Do‘st yonida bo‘laylik, do‘st qatorida turaylik

2020-05-02T09:50:41+05:002 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Munosabat

Bugun hammamizning ko‘nglimizda bir o‘y, bir tashvish, yuragimizda bir dard. Butun dunyoni tashvishga solgan koronavirus pandemiyasidan davlatimiz va hukumatimizning sa’yi harakatlari, xalqimizning ahilligi bois uyushqoqlik bilan xalos bo‘layotgan bir sharoitda yangi sinovlarga ro‘baro‘ keldik. Kuchli shamol oqimidan iborat tabiiy ofatdan Navoiy, Samarqand,Qashqadaryo viloyatlari, ayniqsa Buxoro viloyatining Qorako‘l va Olot tumanlari aholisi qattiq zarar ko‘rdi. So‘nggi kunlarda esa kuchli yomg‘ir yog‘ib, qattiq shamol turgani bois Sardoba suv omboridan suv sizib chiqishi tufayli kutilmagan falokat yuz berdi. Odamlarning yillar davomida tiklagan qancha-qancha imoratlari, uy-joylari, mol-holi,ekinzorlar suv ostida qoldi. Falokat ko‘lami, u keltirayotgan zarar yurakni uyushtiradi. Qancha-qancha maydonlarda bug‘doy boshoqlayotgan, chigitlar unib chiqayotgan edi. Meva va sabzavotlar gurkirab o‘sayotgan edi.

 

Zudlik bilan voqea joyiga hukumat va barcha darajadagi mas’ul rahbarlar yetib borishdi. Ertayu kech tinim bilmay xalqimiz tashvishini qilayotgan Prezidentimiz, ikki kundirki, Sirdaryo viloyatida. Hammamiz oynai jahon orqali Yurtboshimizning Buxoro viloyatiga borib, kuni kecha Sirdaryo viloyatida vaziyatni o‘rganib, odamlar bilan uchrashib, lozim bo‘lgan barcha choralarni ko‘rayotganiga guvoh bo‘lib turibmiz. Favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari zudlik bilan boshlab yuborildi. Odamlar xavfsiz hududlarga ko‘chirilmoqda. Ular uy-joy, oziq-ovqat bilan ta’minlanmoqda.

 

“Bu hech kim kutmagan sinov. Birinchi harakatimiz odamlarni ehtiyot joylarga ko‘chirish bo‘ldi. Eng katta masala – o‘lim bo‘lmasligi. Oqsoqollar, mahalla raislari va nozirlaridan iltimos qilaman: odamlarni yig‘ib, uylarga, palatkalarga joylashtirib, oziq-ovqat bilan ta’minlab, mahallama-mahalla saranjom qilib olishimiz kerak. Buning uchun hamma kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Sharoit yaxshi bo‘lmaguncha birorta rahbar ketmaydi. Sabr qilib, og‘irlikni yelkamizga olib, chidashimiz kerak. Bironta xonadon, bironta odam e’tiborsiz qolmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

 

Albatta, suv toshqinlari kechayo bugun sodir bo‘layotgani yo‘q. Dunyoning qanchadan qancha mamlakatlarida bunday holat har yili kuzatiladi. Suvom borlarida damba o‘pirilishlari ham tarixda ko‘p uchraydi. Misol uchun, o‘tgan asrda Kaliforniyadagi Orvill dambasida sodir bo‘lgan avariya tufayli 600 kishi, Fransiyadagi Reyran daryosi o‘zanidagi Malpasse dambasi qulab tushishi bois 423 nafar kishi halok bo‘lgan, butun bir shaharni suv bosgan. Italiyaning Vayont suvom borida toshqin bois 2 mingdan ziyod, Xitoydagi Baynsyan gidro elektrostansiya dambasi buzilgani tufayli eng ko‘p –26 ming qurbon berilgan.Bunday misollarni biz yashayotgan asrdan ham keltirish mumkin. 2009 yil Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidagi Sayano-Shushenskaya GESida sodir bo‘lgan texnik avariya 75 kishi umriga zomin bo‘lgan bo‘lsa, 2010 yili Xitoydagi Fuxa daryosiga qurilgan damba o‘pirilishi bois yuz ming odam ko‘chirilgan. O‘sha yili Pokistonning Ind daryosidagi toshqin tufayli 700 odam halok bo‘lgan. Ming shukrki, odamlarimiz sog‘-salomat, qurbonlar yo‘q.

