Hayot fidoyi insonlar qalbi ustida quriladi

2020-04-08T09:57:03+05:008 April, 2020|Umumiy yangiliklar|

Bugun har bir inson millat, Vatan taqdiriga mas’ul

Sa’dulla HAKIMOV,

O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi

Butun dunyoni koronavirus balosi larzaga solgan, ne-ne qudratli davlatlarni ham shoshirib qo‘ygan bugungi tahlikali kunlarda har qanday inson beixtiyor hayot ma’nosi, umr mazmuni haqida, o‘zining jamiyat, el-yurt oldidagi mas’uliyati borasida chuqur o‘yga toladi: biz poyoni yo‘q deb o‘ylagan dunyo, ne ajabki, katalak hovliday tor ekan.

Pandemiyaning mamlakatimizga kirib kelishi butun elimizga katta sinov bo‘ldi. Eng muhimi, o‘z vaqtida choralar ko‘rilmoqda. Prezidentimiz yarim oy ichida xalqimizga uch marta murojaat qildi. Pandemiyaning oldini olish va unga ­qarshi kurash bo‘yicha strategik reja qabul qilindi. Hududlarning xususiyatlari hisobga olinib, pandemiyaga qarshi kurashning samarali tizimi yaratildi. Umumiy maqsad aniqlandi — qat’iyat bilan koronavirus tarqalishining oldini olish. Buning ahamiyati shundaki, butun mamlakat pandemiyaga qarshi kurashda yagona rejaga qat’iy amal qilishi zarur. Ushbu yo‘nalishdagi asosiy jihatlar infeksiya manbasini nazorat qilish va uning tarqalish yo‘llarini yopishdir. Bosh maqsad — epidemiologik vaziyatni jilovlash, ­aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish. ­Dunyoning biror mamlakatida bunday keng ko‘lamli tadbirlar qabul qilinganini hali eshitganimiz yo‘q.

Davlatimiz rahbarining har bir inson ­taqdiri haqida qayg‘urib aytgan otashin so‘zlari barchamizning yuragimizga olov solmoqda: “Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun, eng avvalo, o‘zimiz mas’ulmiz”.

Aslida ham shunday. Intizomli inson hayotda hamisha ko‘p narsalarga erishadi. Intizomli millat esa buyuk maqsadlarga qodir. Biz hamisha ulug‘ maqsadlar, ezgu niyatlar bilan yashagan va bunga erishgan xalqmiz. Bugun har bir inson zimmasiga nafaqat o‘zini, balki butun millatni asrash mas’uliyati tushmoqda. Bu sinovli kunlarda ko‘rinmas dushmanga qarshi kurashayotgan shifokorlarimiz, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablarini bajarish har birimiz uchun o‘zimiz, oilamiz, yaqinlarimiz salomatligi yo‘lida qilingan eng yaxshi ishimiz va insoniylik burchimizdir.

Ayrim yurtdoshlarimizning sabrsizligi, ­karantin qoidalarini buzayotgani ko‘ngilni xira qiladi, albatta. Jumladan, mamlakat bo‘ylab 22 mingdan ortiq holatda karantin qoidalari buzilgani, 330 kishi karantin hududini tashlab ketgani, ayrim mas’uliyatsiz shaxslar
24 ta turli ommaviy marosim o‘tkazgani kishini taajjubga soladi.

Davlat rahbari, hukumatimiz qiyin sharoitda mablag‘ topib, barcha shart-­sharoitlarni yaratib bersa, qo‘llab-quvvatlab tursa-yu, kimdir karantinga amal qilmay, qochib ketsa… Bu nima — nodonlikmi, befahmlikmi? Xudo ko‘rsatmasin, sezdirmay ilashib olgan bu balo ota-onangga yuqsa nima bo‘ladi? Asalday shirin farzandlaringni o‘ylamaysanmi? ­Qo‘ni-qo‘shnilaringning ahvoli nima kechadi? Karantinga kirish yo uyda qolish orqali sen nafaqat o‘z hayotingni, balki yaqinlaring hayotini ham asrab qolishing mumkinligini tushunish, anglash shuncha qiyinmi? Axir, bu o‘ylanmay bosilgan ­qadam qancha-qancha odam hayotini xavf ­ostiga qo‘yishi mumkin.

Tabiiyki, bunday noxush holatlar mahallalar, davlat va jamoat tashkilotlari, ziyolilar, jurnalist va ijodkorlar bu borada yanada faol va ta’sirchan targ‘ibot ishlarini amalga oshirishimiz zarurligini anglatadi. Bir narsani yodda tutaylik: karantin talablariga qancha qat’iy rioya etsak, pandemiya balosi yurtimizdan shuncha tez ko‘tariladi.

Pandemiyaning xavfli jihati shuki, u bilan yakkama-yakka jang qilib bo‘lmaydi, uni qilich sermab, miltiq o‘qtalib, zambarakdan to‘p otib daf etishning imkoni yo‘q. Uyda qolish eng maqbul chora ekani bois, butun dunyo uyga kirdi: jismoniy va ma’naviy gigiyenaga amal qilish, vujud va qalbni poklash uchun; murakkab vaziyatdan yorug‘ yuz bilan chiqib ketish uchun; ota-onalar farzandlarining baxtu saodatini yana uzoq yillar ko‘rib yurishlari uchun; bolalar esa yana uzoq yillar ota-onalarining duolarini olib yurishlari uchun.

Kuni kecha “Yevronyus” telekanalida bir lavha berildi: jurnalistlar ish joylari, kompyuterlari va boshqa xizmat uskunalarini antiseptik vositalar bilan yana bir marta obdon tozalab, so‘ng ishga kirishdi. Lavha yakuni ham e’tiborli: OAV bunday vaziyatda jim turishga haqqi yo‘q, u karantin sharoitida ham har kuni ishda.

Mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining aksariyat xodimlari ham bugungi og‘ir kunlarda shifokorlar va boshqa fidoyi kasb sohiblari qatori xizmat joyida. O‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, shifoxona va boshqa ob’ektlardan ko‘rsatuv va eshittirish, reportajlar va maqolalar tayyorlayotir. Eng so‘nggi yangiliklardan boxabar etishmoqda.

Hayot fidoyi insonlar qalbi ustiga qurilgan. Elu yurtning rizqu nasibasini o‘ylab, dalalarga baraka urug‘ini sochayotgan dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz, ishlab chiqaruvchilar, hokimliklar va qator mas’ul tashkilotlar mehnati, yurt uchun, xalq uchun kamarbasta bo‘layotgan saxovatpesha yurtdoshlarimiz himmati odamlarimizga ruh va madad bermoqda. Bugun har bir inson millat, Vatan taqdiriga mas’ul. Bugun nima talab etilayotgan bo‘lsa, shuni to‘g‘ri va halol ado etish birinchi galdagi vazifamizdir:

Bu dunyo deganlari katalakday tor ekan,

Odamlar bir-birovin ko‘magiga zor ekan.

Vatanday ulug‘ uydan ko‘tarilgay dardu g‘am,

Bolam deb qayg‘urguvchi g‘amxo‘r ota bor ekan!