“G‘oliblik qonuniyatlari” dan biri

2020-04-18T13:15:47+05:0018 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Karantin davri. Bu kisqa davr (xudo xohlasa) bizga katta saboq bo‘lmoqda. Sababi yillar davomida biz e’tibor qilmagan to‘g‘rirog‘i e’tibor qaratishni istamagan jarayonlarni anglagandek bo‘ldik. Eng asosiysi, farzandlarimizga ko‘proq vaqt ajratoldik, ustozlaru tarbiyachilarning qadriga yetdik. El boshiga ish tushganda shifokorlaru xamshiralar, milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining vazifalari naqadar mas’uliyatli ekanligini yanada his qildik.

Yana bu davr bizga nimalarni o‘rgatdi? Shu savolni o‘z- o‘zimga qayta-qayta beryapmanu sevimli shoiramiz Xalimaxonim Xudoyberdiyevaning qalamiga mansub sherning to‘rt satri qulog‘im ostida jaranglayveradi. Shoira tili bilan aytganda yurakdan “bir nara uyg‘ot”di, “har tomir har zarra uyg‘ot”di. Natijada bizni “har kuni besh karra uyg‘ot” di. Va biz shukur qilishni, shukur qilganda ham jismu jonimiz bilan shukur qilishni o‘rgandik.

Darvoqe, Niyat va Shukur. Bu ikki so‘zni men sehrli so‘z deb aytgim keladi. Albatta, insonning dilida, tilida ezgu niyati va har qanday holatda ham Shukur qilar ekan unga yaratgandan raxmatlar yog‘ilishi, shubhasiz. G‘oliblik qonuniyatlaridan biri ham shu emasmi aslida.

G‘oliblik qonuniyatlari. Axir bu… Germaniyalik mashhur yozuvchi va tadbirkor Bodo Sheferning “G‘oliblik qonuniyatlari” nomli kitobi ham bor-ku. Bu kitobni o‘qigandim. Ana shu kitobda jilg‘aning qudratli to‘lqinlar orzusidagi mo‘’jizakor taqdiri meni hayratlantirgan edi. Keling, sizga ham ilinay. “Aytishlaricha, kichkinagina jilga bepoyon cho‘lga qadar oqib boribdi. Shunda u g‘oyibdan: “Xavotirlanmay oqishni davom ettir”, degan ovoz eshitibdi. Ammo oqishni davom ettirish jilg‘aga xatarli tuyulibdi. Negaki, notanish va noma’lum qaqrab yotgan yerda oqish imkoni yuqolib borayotganidan qo‘rqib ketibdi. Axir, uning birdan-bir orzusi to‘lib-toshib, maroqli yashash edi. Tavakkal qilib yo‘lga tushib, hayotida nimanidir o‘zgartirmoqchi bo‘lganida, qurib-qovjirab qolish daxshati paydo bo‘lgandi. Ammo g‘oyibona tovush uni yana okishga undardi: “Agar okishga qaror qilmasang, hech qachon sen o‘zingni nimalarga qodir ekanligingni bilolmaysan. Sen shunga amin bo‘lginki, yangi hayoting o‘zgacha – faraxbaxsh kechadi. Xotirjam xolda yana oqishda davom et”.

Jilga ruhlanib, o‘z yo‘lini davom ettirdi. Unga oson bo‘lmadi. Saxro kun sayin isib, jilga suvlari bug‘lanib ketdi. Xavoga bug‘lanib ko‘tarilgan jilg‘aning har bir tomchi suvi bulutga aylandi. Shamol bulutni bir necha kun sahro uzra har tomon surdi. Va… bir kuni bulut dengiz tepasiga yetib keldi-da, sharros yomg‘ir yogdi.

Jilg‘aning hayoti o‘zi kutganidan-da ortik; go‘zal tus oldi. Jilg‘aning yomg‘irga aylanib, dengiz og‘ushiga qo‘shilgan suvlari qudratli to‘lqinlarda mavj urar ekan, tabassum-la shivirladi: “Hayotim necha bor o‘zgargan bo‘lsa ham endilikda o‘z orzuimga erishdim”.

Yozuvchi ta’riflagan jilg‘aning mo‘’jizakor taqdiri sizning qalbingizga maftunkor hislarni ulashgan, qulog‘ingizga xuddi jilg‘aning yoqimli shildirashi kabi nimalarnidir shivirlagan bo‘lsa bahoyat baxtiyorman. Bir kun kelib har bir vijdonli, vatanparvar inson karantindan avvalgi va keyingi hayotini imtixon qiladi. Bu imtixondan aminmanki, karantindan keyingi hayoti g‘olib chiqadi. Bunga aslo shubha yo‘q. Demak, biz ayni paytda ulug‘vor orzu-niyatlarimizga erishish uchun Sabr qilishimiz va Xotirjam bo‘lishimiz juda muhim. Buning uchun esa ulug‘ Niyatlar ila Shukrimizni qilib uyda qolaylik.

Feruza SOYIBJON qizi,

O‘zbekiston bolalar va o‘smirlarning

“Tong yulduzi” gazetasi bosh muharriri.