Jurnalistlarga maktub: BIRLAShISh FURSATI

2020-05-03T01:29:46+05:003 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Zamon internetniki deguvchilar – xato qilasiz! Birinchidan, tarmoq sohibi siz emassiz! Ikkinchidan, saytlarni yurtimizning ba’zi hududlarida hozircha o‘qiy olmaydilar! Pandemiya davrida masofaviy ta’lim bejizga televideniyega berilmagandir. Qolaversa, saytdan materiallarni olib tashlash unchalik muammo emasligini hamma ko‘rdi…

Eng yaxshisi tele, radio deguvchilar – siz ham xato qilasiz, svet o‘chsa, qilgan mehnatingiz havo mavjlarida yo‘qoladi!
Eng yaxshisi matbuot deguvchilar ham katta xato qiladi! Buni bugungi ahvol ko‘rsatib turibdi – qog‘oz ham, gazetani bosuvchi uskuna ham o‘zimizda ishlab chiqarilmaydi! Ustiga-ustak, qog‘oz olib kelish korchalonlar qo‘lida…
Shunday ekan, kuchni birlashtirib, birimiz boshqamizning kamchiliklarimizni to‘ldirib, xalqqa yangiliklarni yetkazish, muammolarni muhokamaga olib chiqish, ma’rifat tarqatish, alaloqibat, yurt ravnaqiga hissa qo‘shish muqaddas vazifamizdir.
Holbuki, yozishga mavzu topolmay qolgan OAV turlari jurnalistlari bir-birini «g‘ajish»ga kirishadi. Ozgina ustunligini pesh qilib, hamkasbini pastga urayotgan jurnalistni dunyoqarashi keng, fidoyi deyish mumkinmi?
Albatta, hammada kamchilik bor. Qaysidir sayt o‘z «tupugini qaytib oldi» (kelishdi). Gazetchilar «ularni iqtisodiy manfaat birlashtirdi», deya ustidan kuldikmi? Kuldik. Xo‘p, tanqid qilingan taraf ularni «sotib olibdi», adolatni tiklash, hech yo‘qsa, oriyat ustun kelib, o‘sha saytdan ketgan jurnalist hurmatiga nega mavzuning tahlilini oxirigacha yetkazmadik? Jurnalistlarni haqorat qilishga ba’zi puldor-u amaldorlarga kim huquq bergandi?
Yoki boshqa oddiy misol. «Matbuot uyi» muammosini (binoning bir necha qavati sotuvga qo‘yilgan) O‘zA jurnalisti ko‘tarib chiqdi. Lekin saytlarda ishlaydigan jurnalistlar yordamga keldimi? Kelmadi, chunki ular bosma OAVga boshqacha nazar bilan qarashadi («o‘tmish mahsuloti»)… Gap-so‘zlarga qaraganda, qaysidir yili bir tashkilot katta miqdorda (Toshkent shahri oziq-ovqat zaxirasiga) piyoz sotib olish uchun bankdan qarzga mablag‘ (milliardlar haqida gap ketmoqda) olgan va notavonlar (kamina ham ular qatorida) ishlaydigan shu binoni garovga qo‘ygan. Aytishlaricha, xarid qilingan piyoz «chirib ketgan», bank esa bergan pulni qaytarish uchun binoni sotishga harakat qilmoqda. Har olti oyda bir bor sud qarori chiqadi, jurnalistlar yana faryod ko‘taradi, Prezidentga yozadi, savdo to‘xtatiladi. Biroq bank pulini qaytib olishi kerak-ku! Yana sudga murojaat takrorlanadi…
