Til nomusi

2020-04-11T10:23:22+05:0011 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Til — milliy g‘ururimiz

Bir muddat avval xizmat safari bilan Niderlandiyada, aniqrog‘i, Gaaga, Amsterdam shaharlarida bo‘ldik.

Niderlandlar, umuman, Yevropa xalqlarining til muhofazasi uchun qat’iyati va jonkuyarligidan ibrat olish kerak. Masalan, Gaagada men ingliz tilida yozilgan biror peshlavha yoki joy nomini ko‘rmadim (Amsterdamda biroz bor). Bo‘lmasa, qancha xalqaro tashkilotlar bosh qarorgohlari va elchixonalar joylashgan, turli davlatlar delegatsiyalari qadami uzilmaydigan shahar.

Ingliz tilini bilmagan mahalliy aholini uchratmadim, inglizcha gapirsangiz, hamma javob qaytaradi. Lekin asosiy muloqot niderland, ya’ni golland tilida. Bizga hamrohlik qilgan elchixona xodimi aytgandi: “Niderlandlar yanayam til borasida demokrat. Belgiyaliklar yoki fransuzlar… Bay-bay-bay, ingliz tilini biladi, ammo inglizcha gapirsang ham fransuzcha javob qaytarib turaveradi. Ayniqsa, ularga ishing tushib borsang. Keyin men yozma gaplasha qolaylik, deb elektron pochtamni beraman. Ular elektron pochtaga ham fransuzcha yozadi, gugl-tarjimondan o‘girib olaman. Kelganimga 2 yil bo‘ldi, asta-asta fransuzchani ham o‘rganyapman”.

Yevropa xalqlari bir ittifoq tarkibida, orasida chegarasi yo‘q, xuddi biz qo‘shni viloyatga borgandek bir-birlarining mamlakatlariga o‘tib-qaytib yurishadi. Bunday sharoitda kuchli tillar maydalarini yeb yubormayotganining, jadal iqtisodiy, siyosiy integratsiya manzarasida milliy xoslik — o‘zlik saqlanib qolayotganining asosiy sababi nima? Millatning xarakteri!

Qarang, hech kim qonunlar chiqarmayapti, majlislar o‘tkazmayapti, nazorat qilmayapti, maxsus organlar tuzmayapti, byudjet pulini sarflamayapti. Shunchaki, ona tilida gaplashyapti! Bizga shunday xarakter yetishmayapti. Buni rahmatli Mahmud Sa’diy “til nomusi” degandi.

Odam o‘z ona tilini qanday unutadi yoki qanday saqlab qoladi?

1-holat: Niderlandiyada millati qozoq, hozir u yerda muqim yashaydigan bir inson bilan tanishib qoldim. Qozoq tilidan tashqari ingliz, turk va niderland tillarida erkin so‘zlashadi. Oilada nabiralarim ham qozoqcha gaplashadi, dedi. Qozog‘istonning qayeridan kelgansiz, degan savolga aniq javob bera olmadi. Men Qozog‘istonda tug‘ilmaganman, katta bobom bundan 130 yil avval Qozog‘istonni tark etgan, avval Turkiyaga, keyin Yevropaga kelgan, dedi. O‘zining qaysi urug‘danligini ham aytdi. Qarang-da, bobosi qaysi viloyatdanligini bilmaydi, ammo urug‘i va tilini biladi, ya’ni o‘zligini hudud bilan emas (mahalliychilik qilmay), til va urug‘ bilan birlikda identifikatsiya qilyapti. Qolaversa, rus bosqinigacha bo‘lgan muddatda, hali istilo etilmagan ongini va o‘zligini olib chiqib ketgan inson bu xotira va an’analarini genlari orqali avlodlariga qoldirgan va avlodlar uni sharaf bilan saqlab kelmoqda.

2-holat: Esseks universiteti tadqiqotchisi, lingvist Monika Shmidt tilni yo‘qotish muammolari bilan shug‘ullanadi. U Germaniyani o‘tgan asrda tark etgan yahudiylarning nemis tilini unutish darajasini o‘rganganda, qiziq holatga duch kelgan.

Germaniyani fashizm davrigacha tark etib, AQSh va Britaniyada joylashgan yahudiylar nemis tilini unutmagan. Fashizm qatag‘onlari tufayli Germaniyani tark etganlar esa nemis tilini unutib yuborishgan. Chunki ular uchun nemis tili yomon xotiralar, qatag‘on, talon-taroj bilan uyg‘un edi. Ushbu holat insonning tilga munosabati o‘zini mansub ko‘rishni istagan (yoki istamagan) tarix, millat va mamlakatga munosabati bilan chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatadi.

O‘zbek tilining shunchaki adabiy til emas, tafakkur tarzi va muloqot quroli sifatida yashab qolishi va rivojlanishi, tabiiyki, fuqarolarning o‘zligiga sodiqligi, yurtiga muhabbati va millat sifatida o‘zini boricha qabul qila olishi, bu bilan faxrlanishiga bog‘liq tushunchadir.

Qaysi tilda o‘ylashimiz — bizning tanlovimiz!

Tunov kuni “Munosabat” ko‘rsatuviga borganimda, ayrimlar: “Nima uchun bizda peshlavhalar ko‘pi o‘zbek tilida emas? Qonun chiqarib, buni majburiy qilib qo‘yish kerak!” degan fikrlarni aytdi. Bu fikrlarda jon bor, ammo 100 foiz to‘g‘ri gap emas.

