EL BOSHIGA ISH TUShGANDA: Yana kimo‘zar boshlandimi?..

2020-04-18T13:24:57+05:0018 April, 2020|Umumiy yangiliklar|
Bugun hammamiz erta tongdan yuragimizni hovuchlab teleekranga ko‘z tikamiz, ijtimoiy tarmoqlarni kuzatamiz, “nima bo‘lsa ham hech kimda koronavirus aniqlanmagan bo‘lsin, hech bo‘lmasa, kechagidan kamaygan bo‘lsin!”
Ko‘rayapmiz, o‘qiyapmiz, guvoh bo‘layapmiz. Kecha dunyoning eng rivojlangan davlati sifatida ko‘ksiga urayotgan mamlakatlar ham bu ko‘rinmas balo oldida ojiz qoldi. Qay bir davlat kasallikdan o‘layotgan fuqarolarini dafn qilishga ulgurmayapti, yana qaysi biri o‘z fuqarolarining davolanishi uchun otning kallasiday narx belgilab qo‘ydi. Hatto oddiygina test o‘tkazish yoki telefon orqali shifokor maslahati ham pullik mamlakatlar bor.
Bizda-chi?
Bizda hukumat hamma narsani bepul qilib qo‘ydi. 14 kunlik karantinga olinganlarga ham barcha shart-sharoitlar yaratib berilmoqda. Tezkorlik bilan yangi karantin shifoxonalari bunyod etilmoqda. Kam ta’minlangan oilalarga hukumat tashabbusi va homiylar ko‘magida bepul oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilmoqda.
Biz-chi? Biz nima qilayapmiz?
Biz noshukurlarcha homiylar tomonidan uyimizgacha yetkazib berilayotgan bepul oziq-ovqat mahsulotlarining sifatsizligidan, kamligidan nolimoqdamiz. Ijtimoiy tarmoqlar, telegramm kanallarida mamlakatimizda olib borilayotgan ezgu va savobli ishlarni yo‘qqa chiqarish, xalqaro hamjamiyat oldida O‘zbekistonimizning obro‘sini to‘kishda “jonbozlik” ko‘rsatmoqdamiz…
Hech o‘zimizga savol berib ko‘rdikmi? Bunga haqqimiz bormi, o‘zi? Nega buncha surbetlashib ketayapmiz?!
15 aprel kuni “Mening yurtim” telekanalining “Markaziy studiya” ko‘rsatuvini ko‘rdim. Ko‘rsatuvda ta’kidlanishicha, ko‘p hollarda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida faoliyat boshlagan 1197 Call markazi telefoniga o‘ziga to‘q, ikki-uch qavatli uyi, uch-to‘rtta shaxsiy mashinasi bor fuqarolar ham murojaat qilayotgan ekan. Ular markazdan tamaki mahsulotlari, banan, apelsin kabi sitrus mevalar, hatto maishiy texnika vositalari ham so‘rashayapti ekan.
Ular kimlar o‘zi? Ularning bunga haqqi bormi? Kam ta’minlangan oilalar uchun xayriya qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlar yonidagi qo‘shnisi och o‘tirgan boyvachchaning tomog‘idan qanday o‘tayotgan ekan? Nahotki shunchalik manqurtlashib ketayapmiz?!
17 aprel aprel soat 10.00 holatiga ko‘ra mamlakatimizda koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 1380 nafarga yetgan!
Nega? Nima uchun? Qanday qilib? Axir shuncha sa’y-harakat qayerga ketayapti?
Bu savollarga javob izlashdan avval yana bir raqamga e’tiboringizni tortaman. Barcha javoblar ana shu raqamning ichiga yashiringandek, nazarimda.
Bugun, 17 aprel holatiga ko‘ra mamlakatimizda karantin qoidalarini buzgan fuqarolar soni 73 ming nafarga yaqinlashib qoldi. Ana sizga koronavirusga chalingan bir bemor 300-400 nafar insonga yuqtirishi mumkin deb jar solinayotgan bir paytda bizning “o‘z huquqini yaxshi biladigan” ayrim fuqarolarimizning ahvoli. Men bekorga “o‘z huquqini yaxshi biladigan” degan jumlani qo‘shtirnoqqa olmadim. Chunki bugun televidiniye yoki ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan lavhalarda karantin talabini buzayotganlar asosan o‘z uyi atrofida yurgani, shifoxonaga borayotgani kabi asossiz bahonalar to‘qib, o‘zlarini “huquqlari buzilgan” qilib ko‘rsatishga urinishmoqda. Hech kim so‘ramaydiki, “Hoy, birodar, huquqning yonida burch degan tushuncha ham bor. Siz o‘sha burchingizni bajarayapsizmi?!” deb.
