Uydagi odam o‘ylari…

2020-04-09T21:27:15+05:009 April, 2020|Hafta maqolasi, Umumiy yangiliklar|

Bahor bayramlar fasli, yashnash-yasharish pallasi, ko‘zlar, ko‘ngillar quvonadigan mahal. Ko‘klamni ana shunday ta’riflaymiz, ana shunday ardoqlaymiz.

Biroq bu yil arzanda bahor anchayin sertashvish, serxavotir keldi. El boshiga ish tushdi. Tabiat gul-gul yashnayotgan, nozu karashma bilan yasanib quchog‘iga chorlayotgan ayni damlarda toqatimizga toqat tilab uyda o‘tiribmiz. Tashqariga chiqish yo‘q. Ixtiyoriy-majburiy ravishda shuni tanladik. Hammasi koronavirus degan baloi azim kasridan. Bu illat qaydan paydo bo‘ldi, bilmadim, lekin hammani besaranjom, besarishta qildi.

Ammo pandemiya tufayli tala-to‘pga duch bo‘lgan dunyoning ne-ne oti ulug‘ mamlakatlari bilan solishtirganda, bizda ahvol ancha tuzuk, vaziyat ancha osoyishta ekanini payqaymiz. Har tugul, shu ham ko‘ngillarga taskin beradi. Ammo bu afzallik, bu osoyishtalik o‘z-o‘zidan bo‘lib qolayotgani yo‘q. Hammasining zamirida Prezidentimizning, hukumatimizning xalq salomatligi, yurt omonligi yo‘lida yuritayotgan oqilona siyosati, behalovat yugurib-yelishlari, qo‘llayotgan amaliy chora-tadbirlari yotibdi. Qay birini aytamiz? Fidoyi, jasur shifokorlarimizga ko‘rsatilayotgan e’zoz-e’tibornimi? Yoxud hozirgi mashaqqatli vaziyatda aholini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan mablag‘lar haqida so‘zlaymizmi? Menimcha, bular haqida gapirishga hojat yo‘q. Matbuot, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali xalq hammasidan xabardor. Kunu tun el g‘amida, yurt tashvishida oyoqda turgan rahbariyatdan barcha minnatdor. Imkon topilsa, hamma kamarbasta bo‘lishga shay.

“Vahimaga berilmang, xavotirga tushmang, uyda qoling!” Mana shu da’vat televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali har kuni, har soat bot-bot takrorlanadi. Biz vahimaga tushmaymiz, lekin o‘zimizning, bola-chaqamizning, qavmu qarindoshning sog‘-salomatligi uchun qayg‘uramiz, yurt omonligi, uning ertasi, kelajagi borasida tashvishlanamiz.

Bu bizni tartib-intizomga qat’iy amal qilishga undaydi. Uydan chiqmay ofatga qarshi kurashayotganlar safida bo‘lishga, ularga imkon qadar ko‘maklashishga chorlaydi. To‘g‘ri, hech narsadan cho‘chimaydigan, nopisand, taptortmas nusxalar ham bor. Ularning qilmishi, dunyoqarashi menimcha, koronavirusdan ham xatarliroq. Bu toifadagi kaslar tang vaziyatdan foydalanib, oziq-ovqat mahsulotlarini uch-to‘rt barobar qimmatiga sotish payida. Eng yomoni, qorin qutqusiga uchgan, kasallikdan ko‘ra ochlikdan o‘lishdan qo‘rqqan nodon olomon to‘s-to‘polon, fitna-fasod bilan ularning savdosini gullatadi. Imonu e’tiqodni, milliy qadriyatlarni bir pulga olmaydigan yana bir qavm borki, ular hamma ofat bilan kurashga chalg‘ib turgan mahal ochiqdan-ochiq xalqimizning ma’naviy dunyosiga tajovuz qilishadi. Bir paytlar keng jamoatchilik tomonidan haqli e’tirozlarga sabab bo‘lgan, oqibatda, namoyishi taqiqlab qo‘yilgan “Sevgi iztiroblari” kabi behayo, buzuq seriallar, turli-tuman sayoz-siyqa masxarabozliklar yana teleekranlarga qaytgani fikrimizning yakqol dalilidir.

Tag‘in bir mulohaza shuki, menimcha bugun, hukumatimiz aynan pandemiya bilan kurashishdan ko‘ra, tartib-intizomni saqlashga ko‘proq kuch, mablag‘ sarflashga majbur bo‘layapti. Qarang, qisqa bir vaqt ichida 30 mingga yaqin fuqaro karantin rejimini buzgan, 400 bora karantindan qochish holatlari qayd etilgan, 200 ga yaqin ko‘ngilochar tomoshalar uyushtirish, to‘y-marosimlar o‘tkazish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Avtomabilda yurish uchun stiker olish ilinjidagi ne-ne aldam-qaldam, zo‘ravonlik kabi noxushliklarni aytmaysizmi? Axir, el boshiga ish tushib turgan damlarda bunday nopisandlikni, loqaydlikni, xotirjamlikni qanday tushinish mumkin? Ularga qarshi kurashishga, tartib saqlashga qanchadan qancha rahbarlar, xodimlar, asosiy vazifadan chalg‘ib, o‘z diqqat-e’tiborlarini, vaqtini jalb etishgan. Aslida, ular ham tirik jon, ularga ham kasallik yuqishi mumkin, shuning uchun ham uyida o‘tirishi lozim. Ming afsuski, johil, bugungi talabni to‘g‘ri tushunib yetmagan to‘dalar bilan quvlashib yurishga mahkumlar. Shu o‘rinda andakkina nimtabassum ulashadigan hangoma yodga tushadi.

Buyuk farang olimi Blez Paskal noyob bir kashfiyot ustida dunyolarni unutib ishlayotgan kezlari menga o‘xshash bir shilqim, mahmadona shogirdi tez-tez huzuriga kelib, har xil oldi-qochdilardan vaysab, ketar chog‘i, ustoz, bizga xizmat yo‘qmi, tortinmay aytavering, qanday yordam ko‘rsatay, deb ezmalik qilar ekan. Bir kuni diqqat- e’tibori chalg‘iganidan, vaqti behuda sovurilganidan ranjigan olim, xalaqit bermay tursang bas, shuning o‘zi menga katta yordam, deya so‘rovlariga javob beribdi.

Shu ibratli hikoyat xayolimdan o‘tarkan, men ham bugungi qat’iy intizomni buzayotganlarga qarata, ey, azizlar, el tashvishiga sherik bo‘lmas, ko‘mak bermas ekansiz, hech qursa, xalaqit bermang, deb hayqirgim keladi. Ammo mas’uliyatni chuqur his etmagan, na ofatdan, na qonundan qo‘rqadigan bunday odamlar, menga quloq solarmidi? Nasib etsa, erta-indin pandemiya balosidan qutularmiz, lekin johillik, ochko‘zlik, nodonlik illatlariga qachon barham bera olamiz?

Ha, so‘zim avvalida aytganimdek, bahor bayramlar fasli. Jumladan, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan buyuk g‘alabaning 75 yilligini tantanali nishonlash niyatidamiz. O‘ylaymanki, umid qilamanki, ishonamanki, xavotirlar, vahimalar ichida yana jipslashib, yanada kuchayib pandemiya degan ko‘zga ko‘rinmas yovni yengamiz va galdagi jahon urushiga yakun yasab, o‘sha kunlarga muzaffar holda yetib boramiz. Inshoollah!

Luqmon Bo‘rixon,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

O‘zA