Shoirini izlagan podshoh

2020-04-09T21:16:42+05:009 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Amir Temur mulozimlariga qarata shunday degan ekan: “O‘z shoirini izlab yurgan podshohning qo‘l ostidagi xalq baxtli bo‘ladi. Biroq o‘z hukmdorini izlab yurgan shoirning xalqi baxtsizdir. Mening shu so‘zlarim yodingizda bo‘lsin”.

BUNI TAKROR O‘QISh KERAK

Alisher Navoiy hazratlarining mashhur so‘zlarini tashlab ketib bo‘ladimi?! Men aynan shu o‘rinda u zotning “Majolis un-nafois” asariga birgalikda murojaat qilishni istadim:

“Hoqoni jahongiri Sohibqiron, ya’ni (Amir) Temur Ko‘ragon, agarchi nazm aytmoqqa iltifot qilmaydurlar, ammo nazm va nasrni andoq xo‘b mahal va mavqe’da o‘qubdurlarkim, aningdek bir bayt o‘qig‘oni ming bayt aytg‘oncha bor…”.

TAFAKKUR DENGIZI

Ibn Arabshoh bu zotning nihoyatda zukko va tengsiz shaxs bo‘lganini bayon etarkan,“(Amir) Temur tengi yo‘q fe’l-atvorli, chuqur mulohazali kishi bo‘lib, tafakkur dengiziining qa’ri yo‘q va tadbiri tog‘iga na tekisligu, na g‘adir-budir yo‘llar orqali yetib borish mumkin”, degan edi.

Parij milliy muzeyidagi qo‘lyozmadan:

“Temurbek fors, arab tillarini yaxshi biladi. Qur’on ilmi va islom huquqida shu qadar kuchli olimki, hech bir donishmand u bilan munozara qilishga qodir emas. U olim va shoirlarga katta hurmat bilan qaraydi. Buning sababi shundaki, uning o‘zi olim va donishmanddir”.

To‘lqin HAYITning

“Amir Temur xazinasi” kitobidan