Mamlakatimizda karantin e’lon qilinib, avtomashinalarning maqsadsiz yurishi cheklangan ilk kunlarda minglab boyvachcha, qimmatbaho mashina egasi bo‘lgan yurtdoshlarimizning “ko‘ngillari yumshab, dostavkachi” bo‘lgilari kelib qoldi. Mutasaddilarga rahmat, vaziyatni to‘g‘ri anglab, “ko‘ngilli dostavkachilar” niyatlariga yetmadi. Shundan keyin qimmatbaho mashinalari bor yurtdoshlarimiz maxsus ruxsatnomasiz ham “eplab yurish” mumkinligini “isbotlashga” tushib ketishdi. Ularga nima, jarima degani nari borsa, 4-5 million so‘m bo‘lar ekan. To‘laydi, yuraveradi! Bu holatni har kuni telekanallarda osmonga qarab mashina boshqarib qo‘lga tushayotgan “Malibu”, “Kaptiva”, “Epika” kabi “arzon” mashinalari bor ayrim yurtdoshlarimiz isbotlashayapti. Qoidani buzib, qo‘lga tushganlari kamlik qilganday, qaysi onasini, yana biri xotinini gij-gijlab, o‘z qonuniy xizmat vazifasini bajarayotgan ichki ishlar, milliy gvardiya xodimlariga shallaqilik qilayotganlarini qanday tushunish mumkin?..
Ular kimlar o‘zi? Ularga bunday yo‘l tutishga kim ruxsat berdi?
Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘ngilni xira qiladigan yana bir mavzu aylana boshladi. Bu, erkatoy farzandlar mavzusi. Avvaliga poytaxtning Amir Temur xiyobonida “eplab yurgan” uchlik, keyin Toshkent sitidagi erkatoy qiz, qop-qora “Kaptiva”da undan ham qop-qora avtomat ko‘tarib yurgan yigitchaning erkaliklari hammasidan ham oshib tushdi, nazarimda. Bugun esa ijtimoiy tarmoqlarda “sendan qolsam, qulog‘imni kesaman qabilida”gi yangi lavha paydo bo‘ldi. Ikki erkatoy – “arzongina” mashinada yigitga to‘pponcha o‘qtalgancha, raqsmonand qiliq qilayotgan qiz, poytaxtning Yunusobod tumanidagi vaqtincha postni pisand qilmay, “yorib o‘tish”ga uringan, “otib” olgan 23 yoshlik shovvoz…
Bular kimlar o‘zi? Ota-onasi bormi? Bo‘lsa ular qayerda?
Nazarimda keyingi kunlarda xuddi men sendan kammi qabilida qilinadigan kimo‘zar to‘ylarimiz kabi karantin qoidasini buzib maqtanish ham “urf”ga kirayotgandek. Nima bo‘lsa ham bu “kimo‘zar” poygasiga tezroq barham berish kerak. To‘g‘ri, kuni kecha Bosh prokuratura bayonotida karantin qoidasini buzganlar kechirilmasligiga alohida urg‘u berildi. Qoidabuzarlarning jarimaga tortilayotgani, 15 sutka “dam olishga” jo‘natilayotgani kimlargadir kamlik qilayotganga o‘xshaydi. Aks holda, biz yuqorida tilga olgan illatlar bu qadar tez bolalab, salkam 73 minglik “marrani zabt” etishga yaqinlashib qolmagan bo‘lardi.
Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz, haliyam bo‘lsa aybsizlik prizumpsiyasidan vaqtincha voz kechib, xavfsizlik prezumsiyasiga jiddiyroq e’tibor qaratishimiz lozim va shart. Keling, millatimizning faxri bo‘lgan Amir Temur bobomizning ustidan kulgan erkatoylarning, Toshkent sitida tomosha ko‘rsatib, ichki ishlar bo‘limiga olib kelishganda ham og‘ziga munchoqli niqob (?!) taqib olgan “g‘ururi osmon” qizning, “avtomat” ko‘targan boyvachcha o‘g‘ilning, “Kaptiva”da postni “yorib” o‘tishga uringan shovvozning ota-onalarini hamda ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, ustiga ustak ularga shallaqilik qilayotgan boyvachchalarning yuzini teleekranlarda ochiq-oshkor ko‘rsataylik.
Bilaylik, ular kimlar ekan? Kimlarning erkatoylari yurtning tinchligiga, xalqning xavfsizligi va salomatligiga raxna solishga urinayapti ekan? Qachongacha aybdor qolib, aybsiz uyaladi? Ular andishani otini qo‘rqoq qo‘yib, o‘z haq-huquqlarini talashayaptimi, keling, biz ham huquqimizni talab qilaylik. Bundan keyin karantin qoidasini buzganlar, u xoh piyoda bo‘lsin, xoh “arzon” mashina minadigan boyvachcha, teleekranlarda yuzlari bekitmasdan, ochiqcha ko‘rsataylik. Toki ulardan “rang” olayotgan boshqa “qovun”larga saboq bo‘lsin. Ana shundagina kimo‘zarga chek qo‘yamiz.
Islom HAMRO,
“Adolat” gazetasi bosh muharriri.
O‘zA