Millatni asrash uchun kurash

2020-04-11T10:51:50+05:0011 April, 2020|Hafta maqolasi|

Aprel oyiga mo‘ljallab qo‘ygan maqolamizning bahonayu sabablarini ko‘ngilga tugib, mavzuni xayolda aylantira boshlaganimizga ancha-muncha bo‘lib qolgandi. Unda naysonda tug‘ilgan Amir Temur, Abdulla Qodiriy va so‘nggi yillar voqeligimiz omillarini uyg‘unlikda tahlillamoqchi edik. Biroq oraga suqilgan “tojli og‘u” (lotinchadagi “virus”, o‘zbekchada “og‘u”, “zahar” deganidir) o‘laroq tug‘ilgan muhit manzarasida unga ham to‘xtalishga jazm qildik.

Ochig‘ini aytganda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev millatimiz va davlatimiz borlig‘i bilan bog‘liq ayrim masalalar haqida kuyunayotib, bu tasodifmi yoki qonuniyatmi, savolini o‘rtaga tashlaganlaridan beri kamina o‘ylarida halovat yo‘qolgan-qo‘ygan. Negaki, yuki o‘ta og‘ir bu so‘roqqa javob istab qilingan mushohadalarning qiynovi juda qattiq kechmoqda. O‘ylab-o‘ylab topganlaringni tan olishdan tug‘ilgan azob-uqubatni-ku, aytmasa ham bo‘ladi.

Temurbek sichqon yilida, hijriy 736 yilning 25 sha’bon kechasi tug‘ilgani yaxshi ma’lum. Zamonaviy taqvimda mazkur sana 1336 yil 8 aprelga to‘g‘ri keladi. Lekin nimagadir, bizdagi barcha rasmiy, ilmiy va ommabop manbalarda 9 aprel deb kelinadi. Sohibqironning tug‘ilgan qishlog‘i masalasi ham ilmda uzil-kesil yechilgan emas.

Aniqrog‘i, 1993 yilga qadar o‘zimizda ham, dunyo temurshunosligida ham Xo‘ja Ilg‘or borasida hech qanday shubha yo‘q edi. O‘tgan asr to‘qsoninchi yillari boshlarida shu choqqacha ko‘pchilikning ko‘zidan narida bo‘lib kelgan bir tarixiy manbadan Temurbek Achig‘i qishlog‘ida tug‘ilganiga oid qimmatli guvohlik topildi. Mazkur qishloq bugun ham bor va Shahrisabzdan 20 — 22 km sharqda, Tanxoz daryosining o‘ng sohilida joylashgan bo‘lib, uni shaxsan borib ko‘rganmiz.

Xo‘ja Ilg‘or haqida ma’lumot qoldirgan Ibn Arabshoh o‘z asarini 1436-1437 yillarda Misrda yozgan, bizning muallif — Mu’iniddin Natanziy esa, “Muntaxab at-tavorix”ni 1412-1413 yillarda temuriylarning Isfaxon, Hirotdagi saroylarida bitib, avval mirzo Iskandarga, so‘ng Amir Temurdan keyin o‘zbek davlatini qirq ikki yil boshqargan Shohruhga taqdim etgan. Mana shu qisqa ma’lumotlarning o‘ziyoq, hatto manbashunoslik ilmidan yiroqlar uchun ham vaziyatni oydinlashtirib qo‘yishi aniq…

Ilmda, umuman, barcha yo‘nalishda rostlik yaxshi. Sohibqiron bobomizning turish-turmushdagi shiori “Rosti rusti” bo‘lganini barchamiz bilamiz. Rost so‘zlading, qutulding, rostlik qutqaradi, ma’nolarini beruvchi mazkur qo‘sh so‘zni ham nimagadir “Kuch — adolatda” deya o‘zgartirdik-qo‘ydik. O‘zgartirishga-ku o‘zgartirdik, ammo o‘gitga amal qilmadik, ko‘pincha “adolat — kuchda” qoidasini qo‘lladik. Buning o‘zimiz uchun ilk isbotini 1996 yili Amir Temurning 660 yilligini to‘y qilish arafasida bobomizning tug‘ilgan yeri bo‘yicha muammoni ko‘tarib chiqqanimizda ko‘rganmiz. Matbuot orqali berilgan yengilroq shapaloq ta’mini tuygach, donishmandlar maslahati bilan bir qadam ortga tashlaganimizga ham chorak asr to‘lmoqda. Biz-ku, mayli, ammo muammo muammoligicha qolaverdi-ku?!

