Achchiq tutun

2020-05-01T13:08:19+05:001 May, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bosma nashrlarning inqirozi xususida yana bahs boshlandi. Bir qarashda o‘rinli bahs: ko‘plab nashrlar bugungi tezob sharoitga, ish uslublarini muttasil yangilab borishga dosh bera olmayapti. Haftada bir marta chiqadigan gazetalar yangiliklari soat sayin o‘zgarib turadigan elektron nashrlar bilan bellasha olmaydi. Buning bahs qiladigan joyi yo‘q. Ammo bahs qilishning ham o‘ziga yarasha madaniyati bor. “Falonchi mana bunday fikrni aytgan edi, pismadonchilar unga qarshi cherik tortdi” yoki bugungi jurnalistlarning aksariyati sobiq tuzum paytida janob Gorbachev bergan demokratiyani qo‘ldan boy bergan maddohlarning avlodlari, degan gap, odob bilan aytganda, yurakka o‘qday botadi. Milliy jurnalistikamiz oqsayotgani rost, ammo u oriyatini yo‘qotgani yo‘q. Og‘zi kuygan odam qatiqni ham puflab ichadi deganlaridek, kecha yoki qay bir payt matbuotdan, qaysi bir jur’atli jurnalist hamkasbimizdan zarba yeganlar bugun nazariyotchi mutaxassislarga aylanib, gazetalarning betiga loy chaplamoqda, buning oqibatida matbuotning yutuq-kamchiliklarini ro‘yi-rost aytayotgan xolis tahlilchilarning kerakli fikrlari nogahoniy ustozlarning g‘ala-g‘ovuriga qo‘shilib, ola-quroq bo‘lib ketmoqda.

Ikkinchi fikr. Mana, qirq kunlirki, gazetasiz, jurnalsiz yashayapmiz, osmon uzilib yerga tushgani yo‘q, degan xulosa bolalarcha fikrlashning klassik namunasi. Isbot: bir yarim oydirki to‘ylarsiz, ertalabki nahor oshlarsiz yashayapmiz, ammo bundan o‘zbeklar osh yemay ham yashayverishi mumkin, sakson kilolik qozonlarni “utilsiryo”ga topshirish kerak, degan xulosa kelib chiqmaydi. Uchinchi fikr. Gazetalarning umri tugayotgani haqidagi gapning tajribasi yo‘q, gazeta bo‘yog‘ini hidlab ko‘rmagan, jurnal maqolalari qanday tayyorlanishidan bexabar, umuman, sohadan yiroq, tushunchasi kam, qo‘lida qalami yo‘q qishi aytsa, ha endi, bu ham bir gap-da, deysiz, qo‘yasiz.

Ba’zan donishmandlar ham xato qilishadi. Ammo sohani yaxshi tushunadigan, qat’iyatli, tashabbuskor rahbar sifatida shakllangan, matbuotni, demakki, jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash vazifasini o‘z tashabbusi bilan zimmasiga olgan kishi kutilmaganda og‘riqli gap qilsa, boshqalarni bilmadim-u, menga g‘oyat qattiq tegdi. Karantin sharoitida ham talabalarga saboq berayotganimiz, maqolalar yozayotganimiz, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rayotganimiz, faol jurnalistlar el-yurt dardida kuyib-pishib yurganlari nima – behuda urinishmi? Ertaga ildizi quriydigan ko‘chatga behuda suv quyishmi?

Shu kabi adoqsiz savollar girdobida qoldim. Matbuotimiz bosib o‘tgan yo‘l, ulug‘ ustozlar, sobiq tuzum payti haq gapni yozgani uchun jazolanganlar ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi. Davlatimiz rahbari “Men jurnalistlarni hurmat qilaman, ularning mehnatini qadrlayman”, deya bizga ehtirom ko‘rsatayotgani, mamlakat parlamentida, Senatda hamkasblarimiz safi ko‘payayotgan bir paytda, yangi jurnalistika universiteti tashkil etilganida, yurtimizda kitobxonlik madaniyatini oshirishga qanchadan-qancha moddiy va intellektual boylik sarflanayotgan bir paytda gazetalarning kuni bitdi, degan mazmunda bashorat qilish nechog‘li o‘rinli? Dengizga g‘arq bo‘lgan kishi kimsasiz orolga yetib olganida ham, “E, qarang-a, uysiz-joysiz, kiyim-kechaksiz, maosh-mashinasiz ham yashasa bo‘lar ekan-ku”, demaydi, uyga qaytish yo‘lini qidiradi. Matbuot g‘arq bo‘lganicha yo‘q, muhtaram birodarlar, uning bugungi o‘ktam ovozini eshitsa bo‘ladi, buning uchun lor vrachning ko‘rigidan o‘tib turish kerak, xolos.

