“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi

2020-06-02T19:21:46+05:002 June, 2020|Yilning eng faol jurnalisti|

Diqqat, e’lon!

  1. Umumiy qoidalar

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi milliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat ko‘rsatayotgan jurnalistlarning kasbiy mahoratini oshirish, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi, islohotlar jarayonidagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni”ga bag‘ishlangan an’anaviy “Yilning eng faol jurnalisti” tanlovini pandemiya bois yuzaga kelgan karantin sharoitida Muvaqqat nizom asosida, on-layn tartibida o‘tkazishga qaror qiladi.

Tanlovga taqdim etiladigan jurnalistik ishlar – bosma ommaviy axborot vositalarida va internet nashrlarida chop etilgan maqolalar, efirga uzatilgan teleko‘rsatuv va radio eshittirishlarda turli sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va demokratik yangilanishlar jarayoni, jumladan koronavirus pandemiyasi va favqulodda holatlarda jamiyatimizda odamlarimiz tomonidan namoyon etilayotgan fidoyilik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi olijanob fazilatlar tobora mustahkamlanib borayotgani, Vatan taqdiri va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usi ma’naviy hayotimizning uzviy qismiga aylanib borayotgani o‘z aksini topgan bo‘lishi lozim.

  1. Tanlovni o‘tkazish tartibi

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi ommaviy axborot vositalarining barcha yo‘nalishlari – televideniye, radio, matbuot, fotojurnalistika, internet jurnalistika bo‘yicha o‘tkaziladi va tanlov natijasida 27 nafar jurnalist taqdirlanadi.

Hududiy ommaviy axborot vositalari nomzodlari televideniye, radio, bosma nashrlar, fotojurnalistika va internet yo‘nalishi bo‘yicha O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining hududiy bo‘limlari boshqaruvi bayonnomasiga ko‘ra har yo‘nalish bo‘yicha bittadan tanlanadi va ularning hujjatlari O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga 20 iyunga qadar jo‘natiladi.

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi qaroriga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi va har bir viloyatdan bir nafardan jami 13 nafar g‘olib aniqlanadi.

Markaziy ommaviy axborot vositalari bo‘yicha (jami 14 nafar) – O‘zbekiston Milliy teleradio kompaniyasi (4 nafar), Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi (2 nafar), O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (1 nafar), Dunyo axborot agentligi (1 nafar) g‘oliblarni o‘zi aniqlab beradi. Respublika miqyosidagi bosma (4 nafar) va internet (2 nafar) nashrlari bo‘yicha g‘oliblar ular 1 nafardan tavsiya etgan nomzodlar orasidan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi boshqaruvi qaroriga ko‘ra aniqlanadi. Boshqaruv qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.

  1. Tanlov shartlari

“Yilning eng faol jurnalisti” g‘olibini tanlashda jurnalistning ijodiy faolligi barobarida ijtimoiy hayotdagi faolligi ham e’tiborga olinadi. Bunda jurnalistning o‘tgan yilning 1 iyunidan joriy yilning 1 iyunigacha bo‘lgan davrdagi ijodiy va ijtimoiy faolligi nazarda tutiladi.

Ommaviy axborot vositalari o‘z nomzodlari haqida to‘liq ma’lumotli hujjatning (muhr bosilgan va skaner qilingan) elektron shaklini topshiradilar.

Hujjatlar quyidagilardan iborat:

muallifning pasporti nusxasi;

muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida ma’lumotnoma (ob’ektivka);

muallifning ijodiy va ijtimoiy faoliyati to‘g‘risida ommaviy axborot vositasi rahbarining tavsiyanomasi;

muallifning manzili va aloqa telefonlari.

Hujjatlar 2020 yilning 20 iyunigacha qabul qilinadi.

  1. G‘oliblarni taqdirlash

Tanlov g‘oliblari noutbuk kompyuteri va diplomlar bilan taqdirlanadi.

Tanlov g‘oliblari 27 iyun – “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” arafasida e’lon qilinadi.

“Yilning eng faol jurnalisti” tanlovi tashkiliy qo‘mitasi