«Mustaqil O‘zbekiston Qahramonlari» nomli kitob-albom tayyorlanadi

2020-06-02T18:08:09+05:002 June, 2020|Umumiy yangiliklar|

“O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va yuqori darajadagi ordenlar sohiblarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan manzilli targ‘ibot tadbirlari tashkil qilinadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va yuqori darajadagi ordenlar sohiblarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan manzilli targ‘ibot tadbirlarini tashkil qilish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi bilan hamkorlikda tashkiliy-ijodiy guruh shakllantirgan holda besh oy muddatda “Mustaqil O‘zbekiston Qahramonlari” nomli kitob-albom tayyorlaydi. Kitobni nashr etish xarajatlari Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi fondidan qoplanadi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi ikki oy muddatda ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalari o‘rtasida “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va yuqori darajadagi ordenlar sohiblarining hayoti, mehnat faoliyati, jasoratini keng targ‘ib qilishga bag‘ishlangan tanlovlar o‘tkazadi.

Madaniyat vazirligi, Badiiy Akademiya, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi va O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi ikki oy muddatda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va yuqori darajadagi ordenlarga sazovor bo‘lgan fidoyi vatandoshlarimiz haqida davlat muzeylari va ko‘rgazma zallarida foto va rasmlar ko‘rgazmalari, tasviriy-targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, ular mehnatini madh etuvchi badiiy, publitsistik asarlar, she’r va dostonlar, tasviriy asarlar, qo‘shiqlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, amalga oshiradi.

“O‘zbekkino” milliy agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va O‘zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamkorlikda ikki oy muddatda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni va yuqori darajadagi ordenlarga sazovor bo‘lgan yurtdoshlarimizga bag‘ishlangan filmlar, turkum teleko‘rsatuvlar tayyorlash, radioviktorinalar o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni ishlab chiqadi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi yoshlarning qiziqish va intilishlarini hisobga olgan holda uch oy muddatda O‘zbekiston Qahramonlari faoliyatini yoritishga qaratilgan veb-sayt yaratadi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga mazkur veb-resursdagi materiallarni ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda keng yoritib borish tavsiya etiladi.

“Kun.uz” dan olindi.