Yaqinda bo‘lib o‘tgan bir ijodiy yig‘inda taniqli olimlarimizdan biri bizga uzoq yillar saboq bergan, matbuot rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ustozlar haqida: “Ularning yozganlari eskida, hammasi yaroqsiz”, deganiga zo‘rg‘a chidab turgandim, bunisi og‘irlik qildi.

Gazetada birinchi xabarim chop etilganiga salkam oltmish yil bo‘ldi. Hali-hanuz bitta maqola yozish uchun necha kunlab erinmay material to‘playman, fakt, raqam yig‘aman, gazeta-jurnallarning eski sonlarini varaqlayman, fikrimni jamlayman, qog‘ozga tushgan misralarimni qayta-qayta tahrir qilaman. Nahotki shularning hammasi ertaga sarobga aylansa? Bugungi bahsdan: “Xomtama bo‘lmanglar, janob jurnalistlar, gazetalarning umri tugadi, karantindan chiqqunimizcha, hamma narsa o‘zgarib ketadi”, degan xulosaning noxush hidi kelmoqda. Meningcha, bunday bo‘lmaydi. Karantin holatida bu qadar uzoq qolib ketmaymiz, niyatni yaxshi qilaylik. Hech bo‘lmasa, bosh sanitar vrachimiz darajasida fikrlaylik: “Hammasi yaxshi bo‘ladi…”, deydi u kishi va buni yaxshi xushxabarlar bilan izohlab beradi. Boshqa bir mamlakatda katta bir gazetaning qog‘oz nashri to‘xtagan ekan, biz ham darhol shu yo‘lga o‘tadigan bo‘lsak, o‘z yo‘limiz qayerda qoladi? G‘arb dunyosi amal qiladigan bir maqol bor, ularning ko‘pi O‘zbekistonda bo‘lmagan, o‘zbek tilini bilmaydi, ammo qurmag‘urlar “Taka bo‘lsin – sut bersin” degan pisandali maqolimizga mahkam yopishib olishgan. Ertaga vaziyat o‘zgarsa, daromad haqqi shu to‘xtagan gazetani yoki boshqa bir nashrni bir kunda bir emas, ikki-uch marta chop etishlari mumkin. Ota-bola Merdoklar tasarruflaridagi yirik gazetadan qanday maqsadlarda foydalangani va, oxir-oqibat, sharmandayu sharmisor bo‘lganlari yodimizdan ko‘tarildimi? “Falon mamlakatda odamlar falon kiyimni kiymay ham ko‘chaga chiqishar ekan”, desa, biz ham shunday qilishimiz kerakmi? Mayli, kimdadir shunday fikr (balki xavotir deganimiz to‘g‘riroqdir) bor ekan, mohi Ramazon hurmati, jahl otiga minmay bosiqroq mushohada yuritaylik.

Odatda, bir gapni takror-takror uqtiraverish durust emas, ammo oddiygina haqiqatni tushunish qiyin bo‘layotgan ekan, nachora, takrorlashga to‘g‘ri keladi. Harbiylarda “Bilmasang o‘rgatamiz, xohlamasang – majbur qilamiz”, degan gap bor. Oddiy haqiqat quyidagicha: bosma nashrlarning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi haqidagi gaplarda xavotir bor, o‘ylashga arzirli tahlil mavjud, ammo necha asrlardan buyon jamiyat bilan yonma-yon yashab kelayotgan bosma nashrlarning o‘nglanmas tanazzuli haqida xulosa qilishga asos yo‘q. Jamiyat qanday bo‘lsa, uning matbuoti ham shunday bo‘ladi: jamiyat ochiq bo‘lsa, matbuot ham ochiq, jamiyat rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilayotgan, takomillashayotgan, boshqaruv tizimida o‘zgarishlar yuz berayotgan ekan, matbuot ham shu bosqichlardan o‘tadi.