Aslida, bankdan olingan pul evaziga xarid qilingan piyozlar chiriganini, uning sassig‘iga chiday olmagan ­omborxona mudirlari mahsulotlarni qayoqqa chiqarib tashlashgani, necha mashinaga yuk bo‘lgani, yo‘lpatta-yu aktlarga kim imzo chekkanini qaysi nashr tekshirib ko‘rishga, jurnalistik surishtiruv o‘tkazishga harakat qilib ko‘rdi? «Shu kabi muammolarni ko‘tarmagan gazetani rahbarlar o‘qiydimi?» deya haqli ravishda ustimizdan kulishmoqda…
«Masalan, men deyarli gazeta o‘qimayman, oxirgi marta qachon o‘qiganimni ham eslay olmayman», degan rahbardan xafa bo‘lishdan ne naf? Televideniyeda «Avtotest»ning monopoliyasiga qarshi fikrlar aytilavergach, unga chek qo‘yildi. Lekin gazetalar «bu qarorni chiqarishda kimlar ishtirok etgandi? Xususiy tashkilot qanday qilib tendersiz bu mavqega ega bo‘ldi? Kimlar uning manfaatini hukumat miqyosiga olib chiqdi? Nimaning evaziga?» singari savollarni qalashtirib, masalaning oxiriga yetishlari kerak edi. Axir qanchadan-qancha tashkilotlar, jumladan, men bilgan haydovchilar mablag‘ to‘lab o‘qishdi, lekin «Avtotest» bergan hujjat bir pulga qimmat bo‘lib qolaverdi. Mana shu muammolarni oxirigacha ko‘tarib, surishtiruv o‘tkazib, ularni hushyorlikka chaqirib turganimizda, «ahyon-ahyonda bo‘lsa ham gazeta o‘qib turibman», deya oldirgan bo‘lardik.
Ayb o‘zimizda!.. Menda!..
Bugungi og‘ir kunlar, xudo xohlasa, albatta, ortda qoladi. Endi hayotga boshqacha qarashimiz tabiiy. Lekin vujudga keladigan yangicha tartiblarga taraqqiyotimizga to‘siq bo‘ladigan korrupsionerlar-u muttahamlar moslashmaydi, deya kim kafolat bera oladi? Ular bilan kim kurashadi? Tegishli organlarning ishi, deya ko‘rmang. Agar shunday bo‘lganida edi, ayni paytda jahon ahli adolat saltanatida yashagan bo‘lardi. Ishtahasi yuholarning noto‘g‘ri qadamlarini OAV aytib, hushyor torttirishi, bunday uddaburrolarni tiyilishga majbur qilib turishi shart! Bu fikrni dunyoni bo‘lib olishga intilayotgan, yana o‘zini demokratman, madaniyat tashuvchisiman, deb ayyuhannos solayotgan zo‘ravon yurtlar olimlari (hukmdorlari emas!) ham ta’kidlashmoqda, jurnalistlari imkoni doirasida kurashyapti ham.
Shunday ekan, yanada maydalashib, o‘zimiz bilan o‘zimiz kurashga tushib ketmasligimiz zarur. «Bo‘lib tashla va egalik qil», degan aqidani jurnalistlarga nisbatan ishlatganda, bugungi kun ucharlari, korrupsionerlari uchun qo‘l keladi.
Albatta, shu mavzuda chiqish qilgan O‘zJOKUning jonkuyar o‘qituvchisi N.Murotova, jurnalist Q.Aslanov va bu mavzuda xolis fikrlarini bildirayotgan bosh­­qa mutaxassislarning gazetalar rivoji uchun takliflari va e’tirozlariga qo‘shilaman. Biroq bir jihatni unutmasligimiz kerakki, O‘zbekistonning bugungi iqtisodi, ishlab chiqarishi xorijniki kabi rivojlanib ketgan emas. Muammoning fursat va shijoat bilan bog‘liq zalvorli sabab va omillari bor. Bu haqda bir necha bor fikr bildirganmiz.
