Bugun – Xalqaro matbuot erkinligi kuni

2020-05-03T11:14:58+05:003 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ochig‘i, ikki kundan beri jurnalist sifatida “Nima mavzuda yozay ekan?”, deb o‘ylanib turgandim. Buxoro va Sardobada yuz bergan so‘nggi voqealar xronologiyasi menga nima mavzuda va qanday yozish bo‘yicha turtki berdi.

Avvalo, so‘z erkinligi to‘g‘risida. Usiz umuman jurnalistikani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Usiz erkin jamiyatni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Usiz taraqqiyotni tasavvur qilib bo‘lmaydi.

So‘nggi uch-to‘rt yilda bizga ilgari tasavvur qilolmaganimizdek hajmda so‘z erkinligi kirib keldi. Uning oqibatida bugun biz ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda misli ko‘rilmagan bahslar, munozaralarning ishtirokchisi va guvohi bo‘lmoqdamiz. To‘g‘ri, oramizda “So‘z erkinligi bizning boshimizga bitgan balo bo‘lmadimikin?” deya tahlikaga tushib qolganlar ham bor. Lekin men ularga Uinston Cherchilning gapi bilan javob qaytaraman: “Demokratiya — boshqaruvning eng yomon shakli bo‘lishi mumkin, ammo insoniyat hali undan yaxshisini o‘ylab topgani yo‘q!”

So‘z erkinligi, bu — muqobil fikr, degani. Muqobil fikrlardan eng haqqoniysini tanlash, degani. Rosti, bizda hali bunga ko‘nikma va tajriba kam. Ammo hech qachon hech qaysi bir davlatchilik osonlikcha qurilmagan. Bunga uzoq va yaqin tariximiz guvoh. Maqsadga erishmoq yo‘lidan ko‘p sinovlar hamda qurbonliklar, yo‘qotishlar bilan o‘tilgan.

O‘zbekiston Prezidentining 2016 yilgi saylovlardagi g‘alabasidan so‘ng demokratik davlat sari intilish, so‘z erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va bahslashuvi bosh ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Hech kimni va hech nimani tanqid qilish niyatim yo‘q. Ammo bundan ilgari vaziyat qanday bo‘lganini tajribali va hatto tajribasiz jurnalistlar ham yaxshi bilishadi. U paytlarda hali “bloger” atamasi yo‘q edi. Ijtimoiy tarmoqda yozgan odam ham hadik bilan yozardi. Stalin davrini ko‘rgan biror odam chiqib, ko‘zga tik qarab “ Sen davlat siyosatiga qarshimisan?” yoki “Siyosat bilan o‘ynashyapsanmi?” degan tahdid bilan istalgan “qahramon”ni ham iniga tiqib qo‘yardi.

Biz mamlakatimizdagidan ko‘ra xorijdagi vazirlar va amaldorlarni bilardik. Birorta siyosatchining mahalliy televideniyeda chiqishiga izn yo‘q edi. Endi tasavvur qiling: so‘nggi uch yilda bizning vazirlar ham, senatoru deputatlar ham, Hukumat a’zolari ham xalqqa yaqinlashishga majbur bo‘lishdi. Ularni Prezidentning ochiq va yangi siyosati bunga majbur qildi. Ayniqsa, Xalqaro press-klubning sessiyalarida so‘zga chiqmagan bironta ham amaldor qolmadi. Biz hokimlar bilan, vazirlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, achchiq va ularga yoqmaydigan savollar berishga o‘rgandik. Va hatto ularning nutqlarini eshitib, hayajondan adashgan paytlarida “qovun tushirdi” deya ustilaridan kulish, sazoyi qilish urfga aylandi. Internetda ilgari xorijdagi xayplar modaga kirdi. To‘g‘ri-da, bir umr og‘ziga tolqon solib kelgan amaldorlar birdaniga so‘zlay boshlashdi. Bir umr lom-mim demagan odamning qovun tushirishi tabiiy edi-da. Axir biz ularni Angliya yoki Janubiy Koreyadan olib kelmagandik. Hammasi xuddi o‘zimiz singari eski tuzumning odamlari edi.

Mayli, bundan ham o‘tarmiz. Bizning amaldorlarimiz ham qovun tushirmaslikka o‘rganishar. Ammo biz bu “gripp”dan birga davolanishimiz kerak.