Yana bir fikr. Bu yorug‘ olamda tiriklik mavjud, inson yashashda davom etar ekan, demakki, fikrga, tafakkurga ehtiyoj bo‘ladi. Tafakkur rivojini ta’minlash uchun esa odamlar gazeta, jurnal, kitob o‘qishi kerak. Xizmat safarlarim chog‘i dunyoning ko‘p mamlakatlari oliy o‘quv yurtlarida, talabalar shaharchalarida bo‘lganman, ustozlar, talabalar zarur maqolalarni internet orqali qidirishadi, topganlaridan keyin esa uni qog‘ozga ko‘chirib, qog‘ozda o‘qishadi. Asosan qog‘oz manbalardan foydalanishadi. Ilm yo‘li shu. Buning farqini tushunish qiyin emas. Olimlarning fikricha, qog‘ozdagi satrlar, demakki, axborot, fakt va raqamlar, his-hayajon, tuyg‘u, ajablanish, qoniqish, junbushga kelish, havas qilish inson miyasiga Kumushbibining “Siz o‘shami?” degan so‘zlaridek yaxshi joylashadi, xotiraga muhrlanadi va naqsh bog‘laydi. Bundan atigi bir muddat avval kimdir ”Koronavirus bu donishmand dunyoni to‘rt kunda alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi, boyu kambag‘al, qarzdoru haqdorning joni halqumiga keladi”, desa ishonarmidik? Bu yaramas virusning ishtahasi ochilib, payt poylab turib, internetga dunyo miqyosida hujum boshlasa, xotirasini chilparchin qilib tashlasa, nima bo‘lishini tasavvur qilamizmi?

Demak, qog‘oz nashrlardan voz kechishimiz qiyin, ularsiz komillikka erisha olmaymiz ham. Internet imkoniyatlari cheksiz, xabar tarqatish tezligi borasida hech bir boshqa vosita unga raqobatchi bo‘la olmaydi. Boz ustiga, bu tizim hali yanada rivojlanadi. Ammo, shuni ham unutmaylikki, bunday dono va tezkor mashinani gazeta, jurnal, kitob o‘qib bilimdon bo‘lgan Inson bolasi yaratgan va bundan keyin ham, agar ikszurriyotlar hammayoqni egallab olmasalar, dunyo texnokratlar qo‘lida qolib qolmasa, vorisiylik zanjiri uzilmasa, aql-idrokka chang tushmasa, albatta, hazrati Inson, uning kitoblardan olgan bilimi boshqaradi. Yaxshilab tushunib olaylik: internet insonning xabardorlik darajasiga xizmat qiladi, unga ming rahmat va qulluq, bosma nashrlar esa tafakkurimizni charxlaydi, qalbimizni boyitadi, imon-e’tiqodimizni mustahkamlaydi.

Rumiy hazratlari shunday deganlar: “Do‘kondagi narsalar ombordagilarning bir qismidir. Omborda bor narsalarning hammasini do‘konga sig‘dirib bo‘lmaydi. Inson ana shunday do‘konga o‘xshaydi. Unga Tangrining sifatlar xazinasidan biror-bir parcha (eshitish, ko‘rish, his etish, so‘zlashish, aql-farosat, bilim, mardlik, jasorat kabilar) berilgan. Demak, insonlar Tangrining sotuvchilaridir va ular bu ish bilan mashg‘uldirlar. Kunduzi savdo qilib, idishlarni bo‘shatadilar, kechasi esa bo‘sh idishlarni yana to‘ldiradilar, to‘lganlarini quvvatlantiradilar”.

Ulug‘ ustoz “kechasi idishlarni to‘ldirish” deganda kitob o‘qishni ko‘zda tutganiga shubha yo‘q. “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Tafakkur” jurnallari kitob holida chop etiladi. Bu nashrlarda e’lon qilingan maqolalarni yigirma, o‘ttiz yildan keyin ham o‘qish mumkin. Nahotki buni farqlamasak?

