Xitoyliklar shifokorlar koronavirus yuqtirmaslik yo‘lini aytdi

2020-04-20T09:40:20+05:0020 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Koronavirus infeksiyasiga qarshi hamkorlikda kurashish maqsadida yurtimizga kelgan xitoylik mutaxassislarning to‘rt nafari bugun Samarqandda bo‘ldi.

Xitoylik shifokorlar dastlab viloyat hokimi E.Turdimov bilan uchrashdi. Suhbat davomida viloyatda COVID-19 virusi tarqalishining oldini olish, nazorat qilish, davolash borasida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

Shundan so‘ng Chin o‘lkasidan kelgan mutaxassislar samarqandlik shifokorlarga koronavirusga chalingan bemorlarga qanday tibbiy xizmat ko‘rsatish, himoya vositalaridan foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi. Shifokorlarning kiyim almashtirishida virus yuqish xavfi yuqori bo‘lishi, bunday holat Xitoyda ko‘p kuzatilgani aytildi.

Xitoylik shifokorlar virusni yuqtirmaslik va uni yo‘qotishning eng yaxshi va to‘g‘ri yo‘li bu qat’iy karantin, ya’ni uyda qolish kerakligini ta’kidlashdi.

Bemorlarni davolashda mutaxassislar bilan har kuni videomuloqot tartibida maslahatlashishga kelishib oldilar.

Husan ELTOYEV.