Amir Temurga, aslida esa o‘zimizga bo‘lgan hurmatimiz o‘laroq mazkur masalalarni yo u yoqlik, yo bu yoqlik qilishimiz shart. Uni yashirgan, ko‘rib-ko‘rmaganlikka, bilib-bilmaganlikka olishimizdan qat’i nazar, chigal o‘z yerida qimir etmay turaveradi. Qaysi yo‘nalishda bo‘lmasin, o‘z vaqtida yechilmagan tugun borgan sayin qattiqlashib boraveradi va vaqti-soati kelib unga qo‘l urilganda esa, yechim topish ancha og‘ir kechadi. Shu ma’noda, “O‘tkan kunlar”dagi mana bu parchani eslab, mushohada yuritsak: “Ittifoqni ne el ekanini bilmagan, yolg‘iz o‘z manfaati shaxsiyasi yo‘lida bir-birini yeb, ichkan mansabparast, dunyoparast va shuhratparast muttahamlar Turkiston tuprog‘idan yo‘qolmay turib, bizning odam bo‘lishimizg‘a aqlim yetmay qoldi. …Temur Ko‘ragon kabi dohiylarning, Mirzo Bobur kabi fotihlarning, Forobiy, Ulug‘bek va Ibn Sino kabi olimlarning o‘sib-ungan va nash’u namo qilg‘anlari bir o‘lkani halokat chuqurig‘a qarab sudrag‘uchi albatta tangrining qahrig‘a sazovordir”.

Abdulla Qodiriy xuddi mana shu so‘zlari, ular otilib chiqqan yuragidagi millat qayg‘usi uchun qamalgan, qiynalgan va pirovardida o‘zini nobud qilgan. “O‘tkan kunlar”dan muddao ham aslida Rossiya imperiyasi bosqini arafasidagi jamiyatning ichki ahvolini o‘rganish, ko‘rsatish, xulosalash bo‘lganiga qattiq ishonamiz. Yozuvchi “Nega bu ko‘yga tushib qoldik?” deya o‘ylarga tolgani aniq. Aks holda, romanchilikdagi ilk urinishini yaqin o‘tmishning “eng kirlik, qora kunlari”ga bag‘ishlamagan, keyingi shohasari “Mehrobdan chayon”da ham bu boradagi izlanishlarini davom ettirmagan bo‘lar edi.

E’tibor berilsa, u “Temur Ko‘ragon kabi dohiylar…” degan. Biz esa, davlat mustaqilligimizni tiklaganimizdan salkam o‘ttiz yil o‘tsa-da, ko‘pincha Amir Temurni hanuz buyuk sarkarda, lashkarboshi sifatida taniymiz. Undagi har tomonlama chuqur bilim, tengsiz tajriba, buyuk boshqaruvchilik, katta tashkilotchilik, keng qamrovli fikrlash, adolatparvarlik, ilm-fan va madaniyat homiysi singari nodir qobiliyatlarni ko‘zimiz ilg‘amaydi. Birgina bizni emas, hech bir mubolag‘asiz butun olamni yuz ellik yil zirqiratib turgan mo‘g‘ul azobidan qutqargani-chi?! O‘zbek davlati mustaqilligini tiklagani-chi? O‘rta dengizdan Xitoy devorigacha, -Moskvadan Dehligacha yastangan ulkan va madaniy saltanatni barpo etgani-chi?! XV asr Uyg‘onish davrining tamal -toshini qo‘yib bergani-chi?!
Abdulla Qodiriy deganda, o‘zbek romanchiligining asoschiligini birinchi o‘ringa qo‘yish haligacha borligini yashirib o‘tirmasligimiz kerak. To‘g‘ri, mazkur omil ham yo‘q emas. Biroq u, eng avvalo, ulug‘ iste’dod egasi, buyuk so‘z ustasi, tengsiz millatsevar, oqil va botir, halol hamda e’tiqodli shaxs bo‘lgan. Millati uchun kurashgan. So‘z ketayotgan zamon yozuvchi va shoirlaridan, adashmasak, faqat Abdulla Qodiriy va Cho‘lponning tili hamda qalamida Turkiston mavzusi chaqmoqdek chaqnagan, qilichdek kesgan (Cho‘lponning “Ol bayrog‘ingni, qalbing uyg‘onsin, Qullik, asorat — barchasi yonsin. Qur yangi davlat, yovlar o‘rtansin. O‘sib Turkiston, qaddin ko‘tarsin” satrlarini eslashning o‘zi kifoya).

