Ham jismoniy, ham ma’naviy poklanish, qalban ulg‘ayish fursati

2020-04-19T22:06:01+05:0019 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Mulohaza

Har bir kunimiz shukr va fikr oralig‘ida kechmoqda. Yaqinda televizorda shifoxonadan farzandi bilan sog‘ayib qaytayotgan ayolni ko‘rib, nihoyatda ta’sirlandim. Tasavvurimda shunday bo‘ldiki, ona — bugungi kunimiz, qo‘lidagi bola — kelajagimiz. Ularni olqishlab, qarsaklar bilan kuzatib qo‘yayotgan shifokorlar esa zamon qahramonlaridir.

Darhaqiqat, bugun koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda xalqimiz yanada jipslashdi, shifokorlar bilan birga, milliy gvardiya, ichki ishlar xodimlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari bahamjihat mehnat qilmoqda. Qishloq xo‘jaligi sohasi fidoyilari ertangi kunimiz uchun, dasturxonlarimiz to‘kinligi, turmushimiz farovonligi uchun ter to‘kmoqdalar. Bu holatlarni ko‘rib, hayot fidoyilik asosiga qurilgan ekan, deya o‘ylab qolasan, kishi.

Bemorlarning tuzalib, yana sog‘lom hayotga qaytayotgani mamlakatimizda pandemiyaga qarshi o‘z vaqtida, nihoyatda aniq va samarali chora-tadbirlar ko‘rilganini yaqqol ifodalaydi. Bularning barchasi mamlakat miqyosida o‘rnatilgan yuksak intizom samarasidir. Yuksak intizom – bu kerakli yumushlarni kerakli vaqtda, kerakli joyda, kerakli darajada amalga oshira bilish madaniyati demakdir.

Prezidentimiz koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqimizga to‘rtinchi marotaba murojaat qildi. Kasallikni yuqtirib olmaslik uchun odamlarni, ayniqsa 65 yoshdan oshgan insonlarni uyda qolishga chorlamoqda. O‘zingizni ehtiyot qiling, o‘zingizni asrang, demoqda. Bunday g‘amxo‘rlik va e’tiborni, albatta, qadrlashimiz kerak. Qolaversa, uyda o‘tirish bekor qolish degani emas, bu har birimiz uchun ham jismoniy, ham ma’naviy poklanish, qalban ulg‘ayish fursatidir.

Uyda butun oila jamligi ham katta baxt. Nabiralar bilan davra qurib, kitobxonlik qilyapmiz. On-layn darslarini on sayin ular bilan birga o‘zlashtirayapmiz, o‘z ustimizda ishlayapmiz. Ijoddan to‘xtab qolganimiz yo‘q. O‘zimizdagi ezgu fazilatlarni yoshlarga — kelajagimiz egalariga yuqtirishga harakat qilyapmiz. Zero, hayotning har lahzasida bir hikmat mujassam:

Navoiyni o‘qing takror,

So‘zlaridan ibrat oling:

Har hikmatda bir xislat bor,

Hikmat uchun uyda qoling!

Sa’dulla HAKIM,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi.