So‘z erkinligi masalasida ortga qaytish bo‘lmaydi

2020-04-24T10:15:01+05:0024 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

MUNOSABAT

Shubhasiz, so‘z erkinligi fuqarolarimiz, xalqimizning insoniy huquqlari ro‘yobga chiqishining o‘zak kafolatidir, insonning ajralmas huquqidir. Inson huquqini so‘z orqali biladi, so‘z orqali ifoda etadi, so‘z orqali himoya qiladi. Insonning so‘z erkinligi bo‘g‘ilar ekan, uning boshqa huquq va erkinliklari ham amalga oshmaydi. Matubotga va uning vakillariga munosabat – xalqqa, uning insonga xos bo‘lgan so‘zlash huquqiga munosabtdir, davlatning demokratik ekani yoki emasligining bosh ko‘rsatkichidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda, axborot vositalarida «Ma’rifat» gazetasining Farg‘onadagi muxbiri Sharifa Madrahimovaga jurnalistik faoliyati uchun bosim o‘tkazilgani va ikki soat davomida ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgani haqida xabarlar tarqalgach, bu ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansni keltirib chiqardi.

Ma’lum xabarlarga ko‘ra, 2020 yil 21 aprel kuni Uchko‘prik tumani hokimligi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida «karantin vaqtida aholiga qulaylik yaratish maqsadida tashkil etilgan yarmarkada sifatli mahsulotlar arzon narxlarda sotilayotgani» haqidagi xabardan so‘ng, jurnalist Sharifa Madrahimova asl holatni o‘rganib, savdo shaxobchasida holatni ko‘radi va o‘z telefoniga tasvirga olmoqchi bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra: «Donasi 500 so‘mdan deb narx yopishtirib qo‘yilgan tuxum olmoqchi bo‘lganimda, sotuvchi har bir odamga faqat 5 donadan sotilishini aytishdi. Kilogrammi 42 ming so‘mdan bo‘lgan go‘sht o‘ta sifatsiz bo‘lib, sarg‘ayib uch-to‘rt kun turdi, birov olmadi. Chirishga kelgan kartoshkaning kilosi 2500 so‘m bo‘lib, foydalanishga yaraydigan emas edi. Uchko‘prik dehqon bozorida esa narx navo-qimmat”.

Jurnalist yarmarkaga borib, holatni telefonida video va foto tasvirga olayotganida o‘zini «tuman hokimligi vakili», deya tanishtirgan Shohjahon Mo‘ydinov kelib telefonini tortib oladi. Tuman hokimligi vakili IIB vakilini chaqiradi va IIB xodimi Sharifaxon Madrahimovaga shaxsini aniqlash uchun IIBga borish kerakligini aytadi. O‘sha paytda jurnalistning yonida guvohnomasi bo‘lmagan. Madrahimova tuman IIBga olib boriladi.

«IIBga borganimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘im u yerga O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan berilgan guvohnoma va «Ma’rifat» gazetasi muxbiri ekanim haqidagi hujjatlarni olib keldi. Hujjatlarni ko‘rgach, IIB xodimlari guvohonomalarda amal qilish muddati yo‘qligi, ular haqiqiyligini tasdiqlash kerakligini aytishdi. Men viloyat jurnalistlari ijodiy uyushmasiga a’zolik guvohonomasi boshqaruvchi Muhammadjon Obidov tomonidan berilgani, telefon qilib aniqlik kiritish mumkinligini aytdim. Xodimlar Muhammadjon Obidovga qo‘ng‘iroq qilishdi. U kishi esa «Guvohnomani qachonlardir berganmiz. Bu hujjat haqiqiy emas. Qonuniy chora, jazo ko‘raveringlar», dedi. Xona kichik bo‘lgani uchun uning ovozi bizga ham aniq eshitilib turardi. IIB xodimi «Mana, Muhammadjon Obidov hujjat haqiqiy emasligini tasdiqladi», dedi. Xodim «Ma’rifat» gazetasi guvohnomasini ko‘rib esa, «Gazetada ishlasangiz, nega videotasvirga oldingiz? Haqqingiz yo‘q», deya yana so‘roqqa tutadi. Shundan ular tuman hokimiga aloqaga chiqishlarini aytishadi. So‘ng: «Siz yarmarkani s’yomka qilayotganingizdan hokimning xabari yo‘q ekan-ku?», – deyishadi.

