Xalqaro Press-klub Farg‘onadan yangi loyiha asosida ko‘rsatuvlar tayyorladi

2020-04-09T21:21:46+05:009 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Koronavirus pandemiyasi sharoitida Xalqaro Press-klub tomonidan “Masofadan gaplashamiz…” deb nomlangan navbatdagi loyiha tashkil etilib, Farg‘ona viloyatida loyiha doirasida ilk tasvirga olish ishlari olib borildi.

Loyiha muallifi Sherzodxon Qudratxo‘jayev viloyat shahar-tumanlarida bo‘lib, tadbirkorlik, qishloq xo‘jaligi, eksport, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish singari soha va tarmoqlarda erishilayotgan yutuqlar, farg‘onaliklarning bunyodkorlik va yaratuvchanlik salohiyati, fidokorona mehnati va ertangi kun istiqboli bilan bog‘liq reja-maqsadlari xususida bir-biridan ajoyib telelavhalar tayyorladi.

Tasvirga olish jarayonlarida Xalqaro Press-klub ijodkorlari kutilmaganda Oltiariq tumanida Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan uchrashib, viloyat rahbaridan blits-intervyu olindi:

— Dunyoda va yurtimizda kechayotgan bugungi koronavirus pandemiyasi davrida eksport viloyatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar barqarorligini ta’minlashda juda ham muhim, – dedi viloyat hokimi. – Bu yilgi eksport faoliyati hozirgi murakkab sharoitda o‘ziga xos qadr-qimmati bilan har jihatdan avvalgi yillardagi jarayondan katta farq qiladi. Sababi, viloyatimizda bu borada to‘rtta muhim yo‘nalish belgilandi.

Birinchi yo‘nalish, sanoat tarmoqlari rivojini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ijrosiga qaratilgan. Albatta, butun dunyoda davom etayotgan iqtisodiy inqirozning viloyatimiz sanoat tarmoqlari va tadbirkorlarga ta’siri katta.

Ikkinchi yo‘nalish, koronavirus infeksiyasining viloyat mahalliy byudjet tushumlariga salbiy ta’sirini kamaytirishni nazarda tutadi. Bu borada ham ma’lum bir yo‘qotishlar bo‘lishi hozirdan sezilyapti.

Uchinchi yo‘nalish byudjet tushumlari bilan bog‘liq. Xo‘sh, byudjet tushumlari yo‘qotilsa, uning ish o‘rinlariga ta’siri qanday bo‘ladi? Ayniqsa, maishiy xizmat, savdo, turizm, mehmonxona xo‘jaligi kabi tarmoqlarda koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Shu bois viloyatda ushbu yo‘nalishlardagi yo‘qotishlarning o‘rnini qanday omillar hisobiga qoplash borasida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

To‘rtinchi muhim yo‘nalish sifatida barcha yo‘qotishlarning o‘rnini bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirish hisobiga qoplanishi nazarda tutilmoqda.

Bu borada ichki bozorni to‘liq ta’minlash, keyingi navbatda eksport hajmini ikki barobar oshirish rejalashtirilgan. Shuning uchun har bir tadbirkor, fermer va dehqon xo‘jaligi a’zolari, aholi xonadonlari va tomorqa hamda issiqxonalar egalari bugun viloyat iqtisodiyoti rivoji uchun mahsulot yaratuvchi eng qadrli manba bo‘lib turibdi.

Oltiariq tumani mirishkorlari o‘tgan yili 121 million dollar miqdorida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini amalga oshirgan edi. Bu yil oltiariqliklar eksport geografiyasi va hajmini yanada kengaytirishni maqsad qilishgan. Prezidentimizning koronavirus pandemiyasi sharoitida tadbirkorlar, kichik va xususiy biznes vakillari, fermer va dehqon xo‘jaliklari uchun yaratib bergan bir qator imtiyozlari nafaqat oltiariqliklar, balki viloyatimiz ahlini yutuqlar bardavomligini ta’minlashga rag‘batlantiradi.

Kredit foizlari va to‘lovlari muddatini kechiktirish, soliq imtiyozlari, ijtimoiy va majburiy to‘lovlardan batamom ozod qilish, qo‘shimcha moliyaviy yordam va ssudalar, bularning barchasi tadbirkorlarimizni ruhlantirib yubordi. Bundan buyon tadbirkorlarimiz mas’uliyat va daxldorlik tuyg‘usini anglab yetib, nafaqat o‘zi, oilasi, shahar yoki tumani, balki Vatani va Prezidenti uchun yanada fidoyilik bilan mehnat qilishi kerak.

Ayni kunlarda viloyatimizning barcha hududlarida tadbirkorlar, fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishyapmiz. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining oldi pishib, peshma-pesh bozorga chiqarilyapti. Har bir qarich yerdan unumli foydalanib, tomorqa va issiqxonalarda bir paytning o‘zida bir necha turdagi mahsulotlarni yetishtirayotgan mirishkorlarimizning mehnati tahsinga loyiq.

Eksport hajmini oshirish va jahon bozorlarini egallashda bunday omilkorlik juda ham muhim. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi va Yevropa mamlakatlari hisobiga eksport geografiyasini kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgilaganmiz. Shu kunlarda Quva tumanida yetishtirilgan atirgullarni Germaniya va Gollandiyaga eksport qilish yo‘lga qo‘yildi. Bunday sa’y-harakatlar valyuta jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirishi bilan ham ahamiyatlidir.

Hozirgi kunda viloyatda 615 ga yaqin tadbirkorlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti bilan shug‘ullanyapti. 461 nafar tadbirkorlarimiz qariyb 200 ming tonna sig‘imga ega muzlatgichli omborxonalar barpo etgan. Keyingi uch yil mobaynida viloyat qishloq xo‘jaligi tarmoqlariga xalqaro moliya muassasalaridan 300 million dollar miqdorida kreditlar jalb etilgani tufayli ushbu raqamlar salmog‘i tobora yuksalib bormoqda. Viloyatda eksport salohiyatini jahon andozalari darajasida yanada rivojlantirish maqsadida 6 ta yirik qadoqlash korxonalari qurish bo‘yicha zamonaviy jihozlar olib kelib o‘rnatilmoqda.

Farg‘ona viloyati qishloq xo‘jaligida ikkita mashhur ibora bor. Birinchisi, har bir qarich yer oltinga teng! Ikkinchisi, suv – zar, suvchi – zargar! Yerimiz oltinga, suvimiz zarga tenglashtiriladi. Buning qadriga yetgan hamyurtlarimiz bugun astoydil mehnat qilmoqdalar. Ayni jarayonda mahalliy hokimliklar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, oila va shaxsiy tomorqa yer egalarining o‘zaro samimiy hamkorligi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Barchamiz yelkama-yelka turib ishlashimiz juda ham dolzarb masala.

Darhaqiqat, bugungi kunda viloyatimizda aholi tomorqalaridan unumli foydalanish sohasidagi yutuqlar mamlakatimizda Farg‘ona tajribasi sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas. Fermer xo‘jaliklari chigit ekish, bog‘bonlarimiz mevazor bog‘lar yaratish va pirovardida elimiz dasturxoni fayzli va to‘kin bo‘lishi uchun sidqidildan mehnat qilmoqdalar.

Sherzodxon Qudratxo‘jayev qizg‘in mehnat jarayonlarini ko‘rib, hayrat va hayajon bilan “Har bir Farg‘onalikka ta’zim qilaman”, deya hamyurtlarimizga hurmat-ehtiromini namoyon etdi.

M. Sulaymonov, O‘zA