Yangilanayotgan O‘zbekiston: Fuqaro, propiska va huquq

2020-04-11T09:52:39+05:0011 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Ma’lumki, joriy yilning 24 yanvarida Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida jamiyat rivojining barcha sohalarida yechimini kutayotgan dolzarb masalalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Jumladan, Murojaatnomada fuqarolik va propiska, davlat grantlari va oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari, aholini kasbga yo‘naltirish, geologiya, kon-metallurgiya, qishloq xo‘jaligi, turizm, sport, ekologiya, korrupsiyaga qarshi kurashish, millatlararo totuvlikni mustahkamlash va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotgan bir paytda shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha urbanizatsiya darajasi hanuz pastligicha qolayotgani e’tirozga sabab bo‘lmoqda. Bu e’tiroz ham tashqi ekspertlar hamda fuqarolarimizning haqli ravishda konstitutsiyaviy huquqlariga bo‘lgan e’tirozidir. Aynan ana shu e’tiroz zamirida propiska muammosi ko‘tarilgan edi.

Quvonarlisi, Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan 1995 yilgacha O‘zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligini avtomatik tarzda berish amaliyoti belgilandi. Bu orqali o‘z-o‘zidan 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog‘liq muammolari hal etiladi.

Ijtimoiy islohotlarga e’tibor bersak, hisob-kitoblarga ko‘ra O‘zbekistonda kam ta’minlangan aholi qatlami ulushi 12-15 foiz, ya’ni 5 millionga yaqin aholini tashkil etadi. Xalqaro ekspertlar ko‘magida Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqilishi barobarida ichki migratsiya, ya’ni propiska bo‘yicha kamchiliklar bartaraf etilmas ekan, iqtisodiy yuksalish darajasiga salbiy ta’sir bo‘laveradi.

Agar qo‘shni respublikalarga e’tibor qaratsak, aholining ro‘yxatda turishi, hududlarda erkin yurishi, doimiy yoki vaqtinchalik propiskada bo‘lishi masalalarining o‘ziga xos tomoni mavjud.

O‘zbekistonda bugungi kundagi yangi o‘zgarishlardan biri bu – propiska qilish tartibini soddalashtirish masalasi hisoblanadi. Shu bois ham propiska tizimini isloh qilishga doir qonun loyihasi hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Shuni alohida qayd etish joizki, xalqaro tajribaga asoslangan holda loyihada “propiska” tushunchasi o‘rniga “ro‘yxatdan o‘tkazish” tushunchasini kiritish masalasi hamda eng ko‘p e’tirozlarga sabab bo‘lgan Toshkent shahri va viloyatida ko‘chmas mulkni olishda ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo‘lish hamda birlamchi bozordan uy olishda davlat bojining alohida stavkasini to‘lash talabi bekor qilinayotgani diqqatga sazovordir.

Ma’lumki, propiska bilan bog‘liq cheklov tufayli uzoq yillar davomida boshqa viloyatdagi yurtdoshlarimiz poytaxtdan uyni Toshkentda istiqomat qilgan qarindoshlari nomiga sotib olishga majbur bo‘ldi. Ayrim hollarda doimiy propiska qonunbuzarliklar evaziga amalga oshirildi. Loyihada mana shu kabi kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan tartiblar, shu jumladan, fuqarolarning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlarini nafaqat o‘zi doimiy ro‘yxatda bo‘lgan manzilga, balki egaligidagi boshqa uy-joyga ham doimiy ro‘yxatga qo‘yish huquqi nazarda tutilmoqda.

Mazkur loyihaning yana bir e’tiborli jihati, Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatdan o‘tishda Hukumat tomonidan belgilanadigan istisnolarni inobatga olgan holda bir kishi uchun turar joy maydonining ijtimoiy normasi to‘g‘risidagi qoidalarga rioya etishni ham eslatish joizdir.

Kimdir uzoq muddatli xizmat safari yoki biror bir maqsadli ish bilan Toshkent shahrini tark etsayu, yillar o‘tib qaytib kelganida sun’iy to‘siqlarga uchrasa, bu inson huquqlarining qisman bo‘lsa-da cheklanishi emasmi? Xalqaro tajribada bu soddagina yo‘l bilan qayta tiklansa, qonunchiligimizda bo‘shliqlar mavjudligi bunga izn berardi.

Quvonarli jihati, loyihada ushbu kamchilikka ham barham berilib, ilgari Toshkent shahri va viloyatida doimiy ro‘yxatga ega bo‘lgan fuqarolar qaytib kelgan taqdirda ular ushbu hududlarda hech qanday qo‘shimcha shartlarsiz qayta doimiy ro‘yxatga olinishi belgilanmoqda. Shundan kelib chiqib, vakillik organlariga saylangan, tegishli tashkilotlarga tayinlangan xodimlar uchun doimiy ro‘yxat bo‘yicha lavozimni egallab turish davriga oid cheklov olib tashlanmoqda.

Mazkur huquqiy hujjatning amaliy va tarixiy-huquqiy ahamiyati shundaki, bu hujjat “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 13-moddasida qayd etilganidek, “Har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega. Har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan o‘z mamlakatidan chiqib ketish va o‘z mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega” ekanining konstitutsiyaviy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Feruza MUHITDINOVA,

Toshkent davlat yuridik

universiteti professori.

O‘zA