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: istiqlolga erishganimizdan tuzukkina muddat o‘tgan bo‘lsa-da, tarixiy, adabiy va til tafakkurimiz mustamlaka zamonasinikidan ko‘p ham qochib ketolmaganining sababi nimada? Bunda yana mustamlakachilarni ayblashimiz to‘g‘rimi yoki?.. Demak, yoki ekan, bu tasodifmi yoki qonuniyat!
Shu ma’noda, Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi va muzeyga tashrifi paytida milliy yetakchimiz tomonidan ko‘ndalang qo‘yilgan mana bu o‘ziga xos topshiriq hanuzgacha jamiyat, ayniqsa, ziyolilar gardanida turibdi, deb o‘ylaymiz: “Biz nimaga bu kunlarga kelib qoldik, degan savol hammamizni qiynashi kerak!”. Vaholonki, Prezidentimiz o‘sha zahotiyoq masalaning yechimini aytgandi: “vatanparvarlik, millatparvarlik ruhini hech qachon unutmasligimiz kerak”. Amir Temurda ham, Abdulla Qodiriyda ham mana shu ruh bo‘lgan. Shuning uchun ham birining xotirasi, ikkinchisining joni sug‘urib olingan.

Yuqorida tilga olingan nodir tarixiy manba — “Muntaxab at-tavorix”ning mo‘g‘ul hukmdori Tug‘luq Temurxonning 1360 yilgi bosqiniga bag‘ishlangan bo‘lagida o‘lchovi ikki og‘izgina, biroq g‘oyaviy va amaliy ahamiyati cheksiz ma’lumot bor. Ko‘pchilik jonini saqlash niyatida yurtni tashlab ketayotgan bir pallada Amir Temur amakisi Hoji barlosga murojaat qilib, shunday degan: “Agar ikkovimiz ham Vatanni tark etsak, merosiy yurtimiz, shubhasiz, begonalar qo‘liga o‘tib ketadi”.

Qiziq, buyuk bobomizning yurtsevarlik va donishmandligidan dalolat mazkur voqea ham ko‘klamning o‘rtalarida kechgan. Xuddi shu kundan boshlab Amir Temur Vatan va millat uchun kurashni boshlagan. Mazkur uzoq va og‘ir jarayon oradan o‘n yil o‘tib, 9 aprelda o‘zining mantiqiy yakuniga yetgan. 1370 yilning xuddi shu kunida Amir Temur o‘zbek davlati boshqaruviga rasman kirishgan. Uning o‘ttiz besh yillik, temuriylarning yuz o‘ttiz yillik boshqaruvi aynan shu sanadan boshlanganini juda ozchilik bilishida bizda shubha yo‘q. Holbuki, XXI asrda ham ayrim “ilg‘or” millatlar, o‘tmishdagisini qo‘ya turaylik, endilikdagi shoh va malikalarining tug‘ilgan kunlaridan tortib taxtga o‘tirgan sanalarigacha yoddan biladilar, ular bilan g‘ururlanadilar. Bizda-chi? Sohibqiron taxtga o‘tirganiga bu yil 9 aprelda 650 yil to‘lishini necha kishi bilar ekan?!