Shuni ta’kidlash joizki, bozorda suratga olayotgan jurnalistni ichki ishlar bo‘limiga olib borish, uning guvohnomasini tekshirish, bozorda axborot olish uchun hujjat talab qilish, videotasvir uchun alohida huquq so‘rash noqonuniy, xalqaro huquqqa, O‘zbekiston Konstitutsiyasi va qonunlariga zid harakatlardir.

Axborotni erkin izlash, olish va tarqatish insonning uzviy huquqidir. Xalqaro huquqda ham, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29 moddasida ham: “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega”, – deyilgan. Qonun talabining ibtidosiga e’tibor bering – “har kim” deyilmoqda, fuqaro ham deyilmagan. Bu huquq mamlakatdagi har bir insonga taalluqlidir, nafaqat fuqaro, jurnalist, voyaga yetgan yoki hujjati bor odam, yo‘q, axborot huquqi barchaga taalluqlidir.

O‘zbekiston Respublikasi mustaqil davlat o‘laroq, xalqaro huquqning subektidir. Bu maqom mamlakatimizga ayni paytda xalqaro hamjamiyatning birgalikda qabul qilingan umummajburiy qonun-qoidalariga rioya qilish masuliyatini ham yuklaydi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatiga doir qonunlarning deyarli barchasida xalqaro huquq normalarining ustuvorligi takidlangan. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining xalqaro huquqiy asoslari sifatida «Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi», «Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktga fakultativ protokol»ni, O‘zbekiston Respublikasining BMT, YeXHK, MDH va boshqa xalqaro tashkilot va alyanslar oldidagi majburiyatlarini, O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan axborot siyosatiga doir tuzgan bitim va shartnomalarini keltirish mumkin. Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida: «Har bir inson etiqod erkinligi va uni erkin ifoda qilish huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z etiqodiga amal qilish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday vosita bilan, davlat chegaralaridan qati nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi», – deyiladi. Xuddi shunday qoida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida ham keltiriladi. Insonning etiqod erkinligi, axborot olish va tarqatish erkinligi insonga tug‘ilganidanoq tegishli bo‘lgan huquqi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning matbuotga doir siyosati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatining o‘zagidir: “Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik nazorati borasida orqaga qaytish bo‘lmaydi”. Binobarin, davlat idoralaridan xalq bilan yaqin muloqot o‘rnatish, fuqarolarning so‘rovlari, muammolari va takliflariga o‘z vaqtida javob berish talab qilinadi. OAV va blogerlar bu yangi siyosatda beqiyos rol o‘ynaydi, ular fuqarolarga haqqoniy axborot yetkazishda barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga katta yordam ko‘rsatadi va, ayni paytda, haqqoniy ahvolni berkitishga urinadigan mansabdorlarni namoyon qiladi.

Jurnalistlar uyushmasi, uning Jamoatchilik Kengashi barcha pog‘onadagi davlat idoralari vakillarini axborot sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilikni hurmat qilishlari va tanqidni to‘g‘ri qabul qilishlarini istaydi. Mazkur xodisa qonun doirasida batafsil o‘rganib chiqilishi hamda jurnalistga nisbatan bosim o‘tkazish holati aniqlangan taqdirda mutasaddilarga tegishli tartibda chora ko‘rilishini, yetarlicha saboq chiqarilishini Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligidan kutishga haqlimiz.

Karim BAHRIYEV,

O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi

Jamoatchilik kengashi raisi.