 

Sardoba tumanining “Ahillik”mahallasida Norboy Saydaliyev degan pensioner tog‘amiz yashaydi. Telefonda hol-ahvol so‘radim.“Tongda xabar kelib qoldi. Bola-chaqa, nabiralarni olib, ko‘p qatori yo‘lga chiqdik. Birinchi o‘ylaganimiz bola-chaqamiz, o‘zimiz bo‘ldik, dedi tashvishli ohangda. Do‘stlik tumanidagi qarindoshimiznikiga eson-omon kelib oldik. Uy-joy, mol-hol, nima bo‘lsa,shunday suvda qoldi. Birgina otim, shuni jilovini bo‘shatib yuborgan edim, bizdan qolmadi. Ergashib chiqdi. Suv ombori qurilganda qancha xursand bo‘lganmiz. Falakat-da. Mol-hol deysizmi? Boshimizdan sadaqa. Jonimiz sog‘-ku. To‘rt ko‘z tugal qoldik. Shunga shukr. Prezidentimizning viloyatimizga kelishi, bironta odam e’tiborsiz qolmaydi,deya ko‘nglimizni ko‘targanlari katta madad bo‘ldi. Hayotimiz, xudo xohlasa, yana izga tushib ketadi. Tashvishni bergan egasi rizqimizni ham berar”.

 

Gapining so‘ngida ovozida xiyla xotirjamlik va vazminlikni his etdim. Bu, hech shubhasiz, tushungan odamning fikri, ko‘pni ko‘rgan insonga xos xotirjamlik, shu bilan birga, har qanday holatda chuqur mulohaza yuritib ish tutishga oid xalqimizga xos fazilat ifodasi edi.

 

Ayni shunday fazilatlar odamlarimizga madad va suyanch bo‘lishi tabiiy. Bu falokat, haqiqatan hech kim kutmagan sinov bo‘ldi. Birinchi navbatda, Sirdaryo va Jizzax viloyati aholisi, shu bilan birga, butun O‘zbekiston ahli uchun, har birimiz uchun ham yana bir sinov bo‘ldi. Eng avvalo,irodamizga sinov, mehru oqibatimizga, odamiyligimizga, imon-e’tiqodimizga sinov. Hayot shunday ekanki, u odam bolasini nafaqat xursandchiliklar, bayramlar, balki kutilmagan tashvishlar bilan sinovdan o‘tkazar ekan. Ammo,shu narsa aniqki, xalqimiz eng murakkab sharoitlarda ham ruhini baland tutgan, o‘zaro ishonch, ahilligini, mehr oqibatini yo‘qotmagan xalq. Bundan og‘ir kunlardan ham mardona o‘tgan xalq.

 

Ko‘ngildagi gapni aytadigan bo‘lsak, hayot bugun o‘zi achchiq saboq berayotir: barchamizni jiddiy o‘ylantirayotgan masalalarga munosabatimizni ham o‘zgartirayotir. Albatta,ekkan ko‘chating mevaga kirgan,dunyoga keltirgan bolang kamol topgan xonadonni kulfatda ko‘rish, tark etish, yillab yiqqan narsalaringni boy berish oson emas. Mol achchig‘i – jon achchig‘i, degan gap bor. Har qanday odam bunday lahzalarda qattiq iztirob chekishi, shu ruhiy holatda og‘zidan qattiq-quruq gaplar chiqib ketishi tabiiy.

 

Bunday deyayotganim, bugun biz chinakam erkin jamiyatda, xususan, so‘z erkinligi, matbuot erkinligi zamonida yashayapmiz. Bunaqa erkinlik hech bir davrda bo‘lmagan. Bugun istagan odam qo‘lidagi uyali telefon bilan istagan joyda suratga olishi, ovoz yozib olishi, ijtimoiy tarmoqda tarqatishi mumkin. Bu katta imkoniyat, albatta. Shu bilan birga,so‘zga egalik qilish, aytar gapni aytish, aytmas gapdan qaytish,deganday,chinakam er kishiga xos fazilatlarni namoyon etish ham juda muhim ekanini unutmasligimiz lozim. O‘zini professional kasb egasi deb bilgan jurnalistlarimiz va blogerlarimiz bu borada, ayniqsa, ibrat bo‘lishlarini istar edim.

 

Kelinglar, aziz hamkasblar, qalamimiz davlatimiz va xalqimiz o‘y-tashvishlariga muvofiq bo‘lsin. Muammolarni jamoatchilik e’tiboriga havola etgan holda har bir inson dardiga malham, ishonchiga qanot baxsh etsin. Uyingga o‘t tushsa do‘st chelak ko‘tarib chopadi, dushman ayuhannos soladi, deydilar. Do‘st yonida bo‘laylik, do‘st qatorida turaylik:

 

Oy zulmat to‘ridan chiqolmas sira,

Shu bois kunduzi ko‘rinmas izi.

Tunni yengib chiqqan quyoshga qara,

Charaqlab turibdi, yorug‘dir yuzi!

Sa’dulla HAKIMOV,

O‘zbekiston jurnalistlari uyushmasi raisi.