Shavkat Miralimovning shavkatli odimlari

2020-05-06T06:06:38+05:006 May, 2020|Qutlovlar|

Aziz Ustozimiz Shavkat Abbosovich Miralimov tug‘ilgan kunini 3 mayda o‘z oilasida boshlab, 4 mayda keng jamoatchilik bilan davom ettiradigan baxtli Inson! 1942 yil 3 may kuni uyida (u paytlari tug‘ruqxona bo‘lmagandir…) tug‘ilib, “Tug‘ilganlik guvohnomasi”da bu sana “4 may” deb yozilgan. Shul bois, Ustozning tavallud kunlarini bilan muborakbod etuvchilar uchun bayram dasturxoni ikki kun muntazir bo‘lib turadi!

Shavkat Abbosovich mehnat faoliyatini 1958 yilda Toshkent teplovoz-vogon zavodida slesarlikdan boshlab, O‘zMU (o‘sha paytdagi ToshDU) Jurnalistika fakulteti sirtqi bo‘limida tahsil olgach, 1963-1969 yillarda “Sirdaryo haqiqati”, “Yosh leninchi” (hozirgi “Yoshlar ovozi”) gazetalarida, “Kino” jurnalida adabiy xodimlikdan muharrirgacha bo‘lgan mas’ul lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. Shu orada 1964-1967 yillari armiya xizmatida yigitlik burchini ado etib kelgan. Qator yillar Toshkent viloyat yoshlar qo‘mitasida, partiya qo‘mitasida, respublika yoshlar tashkilotida ishlagan. 1978-1980 yillarda Ijtimoiy fanlar akademiyasida saboq olgach, 1984 yilgacha Toshkent viloyat partiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri o‘rinbosari, 2003 yilgacha Toshkent viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.

Ustozimiz tarix fanlari nomzodi, 1986 yildan buyon qadrdon Jurnalistika fakultetida dastlab soatbay, o‘rindosh sifatida, 2004 yildan buyon dotsent lavozimida talabalarga soha sirlaridan saboq bermoqda. Qator o‘quv qo‘llanma, ilmiy-ommabop risolalar va ilmiy maqolalar muallifi.

Shavkat Abbosovich jamoat ishlarida hamisha faol. 1994 yildan Toshkent shahar “Mahalla” xayriya jamg‘arma boshqaruvi raisi sifatida bu tizimda ko‘p xayrli ishlarga bosh-qosh bo‘lgan. “Nuroniy” jamg‘armasida hamisha faol, poytaxt shahrimiz Mirobod tumanidagi 644- uchastka saylov komissiyasi raisi sifatida alohida e’tibor qozongan.

Ijod va mafkura maydonida haqiqiy ijodkor o‘zidan yorqin iz qoldirishini ko‘p kuzatganmiz. Bu yoshlar uchun o‘ziga xos namuna, ibrat maktabi hisoblanadi. Sobiq mustabid tuzum davrining so‘nggi yillarida O‘zbekistonning sobiq komfirqasi yetakchilari necha ming yillik bayramimiz — Navro‘zni yo‘q qilishga chiranib ko‘rgan edilar. Juda qo‘rqinchli, tahlikali zamonlar edi. Komfirqaning xato, hatto g‘ayriinsoniy siyosatiga qarshi gapirgan kishini qudratli kuchlar badnom, majruh qilib tashlashdan toymas edilar… Shunday og‘ir zamonda Toshkent viloyat Matbuot boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatayotgan jasoratli jurnalist, tarixchi olim Shavkat Abbosovich Miralimov partiyaning katta yig‘ilishlarida o‘z fikrlarini dadil ayta olgan. U tarixchi olim sifatida Navro‘zning necha ming yillik qadriyat ekani, uni biror dinga mutlaqo aloqasi yo‘qligini isbotlab bergan. O‘zbekiston rahbarlarining qulog‘iga bu gaplar kirmagach, o‘sha davrda markaz hisoblangan Moskvadagi yetakchilarga rus tilida xatlar yozgan. Nihoyat, 1990 yili haqiqat qaror topdi: Navro‘z bayrami tiklandi! Ustoz keyinchalik Navro‘zga bag‘ishlangan risolalar yozdi.

Shavkat Miralimov O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi a’zosi, Toshkent viloyati Matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat ko‘rsatib yurgan yillarda mazkur uyushmaning Toshkent viloyati boshqaruvi raisi, ikki bora xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputati sifatida ham e’tibor qozongan.

Mehnat qilgan elda aziz, deganlaridek, O‘zbekiston Faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining 2018 yil 12 aprel kuni qabul qilingan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida”gi qaroriga binoan mazkur Jamg‘armaning Toshkent shahar faoli, Vasiylik Kengashi a’zosi Miralimov Shavkat Abbosovich I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi!

“Munosabat” ko‘rsatuvida Ustozning to‘ylar, ma’naviy qadriyatlar mavzusida bildirayotgan fikrlari, takliflari jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Tabarruk yoshda ham jo‘shqin faoliyati qizg‘in davom etayotgan Ustozimiz baxtli oila sohibi. Olti farzand va ko‘plab nabiralar ardog‘ida oila bekasi Oydinxon yangamiz bilan ijodiy hamkorlikni davom ettirayotganiga havas qilsak arziydi.

– Xizrsifat Ustozlarimiz faoliyat ko‘rsatayotgan ilmiy-ijodiy jamoamizga duo ketgan, desak arziydi,– deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Mirsoatova.– O‘z ilmu ijodi ila minglab muxlislari mehrini qozongan akademik Ahmadjon Meliboyev, professorlar Hamidulla Akbarov, Qudrat Ernazarov, dotsentlar Shavkat Miralimov, Zoir Tohirov, Yusuf Hamdamov singari tabarruk yoshdagi Ustozlar yosh o‘qituvchilarga ham ibrat ko‘rsatayotganlari bilan faxrlanamiz. Bugun yangi O‘zbekistonda yangidan chiroy ochayotgan Jurnalistika fakultetimiz ana shunday xizrsifat Ustozlarimiz bilan yanada fayzli bo‘ladi. Olmaning tagiga olma tushadi, deganlaridek, shunday taniqli, ibratli Ustozlardan ta’lim-tarbiya olgan talaba-yoshlar ham shunga munosib bo‘lib kamolga yetadilar, albatta. Ustoz Shavkat Miralimov aynan JAHON MATBUOTI SO‘Z ERKINLIGI kunida tavallud topishida ham qandaydir ramziy ma’no borga o‘xshaydi. Ustozga jamiki ezgu tilaklarimizni chin dildan hadya etamiz.

Bugungi talaba-yoshlarga nainki ilmu ijodi, shu bilan bir qatorda jo‘shqin faoliyati, jamoat ishlaridagi faolligi va baxtli turmushi bilan ham namuna ko‘rsatayotgan aziz Ustozimizga uzoq umr, mustahkam sog‘liq va tuganmas baxt tilaymiz.

To‘lqin ESHBEK,

O‘Zmu Jurnalistika fakulteti kafedra mudiri