Bugun pandemiyadan so‘ng dunyoning qanday bo‘lishi haqida ko‘p fikrlar bildirilmoqda. “Dunyo butunlay o‘zgaradi, hammasi boshqacha bo‘ladi, hech narsa shu holicha qolmaydi”, deyayotganlar oz emas. E’tiroz bildirish qiyin, chunki bu yalpi ofatdan omon chiqqan dunyo, chindan ham o‘zgaradi. Turmush tarzimizda, dunyoqarashimizda, jahoniy munosabatlarda, xalqaro ijtimoiy, iqtisodiy-siyosiy aloqalarda yangicha yo‘nalishlar, maqsad-muddaolar, umummanfaatli rejalar paydo bo‘lishi aniq. Fikrimcha, yangi bir tozarishni boshdan o‘tkazishimizga, ortiqcha, samarasiz narsalaru vositalardan, to‘siq-to‘g‘onlardan, eskigan qolip-andozalardan voz kechishimizga, qisqa qilib aytganda, bundan buyog‘iga oyoqni ko‘rpaga qarab uzatishimizga, daromadga yarasha buromad qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Davlat boshqaruvida, rahbarlik tizimlarida o‘ziga xos ixchamlashuv bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Sifat va samardorlikka qaytamiz. Tejamkor bo‘lamiz. Ayniy domlaning “Sudxo‘r” romanini, Xurshid Do‘stmuhammad aytganidek, qayta idrok etamiz. Buni har bir davlat, jamiyat o‘zining ichki imkoniyatiga qarab amalga oshiradi. Alohidalanish, bo‘laklanish, tor qobiqli uzlatga chekinish kabi qarashlar o‘rnini yagona umuminsoniy maqsad-muddao, masalan, tabiatni asrash, ichimlik suvini tejash, mintaqaviy kooperatsiyani rivojlantirish yo‘lida birlashish harakatlari egallaydi. Dunyoni ayni mana shu o‘zgarishlar qutqaradi. Ammo, shuncha o‘zgarishlar ham “Pandemiyadan keyin dunyo butunlay boshqacha qiyofaga kiradi”, deyishga asos bo‘la olmaydi. Dunyo dunyo bo‘lganidan beri yashab kelayotgan ma’naviy-axloqiy tamoyillar, shubhasiz, saqlanadi. Insoniyat yuzidagi niqobini yechganidan keyin ham yashashda davom etadi, farzand tarbiyalaydi, bog‘ yaratadi, bolalariga gazeta-kitob o‘qib beradi.

Insoniyat o‘z tarixida balo-qazolarni ko‘p bor ko‘rgan, talofatlari koronavirus qurbonlaridan oshgan. Uy-joyi, qurgan shaharlari necha bor yonib kul bo‘lgan, daryolari necha bor qurib, qayta jonlangan. Ammo hech qachon tushkunlikka tushmagan, yashashda, yaratishda davom etgan. Biz bugun pandemiyaga qarshi kurashda aslo bo‘sh kelmayotganimizning boisi ham shu – xalqimizning ruhi baland, ertangi oydin kunlarga ishonchi mustahkam, davlat rahbari, millat yetakchisi bu kurashning boshida turibdi. Shunday ekan, u bo‘ladi, bu bo‘ladi qabilidagi taxminlarni to‘xtatganimiz ma’qul. O‘zbekistonda jurnalist kasbini egallagan, shu kasbga sadoqat bilan xizmat qilayotgan necha ming ijodkor bor. Uchta universitetda Prezidentimizning oliy ta’lim oldiga qo‘ygan yangi talablari asosida ertaga o‘rnimizga keladigan o‘rindoshlarimizni tarbiyalamoqdamiz. Dunyoning ko‘zga ko‘ringan universitetlari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Zamonaviy darsliklar yaratilmoqda. Yangi o‘quv yili boshida auditoriyaga kirib, talabalarga nima deymiz, “Kechirasizlar, boshqa fakultetlarga o‘tinglar, gazeta-jurnallarning kuni yaqinda bitadi”, deymizmi? Bu gap qayerdan chiqdi, degan savolga qanday javob beramiz, “Pandemiya kunlari ustoz jurnalistlarning xolidan xabar olgan jamg‘armadan”, deyishga tilimiz borarmikin?

Bir gapni ochiq aytish kerak: matbuotimiz jiddiy o‘zgarishi zarur. O‘zgarayotgan, bugungi talablarga moslashayotgan nashrlar yo‘q emas, bor, ammo to‘rt-beshta ilg‘or, to‘rt-beshta shartaki bilan ish bitmaydi. Ortiqchalari, quruq savlatlilari, og‘ir karvonlari, shunchaki havasga tashkil etilganlari, jurnalistikaning obro‘sini to‘kayotganlari bor va oz emas. Bu muammoni kim hal qiladi? Ta’sischi va jamoaning o‘zidan boshqa hech kim. Raqobatga dosh bera olmayapsizmi, bugunning shiddatini his etishingiz qiyin kechayaptimi, o‘quvchingiz kammi, so‘zingiz ta’sirchan chiqmayaptimi, ishingizdan qoniqmayapsizmi, marhamat, bir qarorga keling.

