Bosma nashrlar va muharrirlar zamonga mos bo‘lishsin!

2020-06-02T18:13:34+05:002 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

Qaror loyihasi muhokamada

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokama etilmoqda. Bu qaror “Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari muassisligidagi davriy bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash va ular faoliyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”dir.

Loyiha bilan tanishar ekanmiz, muharrir va ijodiy jamoa o‘z muassisi bilan “do‘ppini boshdan olib qo‘yib” Nizomni qonundan chiqmagan holda o‘z taraqqiyotlari uchun moslab qayta yozishlari kerakligini anglayapmiz. Amaldagi Nizomlarning tutqasi yo‘q edi. Bir vaqtlar shunchaki biri-biridan ko‘chirib yozib qo‘yilgandi. Ta’sis shartnomasi ham shu ahvolda edi. Muassisning ham, tahririyatning ham majburiyati aniq-tiniq bitilgan emas edi.

Loyihada 2020 yil 1 noyabrdan boshlab gazeta tahririyatlarini uch yil muddatga ijara to‘lovisiz yoki to‘lovning 50 foizi miqdoridagi shartnoma asosida davlat binolariga joylashtirish taklif etilmoqda. Bizning fikrimizcha tahririyatlarni o‘z binosi bo‘lmasa nomuayyan muddatga ijara to‘lovisiz joylashtirish kerak. Shahar va tumanlar hokimliklari binolaridan joy ajratilsa yanada yaxshi bo‘lardi.

Loyihada yil yakunida taqsimlanadigan tahririyat sof foydasi haqida yaxshi taklif bor. Bu turdagi mablag‘ning muassisga tegishli qismini tahririyat hisobida qoldirish kerakligi juda yaxshi. Biroq tumanlar, shahar, viloyat va ehtimolki respublika ayrim gazetalarida sof foydaning miqdori qancha?! Sof foyda bormi o‘zi?! Shuning uchun ta’sis shartnomasi mukammal bo‘lishi, tahririyatning iqtisodiy ahvoli ustivor bo‘lishi kerak. Bu tartib “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasida o‘z aksini topgan. 11-moddada esa tahririyat Nizomida nimalar aks etishi kafolatlangan. Uning “muassis va tahririyatning huquq hamda majburiyatlari”, “tahririyatni moliyalashtirish manbalari”, “foydani taqsimlash va zararlarning o‘rnini qoplash tartibi” bugungi bozor sharoitida mutloqo yangi mezon va talablar asosida yoritilishi kerak.

Muassis va tahririyat shtatlar jadvali bo‘yicha xodimlar sonini adolatli belgilashi ham muhimdir. Bugun ish xajmi bir hil bo‘lgan tahririyatlarning birida 3, boshqasida 5, hatto 8 shtat birligi bor. O‘z balansida stol-stulidan boshqa mulki bo‘lmagan tahririyatda xo‘jalik bo‘limi mudiri shtatining bo‘lishi mutloqo to‘g‘ri emas. Endi o‘z balansida bino bo‘lmasada gulchi-bog‘bon, qoravul shtatini “ushlab” turganlar ham yo‘q emas.

Qaror loyihasidagi “hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari xisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish” taklifiga har bir muassis bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishi zarur. Negaki, mahalliy axborot tizimlari orasida xalq uchun eng ishonchli vosita gazeta bo‘lib kelgan. Gazetxonlar bilan uchrashuvlarda “ijtimoiy tarmoqqa xabarni bugun qo‘yib, ertaga o‘chirib yuborisharkan, gazetada chiqsa ishonaman” deguvchilar tuman aholisining asosiy qismini tashkil etsa men hech ajablanmayman.

Loyihaning 3-bandiga jiddiy o‘zgartirish kiritish maqsadga muvofiq. Tahririyat xodimlarining shtat jadvali bo‘yicha soni va ularning ish haqi miqdorlarini tasdiqlash va ushbu mehnatga haq to‘lash bilan bog‘liq harajatlarni qoplashga mahalliy hokimiyat organlarining viloyat, tuman, shahar byudjetidan tashqari jamg‘armalari hisobidan yetarli miqdorda mablag‘ ajratish masalasi belgilangan. Sanoatlashgan, iqtisodi baquvvat tumanlarda buning iloji bordir. Ammo agrosanoat tumanlarida buning umuman iloji yo‘q.

