“Noliydiganlar hamma vaqt ham bo‘lar ekan” O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi o‘rinbosari Xolmurod SALIMOV bilan suhbat

2020-05-11T08:37:15+05:0011 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ma’lumki, hech kutilmaganda koronavirus pandemiyasi degan bir ofat butun dunyoni tashvishga soldi. Mazkur o‘latga qarshi kurash borasida yurtimizda ham qat’iy karantin holati joriy etilgani bois, ko‘pgina sohalarda bo‘lgani singari, matbuot nashrlariaksariyat gazeta va jurnallar chop etilishi ham vaqtincha to‘xtab qoldi. Kasallanish holatlari kamaygani, bemorlarning sog‘ayishi ortib borayotgani sabab karantin talablari biroz yumshatildi. Natijada bosqichmabosqich ishlab chiqarish va boshqa tarmoqlar yana o‘z izmiga tushayapti, gazetalar ham mana, chiqa boshladi.

Yuqoridagi holatlar, sinovli kunlardan kelib chiqib, mamlakat OAVlari bundan keyingi fao­liyatida yana qanday ishlarni amalga oshirishi kerak deb hisoblaysiz?

 

— Haqiqatan, bugun butun jahon ahlini, mana bir necha oydirki, “Covid-19” virusi tashvishga solib turibdi. Qariyb dunyoning barcha davlatlarida koronavirus infeksiyasiga qarshi qat’iy choralar ko‘rilib, kuchaytirilgan karantin tartiblari joriy etilgan. Yurtimizda ham bu borada bir qator cheklovlar o‘rnatilib, “ko‘rinmas yov”dan himoyalanish bo‘yicha tegishli ko‘rsatma va tavsiyalar berish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘z vaqtida, tezkor amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli ushbu kasallik butun mamlakatimiz bo‘ylab keng tarqalishining oldi olindi. Ammo bu xotirjamlikka berilishimizga aslo sabab bo‘la olmaydi. Biz, avvalo o‘zimizni o‘zimiz yakkalash, ya’ni himoyalash orqali oilamizni, qo‘ni-qo‘shnimizni, butun jamiyatimizni xavfdan asrashimiz mumkin. Karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish har birimizning burchimiz ekanligini unutmasligimiz lozim.

Albatta, manzil-makon, chegara, millat va kasb-kor tanlamas ushbu virus barcha sohalar qatori ommaviy axborot vositalari, ularda faoliyat olib boruvchi ijodiy va texnik xodimlar uchun ham bir sinov bo‘ldi. Karantin jurnalistika sohasi vakillarining muayyan qismi uyda turib ishlashi mumkinligini taqoza etdi. Shu bilan birga, axborot texnologiyalari imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanishni, texnik jihatdan takomillashtirishni ham yanada puxtaroq o‘rgatdi. Rasmiy veb-sayt, telegram kanal va ijtimoiy tarmoqlar sahifalari orqali gazeta va jurnallarimizning ijodiy jamoalari o‘z ishini to‘xtatmadi hisob. O‘z elektron shakliga e’tibor qaratmagan ayrim nashrlarimiz esa bu borada bajarishi zarur bo‘lgan vazifalarini belgilab oldi, deb o‘ylayman.

Pandemiya radio va tele jurnalistlarimizga ham saboq bo‘ldi. Ular Zoom kabi ilovalardan foydalangan holda ishxonalariga bormasdan eshittirish, lavha va ko‘rsatuvlar tayyorlash bo‘yicha o‘z tajribalarini boyitmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ommaviy axborot vositalari xodimlari masofaviy tarzda ishlash, shu tartib orqali muloqot va yig‘ilishlarda ishtirok etish kabi ko‘nikmalarini mustahkamlayotir.

— Karantin sharoitida Uyushma qanday ishlarni amalga oshirdi?

— Albatta, tasdiqlangan yillik reja, dastur va “Yo‘l xarita”lari asosida ishni davom ettirayapmiz. Bajarilgan ishlar uyushmaning Journalist.uz veb-saytida, ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga joylashtirib borilayapti. To‘g‘ri, pandemiya sabab masofaviy ishlash tartibiga o‘tganmiz. Afsuski, karantin tufayli ko‘p ishlarimiz ortga surilmoqda, uyushmamiz qoshidagi kengashlar faoliyati ham vaqtincha to‘xtab turibdi.

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 oktyabrdagi “Internet jahon axborot tarmog‘ida milliy kontentni rivoj­lantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori va ushbu hujjatga ilova qilingan hamda ishlab chiqilgan Dasturning 22-bandi ijrosi doirasida o‘zbek jurnalistikasi antologiyasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlar masofaviy tartibda davom ettirilmoqda.

Hozirda ishchi guruh ish rejasi asosida mutaxassis va olimlar bilan onlayn hamkorlikda O‘zbekis­ton Milliy kutubxonasi va “Ma’naviyat” nashriyotida saqlanayotgan ma’lumot va materiallarning elektron variantlarini olish, materiallarni tanlash va ularni uyushma veb-saytiga joylashtirishga tayyorlash jarayoni ketayapti.

Shu bilan birga, Respublika ma’naviyat va targ‘ibot markazi, uyushmamiz va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida “G‘alaba-75” badiiy-publitsistik asarlar tanlovini o‘tkazish bilan bog‘liq yumushlarda ishtirok etayapmiz.

Albatta, Uyushmaning Toshkent va viloyatlardagi vakillari tomonidan markaziy va hududiy OAVlarida koronavirus pandemiyasi, Buxoro, Navoiy va Samarqand viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy ofat, “Sardoba” suv ombori bilan bog‘liq sinovlardan xalqimiz mardonavor o‘tayotgani, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rilayotgan tezkor va keng ko‘lamli chora-tadbirlarga bag‘ishlangan chiqishlar qilinib, munosabatlar bildirmoqda.

Xususan, uyushma raisi Sa’dulla Hakimovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 18 mart sonida “Eldan dard ketgusi birlashsa ulus”, 8 aprel sonida “Hayot fidoyi insonlar qalbi ustida quriladi”, 3 may sonida “Xalqimiz bu og‘ir kunlarni mardona yengib o‘tadi” sarlavhali maqolalari chop etildi. Shuningdek, “O‘zbe­kiston 24” telekanalining 14 aprel, 3 may kungi ko‘rsatuvlarida chiqish qilindi. Kaminaning “Hayot bor ekan, jurnalist faoliyatdan to‘xtamaydi”, Uyushma raisi o‘rinbosari v.b. M.Yo‘ldoshevaning «Birgalikda yengamiz» nomli maqolalari 6-7 aprel kunlari UzA.uz, Journalist.uz veb-sayt hamda telegram kanallarida e’lon qilindi.

Shuningdek, ijodiy kengashlar, boshqaruv a’zolari hamda har bir jurnalistni faol ijodiy jarayonga jalb etish borasida tashkilotchilik ishlari doimiy olib borilmoqda.

— Karantin sababli “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun an’anaviy xalqaro tanlovi ham bu yil 3 may — Jahon matbuoti erkinligi kunida o‘tkazilmadi. Buni hammamiz tushunamiz, albatta. Ammo “Platforma.uz” o‘z ijtimoiy tarmog‘ida yaqinda “Oltin qalam” yo‘q — jurnalistlar uyushmasi ham yo‘q”, sarlavhasi bilan tanqidiy material e’lon qilindi. Lekin negadir bunga Uyushma munosabat bildirmadi?

 

— Haqiqatan ham karantin tufayli, yildan-yilga nufuzi ortib borayotgan, xorijlik hamkasblarimiz o‘rtasida ham katta qiziqish uyg‘otayotgan mazkur tanlovni bu yil hozircha o‘tkaza olganimiz yo‘q. Taassufki, quyosh charaqlab turganda hatto havoning bulutligidan shikoyat qiluvchilar hamma davrda, hamma joyda uchrab turar ekan-da. Sharqning ulug‘ mutafakkiri Sa’diy Sheroziy bundan sakkiz asr muqaddam “Ko‘ra-bila lochinni qarg‘a deb aytsa bir bor, demak, uning o‘zining ko‘zida nuqsoni bor” deb yozgan ekan. Ajabki, ko‘zida “nuqsoni” bor qalamkashlar hozir ham yo‘q emas. Bunday noliydiganlar hamma vaqt ham bo‘lar ekan.

Bo‘lmasa, xalqimiz og‘ir sinovlarni boshdan kechirayotgan, hatto davlat miqyosidagi ulkan tadbirlarni o‘tkazmaslikka qaror qilingan hozirgi kunlarda, xuddi kecha oydan tushib qolganday, “Bir yilda bir martagina muhim tadbir o‘tkazadigan va faqat shu tadbir tufayligina o‘zining borligini ommaga eslatib turadigan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga bu yil 3 may – Jahon matbuot erkinligi kuni munosabati bilan “Oltin qalam” tanlovini o‘tkazish ham nasib qilmadi”, deya kinoya qilishni o‘zlariga ravo ko‘rarmidi?! Achinarlisi, ushbu fikr muallifi o‘zining “husni-jamoli”ni ko‘rsatib qo‘ygisi kelmabdi, uyalibdi, na ismini, na sharifini ko‘rsatibdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlab aytganidek: “Barchamiz bir narsani unutmasligimiz zarur, axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar xolislik va haqqoniylik tamoyillariga asoslanishi, qonun va odob qoidalari doirasida bo‘lishi, shaxsiy g‘araz va xusumatga, soxta obro‘ orttirish usuliga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning media makonimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi kerak”.

Milliy jurnalistikamiz maydoni keng — unga hamma sig‘adi. Unda hamma ommaviy axborot vositalarining o‘z o‘rni bor. Maqsadimiz esa bir: jamiyat va xalq manfaati. Binobarin, har bir ishda bo‘lganidek, ommaga axborot taqdim etish, OAVda material e’lon qilishning ham o‘ziga yarasha mas’uliyati va madaniyati bor. Buni har bir jurnalist, har bir OAV, jumladan, “Platforma.uz”dagilar ham yaxshi bilishi lozim.

Tanqidiy ruhda material tayyorlashga harakat qilayotgan ushbu tarmoq vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Ammo tanqid asosli, tahlilga tayanilishi, xolis bo‘lishi zarur.

“Platforma.uz”ning “Fontamas”, ya’ni na yuzi, ismi-sharifi noma’lum muallifi yozganidek, “bu kasbni ko‘chada “xatm” qilgan blogerlar bir-birlarining yoqasidan olib qiyqirishib” yotsalar Uyushma yugurib borib, oraga tushadigan “dallol” tashkilot emas.

Tashkilotimiz media-makonda munosabat bildirilishi lozim bo‘lgan hollarda o‘z pozitsiyasini ma’lum qilib kelmoqda. Misol uchun, joriy yilning 24 aprel kuni «Ma’rifat» gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Madrahimova bilan bog‘liq holatga Uyushma qoshida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Jurnalistlari kasb etikasi bo‘yicha jamoatchilik kengashi raisi K.Bahriyev tomonidan munosabat bildirildi. “Gazeta.uz” saytini RTM sudga berganda Jamoatchilik kengashi a’zosining ekspert xulosasini chop etdik va sayt sudda yutib chiqdi. Uyushma ishlayapti, ammo bajargan har bir ishini nog‘ora qilib, jar solib aytayotgani yo‘q.

Mabodo faoliyatimizga qiziquvchilar bo‘lsa, Uyushmaga oid ma’lumot va axborot berish uchun hamisha ochiqmiz. Qaysi bir OAV vakili biron-bir muammo bilan murojaat qilgan bo‘lsa, vaqtida javob olgan, bundan keyin ham ushbu tamoyil amal qiladi.

— O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yaqin vaqt ichida yana qanday vazifalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda?

— Karantin tufayli joriy yilgi ish rejamizga bir qator o‘zgartirishlar kiritishga to‘g‘ri keldi. Ayrim ishlarimizni belgilangan vaqtlarda emas, yilning ikkinchi yarmida amalga oshirishni rejalashtirdik. Hademay, jurnalistika antologiyasi bo‘yicha to‘planayotgan materiallarni veb-saytimizga joylashtirishga kirishamiz. Saytimizning texnik imkoniyatlarini kengaytirish, unda yangi bo‘limlar ochish niyatimiz bor. Yil oxirigacha “O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi yo‘llanmasi bilan” loyihasi asosida zamonamiz qahramonlari haqida yozilayotgan badiiy-publitsistik maqolalarni to‘plam holida nashr qilish belgilangan.

Dolzarb mavzularda turli tadbirlar — konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari o‘tkazish, jurnalistlarimizni islohotlar jarayoni bilan bevosita tanishtirish maqsadida joylarga media-turlar tashkil etish, o‘tkir qalam sohiblari to‘g‘risida materiallar tayyorlash uchun Uyushma hisobidan xizmat safarlariga yuborish ishlari davom ettiriladi.

Jurnalist kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish yuzasidan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikni davom ettirish, “Ustoz-shogird” an’anasini rivojlantirish, OAV vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, ularning sha’ni va haq-huquqlarini himoya qilish, uyushma a’zolari, faxriy va ehtiyojmand jurnalistlarni moddiy hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, yurtimiz OAV ijodiy va texnik xodimlari kasb mahoratini oshirish, jamiyat hayotida fikrlar xilma-xilligi, turlicha qarash va yondashuvlarga keng yo‘l ochilishiga ko‘maklashish masalasi ham e’tiborimizda bo‘ladi.

Yana bir muhim ishlarimizdan biri bu – Uyushmaga yangi a’zolarni qabul qilishni boshlaymiz. Bunga tayyorgarlik ancha oldin boshlangan edi. Barcha tashkiliy yumushlar yakuniga yetkazilmoqda.

Suhbatni “Hurriyat” muxbiri

Y.XUDOYQULOV yozib oldi.