Totalitar jamiyatdan demokratik jamiyatga o‘tish davrida barcha OAVlar baribir qo‘llab-quvvatlanishi kerak, aks holda, bu ishni turli grantlar yordamida boshqa xalqaro tashkilotlar o‘z zimmasiga oladi va uning oqibati har doim ham millatga xizmat qilmasligini rangli inqiloblar bo‘lib o‘tgan yurtlar misolida ko‘rishimiz mumkin.
Aholi ma’rifati bilan shug‘ullanadigan «Ma’rifat», «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati», «Jamiyat», «Oila davrasida», «Oila va jamiyat», huquqiy manfaatni himoya qiladigan «Ishonch», «Yoshlar ovozi» singari nashrlarga kapitalizmning qattiq talablarini bugungi kun, ya’ni o‘tish davrida tatbiq etish qanchalik to‘g‘ri? Ayniqsa, bolalar nashrlari ahvoli kishining yuragini o‘rtaydi…
Bir kuni hammaning bolasi kabi 7 yashar qizim allaqanday shirinlik olib kelishimni so‘radi (nomini yozib berdi). Bir-ikki do‘konlarga kirib so‘radim, sotuvchilar yelka qisishdi. Har gal uyga qaytganimda, «buyurtmam qani» degandek mo‘ltirab qaraydi qizaloq. Unaqasi yo‘q ekan bolam, desam, ko‘nmaydi. Xullas, bunday shirinlik borligini qayerdan eshitganini so‘radim. Xorijning bolalarga ixtisoslashgan kanalidagi reklamada ko‘rgan ekan. Yangi nomdagi shirinlik O‘zbekistongacha yetib kelmabdi, chog‘i, unga tushuntirgandim, ko‘na qoldi. Bu misoldan murod ne? Bola shirinlikni yaxshi ko‘radi. Uning ta’mi bor.
Gazeta yoki jurnalning qanday ta’mi bor? Ma’naviy mazasi bor, albatta. Lekin reklamada uni bolaga tushuntirish mumkinmi? «Mumkin, qalovini topsa, qor yog‘dirsa ham bo‘ladi», dersiz. Unday reklama berish uchun bolalar nashrlarida mablag‘ yetarlimi? Pul ham topildi yoki ijtimoiy rolik qilib, televideniye targ‘ib ham qildi, deylik. Unda bolani matbuotga kim va qanday qilib oshno etadi?
«Rivojlangan davlatlarda maktab bola tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydi», deguvchilarga javobimiz – ularning ota-onalari ish bilan ta’minlangan. Ota-onaning ma’naviy ahvoli xarob yoki tirikchilik ilinjida o‘zga yurtlarda yurgan bo‘lsa-chi? Bunda millatning bolalarini kim tarbiyalaydi? O‘qishga o‘rgatish ham tarbiyaning bir qismi emasmi? Xuddi shu o‘rinda xalq ta’limi mas’uliyatni zimmasiga olishi kerak! Shuning uchun ham XALQ ta’limi deyiladi. Aks holda, bu ulug‘ nomni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi…
Shuning uchun tarbiyaning ajralmas qismi bo‘lgan bolalar nashrlariga obuna masalasi o‘qituvchilar tomonidan tushuntirilishi, bu ishda ta’lim bo‘yicha tuman va boshqarmalar, vazirlik mutasaddilari bunday targ‘ibot bilan shug‘ullangan o‘qituvchi-yu maktab direktoriga tazyiq o‘tkazishni bas qilishi, hokimlik, hukumat bunday ezgu ishlarga homiylarni va boshqa choralarni qo‘llagan holda bosh bo‘lishi shart. Vaholanki, bola ona qornidan kitob o‘qishga tayyor holda tug‘ilmaydi. Har qanday kitobni o‘qitishdan avval gazeta va jurnalni varaqlatib, kichik-kichik she’ru hikoya, xabar va mulohazalarni o‘qitib, mutolaaga, albatta, mustaqil fikrlashga o‘rgatiladi. Bu harakatimiz bilan qishloqdagi internet tarmog‘iga ulanish u yoqda tursin, telefon olishga qurbi yetmaydigan oilalar farzand­lariga mutolaa madaniyatini shakllantirgan, o‘ylashga, fikrlashga, o‘z yo‘lini topishga safarbar qilgan bo‘lamiz. Bu masalada «bozor talabidan kelib chiqib kunlaringni ko‘ringlar», deyish mutlaqo noto‘g‘ridir. Shu gapni aytganlar manqurtdir.
Yana bir bor ta’kidlaymiz: bolalarimizni OAVning barcha turlaridan foydalanishga, fikrlash, bahs madaniyatini shakllantirishga, munosabat bildirishga, ularda ishtirok etishga o‘rgatishimiz shart. Ijtimoiy tarmoqda qo‘yilayotgan masala (post)larga berilayotgan izohlarga e’tibor qarating – fikrlab, muammoga chuqurroq kirish kerak bo‘lgan paytda qisqa va lo‘nda haqoratga o‘tiladi. Nega? Chunki fikrlash, bahslashish odobi, ko‘nikmasi yo‘q! Bu muammo haqida davlatning qaysidir tuzilmasi mutasaddilari o‘ylashi va uni bartaraf etish choralarini ko‘rishi kerak-ku!
Xulosa o‘rnida o‘zbek internet saytlarining so‘nggi paytlarda haqiqiy axborotni tezkor tarqatish bo‘yicha ilg‘orligini ta’kid­laymiz. Televideniye, jumladan, Xalqaro Press-klubning to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatayotgan va boshqa «tok-shou»larda ko‘tarilayotgan bahs-munozaralarini ham e’tirof etish adolatdan bo‘ladi. Radiojurnalistlar ham dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqishga harakat qilishmoqda. Ular qatorida oxirgi uch yilda aksar gazetalar mutlaqo o‘zgarayotganini ham tan olish kerak, buning uchun ularni o‘qish, ko‘tarilgan muammolarni boshqa OAV turlari ham jamoatchilikka, hokimiyatga ko‘rsatishga ko‘mak berishi zarur. Axir hammamizning niyatimiz ezgulik-ku!
Mustaqillikning dastlabki to‘rt yilida xuddi shunday ko‘tarilish bo‘lganini tarix ko‘rsatdi. Keyin…
Shu o‘rinda ana shu to‘rt yillikni 229 yil avval boshidan kechirgan AQSh tajribasiga to‘xtalamiz. Mazkur davlat konstitutsiyasi 1787 yilda qabul qilingach, dastlabki to‘rt yil natijasi o‘laroq (1791 yili), unga «Birinchi tuzatish» («First Amendment») kiritishga majbur bo‘ladilar. Tuzatish mazmuni – AQSh Kongressi so‘z yoki matbuot erkinligini, xalqning tinch yo‘l bilan yig‘ilishi va hukumatga shikoyatlari bo‘yicha arz qilishi, diniy e’tiqod huquqini cheklaydigan birorta ham qonun qabul qilmasligi to‘g‘risida shart belgilanadi. Biz suhbatlashgan amerikalik mutaxassisning ta’kidlashicha, bu to‘rt yillik voqea-hodisalar, jumladan, partiya­lar kurashi, dinlar, irqlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, ayniqsa, muayyan bir guruhning hokimiyatni egallab, o‘z manfaati uchun kurashi, bugungi til bilan aytganda, korrupsiyaning oldini olish uchun ana shu asosiy erkinliklarga to‘sqinlik qiladigan har qanday qonunlarni qabul qilish taqiqlandi va natijada, AQSh qudratli davlatga aylandi.
Ayni paytda biz ham juda mas’uliyatli, millat ravnaqi uchun birlashadigan davr­­ga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu bir-birimizga ta’na toshlari otish emas, balki demokratik erkin jamiyat qurishdagi hayot-mamot fursatidir.

Halim SAYID,
jurnalist