O‘zbekiston bugun Sharq va G‘arb davlatlari orasidagi eng sara tajribani olmoqchi. Va ba’zida achchiq mevalarni yeyish ham nasib qilyapti. Va bu tabiiy…

Bizning siyosiy voqeligimizda Prezidentning viloyatlarga tashriflari va videoselektorlari yangi reallik bo‘ldi. Shavkat Mirziyoyev “planli” tashriflarni yoqtirmaydi. Oldindan tayyorlangan ssenariylarni inkor etadi. Tanlangan va o‘rgatilgan odamlar bilan emas, professionallar bilan gaplashadi. Ko‘rgazmali uchrashuvlarni-ku umuman qabul qilolmaydi. O‘ta rasmiyatchilik bilan o‘tadigan yig‘ilishlar ham uning tabiatiga zid.

Yodingizda bo‘lsa, bir postimda aytgandim: videoselektor bo‘ladimi yoki uchrashuv bo‘ladimi, Prezident shoshmaydi. Xoh u professor Z.B Navitskiy singari tajribali mutaxassis bo‘lsin, xoh katta amaldor, xoh viloyat yoki tuman hokimi, Prezident shoshmaydi, so‘zini bo‘lmay tinglaydi. U o‘z qarorida professionalning fikriga tayanadi.

Shavkat Miromonovich Prezidentlikka nomzod bo‘lganida Qoraqalpog‘istonga, adashmasam, Shumanay tumaniga borganida minglab odamlar orasiga kirib ketdi. Uni odamlar zich o‘rab olishdi. Kimdir buni odamlar avval mamlakatning birinchi rahbarini ko‘rmaganligiga yo‘ydi, ammo Shavkat Mirziyoyev buni odamlarning muammolari to‘planib qolganligiga, odamlar bilan muloqot bo‘lmaganligiga yo‘ydi.

2016 yilgi saylov ham tugadi. Butun mamlakatni aylangan Shavkat Mirziyoyev xalq Prezidentiga aylandi. Balki kimdir o‘shanda “Bu vaqtinchalik, saylovdan keyin hammasi to‘xtaydi, bu Mirziyoyevning piar texnologiyasi” deb o‘ylagandir. Ammo mana, 2020 yilning o‘rtasiga kelyaptiki, Shavkat Mirziyoyev xalq bilan muloqotni to‘xtatgani yo‘q. Va to‘xtatmaydi ham.

Xalq dardu tashvishi, odamlar g‘ami Prezident uchun qanchalik yaqin ekanini biz Buxoro va Sardobaga rejadan tashqari tezkor tashriflarda ham ko‘rib, guvohi bo‘ldik. Pandemiya sharoitida Prezident himoya vositalarisiz oddiy odamlar orasiga kirib ketdi. Sirdaryo viloyatida davlat rahbari ikki sutka yashadi, odamlar ichida bo‘ldi. Uch-to‘rt ming kishilik litseylar, maktablarga, shuningdek, mahallalarga borib, odamlarni tinchlantirdi, kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildi. Ularni kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan ta’minlashga bosh-qosh bo‘ldi. “Uylaringizdan suvni chiqarib beramiz, yo‘llaringizni ta’mirlab beramiz, dalalaringizni haydab beramiz” deya ularni ishontirdi. “Faqat ruhingizni tushirmang, kayfiyatingizni ko‘taring!” deya ularga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.

Bu ishlarni poytaxtdagi muhtasham kabinetdan turib qilsa ham bo‘lardi. Va odatda ko‘p rahbarlar shunday qiladi ham.

Men buni Prezidentni maqtash uchun yozayotganim yo‘q. Prezident bunga muhtoj ham emas. Men yozayotganim uch holatda: koronavirus pandemiyasi, Buxoro va Sardoba talafotlarida so‘z erkinligi hamda vaziyatni yashirmasdan, oshkora ko‘rsatishni o‘z-o‘zidan deb bilish kerak emas. Bu Prezidentning siyosiy irodasi, uning o‘z yo‘lidan qaytmasligini ko‘rsatdi.

Koronavirus bo‘yicha birinchi kunlardan shunday bo‘ldi. Biz kasalni yashirmadik. Chunki yashirilganida albatta isitmasi oshkor qilar edi. Buni ba’zi bir qo‘shni davlatlar misolida ham ko‘ryapmiz. Bizda shu murakkab pandemiyaning kelishi, qancha odam kasallangani, unga qarshi qanday choralar ko‘rilishi Prezidentning har bir selektorida ochiq, xalqdan yashirilmay yoritildi. Pirovardida O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish borasida maqtovga arzirli tajriba yuzaga keldi. Kundan-kunga kasallar soni kamayyapti. Mamlakat karantindan yorug‘ yuz bilan chiqyapti.

