Hamma narsa hamjihatligimizga bog‘liq

2020-04-11T10:17:04+05:0011 April, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Mulohaza fikri bor insonga, mushohada ilmi bor insonga, murojaat esa fikri, ilmi, eng muhimi, ishonchi bor insonga xos. Murojaat tasodifiy emas, u zaruriy ehtiyojdan kelib chiqadi. Unda ezgulikka chorlov, biron maqsad va vazifalarni astoydil bajarishga da’vat chaqirig‘i bo‘ladi. Mamlakat ravnaqi va xalq farovonligi uchun qilingan va amalga oshiriladigan sa’y-harakatlar Davlat rahbarining murojaati orqali mohiyat kasb etadi. Tahlikali paytda qilingan murojaat fuqarolik burchini his etgan, yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi bilan yashaydigan insonni befarq qoldirmaydi.

Buning birdan bir talab-u taqozosi Prezident g‘oyalariga sadoqat va ularning atrofida jipslashishdir. Har qanday sharoitda, og‘ir, sinovli damlarda ahillik va hamjihatlikkina g‘alabaga yetaklagan, insoniyatning zafar quchishiga bois bo‘lgan. Demak, birdamlik, bardamlik va qat’iy ishonch g‘oliblik nishoni. Befarqlik va boshboshdoqlik, o‘zboshimchalik va o‘rinsiz vahima, sarosimaga tushish tanazzulga mezon.

Shunday ekan, hamma bir-biriga mas’ul, ota-ona o‘zining kelajagi bo‘lgan farzandlariga qay darajada javobgar bo‘lgani singari farzandlar ham o‘z ota-onasi va ta’lim beruvchi ustozlari salomatligiga mas’uldirlar. Bugun jamiyatimizning jipsligi va yakdilligi har qachongidan ham muhim. Bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun degan naqlning mazmun-mohiyatini his etmaslik, aslo mumkin emas. Prezidentimiz atrofida jipslashish va ularning ko‘rsatma hamda tavsiyalariga binoan ish tutish yorug‘ kunlar va porloq istiqbol sari ishonchli yo‘ldir.

Prezidentimizning uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga qilgan murojaati harakatimiz va maqsadimizning mayog‘i desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda e’tiborimiz qaratilishi, bilish va amal qilishimizga asos bo‘luvchi yo‘l yo‘riqlar bor. Ota-onalarning farzandlariga, ustozlar talabalariga qanday yo‘sinda mas’ulliklarini Prezidentimizning yaqindagi murojaatnomasidagi talablar barchamizning ilmu amalimizga daxldordir.

VAQTINGIZNI BEKOR O‘TKAZMANG!

Inson dardi vaqt qadri bilan belgilanishi aniq. Chunki u har damga, har qadamga mas’ul bo‘lsagina biron soniya va daqiqani bekor o‘tkazmaydi. Koronavirus pandemiyasi biz uchun qaysidir ma’noda vaqt qadriga yetish uchun ham sinovdir. Uyda qolish, kitob mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lish, oilaviy mashg‘ulotlar vaqtdan oqilona foydalanishning kaliti. Ushbu xalqning naqli bejiz aytilmagan. Bekordan tangri bezor. Uyda bekor o‘tirish vaqtni behuda sarflash vaqt qadriga yetmaslikdir. Uyda qolish shunchaki bekorchilik uchun emas, balki, uyda ishlash uchun imkon bo‘lishini hamma idrok etishi zarur. Lekin afsuski, ba’zi birovlar tojli virus ofatini onqadar his etayotgani yo‘q. Garchi xorijda o‘lim xavfi qutqu solayotgan, televideniye orqali mudhish xabarlarning guvohi bo‘layotgan bo‘lsa-da, ayrimlarning parvoyi palak. Ming nasihatdan ko‘ra bir musibat afzal bo‘lsa ham ko‘zi ochilmayapti ayrimlarning.

Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirayotgan ayni paytda mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilayotgani sir emas. Ayri damda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu illatga chalinganlarning ayrimlari shifo topib o‘z oilalariga qaytganlari ham rost. Bularning hammasi har qanday holatda ham koronavirus pandemiyasi bizga pand bera olmasligi, Prezidentimiz rahbarligidagi xalq ishonchining tantanasi muqarrarligining isbotidir.