Aprel oyida ro‘y bergan va Amir Temur bobomizning ruhiyati qanchalar boy bo‘lganidan dalolat beruvchi yana bir voqea bo‘lgan. Nonko‘r To‘xtamishxonning adabini berib qo‘yish maqsadida 1391 yili yo‘lga tushgan Sohibqiron 28 aprelda Ulug‘toqqa (hozirgi Qozog‘istonning Jezqazg‘an shahridan 50 km g‘arbdagi Qarsaqpay koni yaqinidagi Qora-mo‘la tog‘i yonbag‘rida) yaqinlashgan va u yerdagi tepaliklardan birining ustiga chiqib, atrofga ko‘z tashlagan. Sahro ko‘m-ko‘k gilam to‘shalgandekligini ko‘rib quvongan va shu yerda to‘xtashga qaror qilgan. So‘ng esa, katta tosh keltirib minorasimon belgi qurish va asrlar osha eslab qolinishi uchun unga, jumladan, mana bu so‘zlarni yo‘nib-bitib qo‘yishni buyurgan: “Tarix yetti yuz to‘qson uchinda, qo‘y yili yoz (ko‘klam) oyi orasi Turonning sultoni Temurbek uch yuz ming cherik bilan islom uchun Bulg‘or xoni To‘xtamishxonga qarshi yurdi. Bu yerga yetib, belgi bo‘lsin deb bu tepani qurdi. Tangri nusrat bergay, inshoolo. Tangri el kishiga rahmat qilg‘ay, bizni duo bila yod qilg‘ay”.

Hozirgi kunda Rossiyaning Ermitajida saqlanayotgan ushbu tosh-yodgorlik qayerda turmasin, o‘zbek millati va davlatining dovrug‘iyu kuch-qudratidan so‘ylayveradi. Axir toshga bitilganni yo‘qotib bo‘lmaydi-ku! Ammo mazkur, har qanday millat ko‘ziga to‘tiyodek tengsiz ma’naviy va milliy boylikdan bugungi avlod, ayniqsa, yoshlarimiz to‘la bahramandlar deya olamizmi? Yo‘q, albatta. Xo‘sh, shunday ekan, bu tasodifmi yoki qonuniyat? Necha-necha avlodlar tinkasini bilimsizlik va ongsizlik og‘usi bilan quritishdan muddao ne edi?

Shu ma’noda, Prezidentimizning “Abdulla Qodiriy ijod maktabida o‘qiyotgan bu bolalar yangi O‘zbekiston kelajagining bunyodkorlaridir. Barcha umumta’lim maktablari ushbu o‘quv dargohidan ma’naviyatni, ma’rifatni o‘rganishi lozim. Chunki bu yerda tahsil olayotgan bolalar nafaqat ma’naviyatli, balki o‘z Vatanini yurakdan sevadigan iste’dod egalaridirlar. Biz ijod maktablarida vatanparvar yoshlarni tarbiyalashni maqsad qilganmiz. Bu maktabda millatparvar, o‘zligini anglagan avlod kamol topishiga ishonaman” degan so‘zlarini eslamasdan bo‘lmaydi. Ya’ni ma’naviyat, millatsevarlik, yurt uchun fidoyilikni shunday fazilatlar egalaridan, ularning merosidan, ruhiyatidan o‘rganmoq kerak. Jaholat og‘usiga qarshi kurashning eng unumli dorisi ham aslida shudir.

“Tojli og‘u” boshqalar qatori bizning yurtimizga ham kirib kelib, jiddiy xavfga aylanishi manzarasida tug‘ilgan ilk fikrimiz mana bu bo‘lganini yashirmoqchi emasmiz: tag‘in ham Yaratgan bizni bir asradi.