Buxoro va Sardobada ham yuz bergan voqelar xalqdan berkitilmadi hamda yashirilmadi. Kerak bo‘lsa, vertolyotdan va drondan olingan foto hamda videosuratlar peshma-pesh namoyish qilib borildi. Odamlar dezinofrmatsiya, ma’lumotsiz qoldirilish siyosati ostida yashamadi.

Hali ko‘rasizlar, Shavkat Mirziyoyev bu joylarga kutilmaganda yana ko‘p keladi. Odamlar bilan gaplashadi. Bergan topshiriqlarining ijrosini tekshiradi. Qurilish ishlarini shaxsan nazorat qiladi. Toshkentga qaytgach esa, maxsus komissiya bilan birga voqea sabablari va omillarini, mas’ullar faoliyati va harakatsizligini tekshiradi.

Bu gaplarni Shavkat Mirziyoyevni kecha bilgan odam sifatida aytayotganim yo‘q. 2005 — 2008 yillarda Bosh vazirning matbuot kotibi sifatida ishlaganimda, men uning kabinetda o‘tirganini deyarli ko‘rmaganman. Shavkat Mirziyoyev ko‘p qavatli uylarning yerto‘lasi, tomi va yo‘lagi haqida o‘ylardi, boshqa rahbarlardan farqli ravishda bozorlardagi narxlar aholi uchun qimmatlik qilmasligi borasida qayg‘urardi. 2008 yilning iyul oyida Kogonda snaryadlar portlaganida kogonliklar bilan bir oy yashadi. 2010 yili Andijon chegarasida yuz bergan voqealarda-chi?! Axir o‘shanda Bosh vazir Xonobodda toki so‘nggi odam o‘z uyiga yetib olgunga qadar yashamaganmidi? Viloyatlarga borganda istalgan paxta dalasiga kirar, seleksiyachi olimlar bilan soatlab gaplashardi, ularning rejalari bilan qiziqardi. Oddiy aytganda, Hukumat rahbarining siyosati odamlarning muammolarini yengillatishga yo‘naltirilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev Prezident bo‘lganidan keyin bu mas’uliyat yuz chandon oshdi va uning hayoti mazmuniga aylandi.

Mana shunday so‘z erkinligini biz uch omilda tahlil qilib berdik. Qolganlariga esa o‘zingiz guvoh va shohiddirsiz!

Lekin biz yana bir narsaga o‘rganishimiz kerak. Bu — so‘z mas’uliyati! So‘z erkinligini aslo suiiste’mol qilmasligimiz lozim!

Xalqaro press-klub, mana, uchinchi haftadirki, viloyatlarda yuribdi. Har bir viloyatdan “Uzreport” orqali jonli chiqish yoki “O‘zbekiston 24”ga 50 daqiqalik ko‘rsatuv tayyorlash, ochig‘i, oson emas. Uning so‘nggi 10 kuni esa mohi Ramazonga to‘g‘ri keldi. Oramizda eng yoshi kattadan tortib, jussasi va yoshi o‘g‘limdek bolagacha tongda og‘zini yopib, kuni bo‘yi oftobning tig‘ida ishlashi, iftor payti esa avtomashinada bir qultum suv bilan og‘zini ochib, tuni bilan montaj qilib chiqishi mening ham g‘ayratimni yanada jo‘shtiryapti.

So‘zimning yakunini bir fikr bilan tugatmoqchiman. Yaponiyada bir yilda bir necha mingtagacha zilzila bo‘lar ekan. Ba’zida yer kuniga besh-olti marta qattiq silkinarkan. 1 balldan 3 ballgacha bo‘lgan aftershoklarga ular pinagini ham buzmas ekan. Tabiat buzgan narsani tezda tiklab olishadi. Zilzilalar ham yapon tabiatini o‘zgartirib yubormas ekan…

Biz bolaligimizda “musichadek yuvosh” degan iborani ko‘p eshitardik. Lekin bugun bizning millat yangi qiyofada tiklanyapti. So‘nggi kunlardagi voqealar esa bizni bitta xulosaga kelishga undadi: biz xayoldagi afsonaviy humoqushi singari emas, tabiatdagi ko‘zimiz ko‘rib turgan lochindan ibrat olishimiz va u singari yashashni o‘rganishimiz lozim!

Sherzodxon Qudratxo‘jayev,
jurnalist, siyosiy fanlar nomzodi.