Birlashgan o‘zar…

2020-05-02T09:56:26+05:002 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bu yorug‘ olamdagi mavjudotlar orasida eng kuchlisi insondir. Inson avvalo o‘zining aql-idrok, bilimiyu zakovati bilan, so‘ngra jismoniy quvvvati bilan kuchli. Boshqa barcha kuchli mavjudotlar jismoniy jixatdan kuchli.

Bir zumda olamni kunpayakun qilib yubora oladigan bombalarni inson yaratgan. Koinotni tadqiq etgan, Oyga qadam qo‘ygan ham inson. Va nihoyat, internet degan aql bovar qilmas mo‘’jizani yaratgan ham inson. Xullas, inson aql-zakovati bilan yaratilgan kashfiyotlarni sanashu ta’riflashga so‘z ojiz.

Ammo sohibi qudratning shunday mo‘’jizalari borki, uning oldida buyuk aql egasi, betimsol kashfiyotlar qilgan inson ojizu lol qoladi.

To‘rt oydirki, butun dunyo ahli, olimu ulamolardan tortib davlat arboblarigacha bir “dushman”bilan kurashmoqda. Eng daxshatlisi, bu “dushman”ni qo‘l bilan ushlab bo‘lmaydi, oddiy ko‘z bilan ko‘rishning iloji yo‘q, faqat zarrabin orqali kuzatish mumkin. Zero, u mitti bir zarra, nomi – koronavirus. Dunyoni ostin-ustun qiladigan bombalarning ham kuchi yetmaydi unga. Ne-ne ulug‘ zotlarning boshini tanasidan judo qilgan qilichu shamshirlar chikora.

Ana shu ko‘zga ko‘rinmas zarra – “dushman” yer yuzi bo‘ylab nainki kun sayin, balki soat sayin o‘nlab, ehtimol yuzlab insonlarni halok qilmoqda. Ochig‘ini aytganda, bu virus Xitoyda tarqalgan dastlabki kunlarda, hatto oylarda ko‘plab davlatlar, ayniqsa, har jixatdan qudratli davlatlar unga bepisand qaradi, unchalik e’tibor bermadi. G‘isht qolipdan ko‘chgandan keyin esa bir-birini ayblashga o‘tdi. Bizni bir narsa o‘ylantiradi: xozir bu bahslarning kimga qanday foydasi bor? Uning o‘rniga birgalikda bu ofatni tezroq bartaraf etish chorasini ko‘rish kerak emasmi?!

Koronavirus pandemiyasidan ayrim yetakchi davlatlar rahbarlari, kibrni odat qilgan, har qanday xiyonatu axloqsizlikdan qaytmaydigan, harom va halolning farqiga bormaydigan, Yaratganning qudratiyu marhamatiga imon keltirmaydigan, ozodagarchilikning ko‘chasidan ham o‘tmagan, ota-ona, ustozlar qadrini bilmaydigan, farzand uvolidan qo‘rqmaydigan, silai rahm nima ekanini bilmaydigan va xokazo kimsalar o‘zlariga tegishli xulosa chiqara olarmikan?! Ular loaqal shu ofat nima uchun keldi insoniyat boshiga, deb o‘ylarmikan?! Bilmadim…

E’tibor beryapsizmi, bir oydan buyon butun dunyoni, jumladan, mamlakatimizni ham qandaydir vazminlik egallaganday. Odamlar o‘zaro suxbatda ham bosiq ovozda gaplashayotganga o‘xshaydi. Balki bu mavjud voqelikdan insonlar zarur xulosalar chiqarayotganidan dalolatdir. Balki bu odamlar arzimagan narsalar yuzasidan o‘zaro baqir-chaqir qilishdan tiyilayotgani natijasidir. Balki bu or-nomus, ibo-hayo, odob-axloq kabi ulug‘ fazilatlar ustuvorlik kasb etayotganidan nishonadir. Balki bu odamlar o‘rtasida yo‘qolib borayotgan mehr-oqibat, izzat-xurmat, silayi raxm yana qalqib yuzaga chiqayotganidan bir belgidir. Balki… Shunday bo‘layotgani rost bo‘lsin!

O‘ylab qolasan kishi. Nega inson zoti boshi devorga urilmaguncha ko‘zini ochmaydi! Boshiga bir kulfat tushmaguncha oyog‘i yerdan uzilib, xavolanib yuraveradi? Afsuski, ko‘pincha keyin kech bo‘ladi. Bunga tarixdan ham, bugungi kunimizdan ham istalgancha misollar keltirish mumkin.

Musibatlar, og‘ir kunlar odamlarni bir biriga yaqinlashtiradi, mexr-murruvatli qilib qo‘yadi. Xo‘sh, nega shunday? Nima uchun aqlli zot bo‘lgan inson qorni to‘qligida, sog‘lom ekanida, hamma ishlari yurishib turganida o‘sha oqibatni, mexr-murruvatni unutib qo‘yadi? (Har qanday sharoitda ham o‘zgalardan mexrini, yordamini ayamaydigan, savob talab saxovatpeshalar bor. Ular tom ma’nodagi katta xarf bilan yoziladigan Insonlar bo‘lib, hech qachon oyog‘i yerdan uzilmaydi, kibrga berilmaydi). Buning uchun albatta biron musibatni kutish shartmi? Men 1966 yil 26 aprelda Toshkentda ro‘y bergan zilzilani yaxshi eslayman. Bir kunda bir necha marta yer silkinardi. O‘shanda odamlar shu qadar ahil-inoq, hamjihat bo‘lib qolgan ediki, bir oila farzandlari ham bunchalar inoqlasha olmasa kerak, degan xayolga borardi kishi. Na tanish-bilishu qarindosh-urug‘ning, na mahalladoshu hamkasbning, na millatu yoshu keksaning axamiyati yo‘q edi. Hamma bir biriga mehr-shafqat bilan boqar, biron-bir yordam berishni o‘ylar edi…