So‘nggi uch-uch yarim yil ichida esimizni yig‘ib, davlat va jamiyat turmushining barcha yo‘nalishini tubdan o‘zgartirish, sifat jihatidan yangilashga, eng muhimi, ongsizlik og‘usiga qarshi kurashga kirishilmaganida edi, bugun ahvolimiz qanday kechishi faqat O‘zigagina ayon. Birovning it-mushuk, ilon-ko‘rshapalak yeyishini qo‘ya turaylik-da, yaqin-yaqingacha o‘zimizning shahar va qishloqlarimiz, hatto poytaxtimizdagi katta-kichik ariqlardagi ayanchli ahvolni, oqova, jumladan, hojatxona chiqindi suvini oqar suvlarga ulab qo‘yilgan holatlarni bir eslab qo‘yaylik. Yaxshiyam, o‘z paytida oldi olinib, tartibga solindi, aks holda, yuqumli kasalliklar o‘zimizdan chiqib, butun dunyoga sharmanda bo‘lishimiz turgan gap edi.

So‘nggi yillarda sog‘liqni saqlash tizimidagi o‘zgarishlar-chi?

2020 yili sohani moliyalashtirishga 14,8 trillion so‘m, ya’ni 2016 yildagiga qaraganda 2,5 marta, dori vositalari va tibbiyot buyumlarini xarid qilishga 1,49 trillion so‘m, ya’ni 2016 yildagiga nisbatan 6,5 barobar, shoshilinch tibbiy yordam muassasalarining dori vositalari va tibbiy buyumlar xarajatlari uchun 102,8 milliard so‘m, ya’ni 2016 yilga solishtirganda 6,3 marta, tez tibbiy yordam xizmati uchun har bir chaqiruv uchun 2020 yilda 6 700 so‘m, ya’ni 2016 yildagiga qaraganda 14 barobar ko‘p mablag‘ ajratilganining o‘ziyoq ancha-muncha -narsaga ishoradir. Shu qaltis kunlarda sog‘liqni saqlash milliy tizimimizning ajralmas bo‘lagi sifatida “tojli og‘u”ga qarshi bab-barobar kurashayotgan xususiy tibbiyot xizmatiga keng va oqilona yo‘l ochib berilgani-chi?

Tilga olingan omillar qatorida 2019 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi o‘tgan yiliyoq ishga tushib ketganini inobatga olib, vijdonan xulosa qiladigan bo‘lsak, mana bu haqiqat ayon bo‘ladi-qoladi: agar mazkur, uzoq yillardan beri qilinishi kerak bo‘lgan, biroq turli vaj va bahonalar bilan paysalga solinib kelinayotgan, soha uchun chindan ham tarixiy sanalmish o‘zgarishlarga qo‘l urilmaganida edi, bugun manaman degan davlatlarni ham shoshirib qo‘yayotgan “tojli og‘u” balosiga qarshi turishimiz juda-juda qiyin kechishi turgan gap edi.

Shu bilan birga, butun olam boshiga tushgan yalpi va og‘ir tashvishni O‘zbekistonimiz sharoitida iloji boricha kamroq yo‘qotishlar bilan yengib o‘tishimizga shaxsan bizda zarracha ham shubha yo‘q. Nega?

Negaki, bor-yo‘g‘i uch yil ichida erkin, mas’uliyatli, o‘z aravasini o‘zi tortadigan, o‘zi, farzandlari uchun o‘zi kurashadigan, adolatning borligiga ishonadigan, haq so‘zni aytishdan cho‘chimaydigan, davlatchiligida mehr-oqibat va milliylik tuyayotgan ijtimoiy muhit shakllanib bo‘ldi. Millatimizning o‘q-o‘zagi esa, aynan shu tuyg‘u anglovidandir. Prezidentimizning, hozirgi sinovli palladan kuchli-qudratli bo‘lib o‘tishimiz, pandemiya ofatiga qarshi kurash mohiyat e’tibori bilan millatimizni asrash uchun kurash ekanligi haqidagi chaqiriqlarining teran ma’nosi ham xuddi shu bilan bog‘liq, deb ishonamiz. Tarix va adabiyot esa har kelgusi avlod yo‘lini yorituvchi o‘ziga xos va tengsiz mayoqdir.

Azamat ZIYO,
tarix fanlari doktori, professor