Do‘stni… sotish mumkin

2020-05-03T15:41:02+05:003 May, 2020|Hangomalar|

Ajoyib kunlarning birida choshgoh mahali ishxonam («Xalq so‘zi» gazetasi)ga qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. «Abbosxon bormi?» so‘radi kimdir. «Bosh muharririmiz Kabminda edilar, kechirasiz, u kishini kim yo‘qlayapti?» so‘radim.

– Men Abdulla akangizman, bu kim?

Shunda telefonning narigi chekkasidagi odam ulug‘ shoirimiz Abdulla Oripov ekanligini angladim va shoshganimdan «Abdulla aka, men Esirgapman (mening guvohnomamdagi ismim), nima xizmat?» dedim.

– E, bu senmisan, yaxshimisan, – birdan sensirashga o‘tdilar Abdulla aka. –Bolnitsadan telefon qilayapman, salgina shamollabman, shekilli, yangi she’rlarimni obormoqchi edim.

– Obkeling, Abdulla aka, – dedim, – ertagayoq bervoramiz.

Darhaqiqat, To‘ra Sulaymonning iborasi bilan aytganda, o‘sha paytlarda men ham tahririyatda «katta itlardan biri» edim. Qolaversa, u damlar Abdulla akaning qilichining dami juda o‘tkir edi. Hech bir Bosh muharrir uning oldiga ko‘ndalang chiqa olmasdi.

Oradan yarim soatlar o‘tgach, men kompyuterxonadaligimda aytishdiki, xonamda meni Abdulla aka kutyapti ekan. Borsam, Abdulla aka qo‘lini manglayiga qo‘yib, uzun xonaning u chetidan bu chetiga borib kelayotgan ekan. Salomlashib, hol-ahvol so‘rashgach, Abdulla aka qo‘lini devorga nuqtab, manaving yaxshi gap ekan, dedilar.

Men xonamga har xil hikmatlarni yozib qo‘yar va ularni tez-tez almashtirib turardim. Bu safar devorda «Do‘stni sotib olib bo‘lmaydi, ammo… sotish mumkin», degan hikmat yozilgandi. Abdulla akani bezovta qilayotgan fikr shu ekan.

Xullas, she’rlarni gazetaga ertaga chop etish uchun olib qoldim, Abdulla aka ketayotganlarida telefoningni yozib ber, dedilar.

Oradan bir soatlar o‘tgach, Abdulla aka telefon qilib, qog‘oz-qalam olishimni so‘radi va quyidagi to‘rtlikni aytib turdi:

Dunyo keng, shataloq otish mumkindir,

Yoki xarsangtoshday yotish mumkindir.

Esirgap aytganday, haqiqiy do‘stni,

Sotib olib bo‘lmas… sotish mumkindir.

Nima deyishimni bilmay, bir muddat qotib qoldim. So‘ngra tasannolar aytib, bu to‘rtlikni nima qilishimni so‘radim. Boshqa she’rlar bilan birgalikda gazetaga bervor, dedilar. Xuddi shunday bo‘ldi. Gazeta bosmaxonaga topshirilguncha Abdulla aka, adashmasam, 5-6 marotaba qo‘ng‘iroq qildi va har safar she’rlariga tuzatishlar kiritdi. Hozirgi to‘rtlikka ham «Mutoyiba», deb sarlavha qo‘ydirdi va izoh berdi:

– Yangang o‘qib, odamlar chindan ham do‘stni sotsa bo‘larkan-da, mana Abdulla shoir fatvo beribdi-ku, deb o‘ylashi mumkin, deyapti. Xalq biladi-da, xalq biladi, xalq dono!

Xayolimdan Abdulla aka «xalq» bilan ham maslahatlashib turar ekan-da, degan fikr o‘tdi va darhol tuzatishni kiritdim.

Hammasi ertasiga boshlandi. Telefonim o‘sha kuni tinimsiz jiringladi va tanish-bilish, do‘sti-birodarlar tabriklashar hamda ulug‘ shoirning e’tiboriga tushganim bilan qutlashardi. Ayrimlar endi «o‘sib» ketishim haqida karomatlar ham qilishardi. Albatta, bu mening uchun ham yoqimli edi. Shu kuni bo‘yim bir gaz o‘sdi. Tashakkur bildirish uchun Abdulla akaga rosa telefon qildim, ammo go‘shakning narigi tomonida sukunat hukmron edi. Chamamda, Abdulla aka kasalxonadagi muolajalar bilan band edi.

Xullas, kechga tomon Abdulla akaning o‘zlari telefon qilib qoldilar. Ovozlaridan kayfiyatlari chog‘ edi.

– Qalaysan, shoir, odamlar bezovta qilmayaptimi?

– E, Abdulla aka, bormisiz? Rahmat aka, odamni mashhur qivordingiz. Tarixda qop ketadigan bo‘ldim.(Darhaqiqat, bu she’r keyinchalik shoirning kitoblaridan ham o‘rin oldi). Bugun telefonim dam olmadi.

– Qo‘yaver, bu yaxshi, buyog‘ini aytsang, bu yoqda men ham dam olganim yo‘q, telefonlar, yo‘qlovchilar, tabrik ustiga tabrik. Demak, biz yaxshi ish qilibmiz. Faqat bir narsaga kulgim qistaydi. Hol so‘ragani kelgan ministrlar, akademiklar so‘rashayapti: «Esirgap kim bu? Qaysi asrda yashab o‘tgan alloma?» Abdulla aka miriqib kuladi va qo‘shimcha qiladi: «Men ularga, Esirgap zamonamiz faylasuflaridan biri, deb aytdim, qalay?»

– Rahmat, Abdulla aka.

Shu payt xayolimga yana bir fikr keldi va Abdulla akaga murojaat qildim:

– Yaqinda men Xorazmga borgandim, bir maqol o‘rganib keldim. Kak raz, sizbob ekan, yaxshi narsa chiqishi mumkin.

– Nima ekan u, ayt-chi?

– Yetti marta emas, yetmish marta o‘lchagin, ammo… Yoshulli aytgan joyidan kes!

Abdulla aka mazza qilib kuldi. Yonimda ushbu suhbatga guvoh bo‘lib turgan taniqli jurnalist Shuhrat Jabborov ham qahqaha otib yubordi.

Kulisha-kulisha Abdulla aka bilan xayrlashdik.

Ertasi kuni Abdulla aka yana telefon qildilar va qo‘limga qog‘oz-qalam olishimni aytdilar. Ohista diktovka qila boshladi:

Kelinga

Mana o‘tib olding asal oyidan,

Endi suv ichgaysan turmush soyidan.

Yetti o‘lchab bir kes, yetmish o‘lchab kes,

Ammo kes…Yoshulli aytgan joyidan.

– Ofarin, Abdulla aka, ofarin! –dedim. – Juda ajoyib! Nima qilamiz, gazetaga bosvoraymi?

– Shoshma, to‘rt-beshta bo‘lsin, birga beramiz.

Abdulla aka shunday dedilaru ammo to‘rtlik bu kunisiga «O‘zbekiston ovozi»da chiqib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, Abdulla akaning «aybi» yangi she’rni kasalxonaga kelgan Safar Ostonovga o‘qib bergani, xolos.

Bu to‘rtlik oradan bir oylar o‘tgach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi ochilish yig‘ilishida ham ulug‘ shoirimiz tomonidan o‘qib berildi. Albatta bu yerda urg‘u kelinga emas, Yoshullining maslahatiga amal qilishga qaratilgan edi!

Shu voqealardan keyin bilamanki, Abdulla Oripov qariyb bir yil juda ko‘p to‘rtliklar yozdi va shoirning bu javohirlarini «O‘zbekiston ovozi» har bir sonida bittalab berib bordi.

Alisher Boliyevning “facebook”dagi

sahifasidan olindi