Mamlakatimiz, xalqimiz koronavirus balosidan aziyat chekayotgan shu kunlarda mening xayolimga o‘sha voqealar keldi. Nazarimda xalqimiz xudda o‘sha paytdagidek bir-biriga mexr-oqibati ortib, yanada shafqatli bo‘lib qolganday. Aslida bu xislatu fazilatlar millatimiz qonida bor. Bugun u yanada bo‘rtib yuzaga chiqqan ko‘rinadi. Zero, davlatimiz rahbari barchani bu ezgu ishlarga da’vat etmoqda. Bir emas, uch marta xalqqa murojaat qildi. Bu murojaatlar samimiyligi, insonparvarligi, xalqimiz va yurtimiz taqdiri, kelajagi uchun, har bir inson xayoti uchun kuyinib aytilgani bilan yuraklarni larzaga soldi. Bu gaplarni eshitib befarq o‘tirish mumkinmi?! Har bir vatandoshimiz bu baloni yurtimizdan tezroq aritish uchun o‘z hissasini qo‘shmog‘i zarur. Albatta, bu hissaning shakli ham, turi ham har hil. Kimdir shifosi bilan, kimdir mablag‘ bilan, yana kimdir taskinu dalda beruvchi so‘zi va qalami bilan… Eng asosiysi, befarq, loqayd kimsa yo‘q, desak xato bo‘lmaydi. To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, ayrim g‘alamislar, bu vaziyatdan o‘z manfaati yo‘lida foydalanib qolishga uringanlar ham uchramoqda. Ular dengiz yuzidagi ko‘pik kabi tezda yorilib ketmoqda.

Xalqimzni quvontirgan narsa yurtimizga koronavirus kirib kelishidan ancha oldin undan qanday himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar, ya’ni, targ‘ibot-tashviqot ishlari boshlangan edi. Birinchi bemor aniqlangan 15 mart kunidan e’tiboran qat’iy chora-tadbirlar ko‘rildi. Davlatimiz rahbari mutasddilarga aniq topshiriqlar berdi va ijrosini shaxsan o‘zi nazoratga oldi. Maqsad – iloji boricha bu ofat keng yoyilishining oldini olish. Buning uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Buni xalqimiz ham, dunyo ham ko‘rib, eshitib turibdi. Boz ustiga, odamlarning turmushi og‘irlashib qolishi xavfining oldi olinmoqda, zarur mahsulotlar yetkazib berilayotir. Xalqimiz bu ofatdan betalofat, eson-omon o‘tishi uchun davlatimiz barcha choralarni ko‘rmoqda, hech narsani ayagani yo‘q. Axolidan bir narsa iltimos qilinmoqda: uyda o‘tiring, zaruratsiz ko‘chaga chiqmang, tozalikka, gigiyena qoidalariga qat’iy ri’oya qiling. Tamom!

Afsuski, bu tartib-qoidaga bepisand qarayotganlar hamon uchramoqda. Tassavur qilaylik, koronavirus bir taraf, unga qarshi kurashayotgan xalq va davlat bir taraf. Agar o‘ttiz to‘rt millionli xalq bir jonu bir tan, bir musht bo‘lib kurashsa ofat tezroq chekinadi. Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar, degan naql bor xalqimizda. Kimda-kim tartibga bo‘ysinmasa yoki uni nazarga ilmasa u o‘sha koronavirus tomonga o‘tgan bo‘ladi. Bu xalqqa, vatanga xiyonat xisoblanadi. Qadimdan shunday gap bor: bemor shifokor tomonda bo‘lsa u tezroq tuzaladi, bordiyu kasal tomonga o‘tsa sog‘ayishi gumonda qoladi. Bu aqida bugun har qachongidan-da dolzarb, ahamiyatli.

Karantin joyidan qochganlar, ko‘cha-ko‘yda tartibni buzib yurganlar xaqida o‘qib xayron bo‘ladi odam. Axir kimdan qochasan, qayoqqa borasan? Bu yaramas virusdan qochib qutilib bo‘lar ekanmi?! Shu qadar omi, masu’liyatsiz bo‘lish mumkinmi? Bu ofat oldida ikki dunyo bir qadam bo‘lib qolmoqda-ku. Bunday nojo‘ya xarakatlar o‘rniga xayotini xavf ostiga qo‘yib ishlayotgan chinakkam fidoyi shifokorlar nazoratida bo‘lib sabr bilan mutaxasislar tavsiyasiga amal qilish zarur. Bu balo yurtimizdan tezroq arishini Allohdan so‘rab duo qilaylik.

Kelinglar azizlar, biz nimaga qarshi kurashayotganimizni, masala qanchalar jiddiy, og‘ir va mas’uliyatli ekanini unutmaylik. Prezidentimiz rahbarligida butun mamlakat rahbariyati barcha kuch va salohiyatni, e’tiborni nima uchun aynan shu masalaga qaratayotganini teranroq anglaylik, uning qadriga yetaylik. Bu sa’y-xarakatlar sizu biz, farzandlarimiz sog‘ligi uchun, ularning sog‘lom kelajagi uchun qilinmoqda-ku! Buni bilmaslikka, unutishga xech kimning xaqi yo‘q!

Mamatqul HAZRATQULOV,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist