Namanganda qo‘g‘irchoq teatri quriladi

2020-06-02T18:00:58+05:002 June, 2020|Namangan vil.|

Madaniyat va san’at xalqning yuzini, nechog‘lik rivojlanayotganini ko‘rsatib kelgan. Bu sohaga har qancha e’tibor qaratilsa arziydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda ham milliy madaniyatni yanada rivojlantirish, O‘zbekistonning yangi tarixini yaratish, moddiy va nomoddiy madaniy meros durdonalarini saqlash va targ‘ib etish, xalq og‘zaki ijodiyoti va havaskorlik san’atini yanada ommalashtirish, yurtimizning jahon madaniy makoniga faol ishtirokini ta’minlash, madaniyat va san’at sohasini innovatsion rivojlantirishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

“Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonining e’lon qilinishi sohaning yanada rivoj topishiga xizmat qilishi, shubhasiz.Farmonda ko‘zda tutilganidek, 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab notalar to‘plamlari va maxsus musiqiy adabiyotlarni O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan chop etilishi, davlat organlari va tashkilotlari tizimidagi konsert, madaniyat saroylari va boshqa muassasalarda to‘liq jonli ijro asosida o‘tkazilgan konsert dasturlari uchun ijara to‘lovidan 50 foiz chegirma berish tartibining joriy etilishi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi – Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati, davlat muassasasi shaklidagi Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutlari, respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji etib qayta tashkil etilishi sohada jiddiy o‘zgarishlar yuz berishidan darak berib turibdi. Har oyning birinchi yakshanbasi davlat muzeylarida “ochiq eshiklar kuni” deb e’lon qilinishi bilan birga fuqarolarning davlat muzeylariga bepul kiritilishi xalqimizning milliy madaniyat va san’atimizdan boxabar bo‘lib turishlari uchun xizmat qiladi.

Farmonga ko‘ra, ikki oy muddatda Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida qo‘g‘irchoq teatrlarini tashkil etish, mazkur viloyatlarda qo‘g‘irchoq teatrlari binolarini qurish, ularga ajratilgan binolarni rekonstruksiya qilish, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash ishlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori loyihasining kiritilishi biz uchun chinakam xushxabar bo‘ldi.

Viloyatimizda Bolalar teatriga bo‘lgan ehtiyoj qoplanadi va farzandlarimiz milliy qo‘g‘irchoq teatrlarimiz tomoshalaridan bahramand bo‘lishadi.

Saida Ismoilova