Lekin ochiq tan olish kerakki, tuman hamda shahar gazetalari o‘z nashrlarini elektron variantlarini ishlab chiqishga “yeng shimarib” kirishmoqchi bo‘ladilaru “qo‘l qisqaligi” – mablag‘ yo‘qligi uchun sayt yaratolmayotgan edilar. Dasturchilar esa “otning kallasiday” narx aytishayotgan edi. Hozir kimgadir 7-10 mln. so‘m hech narsa bo‘lmasada, har biri 600-700 ming so‘m oylik maosh olayotgan tahririyat jamoasi uchun bu og‘irlik qilayotgan edi. Shuning uchun OAVni ro‘yxatga olish oldidan muassis tahririyat hisob raqamiga kutilmagan xarajatlarni inobatga olib, kattaroq miqdorda ulush tashlab berishi maqsadga muvofiq. Negaki, hozir shahar, tuman, viloyat gazetalari tahririyatlarida muassislarning mablag‘ bilan bog‘liq biror tiyin yordami yo‘q. Vaholangki, ular davlat muassasasi sifatida Davlat aktivlari viloyat boshqarmasiga ham hisobot topshiradigan bo‘lganlar. Ro‘yxatdan o‘tishda xo‘jalik xisobida bo‘lgan tahririyat endilikda sun’iy ravishda davlat muassasasiga aylantirib qo‘yilgan. Bu kim uchun kerak edi?! Demak tahririyat davlat muassasasi bo‘lsa davlat ulushi kiritilishini davrning o‘zi taqozo etmoqda.

2021-2022 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish zarurligi bu loyihada o‘z aksini topgan. Aksariyat gazetalarning sayti mavjud. Ammo ularning yangilanishi qoniqarsiz. Demak, 1 sentyabrga qadar davriy bosma nashrning elektron variantlarini ishga tushirish kerak. Buni amaldagi qonunchilikka ko‘ra OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish lozim. Loyihada kafolatlanganiday bojsiz!

Rag‘bat yo‘qligi uchun oliy o‘quv yurtini bitirganlar mahalliy nashrlarga ishga kelmayaptilar. Qaror loyihasining 5-bandida jurnalist kadrlar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi normani chuqurlashtirilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Bugun O‘zbekistonda 7 ta Oliy ta’lim muassasasida jurnalistika yo‘nalishi bo‘yicha qabul bo‘ladi. Ularga mos ravishda har bir viloyat bo‘yicha axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasiga kvota ajratilsa edi. Hozirgacha bosma va elektron OAVda ishlab besh, o‘n yil yaxshigina ko‘nikmaga ega, yashashni shu kasb orqasidan deb o‘ziga qat’iy axd qilgan, ammo oliy ma’lumotga ega bo‘lmaganlar bor. Eng muhimi ular kontrakt to‘lovini to‘lashga ham tayyor.

Loyihadagi oyda bir kun davlat muassasasi va mahallalarda gazetxonlik kunlarini o‘tkazish nihoyatda qimmatli. Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining mahalliy kengashlar sessiyalaridagi xisobotlarini chop etshni yo‘lga qo‘yish taklifi ham ma’qul. Ammo bu xisobot shahar, tuman gazetalarida berilishi hozirda odatga kiritilgan.

Loyihada ehtiyojmand va faol jurnalistlarni moliyaviy ahvolini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlar ham ko‘zda tutilgan. Bizningcha bu taomil aniqlashtirilishi kerak. Matbuot sohasida 10, 20, 30, 40 yil va undan ortiq uzluksiz ishlaganlarga ish davri va pensiyaga chiqqach qo‘shimcha ustama ko‘zda tutilishi kerak.

Loyihaning 6-bo‘lim a) bandidagi “ustivor ravishda” so‘zlarni olib tashlash kerak. Negaki, bugungi xalq ta’limidagi talablarning og‘irligi, ishning mas’uliyati aksariyat o‘qituvchi-pedagog mutaxassislarning tahririyatlarda qo‘nim topganligini ko‘rsatmoqda.

Umuman olganda qaror loyihasi ustida ko‘p ishlangan. Bu qarorni bosma OAV xodimlari, mumtoz jurnalistikaga jonini fido qilganlar ko‘p kutgan edilar.

Rahimjon Irisov,

Namangan viloyati axborot va

ommaviy kommunikatsiyalar

boshqarmasi boshlig‘i.