston” teleradiokanali bo‘lim mudiri