ONLAYN DARSLARNI QUNT BILAN O‘ZLAShTIRING

Ta’limga e’tibor bir soniya bo‘lsa-da, susaymasligini inobatga olgan Prezident bu borada ham yakdillik va hamjihatlikni ma’naviy qurol deb bildilar. Sakkiz million uch yuz ming talaba yoshlarni uylariga kuzatish, ularni ta’limdan chetlatish emas, balki ilm-fanga ikki-uch barobar e’tiborlarini kuchaytirish va ularning salomatligini o‘ylash talabidandir. Onlayn tarzidagi videodars, teledarslar orqali ta’lim ham ana shu niyat va harakatning amaldagi ifodasidir.

Talabalarga navbatdan tashqari ta’til berilganligi munosabati bilan ularning bilim olishlari uchun masofaviy ta’lim dasturi joriy etilganidan xabardorsiz.

Turli fanlardan videodarslar, o‘quv adabiyotlari, o‘quv-uslubiy majmualar, mustaqil ta’lim topshiriqlari, mavzular bo‘yicha taqdimotlar, videolavhalar, masalalar to‘plami, test va nazorat savollari kabi vazifa va topshiriqlar malakali professor-o‘qituvchilari tomonidan joylashtirib borilayotganini, ulardan talaba yoshlar qay darajada foydalanayotganining nazorati masalasi ota-onalarga ham ustozlarga ham bab-baravar taalluqlidir. Professor-o‘qituvchilar talabalar bilan turli masofaviy ko‘rinishlarda, jumladan, telegram kanallari va boshqa tizimlar orqali muloqotga kirishib, tegishli mavzular bo‘yicha talabalarga on-line tarzda maslahatlar berib bormoqdalar. Talabalarga telegram kanaliga kirish va undagi manbalardan foydalanish to‘g‘risida video yo‘riqnoma orqali tegishli ko‘rsatmalar berilishi ham maqsadga muvofiq bo‘layapti.

Shuningdek, barcha fanlardan testlar bazasi shakllantirilgani va telegram kanali orqali muntazam ravishda talabalarga yetkazib borilayotgani ahamiyatlidir.

Endi maqsad Prezidentimiz talab etayotganlaridek, fanlarni chuqur o‘zlashtirish, qunt bilan o‘rganishdir. Talaba-yoshlar fursatni boy bermasdan, o‘z ustida ishlashi, ustozlar tomonidan joylashtirilgan o‘quv-reja dasturlarini to‘la egallashlari shart. Ana shundagina ular zamonaviy axborot-kompyuter texnologiyalarining, ilm-fanning, raqamli iqtisodiyot tizimining mohiyatini anglab yetgan bo‘ladi.

KITOB O‘QING, BILIMINGIZNI OShIRING

Tafakkur xazinasi, bilim bulog‘i bo‘lgan kitobsevarlikka, kitobxonlik madaniyatiga e’tiborning kuchaytirilishi borasida Prezidentimizning bir necha farmon va qarorlar qabul qilganlaridan voqifmiz. Kitob o‘qimagan odamning ham, millatning ham kelajagi yo‘qligi haqidagi davlat rahbarining o‘gitlari doimo yodda turishi zarur. Chunki, inson nimaga erishmoqchi bo‘lsa, kitobdan olingan bilim, egallangan ilm, o‘zlashtirilgan malaka, hosil qilingan ko‘nikma orqali erishishi ayni haqiqat. Karantin tugagunga qadar bo‘lgan muddatni talaba yoshlarimiz, hatto pedagoglarimiz ham ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob mutolaasiga sho‘ng‘ishi, turli yo‘sindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni o‘qish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq. Ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob barcha dardlarga darmon, sodiq do‘st, tun-u kun hamroh bo‘la oladigan qudratli kuch, mador dorisi. O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajaga o‘xshaydi. Shuning uchun ham vaqt, bilim, kitob qadriga yetgan inson qanday sharoitda bo‘lmasin, ilm olishga talpinadi, izlanadi, imkon topadi.

