Beruniy bo‘lishga shoshilmaylik!

2020-05-16T05:34:43+05:0016 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

O‘tgan oy boshlarida qurilish va tomorqada ishlatiladigan ashyolar sotiladigan savdo markaziga kirib, to‘g‘risi hang-u mang bo‘lib qoldim. Sababi bu yerda biz qishloqdagi yumushlarda ishlatadigan uskunalarning – ko‘plab qulayliklarga ega kamida 10-20 xil turlari bor edi. (Vaholangki, biz ularning eng ibtidoiy “variant”larini ishlatib yuribmiz!) Oddiy bolg‘aning ko‘plab turlarini ko‘rib hayratda qoldim. Sotib olmasamda ombir, bolta, tokqaychi kabilarni birma-bir qo‘limga katta qiziqish bilan ko‘rardim. Sababi ularning har bir turi alohida-alohida “startap” – unisi bunisidan afzal, o‘ziga xos qulaylikka ega yangi ixtiro edi.

Mahsulotlarning boshqa tomoniga ahamiyat qaratganimdan so‘ng, vujudim qanchalik shiddat bilan shavqqa to‘lgan bo‘lsa, shu darajada tezda hafsalam pir bo‘ldi. Sababi bu tovarlarning birortasi O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan edi. Hartugul, men bunday yorliqni izlab topolmadim.

Nega bu fikrlarni bayon qilyapman?

O‘tgan yili mamlakatimizda “innovatsiyalar yili” edi. Joriy yilimiz esa “ilm-ma’rifat yili” bo‘ldi. O‘tgan yildan boshlab yurtimizda hech qachon kuzatilmagan hodisa yuz berdi, ya’ni odamlarning ixtirochilikka bo‘lgan qiziqishi rag‘batlantirila boshlandi. Televideniyeda ba’zi joylarda qo‘lbola mashina va yoki shunga o‘xshash narsalar yaratilgani “piar” qilindi. Ayniqsa, yoshlar orasida “Yosh ixtirochilar klubi”, “Yosh innovatsiyachilar to‘garagi” kabilar faoliyatini yo‘lga qo‘yish ham “urf”ga kirdi. Navoiy viloyatida ham xuddi shunday to‘garaklar tashkil etilgani, hatto viloyat hokimi tomonidan yuzmillionlab mablag‘lar aynan ixtirochi yoshlarga taqdim etilgani yuzasidan ommaviy axborot vositalarida bot-bot yoritildi. Bugungi kunda bu to‘garaklar ishlayaptimi-yo‘qmi — bilmadim.

Haqiqatda yoshlarimizdan umid katta. O‘tgan yili ular tomonidan bir qator — men o‘zim guvoh bo‘lganim navoiylik yoshlar biryo‘la ko‘plab yumushlarni bajaradigan robotlar, innovatsion tez tibbiy yordam mashinalari va shu kabi “ixtiro”lar qilindi.

Yaqinda yana bir shunday yosh vakilimizning koronavirus infeksiyasini aniqlovchi qurilma ixtiro qilganligi OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi. Bu yaxshi “urinish”, albatta. Biroq, biz kimni aldayapmiz?

Bugun dunyoning ne-ne olimlari ustida bosh qotirayotgan masalani bizning maktab o‘quvchisi hal qildi, desak uyat emasmi? Ayb avvalo bizda — kattalarda, yoshlarda emas. Ularning har bir xatti-harakatiga to‘g‘ri baho berolmayotganimizda. Ixtirochilik rag‘batlantirilayotgan bugungi davrda ularning bu layoqatini – ichki quvvatini to‘g‘ri yo‘naltira olmayotganimizda. Ayrim mas’ul idoralar uchun ixtiro qilishsa bo‘ldi, nimani ixtiro qilishayotgani bilan esa ularning ishi ham, dardi ham yo‘q. Ular maqtanish uchun “Navoiylik yoshlar falon-falon narsalarni yaratdi”, desa bo‘ldi.

– Afsuski, biz yashayotgan jamiyatda, viloyatimizning o‘zida yuzlab “trollar” bor, – deydi Navoiy shahridagi “Sensorika” MChJ rahbari Norbek Arziyev. – Ular haybarakallachilar. Yolg‘on narsani bor deb ko‘rsatib, “biz buyuklar avlodimiz”, deya quruq gaplar bilan ijtimoiy tarmoqlarda post qoldiradiganlar. Bunday kayfiyatdan voz kechishimiz keark. Bugungi davr qarsakbozlik davri emas. Ayni paytda har bir narsaga tanqidiy ko‘z bilan qarashimiz lozim.

Yoshlarning intilishini so‘ndirmagan holda aytmoqchimanki, Beruniy bo‘lishga oshiqmaylik. Bu qaysiki ma’noda, ya’ni Beruniy faqat ilmiy isbotlari uchungina buyuklik darajasiga ko‘tarilaqolmagan. Bobomiz avvalo ilmi, odobi, sabri, taqvosi (bu ro‘yxatni yana uzoq davom etish mumkin) yuksak bo‘lgani uchun katta salohiyatga ega bo‘lgan. Keling, yaxshisi ixtironi robototexnika, radiosignallar orqali ishlayodigan boshqa murakkab qurilmalar yasashdan emas, oddiy ombirdan yoki tokqaychining mutlaqo yangi turini yasashdan boshlaylik. Zero, (!) mana hozir pilla qurti boqadigan vaqt keldi. Ishni yengillatish uchun qishloqlarimizda pilla boqadigan ming-minglab insonlarga innovatsion tokqaychilar kerak!

Ozod MUSTAFOYEV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi

Navoiy viloyati bo‘limi mutaxassisi