Shu yerga kelganda, matbuotimiz muammolariga boshqa bir tarafdan ham qarashimiz zarur. Joriy yilimizning eng katta muammosi, aniqrog‘i talofati obuna bilan bog‘liq bo‘ldi. Majburiy obunaga qarshi kurash kampaniyasi uquvsizlik bilan olib borilgani natijasida o‘rtada tushunmovchilik kelib chiqdi. Qayerga bormang, kecha ham, bugun ham va, albatta, ertaga ham bitta gap: “Akajon, ustozday odamsiz, hurmatingiz bor, ammo yordam bera olmaymiz, obuna bilan shug‘ullanganlarni ishdan bo‘shatishmoqda. Mana, masalan…”

Bu xatoni tan olmaslik uchun nima harakat qilmaylik, so‘rovlarga qanday “otpiska”lar jo‘natmaylik, intervyularimizda o‘zimizni nechog‘li oqlamaylik, foydasiz – o‘rmonga o‘t tushib, ho‘lu quruq barobar yondi va uning achchiq tutuni hamon ko‘zimizni achishtirmoqda. Hali ham kech emas, kimdir: “Azizlar, obunaga hech kim qarshi bo‘lgan emas, bizni noto‘g‘ri tushunishdi, marhamat, o‘zingizga ma’qul nashrlarni o‘qinglar, targ‘ib qilinglar, bahs-munozaralarga qo‘shilinglar, maqola yozinglar, yaxshi ishlaringizni ko‘rsatinglar, obuna targ‘ibotchilarini jazolamanglar, aksincha, rag‘batlantiringlar”, deyishi zarur. Bordi-yu bunday deyishga jur’at yetmasa, unda, hech bo‘lmasa, obunaga xalaqit bermaslik kerak. “Ha, birodar, obuna bo‘lgingiz kep qoldimi, qaysi nashrga, e-he, mayli…” deya inglizcha kulmaslik kerak (Inglizlarda uch narsadan – buqaning shoxidan, otning tuyog‘idan va inglizning miyig‘ida kulishidan qo‘rq” degan maqol bor).

Ustoz Erkin Vohidovning bir gaplari yodimga tushadi. Viloyatlardan birida hunarmandlarning ko‘rgazmasi bo‘layotgan ekan. Rahbarlardan biri Erkin akaga: “Ustoz, odamlarga qo‘yib bersangiz nima ishlar qilishmaydi-ya, oddiy hunarmand yigit yaratgan idish chinakam san’at asari-ya”, degan ekan, shoir: “Bir qo‘yib bermaysizmi”, debdi.

Matbuot ham shunday. Tahririyatga, avvalo, ishonch bildirish kerak. “Ishonch”, “Hurriyat”, “Milliy tiklanish” gazetalariga ozroq qo‘yib berishgan edi, bu uch nashr ancha oldinlab ketdi. Mas’uliyat muharrirning o‘zida bo‘lsin, oddiy axborotni ham yuqori bilan maslahatlashib hal qilmasin.

Yakuniy so‘zim shuki, biz bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyoda, yangilanayotgan O‘zbekistonda, davlatimiz rahbarining insoniy qiyofa kasb etgan yangi xalqchil siyosati sharoitida yashamoqdamiz. Ommaviy axborot vositalarining bugungi erkinligi bundan uch-to‘rt yil avval hatto hayolimizga ham kelmagan. Buni tan olaylik. Ammo hayot tinimsiz o‘zgarib, dengiz to‘lqiniday mavjlanib bormoqda. Faolligimiz, ijodimiz, jur’atimiz shunga mos bo‘lsin. Oddiy mulohazadan boshlangan bahs-munozaraga berilmaylik-da, siz, men, boshqa ustozlar, muharrirlar, iste’dodli shogirdlar, qo‘lida qalami, yuragida jur’ati bor fidoyilar matbuotimizning ertasi uchun jon kuydirib, hech bo‘lmaganda, bittadan o‘qiladigan, o‘quvchida fikr uyg‘otadigan, qarashlarini charxlashga qodir maqola yozaylik, muxlislarning ishonchini qozonaylik. Meningcha, yashab qolishning bundan boshqa yo‘li yo‘q.

Ahmadjon Meliboyev