BADANTARBIYa VA JISMONIY MAShQLARNI QOLDIRING

Prezidentimiz xalqqa murojaatnomasida o‘zlari tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusning kuchiga ishora qilganlarini sezish ham qiyin emas. Aqlan, ruhan va jismonan sog‘lom avlodgina yurt kelajagiga tayanch bo‘la oladi. Shunday ekan, jismonan sog‘lomlik mezoni badan tarbiya qilish bilan. Uni bir kun ham qoldirmaslik zaruriyatini e’tirof etgan Prezident ko‘chada emas, balki uyda ham mashq qilish orqali bunga erishish mumkinligini uqtirayotganlari rost.

Shunday ekan, yagona maqsad koronavirus tarqab ketmasligi uchun barcha choralarni ko‘rayotgan, shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishi kerakligini ta’kidlayotgan, kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo, o‘zimizning mas’ulligimizni uqtirayotgan Prezidentimiz atrofida jips va hamjihat bo‘lishimiz. Bundan boshqa yo‘l yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Ta’lim yo‘nalishida ushbu uch toifaning mas’ulligi nihoyatda muhim.

– Talaba o‘zining ilm talabgori ekanini, o‘z sohasi nuqtai nazaridan muayyan kasb egasi bo‘lib el-yurtning koriga yarashini his etsin. Yaratilayotgan imkoniyatlardan uy sharoitida bo‘lsa-da, unumli foydalansin. O‘zini kelajak bunyodkori, Prezident g‘oyalariga kamarbasta ekanini doimo idrok etib yashashi, intilishi, izlanishi shart.

– Ota-onalar farzandlarining tarbiyasiga mas’ul ekanini, u jamiyat uchun qanday farzand o‘stirayotganini bilishi, bu borada, ya’ni, nazorat etishda professor-o‘qituvchilarga qo‘shqanot va farzandlariga ibrat bo‘lishlari kerak. Chunki, farzand olayotgan tarbiyasiga qarab ota-ona uchun yo jazo, yo mukofotdir. Karantin vaqtida ayrim mas’uliyatsiz shaxslar turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Ota-onalar mahalla bilan hammaslaklikda ish tutishi kerak. Farzandlariga buning oqibatini tushuntirishi, xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma’qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi borasida tushunchalar berishi shart. Muloqot va munosabatlar jarayonida mutaxassislar ta’kidlagan “yapon fenomeni”ni qo‘llashni o‘rgatishlari kerak.

– Professor -o‘qituvchilar faqat auditoriyada emas, balki ta’lim berishning turli zamonaviy texnologiyalarini chuqur egallashlari asnosida shogirdlariga o‘rnak va namuna bo‘la olishlari talab etiladi. O‘z ustida ishlashi, sohasi, fani nuqtai nazaridan yangiliklardan boxabar bo‘lib keng qamrovli bilimga ega bo‘lishlari talab etiladi.

Jamiyatning istiqboli, mamlakatimiz ravnaqi bugun farzandlarimizga berilayotgan ta’lim-tarbiyaning samarasi va sifati bilan bog‘liqligini uchala toifa ham chuqur anglashi, his etishi kerak. Ular bu borada Prezident g‘oyalariga sodiq va sobitqadam bo‘lishi zarur. Bu zamon talabi, makon taqozosidir. Chunki, bu sinovli davrdan yorug‘ yuz bilan o‘tishimizga ishonchimiz komil, imkonimiz bor. Prezidentimizning “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir O‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas’ulmiz.” degan mulohazalari bizga mayoq, qalbimizga chiroq bo‘lishi shart.

Yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzimiz, milliy urf-odatlarimiz bu kasallikni yengishga imkon yaratadi. Qolaversa diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirilayotgani ham muhim. Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, bemorlarni davolashda qatnashayotgani, bir guruh xitoylik mutaxassislarning ham yetib kelishi, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo‘lib, kundalik tajriba almashayotgani imkoniyatlarimiz cheksizligini bildiradi. Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini berayotganini e’tirof etish o‘rinlidir. Kasallikka chalinganlarning aksariyati 30 dan ziyodi to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazilgani bunga misoldir. Koronavirus bir balo — Bo‘lmaymiz unga mubtalo! Bu institutimiz talabalarining shioriga aylangan desak, mubolag‘a emas. Ularning aksariyati muntazam ravishda internet tarmoqlari, telegram kanallari orqali biz bilan aloqada. Buning isbotini bizga yuborilgan ushbu videolavhalari orqali ham anglab olish qiyin emas.

Rahimboy Jumaniyozov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti Matbuot xizmati rahbari, dotsent

O‘zA