Fidoyi ijodkor

2020-04-29T09:56:26+05:0029 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

9 may – Xotira va qadrlash kuni

Jurnalistika ajib sinoatli soha. Nogahon nimalarnidir qoralagan, tayyorlagan bo‘liboq, o‘zni “buyuk iste’dod sohibi“ sanay boshlaydi kishi.

Biroq milliy jurnalistika kecha yo bugun shakllanmaganini, unga qanchadan-qancha ustoz ijodkorlarning mehnati singganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Lola aya Isamuhamedova milliy jurnalistikamizning ana shunday fidoyi va jonkuyar vakillaridan. Ovozi, o‘zini tutishi hamon o‘ktam, so‘zi o‘tkir ayaning to‘qson bahorni qarshilaganiga ishonish qiyin.

Uning mehnat daftarchasida birgina “Pravda vostoka“ degan yozuvdan boshqasi yo‘q. Asli andijonlik bo‘lgan Lola opa bu tahririyatga Moskva davlat universitetini tamomlab, mehnat taqsimotiga ko‘ra yosh mutaxassis sifatida 1954 yilda ishga qabul qilingandi. O‘shanda tahririyatga to‘ppa-to‘g‘ri Moskvadan, hali uyiga – Andijonga ham kirmay, qadrdonlarini ko‘rmagan edi. Kelgani ko‘yi umr bo‘yi Toshkentda qolib ketdi. Baxtini topdi. Oila qurib, farzandlar ko‘rdi. Hayoti davomida shu gazetada halol mehnat qildi.

Lola Isamuhamedova tahririyatdagi eng murakkab va mas’uliyatli bo‘lim – xatlar bo‘limida ish boshladi. Shikoyat va murojaatlar bilan ishlash, gazetxonlarning arziholini tinglash, asl haqiqatning ildiziga yetib borish va shu asosda nashr uchun tegishli materiallarni tayyorlash bugun ham oson ish sanalmaydi. Zero, har bir xatning ortida bir emas, qanchadan-qancha odamlar taqdiri bor ekanini yosh mutaxassis yurakdan anglar edi.

Haqiqatning yuzaga chiqishi osonmas. Axir kim ham o‘z aybini tan olsin, boshqalarga nisbatan nohaqlik qilganini e’tirof etsin…

Lola opa o‘zining ilk jurnalistik materialini yaxshi eslaydi. O‘shanda Oltinko‘l tumanidagi madaniyat uyi pillaqurt boqish uchun foydalanilayotgani haqida shikoyat kelib tushgandi. Yosh jurnalist vaziyatni joyida borib o‘rgandi, mutasaddilarga yuzlandi. Poytaxtga qaytib, tanqidiy maqola tayyorlaganida esa ayrim g‘irrom mutasaddilarning sa’y-harakati bilan “Faktlar tasdiqlanmadi“ qabilidagi qo‘ng‘iroqlari yana avj oldi. Jurnalistning qat’iy pozitsiyasi, haqiqatning tagiga oxirigacha yetishi sababli bu holat alal-oqibat qayta ta’mirlanib, yangicha qiyofa kasb etgan madaniyat saroyining odamlar xizmati, ma’naviy kamoloti uchun shay holatda qayta eshik ochishi bilan yakun topdi. Puxta surishtiruvga, teran tahliliy-tanqidiy yondashuvga asoslangan maqolalar tayyorlash L.Isamuhamedovaning faoliyatida ustuvorlik kasb etadi.

Ha, tahririyatda o‘tgan 52 yillik umri davomida jurnalist Lola Isamuhamedova ne-ne chigalliklarga, tushunmovchiliklaru adolatsizliklarga barham berishga o‘z qalami, jurnalistik surishtiruvlari, tahliliy yondashuvi orqali yechim topmadi, deysiz.

Hol-ahvol so‘rash bahonasida Lola ayaning uylariga qo‘ng‘iroq qilaman. Hayotning pastu balandi, achchig‘ini, og‘ir kunlarini ko‘p ko‘rgan nuroniy jurnalist o‘shanday o‘ktam, jarangdor, qat’iyatli ovozi bilan barchaga sabr, qanoat, ijodkorlarga esa tinimsiz izlanishni tilab qoldi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi nomidan faxriy jurnalist – Lola aya Isamuxamedovani qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etamiz uzoq umr, mustahkam salomatlik, oilaviy farovonlik tilaymiz. Ko‘p yillar nevara-evaralar ardog‘ida yurish, ularning kamolini ko‘rish nasib etsin!