Avvalo, jon bor tomonini aytsam. Bizning “Reklama to‘g‘risidagi” qonunimiz tahrirtalab, ya’ni til masalasida. Qonunning 5-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida yoki reklama beruvchining xohishiga ko‘ra, boshqa tillarda tarqatiladi”, deyilgan. Mana shu “yoki” bog‘lovchisi tufayli reklamani o‘zbek tilida berish majburiyligi yo‘qoladi, ya’ni reklama beruvchi istagan tilida uni tayyorlashi va tarqatishi mumkin. Hozir ushbu moddani va qonunchilikdagi shunga o‘xshash normalarni tahrirlash to‘g‘risida hujjat loyihasi ishlab chiqilmoqda. Endilikda reklama matnlarining o‘zbek tilida bo‘lishi majburiy va boshqa tillarga tarjimasi ixtiyoriy, deb belgilanishi mumkin.

Talabning noto‘g‘ri tomoniga kelsak. Tashqi yozuvlar, peshlavhalar — bular faqat tashqi reklama matnlari, degani emas. Ular orasida xususiy tashkilotlar nomlari, brend nomlari va hokazo tadbirkorlarga oid nomlar ham borki, ularni qonun bilan majburlab, faqat davlat tilida nom qo‘yasan, deyish huquqqa mos kelmaydi. Masalan, tadbirkorni olaylik, u o‘z qizining ismiga shirkatini “Viktoriya” deb nomlagisi kelsa, nomlaydi. Uning bu huquqini cheklab bo‘lmaydi. Bu tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashuv bo‘lishi mumkin. Demak, masala yechimini faqat majburlash va hujjat qabul qilishda ko‘rmaslik kerak. Boltiqbo‘yi, Kavkaz va Kavkazorti mamlakatlarida peshlavhalar va nomlar faqat o‘sha mamlakat tilida yoziladi-ku, degan argument keltirishdi. Avvalo, “faqat” emas, istisnolar bor. Hamma gap me’yorda va bizda bu me’yor tilimiz zarariga buzilgani rost. Lekin asosiy jihati — o‘sha mamlakat aholisini hech kim shu tilda nomlaysan, deb majburlamagan, bu ularning ONGLI TANLOVI!

Nima uchun tadbirkor o‘zi asos solgan brendga, masalan, “Bonito”, “Fratelli casa” yoki “Nestuan” deb nom beryapti? Chunki u shunday nomlasam, mening mahsulotim chet elnikidek tuyuladi va xaridorgir bo‘ladi, deb o‘ylaydi. Xaridor esa chindan ham ajnabiy nomlarga o‘ch, chet elniki yaxshi, deb o‘ylaydi. Vaholanki, masalan, “Alvon”, “Hamza” degan brendlar ham bozorga muvaffaqiyatli kirib boryapti-ku.

Neyming (nomlash) borasida tavsiya va targ‘ibotdan ortiq qurolimiz yo‘q. Biz bundan samarali foydalanishimiz kerak. Balki xususiy tadbirkorlar uchun “nomlar banki” tuzib berarmiz (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida shunday loyiha ustida ish olib borilayotganidan xabarim bor). Mahsulot sotib olayotganda uning milliy nomlanganidan qochmasmiz, aksincha, shunaqasiga intilarmiz.

“Inson qaysi tilda o‘ylasa, shu millatga mansubdir”, degan ekan mashhurlardan biri. Taniqli notiq Rahimboy Jumaniyozov “Men tillarda so‘ylayman-u tilda o‘ylayman”, deydi. Ya’ni qanchalik ko‘p til bilmasin, inson ongida bir til ustun turadi, o‘sha tilda o‘ylaydi. Qaysi tilda o‘ylab, qaysi millatga mansub bo‘lishni uning o‘zi tanlaydi.

Xulosa

Tilimiz oldida turgan muammolar faqat neyming, peshlavha, tashqi reklamadangina iborat emas. Asosiy muammolar chuqurroqda, albatta. Bu davlat tashkilotlarida ish yuritishdan tortib, qonun loyihalarini davlat tilida tayyorlashgacha, atamashunoslikning rivojlanmaganidan tortib, davlat tilida sifatli kontent kamligigacha, o‘zimiz o‘zbekcha o‘ylab turib, farzandlarimizga dunyoni boshqa tillar orqali tanitayotganimizdan tortib, o‘zbek tili ta’limining yig‘ilib qolgan muammolarigacha…

Xullas, bu muammolarni aniqlash, tan olish, tizimlashtirish va aniq reja asosida ular ustida ish boshlash vaqti keldi.

Faqat bir narsani unutmaslik lozim — davlat tiliga e’tibor aslo boshqa tillarni kamsitish, boshqa tilli yurtdoshlarimizning o‘z ona tilida muloqot qilish huquqiga daxl qilish degani emas. Mavzuni shu tomon burib, turli fitnalar chiqishiga yo‘l qo‘ymaylik. Til borasida ehtiroslarga berilmaylik. O‘zbek xalqi bag‘rikeng, O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Buni hammamiz yaxshi anglaymiz.

Shahnoza SOATOVA,

Adliya vazirining ma’naviy-ma’rifiy

ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi

O‘zA